Qozoq tilida ijod qiladigan adiblar Abay asarlarining tili hozirgi zamon qozoq tilidan koʻra Mahmud Koshgʻariy tiliga yaqinroq ekanini taʼkidlashadi. Jahon adabiyotining durdonalarini, jumladan Abay Ibrohimning sheʼrlarini ham Mirtemir domla qiyomiga yetkizib oʻzbek tiliga tarjima qilgan edi. Ustoz Abdulla Oripov “Karvon” sheʼrida Mirtemirning tarjimonlik mahoratini shunday taʼriflagan:
Ne-ne oʻlkalarning ne daholari
Siz bois oʻzbekcha soʻylagan edi.
Sizning lafzingizda kuylagan edi
Koshgʻariydan qolgan til sadolari.
(“Yillar armoni”, 1984,379-bet)
Abay oʻlanlaridagi qadimiy turkiy tilning “shira”larini, ohangdagi maʼno va qochirimlarni aniqroq anglash va oʻlanlarning badiiy xususiyati, tili haqidagi fikrlarni ravshanroq bayon qilish uchun misollarni qozoq tilidagi kitobdan keltirishga harakat qildik.
Qansonarda burgutchi chiqadi anggʻa,
Tastan tulki topilar angdigʻangʻa.
(“Abay”, 1994, Almati, 14-bet)
Burgutchi qor yoqqanda ovga chiqadi. Chunki, oppoq qorda yovvoyi hayvonlarlarning izlari aniq koʻzga tashlanadi. Ovchi tulkining izini osongina topib oladi va uning iziga tushadi. “Ang” – yovvoyi va yirtqich hayvonlarning umumiy nomi. “Angduv” – poylamoq, yirqich hayvonlarning izidan tushmoq. Bu soʻzlar qoraqalpoq tilida ham shu maʼnoni bildiradi. Oʻzbek tilidagi boʻsh-bayov, uquvsiz, sodda maʼnosidagi “angqov” hamda tushunmoq, uqib olmoq soʻzlarining maʼnodoshi “anglamoq”ning oʻzagi ham “ang”. Angni – yovvoyi hayvonni ovlashni eplay olmagan, uning izini anglamagan landovur – angqovdir.
Mahmud Koshgʻariy loʻgʻatida esa “ang” soʻzi shunday izohlanadi: “Ang – qush ismi, uning yogʻidan dori sifatida foydalanishadi. Agar yogʻi kaftning yuziga surilsa, kaft orqasiga ham yoyilib ketadi” ( “Devoni lugʻotit turk” “Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi nashriyoti, Toshkent 1960 yil, 1-jild, 76-bet).
Abay angchining tulkining izidan daryo oʻzaniga chiqqani, burgutini tulkini ovlash uchun uchirganini yorqin badiiy boʻyoqlar bilan tasvirlaydi.
Qar – appaq, burkit – qara, tulki – qizil,
Oʻxshaydi qasa suluv choʻmilgʻangʻa.
Qara sochin koʻtarib ikki shiʼntaq,
U-da bulk-bulk etmaymi siypagʻanda.
(“Abay”, 1994, Almati, 15-bet)
“Qas” – haqiqiy, chinakam, asil”, “shiʼntaq” – bilak degan maʼnoni anglatadi. Shoir oppoq qorda qora burgut bilan qizil tulkining olishuvi manzarasini nihoyatda goʻzal qizning suvda choʻmilayotgan holatiga oʻxshatadi. Suluv ikki bilagi bilan qora sochlarini koʻtarib boshini yuvgani, suvda choʻmilgani kabi burgut bilan tulki jon talashib kurashganida oq, qora va qizil ranglar ayqash-uyqash boʻlib, yalt-yult etib ketadi.
Appaq et, qip-qizil bet, jap-jalangach,
Qara soch qizil yuzni yashirganda.
Kuyovi er, qaliʼndiʼgʻi suluv boʻlib,
Yana oʻxshar tor toʻshakda joʻlgʻasqangʻa.
