Koshgʻariydan qoʻl telefonigacha

Tarix sahnasida oʻzbek tili ne-ne mashaqqatlar bilan omon qoldi. Axir, til millatning ruhi, til oʻlsa, millat ham tamom boʻladi. Bunga misollar kammi? Sibir xalqlarini oʻylab koʻring, ularning tillari barham topishi bilan ismlari ham oʻzgarib ketdi. Butun Yevropa tillarining shakllanishida yetakchi til vazifasini bajargan buyuk lotin tili, Sharq tillarining bobosi deb ataganimiz sankritcha tamoman tugab bitdi. Yoki yaqin hududlarimizda keng quloch yoyib taraqqiy etgan soʻgʻd tili, pahlaviy, parfiyon tillarining kechmishini eslaylik. Shimoliy Amerikadagi algonkin tillari mikrooilasiga kiruvchi massachusi hamda mogikan tillarining taqdiri ham yoʻqlik bilan yakunlandi. Yoki qadimgi Bobilda keng tarqalgan akkad tili, eramizdan oldingi III asrdan eramizning IV asriga qadar oʻarbiy Osiyoda yashagan oromiylarning oromiy tili, qadimgi Finikiyadagi finikiy tili, qadimgi misr tili negizida paydo boʻlgan kopt tili kabi tillarning taqdiri ham yoʻqlik bilan yakun topib, tarix sahnasidan tushib qoldi. Shuning uchun ham tilimizning bugungi rivoji va jahon tillari orasidagi munosib oʻrni uchun beadad shukrlar qilishimiz kerak.

Tilimizning bugunga qadar omon-eson kelishining asosiy boisi xalqimizning oʻz ona tilini jonidan sevishi, ardoqlashidadir. Zero, bu haqda bundan ming yil avval buyuk bobokalonimiz Mahmud Koshgʻariy aytgan edi: “Xudo davlat quyoshini turkiylar(oʻzbeklar – I. Y.) burjida yaratdi. Falakni ham shular mulkiga moslab aylantirdi. Ularni turkiy(oʻzbek) deb atadi, mulkka ega qildi, ularni zamonamizning xoqonlari qilib koʻtardi. Zamon ahlining ixtiyor jilovini shular qoʻliga topshirdi, xalqqa bosh qildi, bularni toʻgʻri yoʻlda yurishga qodir qildi. Bularga qarashli kishilarni gʻolib qildi. Ularga qarashli kishilar maqsadlariga yetib, beboshlar halokatidan qutuldi. Ularning oʻqlaridan saqlanmoq uchun ularning xatti-harakatlarini mahkam tutmoq har aqlli kishiga loyiq va munosibdir. Bularga yaqin boʻlish uchun eng asosiy yoʻl – ularning tillarida soʻzlashishdir, chunki ular bu tilda soʻzlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, oʻzlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto ular til tufayli oʻz panohida turgan boshqalarning gunohini ham kechib yuboradilar”.

Mahmud Koshgʻariy tomonidan bundan ming yil avval aytilgan mazkur fikrlardan koʻrinib turibdiki, xalqimiz azaldan oʻz ona tilining muhibi, uni muqaddas bilib, ardoqlab kelgan. Xalqimizning ana shu xususiyatlari tufayli tilimiz tarixning barcha sinovlaridan omon-eson oʻtib, bugungi yorugʻ kunlarga yetib keldi. Millatimiz tabiatidagi koʻpmingyillik til sevgisini bugun ham toʻliq kuzatishimiz mumkin. Eʼtibor bering: agar siz biron-bir xorijiy tilda ular mamlakatida ular tilida chiroyli qilib maʼruza oʻqisangiz, ular taajjubga tushishmaydi, goʻyoki siz ularning tilini bilishingiz shartdek. Magarki, biror xorijlik mehmon bizning yurtimizdagi har qanday tadbirda tilimizda, ikki ogʻiz soʻz bilan “Assalomu alaykum, aziz doʻstlar” desa boʻldi, biz oʻrnimizdan turib uni olqishlaymiz. U bilan yuzyillik doʻstdek iliq munosabatda boʻlamiz. Chunki bu xislat bizga ming yillar avval nasib etgan.

Ikkinchi bir holat: XX asr oʻzbek xalqi madaniy hayotida davlat tili haqida qonunning qabul qilinishi qanchalik muhim boʻlgan boʻlsa, 2016 yilning 13 mayida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” deb chiqarilgan Farmon ham XXI asr oʻzbek xalqi madaniy hayotida olamshumul ahamiyatga ega boʻldi. Demakki, biz tarixan tilimiz shaydosimiz. Shunday boʻlishi ham kerak. Oʻzbek tilining yurti, Vatani – Oʻzbekiston, davlat sifatida uni himoya qiladigan, taraqqiyotini toʻliq taʼminlaydigan ham shu yurtdir. Endigi vazifamiz, asrlar davomida xalqimiz tomonidan koʻz qorachigʻidek asrab kelingan, Koshgʻariy, Yassaviy, Navoiy kabi buyuk bobolarimiz ona tilimiz yashab ketishi, taraqqiy etishi uchun kurashgan tilimizni butun borligʻi bilan kelajak avlodga yetkazishdir. Demak, bugun ham ona tilimiz oldidagi masʼuliyatimiz ortsa ortganki, kamaymagan.

