Korney Ivanovich Chukovskiy

(1882 –1969)

Hozirgi zamon rus bolalar adabiyotining ulkan daholaridan biri Korney Ivanovich Chukovskiy yirik yozuvchi, shoir, taniqli olim, mohir tarjimon sifatida tanilgan soʻz ustasi edi. U oʻz asarlarida bolalarga xos ajoyib xislatlarni — rahmdillik va insoniylik, doʻstlik va birodarlik, yovuzlikka nisbatan shafqatsizlik, vatanparvarlik kabi fazilatlarni targʻib etadi. K. Chukovskiy bolalar uchun asarlar yaratish, ijod qilishni oʻzi uchun katta baxt deb biladi.

Kichkintoylar va ularning adabiyotini umr boʻyi ardoqlagan Korney Chukovskiy 1882 yilda Peterburg shahrida dunyoga keldi. Tez orada Chukovskiylar oilasi Odessaga koʻchadi. Bu yerda ona ming mashaqqat bilan oʻgʻlini gimnaziyaga joylaydi. Bu baxt uzoqqa choʻzilmaydi. „Oshxona xizmatchisining oʻgʻli“ boʻlganligi uchun K. Chukovskiy gimnaziyadan haydaladi.

Korney oilaga koʻmaklashish, tirikchilik oʻtkazish maqsadida turli yumushlarni bajarishga majbur boʻladi. Shunga qaramay, u boʻsh vaqtlarida mustaqil oʻqishga, Pushkin, Nekrasov, Chexov asarlarini mutolaa qilishga harakat qiladi.

Chukovskiyning dastlabki „Sanʼat nima?“ maqolasi 1901 yilda „0^eccKHe hobocth“ gazetasida bosilib chiqqan. 1903 yilda u gazeta muxbiri sifatida Angliyaga boradi. Londonda xizmat qila boshlaydi. Lekin bu yerdagi faoliyati uzoq davom etmaydi. Gazeta unga maosh toʻlamay qoʻyadi. U Britaniya muzeyiga ishga kirib, tirikchilik oʻtkazishga majbur boʻladi.

1905 yilda K. Chukovskiy Odessaga qaytib keladi va bu yerda „Signal“ degan jurnal chiqara boshlaydi. Jurnal sahifalarida chor hukumati siyosatiga qarshi materiallar bosilganligi uchun uni sud qilishadi.

Keyingi yillarda u bolalar adabiyoti toʻgʻrisida koʻplab maqolalar yozadi. 1907 yilda „Bolalar tili“ asari maydonga keladi.

K. Chukovskiy dastlab M. Gorkiy hikoya qilib bergan sujet asosida bugungi kunda oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, badiiy baquvvat „Timsoh“ ertagini yozdi. 1918 yilda esa „Archa“ nomli toʻplami bosilib chiqdi. Oʻsha yili „Jahon adabiyoti“ nashriyotiga ishga kirdi. 1919 yilda N. A. Nekrasov asarlarining toʻla toʻplamini nashr ettirdi.

Shu yillarda uning mashhur „Moydodir“, „Suvarakxon“ ertaklari, „Kichik bolalar“ kitobi bosilib chiqdi.

„Pashsha — xarxasha“, „Barmaley“, „Telefon“, „Fedora oʻtkazgan alam“, „Oʻgʻirlangan quyosh“, „Doktor Voyjonim“, „Filinisa kitob oʻqir“, „Kirpilar kuladi“ asarlari Korney Chukovskiyning nomini olamga yoydi, kitobxonlar hurmatini qozondi.

Korney Chukovskiyning ertak-poemalarida ezgulikning yovuzlik ustidan gʻalabasi, baxt, yorqin hayot sari keskin kurash boʻrtib turadi. Masalan, shoirning „Moydodir“ asarida bolalarning odobli, ozoda, har doim toʻgʻri soʻz boʻlishi va tozalikka rioya qilish mavzusi ilgari surilgan.

Asar qahramoni qator fazilatlarga loyiq. Lekin bir aybi bor, faqat kir-chir yuradi. Shuning uchun bir kuni unga xizmat qiluvchi barcha narsalar ish tashlaydi, undan yuz oʻgirib qochib ketishadi. Bola voqeaga tushunmay, xafa boʻlib turganida joniga yuz-qoʻl yuvgich — Moydodir oro kiradi.