(“Abay”, 1994, Almati, 15-bet)
Qora burgut qizil tulkiga chang solgani qora sochning qirmizi yuzni yashirganiga oʻxshatiladi. Ov zavqini shoir kuyov bilan kelinning chimildiqdagi visol oqshomiga tenglashtiradi.
Abay ushbu oʻlanni haqiqiy ovchi yigitlar oʻqisa, zavqlanadi, deya yakunlaydi. Zotan ovga chiqib, angga qush solib, ov zavqini his qilmagan kimsalar, bu oʻlanning qadrini ham bilmaydi.
Muni oqiʼsa, jigitter, angshiʼ oqiʼsin,
Bila almassiʼng, qus saliʼp dam tatpasang.
(“Abay”, 1994, Almati, 16-bet)
Shoirning mazkur oʻlani Mahmud Koshgʻariyning “Devoni loʻgʻotit turk” asaridagi quyidagi qoʻshiqni eslatadi.
Chagʻri alib arqun,
Munib arqar yetar,
Avlar kejik taygʻan
Izib tilku tutar.
Qoʻliga lochin qoʻndirib,
Alqorlarga yetadi.
Tozi it-la kiyik bilan
Tulkilarni tutadi.
(“Devoni lugʻotit turk” 1-jild, 398-bet.)
Turkiy xalqlar turmushida epchil, chaqqon va mergan ovchilarning faoliyati nihoyatda qadrlangan. Shoirlar chavandoz va qushchi yigitlarning jasoratini madh etgan. Abay ham oʻz xalqining ana shunday fazilatini ulugʻlaydi. Shoir ov manzarasi bilan birga ovchining koʻnglidagi shavqu zavqni badiiy mahorat bilan ifodalaydi. Inson tuygʻusi va ruhiyatining tasviri badiiy asarning umrboqiyligini taʼminlaydi.
Men salom yozaman,
Qarogʻim, qalqama.
Qaygʻungdan ozaman,
Borguvchi aytama?
Koʻngilga yupanish,
Sen eding, bozorim.
Endi yoʻq quvonish,
Toʻzmoqda ajarim.
(“Abay”, 1994, Almati, 253-bet)
“Qalqam” soʻzi jonim, mehribonim maʼnosini anglatadi. Jonim, senga salomnoma yozaman, deydi lirik qahramon. Lekin jondan ham aziz jonona beparvo. “Ajar” rangi roʻy degan maʼnoni bildiradi. Ishqingda rangim sargʻayib somon boʻldi, deb oʻrtanadi oshiq.
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asarida sevgi haqidagi lirik sheʼrlarga hamohanglikni his etarkansiz, ulugʻ bobolardan qolgan navolarning yangi ohanglari dilga zavq bagʻishlaydi.
Oʻzik meni qumitti,
Saqinch menga yumitti,
Koʻnglim angar emitti,
Yuzim mening sargʻarur.
(Sevgi dardi qoʻymaydi,
Sogʻinch meni qiynaydi,
Koʻnglim unga toʻymaydi,
Yuzim mening sargʻayur).
(DLT 1-jild, 99-bet)
Abay oʻlanlarining asosiy qahramoni tuygʻu, fikr, ehtiros, dard, qaygʻu va sevinch.
Abay oʻlanlarining asosiy mavzusi xalqining nurli kelajagi uchun yonib-kuyish, eldoshlarining taraqqiyotdan orqada qolayotganidan oʻrtanish, millatni nodonlik va qoloqlikdan voz kechishga, ilmu hunar oʻrganishga daʼvat etish. Shu bois bilimsiz, nodon va begʻam odamlarni ayovsiz tanqid qiladi.
Yoshlikda bilim izlab yugurmadim,
Xayrin bildim, biroq yuz oʻgirmadim.
Ulgʻayganda qarasam qoʻlim quruq,
Kechikib qoʻl choʻzdimu, ulgurmadim.
Bilimsiz qolganimga kim gunohkor?