Til hodisasi – ajoyib hodisa. Har qanday til uning soʻzlari bilan goʻzal. Buni biz baʼzida yo sezamiz, yo sezmaymiz…

Oʻzbek tilida “koʻz ostiga olmoq” iborasi bor. Uning maʼnosi “oʻziniki qilish, foydalanish va shu kabi maqsadda moʻljallab qoʻymoq”dir. Masalan, biron-bir kishi oʻziga maʼqul boʻlgan narsani egallash uchun oldindan koʻz ostiga olib qoʻyadi. Turk tilida ham xuddi shunga oʻxshash ibora bor, yaʼni “goz altina almak”, lekin uning hozirgi turk adabiy tilidagi maʼnosi “hibsga yoki qamoqqa olmoq” demakdir. Semantik jihatdan umumiylik bor, yaʼni oʻzbekchada inson koʻzi bilan “hibsga oladi”, turkchada esa umuman haqiqiy hibsga olinadi. Bu misollardagi asosiy obʼyekt oʻzbekcha “ost” va turkcha “alt” soʻzlaridir. Xuddi “yozmoq” va “bitmoq” feʼllari singari “ost” Sharqiy turkiy xalqlarga, “alt” esa oʻarbiy turkiy xalqlarga xosdir. Shu oʻrinda yana bir fikr: qadimgi Oltin Oʻrda nomi haqida turli qarashlar borligi maʼlum. Qaysidir manbada haqiqatan ham oltin ishlovi bisyor berilgan saroy sifatida talqin qilinsa, boshqa bir manbada “oltin” soʻzining asli qadimgi turkiy tildagi “altiʼn” soʻzi bilan bogʻliq holda asoslanadi. Bizningcha ham shu variant haqiqatga yaqinroq. Filologiya fanlari nomzodi, atoqli olim Qayum Karimov qalamiga mansub “Qadimgi turkiy til lugʻati(X–XII asrlar)”da “altiʼn” soʻziga quyidagicha izoh beriladi: “ALTIʼN ost; quyi, past; oldda; quyidagi, pastki”. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da “oʻrda” soʻzi izohi quyidagicha: “OʻRDA map. 1 Turkiy va moʻgʻul xalqlarida hukmdor, xon qarorgohi, qalʼa”. Demak, xuddi “poytaxt” soʻzi singari “oltin oʻrda” ham qoʻl ostidagi qalʼa – poytaxt maʼnosini ifodalagan boʻlishi mumkin.

Bugungi tilimiz taraqqiyoti bilan bogʻliq yana bir holat: hech oʻylab koʻrganmisiz, nima uchun biz soʻzlashuv tilimizda “uyali telefon” birikmasini hech ishlatmaymiz? Axir, yigirma yildan buyon televideniye, radio bu soʻzni aytaverib, gazeta va reklamalarda bu soʻzni yozaverib charchadi-ku! Sababi – xalqimiz “uya” soʻzining telefonga nima aloqasi borligini hanuz hazm eta olmayapti. Bu “uyali telefon”, agar termin deyish mumkin boʻlsa, rus tilidagi “sotoviʼy telefon” soʻzining soʻzma-soʻz tarjimasi oqibatida paydo boʻldi. Oʻsha davrda “soʻz ijodkor”lari bu birikmaning oʻzbekchasini yasashda “sotoviʼy” soʻzining lugʻat(“Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”)dagi “arining(asalarining) uyasi” maʼnosini olib, “uyali telefon” birikmasini yasashdi. Bilmadikki, tilning asosiy hakami – xalq, xalq qabul qilsagina soʻz tilda yashaydi, umri uzoq boʻladi. Til hech qachon zoʻravonlikni koʻtarmaydi, u ham inson singari erkinlikka oʻrgangan. Eslaylik, bir muddat “jumhuriyat”, “nohiya”, “roʻznoma”, “tayyora”, “tayyoragoh”, “viloyat” kabi soʻzlarni muomalaga kiritish borasida rosa tortishdik. Oradan chorak asr oʻtib tilimizda “respublika”, “tuman”, “gazeta”, “samolyot”, “aeroport”, “viloyat” soʻzlari hech qanday majburiyliksiz oʻz oʻrnini egalladi. Xoʻsh, “sotoviʼy telefon” borasida qanday yoʻl tutish lozim edi? Buning yoʻli oddiy. Soʻz oʻzlashtirishning asosiy qoidalaridan biri – asliy tildagi soʻzning maʼnosidan kelib chiqqan holda oʻzlashtirib olinayotgan tilda yangi soʻz yasash. Bu telefon turi ilgarigidek bir joyda turadigan (statsionar) telefondan farqli boʻlib, uni qoʻlda yoki choʻntakda olib yurish mumkin edi. Binobarin, ushbu mohiyatdan kelib chiqib, uni “qoʻl telefoni” yoki “choʻntak telefoni” desak maʼqul boʻlar edi. Zotan, xalq tilida shu tarzda qoʻllanmoqda ham.

 

Ibrohim YOʻLDOSHYeV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/tilshunoslik/koshgariydan-qol-telefonigacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x