KOSMETIKA (yun. kosmetike — pardoz qilish, bezash sanʼati) — kishilar qiyofasini xushroʻylashtirish choratadbirlari hamda vositalari majmui.
Kosmetika juda uzoq, tarixga ega. Miloddan 200-y. avval Misrda pardoz uchun har xil materiallar va dori-darmonlardan foydalanishgan.
Pardoz vositalari tayyorlash sirasrorlarini faqat tabiblar bilgan. Kosmetika 19-a. ga kelib ilmiy jihatdan rivoj topdi va bora-bora tibbiyot xodimlari qoʻliga oʻtib, teri, soch va tirnoqlar parvarishi, badandagi tugʻma va keyin paydo boʻlgan har xil kamchiliklarni yoʻqotish b-n tibbiyotning maxsus boʻlimi — kosmetologiya shugʻullanadigan boʻldi. Kosmetika shartli ravishda gigiyenik, vrachlik va pardoz Kosmetika siga boʻlinadi. Gigiyenik Kosmetika odamningtabiiy goʻzalligini saqlab qolish, teri kasalliklarining oldini olish va unda yuzaga keladigan nuqsonlarni bartaraf etish mulojalarini amalga oshiradi. Yuz terisini toʻgʻri parvarish kilish (yuz terisini vaqtida tozalab turish, massaj qilish va h. k.), kosmetik vositalar (upa, yogʻupa va b.)dan bilib foydalanish, unga turli ajinlar tushib, barvaqt soʻlishi, shuningdek, husnbuzar, sepkil toshishi, har xil dogʻlar tushishi kabi noxushliklarning oldini oladi. Yuz terisini tozalash zarurligi yoki bunga hojat yoʻqligini faqat kosmetolog vrach hal qiladi.
Vrachlik yoki davo Kosmetikasi terini parvarish qilish, uning turli nuqsonlarini yoʻqotish, soch, ogʻiz boʻshligi, tirnoqlarni parvarishlashning gigiyenik va davo tadbirlarini oʻz ichiga oladi. Teri barvaqt soʻlishining oldini olish va davolash uchun kosmetolog vrach maslahati bilan massaj, maska, losyonlar, oziklantiruvchi kremlar, fizioterapevtik usullar qoʻllash tavsiya etiladi. Teri juda boʻshashib, osilib qolgan va koʻp ajin tushgan boʻlsa, jarrohlik usuli qoʻllanadi. Vrachlik Kosmetikasi juda quruq yoki yogʻli teri, sepkil, soch kasalliklari (q. Soch), husnbuzar, seboreyani davolash, xunuk xol, chandiq va tatuirovkalarni, yuzdagi tugʻma va shikastlanish natijasida hosil boʻlgan nuqsonlarni yoʻqotish choralarini ham koʻradi.
Pardoz Kosmetikasi yordamida nuqsonlar (chandiq, xunuk xol) berkitiladi. Kosmetik vositalardan toʻgʻri foydalanib, lab, koʻz, quloq koʻrinishlarini xushroʻy qilish mumkin. Kosmetikadan xabarsiz kishilar maslahati bilan har xil krem, losyon va b. pardoz buyumlarini bilar-bilmas ishlataverish yaramaydi. Bu vaqtidan ilgari ajin tushishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun kosmetolog vrach maslahatlariga qatʼiy amal qilish kerak.
Ad.: Agafonov A. V., Kosmetika s gryadok i poley, T., 1998.