Izlasam boʻlarmidim munchalik xor?
Odamzod tasallisi farzand ekan,
Farzandimni bilimga qoʻymadim zor.
(Abay “Yorqin yulduz”, Toshkent, 2015,25-bet Mirtemir tarjimasi.)
Pand-nasihat mavzusidagi oʻlanlarida yoshlarni ilgʻor ilm-fan va badiiy adabiyot yutuqlaridan xabardor boʻlishga, til oʻrganishga undaydi. “Internatda oʻqiydi talay qozoq bolasi” deb boshlanuvchi sheʼrida bilim egallashning manbai kitob oʻqishda ekanini taʼkidlab, bilimga befarq kishilarni “Uyida yoʻq birining Saltikov yo Tolstoy” (“Yorqin yulduz”, 42-bet) deya tanqid qiladi.
Qozogʻim, shoʻrlik yurtim, vayron yurtim!
Qorongʻida yoʻl topolmay hayron yurtim!
Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,
Ogʻzida ham qon, ham moy sarson yurtim.
(Shu bandning oxirgi misrasi “Ogʻzi-burni ham qon, ham moy sarson yurtim” deya tahrir qilinganida xalq iborasiga mos boʻlardi – R. M.)
Tunda uyqung buzilar, kunduz – – kulking,
Dardingga em boʻlmadi moling – – mulking!
Ochkoʻzsan, tamakorsan, qurumsoqsan,
Bor savlating boshingga kiygan tulking…
Otalarga oʻxshamay qoldi turqing,
Yopiray, muncha ketdi, elim, xulqing!
Birlik yoʻq, baraka yoʻq, buzildi feʼl,
Qani yiqqan davlating, boqqan yilqing?
(Abay “Yorqin yulduz”, Toshkent, 2015,35-bet, Mirtemir tarjimasi)
Ustozimiz Abdulla Oripov taʼmagirlik nuqsoni bor, nafsi yomon kishilarni taʼriflaganda “Bir choʻqib, oʻn qaraydi” degan koʻhna naqlni eslar edi. Abay qadimgi turkiy maqollar, hikmatli soʻzlar va iboralardan badiiy vosita sifatida mahorat bilan foydalanadi. Quyidagi satrlarda poraxoʻrlik, taʼmagirlik va ochkoʻzlik el-yurtni tanazzulga uchratgani haqidagi achchiq fikrlar sonlar vositasidagi istiora bilan ifodalanadi:
Baylar jur jigʻan malin qorgʻalatib,
Oʻz juzin oʻnin berib alar satip.
Oʻnin alip, toʻqsannan taʼma qilip,
Bul jurtti qoʻygʻan joʻqpa Quday atip?
(“Abay” 1994 yil, Almati, 29-bet)
Abay oʻlanlari ham “Devonu lugʻotit turk”dagi lirik sheʼrlar kabi barmoq vaznida bitilgan. Kitobda 7-8 va 11-12 hijoli vaznda bitilgan sheʼrlar koʻp. Lekin turkiy xalqlar ogʻzaki adabiyotida shunday sheʼriy shakllar borki, ular murakkabligi va oʻynoqiligi, ohandorligi bilan oʻquvchini ham, tinglovchini ham sehrlab qoʻyadi. Bu toʻlgʻov janridagi lirik sheʼrlar va termalardir.
Ichim oʻlgan, sirtim sov,
Koʻringanga deyman-ov:
Bugungi doʻst – ertan yov,
Men ne qildim, yopirim-ov?!
Bundaymasding anov kun,
Nima boʻldi, botir-ov?
Uch kun arqon boʻshasa,
Boʻla qolding boʻsh asov.
Berarmanda beshovsan,
Olarmanda yana oltov.
Toʻp boʻlganda koʻrarsan
Turli dovni yuz tarov.
Qaytib kelar eshikni
Qattiq yopma, yorqin-ov!
Yetilsang-da, yetsang-da,
Kerak kuni bir bor-ov.
