KOSMIK SURATGA OLISH — Yer, osmon jismlari va b. kosmik hodisalarni Yer atmosferasi tashkarisida turgan apparaturalar (Yer sunʼiy yoʻldoshlari, kosmik kema va b.) yordamida suratga olish; elektromagnit spektrining turli sohalaridagi tasvirni beradi. Yerni Kosmik suratga olishning masshtabi 1:1000000 – 1000000 boʻlib, bunda juda katta maydonning (bir necha oʻn ming kv. km. dan tortib, deyarli Yerning yarim shari sirtigacha) bir butun xarakterli tasvirini suratga olish mumkin. Kosmik suratga olish usullari: aylanish davri qisqa boʻlgan kosmik apparatlar yordamida 150—300 km balandlikdan, aylanish davri uzun boʻlgan kosmik apparatlar yordamida 300—950 km balandlikdan suratga olish, radiotelevizion sistemalar asosida tasvirlarni Yerga uzatish, 36 ming km balandlikdagi geostatsionar yoʻldoshlardan tasvirlar olish va Yerga uzatish, Oy va sayyoralar sirtidan Yerni suratga olish va radiotelevizion yoʻl b-n axborotlarni Yerga uzatish. Olingan fotosuratlar, Yer atmosferasi, litosferasi, gidrosferasi va biosferasining regional, strukturali, global xususiyatlarini oʻrganishga imkon beradi. Shuningdek, Kosmik suratga olish Yerning maʼlum regionini qisqa vaqt ichida qayta-qayta suratga olish mumkin. Bu esa davriy (sutkali, fasliy va b.) va epizodik (vulkan otilishi, oʻrmon yongʻinlari, suv toshqinlari va b.), xoʻjalik faoliyatlarining turli koʻrinishlari (hosilni yigʻish, sugʻorish, suv havzalarini toʻldirish va b.) kabi hodisalarning dinamik tuzilishini oʻrganish uchun sharoit yaratadi. Kosmosdan suratga olish birinchi marta: raketa yordamida — 1946-y. da, Yer sunʼiy yoʻldoshlari yordamida — 1960-y. da, kosmik kema yordamida — 1961-y. da boshlandi. Kosmik suratga olishda oq-qora, rangli foto va televizion suratga olishdan tashqari, infraqizil, mikrotoʻlqinli, spektrometrik va fotoelektron tasvirlarni olish ham amalga oshiriladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые