KONFERANSYE (frans. conferencier — maʼruzachi) — estrada, konsert va b. tomoshalarni olib boruvchi, koʻpincha mustaqil hajviy, yumoristik tomoshalar koʻrsatuvchi artist. Tomoshabinlarga dastur tartibini eʼlon qiladi va tushuntirish olib boradi. Konferansyelik sanʼati oʻtkir zehn, badihagoʻylik, hozirjavoblik, tomoshabinlar bilan muloqot qila bilish mahoratini talab etadi. Konferansyelik dastlab 19-a. ning 60-y. larida Parij kabarelarida paydo boʻlib, soʻng boshqa mamlakatlarga tarqalgan.
Oʻzbekistonda Mirshohid Miroqilov, Hojisiddiq Islomov, Yusufjon qiziq Shakarjonov — birinchi oʻzbek Konferansye laridir. 20-a. ning 2-yarmida Gʻ. Aʼloyev, M. Musayeva, E. Qoriyoqubova, A. Alixoʻjayev, V. Lapin va b. yetuk Konferansye sifatida tanilgan. Zamonaviy oʻzbek estradasida Konferansyelik sanʼatining rivojlanishiga Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oʻtkir Siddiqov katta hissa qoʻshib kelmoqda. U 1991—2001-y. larda «Yagona oilada», «Biz Oʻzbekistondanmiz», «Sharq bozori», «Navroʻz nashidasi», «Mustaqil Oʻzbekiston», «Buyuk ipak yoʻli», «Onalar va otalar», «Toʻyga marhabo» va b. konsert dasturlarini yaratib, badiiy soʻz ustasi sifatida faol ijod qilmokda. Estrada-sirk kollejida Konferansyelik sanʼati boʻyicha maxsus darslar olib boriladi.
Poʻlat Toshkanboyev.