(“Abay”, 1994, Almati, 89-90-betlar)
Toʻlgʻov shaklidagi sheʼriy usul xalq dostonlarida ham koʻp uchraydi.
“Alpomish” dostonida Tovka oyim Alpomishning kelayotganini eshitib, bekni kutib olishga chiqqani shunday tasvirlanadi:
Xabar eshitgandan turib joʻnadi,
Kanizlarman birga-birga keladi.
Kelayotir koʻnglin xushlab,
Oʻn kanizi yoʻlni boshlab,
Oʻn kanizi poʻsh-poʻshlab,
Oʻn kanizi zulfak tashlab,
Oʻn kanizi belin ushlab,
Necha qizlar oʻyin boshlab,
Bir-birining vaqtin xushlab.
(“Alpomish” “Sharq” NMAK, Toshkent, 1998,298-bet, aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli.)
Abayning sheʼrlarini asliyatda, yaʼni qozoq tilida oʻqigan kitobxon shoir ohanglar va tovushlar afsungari ekanini anglaydi va bu goʻzal hamda jozibali sheʼriyatning ohanrabosiga rom boʻlib qoladi. Ohang, sukut, urgʻu, surʼat, tovushlar uygʻunligi goh togʻdan tushayotgan jilgʻaga, goh yelib borayotgan argʻumoqning tuyoqlari dupurlashiga, goh quyunga, goh mayin shabbodaga oʻxshaydi. Bepoyon kenglik, cheksiz dashtlarning manzarasi oʻz ohanglari bilan Abay sheʼriyatiga koʻchgan. Ayni paytda uning ijodida osmonoʻpar togʻ choʻqqilarining ulugʻvorligi ham namoyon boʻladi. Ulugʻ shoir sheʼrlaridagi ohanglardan olingan ayrim misollarga eʼtibor bering.
“Buralip turip,
Buvini qurip” 5 hijoli,
“Sof-sof koʻnglim, sof koʻnglim” 7 hijoli,
“Qaling elim, qazagʻim, qayran jurtim” 4-3-4 turoq bilan 11 hijoli,
“Qaqtagʻan aq kumistay keng mangdayli” 11 hijoli,
“Qartaydiq, qaygʻi uyladiq, uyqi sergak” 12 hijoli,
“Sakkiz oyoq” sakkiz misra “a-a-b; v-v-b; g-g” shaklda qofiyalangan 25 bandli, 5-5-8; 5-5; 8-8-8 hijoli murakkab va oʻynoqi barmoq vaznida yozilgani bilan eʼtiborni tortadi. Oʻlanning har bandi sakkiz qatordan boʻlgani uchun “Sakkiz oyoq” deb nomlangan.
Har bandi 6-4-4-3-4-2-8 hijoli 7 misrali, shuningdek har bandi 9 misradan boʻlib, 4-4-7-4-4-7-4-3-3 hijoli vaznda yozilgan va “a-a-b; v-v-b; g-g-g” shaqlda qofiyalangan oʻlanlar turkiy sheʼriyatning ohanglari rang-barang ekanini namoyon etadi.
Har misrasi 6 hijoli oʻlandagi tovushlar uygʻunligi, takrorlar, harakat-holatni bildirgan soʻzlar xuddi afsun oʻqilgandek yangraydi:
Isitqan, suvitqan
Boʻyingdi bir koʻngil.
Dunyoni unutqan
Qumaring toʻzar, bil.
