KONVERTER, konvertor (ing. converto — oʻzgartiraman, aylantiraman) — suyuq choʻyanga kislorod yoki havo yuborib poʻlat olinadigan yoki shteynlarga havo yoki kislorod yuborib qora metall yoxud rangli metall sulfidlari olinadigan metallurgiya agregati; konverter ishlab chiqarishi qurilmasi. Poʻlat olishda, asosan, kislorodli Konverter ishlatiladi. Ilgari bu maqsadda bessemer va tomas K. lari ishlatilgan.
Konverter nok yoki silind-rik koʻrinishda boʻladi. Konverterni tubidan, yonidan va ustidan kislorod (havo) beriladi. Konverterni maxsus mexanizm bilan ogʻdirib boʻgʻzidan choʻyan quyiladi, unga flyus, temir-tersaklar solinadi. Tayyor mahsulotlar (poʻlat, shlak, gazlar) ham shu boʻgʻzidan olinadi. Bunday Konverter larning sigʻimi 400 t gacha boradi. Shteynlardan mahsulotlar olinadigan Konverterning ichiga magnezit gʻishti teriladi. Konverterning boʻgʻzidan shteynlar, flyuslar va b. materiallar solinadi. Bunda havo yoki kislorod Konverterning pastki qismida joylashgan furma orqali beriladi. Hosil boʻlgan mahsulot (shlak va metall) boʻgʻzidan quyib olinadi (yana q. Bessemer jarayoni, Tomas jarayoni).