GʻAZALLAR
(Mashrab ohanglarida)
Koʻrsat yuzingni devonalarga,
Ishqingda kuygan aftodalarga.
Vaslingga yetmay afsona boʻldim,
Lutf ila boqqil afsonalarga.
Sansan jahonda mahbubi dono,
Jabringni kam qil gʻamxonalarga.
Umid etarman mehr ila shafqat,
Qilgʻin tarahhum bu gadolarga.
Olamda sendek mohi talʼat yoʻq,
Zohir et partav shabnolalarga.
Devona boʻldim vaslingni izlab,
Solmading nazar sarsonalarga.
Komilga boʻlsa vasling muyassar,
Madhingni yozsa dostonalarga.
* * *
Mehr uzoring birlan olamni munavvar qil,
Qolsin xurshid hayratda, partaving namoyon qil.
Gullar ochilib xanda, oʻziga qilib banda,
Lolaruh jamolingdin gʻunchani dilin qon qil.
Gar meni etsang sar shod lutfingni mayi birla,
Etgil murodim hosil, raqiblarni sarson qil.
Bu notovon oshiqning qon etma yurak-bagʻrin,
Ushshoqlar aro har dam maʼshuqligʻing izhor qil.
Qilsang tabassum nogoh sevganingni koʻrganda,
Soʻrgʻoli gʻarib holin lutfingni farovon qil.
Koʻrganda gʻizolingni asiri boʻlmish nargis,
Qora chashmingga shaydo ohuni giriftor qil.
Bogʻ aro xiromingdan tovusni qilib hayron,
Qomati niholingdan sarvi qaddini dogʻ qil.
Istabman kamolingni, xurshidi jamolingni,
Olgʻil yuzingdan parda hojatimni oson qil.
Anduhi firoqingda yondi necha yil Komil,
Qoʻygʻil komiga yetsin naqdi husning arzon qil.
ANDISHA QIL
(Huvaydo gʻazaliga Komiy muxammasi)
Ey koʻngil, bu soʻzim angla, yordin andisha qil,
Qilmasa soʻzing qabul, bezordin andisha qil,
Joninga jabr aylama, ozordin andisha qil,
Ey dilo, gul chogʻida gulkordin andisha qil,
Uzmagil behuda gul, gulzordin andisha qil.
Gar yoʻlingda xarj qilsa, xonu monu molini,
Ham muloyimliq bila, qurbon qilsa jonini,
Yemagil xargiz oning minnatli bergan nonini,
Pashshakim bedorliqdan ichdi odam qonini
Baʼzi-baʼzi mardum ul bedordin andisha qil.
Ketmagil, yoʻldan adashma, sen uni hamdam bilib,
Bermagil koʻnglingni aslo simu zar, andam bilib,
Ham jarohat koʻksing ochma, har soʻzin malham bilib,
Rozi dilni aytmagʻil, har kimni sen mahram bilib,
Oqil ersang mahrami asrordin andisha qil.
Kirdilar boʻston aro, sarvi niholin tikmadi,
Gar vafo tuxmidin ul mehriyu, gulzor ekmadi,
Kelmadi rahmi oning, qaddini aslo bukmadi,
Kimki kirdi bu chamanga, gulni uzmay chiqmadi,
Aro-aro gul uzarsan xordin andisha qil.
Behuda oʻrtanma, Komiy rahme qilmas bagʻri tosh,
Joninggʻa aylar jafo, dildor bilan qilma talosh,
Koʻksingni sadpora aylab, ham qilar koʻzingni yosh,
Ey Huvaydo, etmagil Mansurdek sirringni fosh,
Yetkim Mansur, analhaq dordin andisha qil.
* * *
(Xislat gʻazaliga muxammas)
Ayroliq oʻti dilda nihondur,
Yetmay vaslinga bagʻrim qondur,
Aqlimni olgan ul moh tobondur,
Hajringda, ey yor, korim figʻondur,
Tinmay koʻzimdan ashkim ravondur.
Savdoyi visol qilib andisha,
Zikr etmagim seni boʻlibdur pesha,
Zulmat firoqingda chekarman necha,
Tortib judoliq darding hamisha,
Xolim xarobu rangim somondur.
Kelgil qoshima munis qaribim
Xoling nechuk deb bekas gʻaribim
Ozod qil gʻamdan ham bergil nasibim,
Sen sen habibim, xoziq tabibim,
Dardima beshak bu begumondur.
Yoʻl yursam hodidur noming tilimda,
Orom olur boʻlsam koming dilimda,
Gar yetsam vaslinga orzu elimda,
Armonu hasrat koʻpdir dilimda,
Desam tuganmas, goʻyoki qondur.
Boʻlibman giriftor oshiqi vola,
Jamoling koʻrolmay chekarman nola,
Rahm ayla, koʻz yoshim yoʻlingda jola,
Ey yori jonim, qildim havola,
Oʻziga bul kun har kim yomondur.
Bu ishqning dardidin maskanim furqat,
Chekdigim kuyingda ohu nadomat,
Xun boʻldi jigarim qilmasang shafqat,
Ham lola yongligʻ koʻksimda qat-qat,
Boz ustiga boz togʻlar nihondur.
Gulistonda yoʻqdur bunday latofat,
Odamda boʻlarmi muncha fazilat,
Vasling uchun Komil tortadi kulfat,
Gulday yuzingning ishqida Xislat,
Bulbulga oʻxshash kori figʻondur.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–7
https://saviya.uz/ijod/nazm/komiljon-otaniyozov-sherlaridan/