Yosh kitobxon hamisha hayvon, jonivor va hasharotlar haqidagi voqea-sarguzashtlarni sevib oʻqiydi. K. Chukovskiyning „Suvarakxon“ asari ham kichkintoylarning sevimli asarlaridan hisoblanadi. Asarda shoir hayvon, hasharot va yirtqichlarning tuzilishlari, feʼl-atvorlari, dovyuraklik va qoʻrqoqliklari toʻgʻrisida bahs yuritadi:

Shoʻrlik, baxtsiz hayvonlar

Boʻkirib, dodlab yigʻlar!

Har bir uyada

Gʻor-u qiyada —

Ochkoʻz yovga

Tiz choʻkar.

Ana shunday vaziyat tugʻilib turgan paytda paydo boʻlib qolgan chumchuqning tadbirkorligi, ishbilarmonligi, chaqqonligi qoʻl keladi, u suvarakni tiriklayin yutib yuboradi. Shu zaylda chumchuq oʻrmon-u quruqlikda yashaydigan qushlar, jonivorlar, hayvon va yirtqichlarni ozodlikka, erkka, baxtli va totli hayotga olib chiqadi. Bu voqea esa bolalarning estetik didlarini oshiradi, hayvonot olamiga nisbatan qiziqishlarini shakllantiradi, onaVatanga boʻlgan mehr-muhabbatlarini kamol toptirishda yetakchi omil hisoblanadi.

Shoirning „Doktor Voyjonim“ asari bir umr bolalarga shodlik-quvonch bagʻishlab kelmoqda. Doktor Voyjonimning oqkoʻngilligi, mehribonligi, jonkuyarligi, hayvonlar bilan inoq, doʻstligi ibratomuz chizib berilgan.

Hayotda nimalar boʻlmaydi deysiz! Hayot ajoyib-gʻaroyib voqealarga boy. K. Chukovskiy mana shunday voqealar baʼzi befahm, farosatsiz bolalar bilan ham sodir boʻlib qolishi mumkin, deydi. Mura oʻy oʻylamaydigan, fahm-farosat bilan ish koʻrmaydigan qizcha. U bilan juda kulgili voqea yuz beradi. Shoir „Muraga „Ajoyib-gʻaroyib daraxt“ ertagini oʻqib berishganida, u nima qildi?“ sheʼrida oʻylamay, aql ishlatmay tuflisini bogʻ maydoniga ekib, ostini yumshatib, suv quyib, kulgili ish qilganligini tanqid qiladi:

Mura yechib tuflisin,

Bogʻga koʻmib, der sekin:

— Oʻs, oʻsaqol, tuflicham,

Boʻy choʻzaqol, tuflicham!

Endi jajji tuflicham

Oʻz qoʻlimdan suv ichar.

Niholcham boʻlar daraxt,

Ulkan, gʻaroyib daraxt!

Pishib bosonojkalar

Daraxt sari yoʻl olar,

Qip-qizil sapojkalar:

— Yulib oling! — deb qolar.

Shoirning „Mechkay“ asarida ham shunday kulgili, taʼsirli mavzu yotganligini koʻramiz. K. Chukovskiy taʼkidlab oʻtganidek, baʼzi bolalar boʻladiki, yaxshi oʻqish, ozoda boʻlish, yuvinibtaranib yurish oʻrniga koʻproq ovqat yeyish niyatida yuradilar. Haddan ziyoda koʻp ovqat isteʼmol qilish odamni kam oʻylaydigan qilib qoʻyishini, yaxshi oʻqish, ibratomuz ishlarni amalga oshirishda unga pand berishi mumkinligini tushunmaydigan bolalar onda-sonda uchrab turishini boplab tanqid qiladi:

…Teshik kulcha juda soz

Oʻttiz bogʻlamin shovvoz,

Bir-bir yutay deb yechgan,

Toʻrt xumcha sutni ichgan.

Soʻng urib qirq toʻrt quymoq

Singlim xoʻp ozgan, biroq

Koʻplarni hayron etgan,

Eshikka sigʻmay ketgan.

Korney Chukovskiy sevimli shoir, isteʼdodli adib, shuningdek, yirik adabiyotshunos olim boʻlibgina qolmay, bilimdon tarjimon ham edi. Uning „Ikkidan beshgacha“ nomli mashhur tadqiqotida kichik yoshdagi bolalarning xarakter xususiyatlari, nutqi va ruhiyati xususida qiziqarli hayotiy maʼlumotlar beriladi.

Ulkan soʻz sanʼatkori Korney Chukovskiy bolalar qalbini toʻlqinlantiradigan, hayajonga soladigan kitoblar muallifi sifatida hurmatga sazovor. Eʼzozli muallifning umri, bosib oʻtgan hayot yoʻli ham xuddi kitoblari singari eʼzozlanadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/korney-ivanovich-chukovskiy/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x