Post Views:
435
«KOLIZEY» (Jizzax ko‘chasi; hozirgi Buxoro ko‘chasi, 10) – teatr tomoshalari uchun sanoatchi G.M.Sinsadze qurdirgan bino, 1903 yil qurila boshlagan (me’mor E.F.Gofman). «Kolizey» lotincha – mahobatli demak. Qadimda Rim shahrida flaviylar amfiteatri shunday atalgan. «Kolizey» avval sirk tomoshalari uchun mo‘ljallangan, zal sahnasining shifti temirdan, gumbaz shaklida ishlangan. Dastlab bu yerda sayyor sirk truppalari tomosha ko‘rsatgan, keyinchalik zaldan turli teatr tomoshalari uchun foydalanilgan. 1913 yil bino ta’mirlandi, «Kolizey» arxitekturasida «nemis renessansi» uslubi ko‘zga tashlangan. Kiraverishdagi ustunlar va balkon bino fasadini bezab turgan (bayram va tantanalarda balkondan minbar o‘rnida foydalanilgan). Binoning har ikkala tomoniga uncha katta bo‘lmagan balkonlar qurilgan. Oktyabr to‘ntarishigacha «Kolizey»da turli teatr va musiqa jamoalari (Z.A.Malinovskayaning drama truppasi Sidqi Ruhulloning ozarbayjon truppasi va 1914 yil Abdulla Avloniy rahbarligidagi o‘zbek havaskor truppasining dastlabki spektakli – Behbudiyning «Padarkush» dramasi asosida tayyorlangan spektakl qo‘yilgan) tomosha ko‘rsatgan. 1918 yil «Kolizey» natsionalizatsiya qilingan. 1930–39 yillarda bu yerda O‘zbekiston Maorif xalq komissarligining davlat musiqali drama teatri va Ya.M. Sverdlov nomidagi rus opera va balet teatri ishlagan. 1948–91 yillarda konsert zali sifatida foydalanilgan. «Kolizey» 1996 yildan «Toshkent» respublika fond birjasiga moslab butunlay qayta qurilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/kolizey-toshkent/