Turkiy xalqlarning qoʻshiqlariyu lirik termalarida oxirgi satrlari asosan feʼl bilan yakunlanadi. Yaʼni sheʼrning qofiyasi feʼl soʻz turkumiga mansub boʻladi. Bunday poetik xususiyat Abayning sheʼrlariga ham xos. Albatta, bugungi kun ijodkori uchun sheʼr qofiyasining ot yoki sifat boʻlgani yaxshi. Chunki, qofiya ot boʻlsa, bunday qofiyadan yangi nom, yangi obraz yaraladi. Agar qofiya sifat boʻlsa, yangi rang yaraladi. Bu esa sheʼr tilini boyitadi. Biroq oʻylanib qolaman, nima uchun qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq, shu jumladan qadimgi oʻzbek sheʼriyatining qofiyalanish shakli asosan feʼldan iborat? Har bir xalqning badiiy adabiyoti oʻsha xalqning ruhiyati, feʼl-atvori, urf-odati va fikrlash tarzini namoyon etadi. Feʼl ish-harakatni, amaliyotni ifodalaydi. Turkiy xalqlar harakatchan, chaqqon, jangovar, tadbirkor boʻlgan. Ular bepoyon kengliklarda qishloqdan yayloqqa, yayloqdan qishloqqa koʻchib qoʻnib umr kechirgan. Qushdek uchqur tulporlarida yelib, dushmanlarining dodini bergan. Hayot uchun kurashning asosiy sharti harakat, harakat, yana harakat boʻlgan. Shuning uchun ularning qoʻshiqlarining qofiyasi harakatni ifodalovchi feʼldan tuzilgan. Dumbirayu qoʻbiz musiqasi joʻrligida kuylagan qoʻshiqlarida qahramonlik, botirlik, chaqqonlik, topqirlik, ziyraklik madh etilgan.
Turkiy xalqlar sheʼriyatining yana bir qadimiy turi topishmoqdir. Baʼzida u jumboq deb ataladi.
Abay hazratlari qadimiy turkiy sheʼriyatning vorisi sifatida jumboq janridagi sheʼrlar ham bitadi. Shoir ularda dunyoning mohiyati, umrning oʻtkinchiligi, tabiat va olamning yaratilishi, ezgulik bilan yovuzlik oʻrtasidagi kurashni tasvirlaydi.
Jumboq:
Alloh yaratgan kuchli sakkiz botir,
Bir-biri bilan kurash tushib yotur.
Galma-galdan yiqitishib, yotib-turib,
Kim yengadi – nomaʼlum allal oxir.
Yechimi:
Buni topsam oʻylanib: “Oqin” – dengiz,
Topolmasam: “Qayda qoldi aql?” – dengiz.
Qish bilan yoz, kun bilan tun, toq bilan juft,
Yaxshilik bilan yomonlik – boʻldi sakkiz.
(Matn “Abay”, 1994, Almati, 169-betdan olindi, tarjima bizniki – R. M.)
Abay ijodida aytishuv(qiz bilan yigitning oʻlan aytishuvi), yoʻqlov janridagi sheʼrlar ham mavjud. Ayni paytda Abay alloma shoir. Uning diniy mazudagi sheʼrlari xalqni hidoyatga, imon – eʼtiqodga daʼvat etadi. Shoirning oʻz davrining ilgʻor ziyolisi, maʼrifatparvar ijodkor sifatida rus mumtoz sheʼriyatidan qilgan tarjimalari va badiiy mahorati haqida juda koʻp gapirish mumkin.
Abay ijodini oʻrganish bugungi yosh avlod uchun turkiy sheʼriyatning betakror va rang-barang poetikasini kashf etish va tahlil qilish imkoniyatini beradi. Shoir sheʼriyatidagi umrboqiy hikmatlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Adabiyotni rivojlantirish, qardosh xalqlar oʻrtasidagi adabiy aloqalarni yanada mustahkamlash, ayniqsa Abay ijodini teran oʻrganish va targʻib etishga qaratilayotgan eʼtibor nur ustiga nur boʻldi.
Rustam Musurmon,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi.
1963 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti(hozirgi OʻzMU)ning oʻzbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.
“Ruhimning tovushi”, “Xirgoyi” sheʼrlar va dostonlar toʻplamlari nashr etilgan. A. Faynbergning “Chigʻir”, B. Genjamurodning “Okuzdaryo bitiklari”, kabi sheʼriy toʻplamlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
“Yoshlik”, 2018/5
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/koshgariydan-qolgan-til-sadolari/