KORUND (nem. korund; qadimgi hindchadan) — oksidlar kichik sinfiga mansub mineral. Kimyoviy formulasi A12O3, qoʻshimchalari Cr, Fe, TI va b. Kristallari trigonal singoniyali ustunsimon, kam hollarda dipiramidal. Rangsiz, tarkibida temir, mis, marganes, titan va sh. k. elementlarning borligiga qarab turli rangda boʻladi. Olmossimon yaltiroq. Qattiqligi 9. Zichligi 4000 kg/m3. K. ning (60—70%) magnetit, gematit shpinel bilan aralashmasi «najdak» deb ataladi (Naksos o., Gretsiya). Metamorfik, metasomatik jarayonlarda hosil boʻladi. Kanada, JAR, Qozogʻiston (Semiz-Bugʻ), Xibin va Ilmen togʻlari (RF) va Oʻzbekistonning Oqtosh, Molguzar, Tomdi togʻlarida Korund konlari bor. K. ning faqat sochmalardan olinadigan shaffof va chiroyli ranglilari (sapfir — koʻk rangli, yoqut — qizil rangli) qimmatbaho tosh sifatida zargarlikda ishlatiladi, unchalik toza boʻlmaganlari abraziv material. Texnik va zargarlik maqsadlarida ishlatish uchun sanoat miqyosida sunʼiy Korund olinadi. Cr2+, Fe3+ qoʻshib olingan sunʼiy Korund kvant elektronikasi, soatsozlik, zargarlik sanoati va b. da ishlatiladi. Qoʻshimchalarsiz olingan sunʼiy Korund radioelektronika sanoatida qoʻllaniladi. Sunʼiy Korund tozaligi va yirikligi bilan tabiiy Korunddan aniq, ajralib turadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые