KOLESOV VOQEASI

KOLESOV VOQEASI, Buxoroda 1918-yil mart oyi voqealari — Buxoro amirligini tugatish maqsadida qizil armiya tomonidan qilingan qurolli hujum (1918-y. mart). 1917-y. noyab. da bolsheviklarning zoʻravonlik bilan hokimiyatni egʻallashi oqibatida sovet Rossiyasi bilan Buxoro amirligi oʻrtasidagi munosabatlar ham keskin yomonlashdi. Buxoro amirligida siyosiy vaziyat keskinlashdi. 1917-y. 2 dek. da yangi Buxoro (Kogon) da boʻlib oʻtgan amirlik xududidagi rus manzilgohlari kengashlarining 2-syezdida amir tuzumini agʻdarib tashlab, hoki-miyatni Yosh buxoroliklarga berishga qaror qilindi. Yosh buxorolik jadidlarning bir qismi, Buxoroda demok-ratik tartibotlarni oʻrnatish uchun inqilobiy kurash yoʻlini tanladi. Ular amirlikni agʻdarish uchun Turkistondagi sovet hukumatidan yordam soʻrashga majbur boʻlishdi. Biroq Turkiston Muxtoriyati hukumatini tugatish yoʻllarini izlayotgan Turkiston XKS raisi F. I. Kolesov (1891 — 1940) Buxoro amirligiga hujum qilishga dastlab shoshilmadi. Turkiston Muxtoriyati xukumati qizil askarlar tomonidan tor-mor qilinib, Qoʻqon sh. qonga botirilgach (1918-y. fev), Kolesov butun diqqatini amirlikni tugatishga qaratdi. 1918-y. 1-martdaYangi Buxoroga Kolesov boshchiligidagi 3500 kishilik kizil askarlar otryadi zambarak va pulemyotlar bilan qurollangan holatda yetib keldi. Yosh buxoroliklarning 7 kishidan iborat inqilobiy qoʻmitasi (rais — F. Xoʻjayev, aʼzolari — Fitrat, Ota Xoʻjayev, Abdulvohid Burhonov, Isqoq Agʻdarov, Qori Yoʻldosh Poʻlatov, Fazliddin Maxsum) tuzildi. Ular bilan Kolesov oʻzaro maslahatlashib, amir Sayd Olimxon nomiga talabnoma matni tayyorlandi. Kolesov va F. Xoʻjayev imzolari bilan Olimxonga joʻnatilgan talabnomada Buxoroda soʻz, matbuot va b. demokratik erkinliklar joriy qilinishi, amir huzuridagi hukumat tarqatib yuborilib, uning oʻrniga Yosh buxoroliklar Ijroiya Qoʻmitasidan iborat yangi hukumat tuzilishi, amirlikdagi qoʻshin qurolsizlantirilishi taʼkidlangan edi. Amir Olimxon 24 soat ichida ushbu talablarga rozi ekanligini maʼlum qilsa, u oʻz oʻrnida qoladigan boʻldi. Olimxon, mabodo, rad javobini beradigan boʻlsa, qurol kuchi bilan amirlik tugatilishi poʻpisa qilindi. Amir Olimxon vaqtdan yutish uchun muzokaralar boshladi. U oʻz javob maktubida islohotlarni sekinasta amalga oshirishi mumkinligini bayon qildi. Bu javobdan qanoatlanmagan Kolesov harbiy harakatlarni boshlashga buyruq berdi, 2-martda Buxoroga hujum boshlandi. Ularga har biri 200 kishidan iborat Yosh buxoroliklar va yangi Buxoro ishchilarining otryadlari koʻmak berib turdi. Buxoro yaqinidagi Fatxobodda boʻlgan dastlabki toʻqnashuvda amir Olimxon qoʻshinlari magʻlubiyatga uchrab, shaharga chekindilar. Vaziyat bunday tus olishini kutmagan Olimxon Kolesovga oʻzining maxsus farmoni oliyini yuborib, unda barcha talablarga rozi boʻlish b-n bir qatorda mamlakatda soliqlar kamaytirilishi, tan va oʻlim jazosi bekor qilinishini aytdi. Harbiy qarakatlar toʻxtatilib, muzokaralar qaytadan boshlandi. Olimxon bu fursatdan unumli foydalanib, 35000 kishilik lashkar toʻpladi. Buxoroliklar shahar himoyasiga qoʻzgʻaldi. Karmanadan Qorakoʻlgacha 170 km masofadagi t. y. izlari amir sarbozlari tomonidan buzib tashlandi. Urush harakatlari boshlanib, Kolesov otryadi qurshovda qoldi. Toshkent, Samarqand, Chorjoʻy, Ashxobod, Marv, Karki, Termiz garnizonlaridan qizil askar otryadlari Kolesovga yordamga junatildi. Birok,, Buxoroni bosib olish rejasi amalga oshmasligiga koʻzi yetgan Kolesov 5-mart kuni kechkurun Toshkent tomonga chekinishga buyruq beradi. Buning asosiy sababi, Yosh buxoroliklar keng xalq ommasining ishonchini qozona olmaganligi emas, balki qizil askarlar buxoroliklar tomonidan bosqinchilar sifatida qabul qilinganligi boʻldi. Toshkentdan joʻnatilgan Koluzayev boshchiligidagi qizil askarlar otryadi 11-martda Karmanadagi amirning yozgi qarorgohini egallab, bu yerni talon-toroj qiladi. Ular Qiziltepada Kolesov bilan birlashdi. Kolesov Qiziltepaga kelgach, sulh muzokaralari olib borish uchun Olimxonga, vakillar joʻnatdi. Olimxon oʻz navbatida, Kolesov bilan sulh muzokaralari olib borishga tayyor ekanligini bildirdi. 17-martda Kolesov otryadi b-n Samarqandga yetib keldi. Bu paytda qizil askarlar Xatirchi, Ziyovuddin, Mir, Karmana, Qiziltepa, Qorakoʻl va Chorjoʻyni bosib olgan edilar. Bir necha kun davom etgan muzokaralardan soʻng, 1918 i. 25-martda sovet Turkistoni bilan Buxoro amirligi oʻrtasida Qiziltepa bitimi imzolandi. 9 banddan iborat bitim shartiga koʻra, mustaqilligini himoya qilgan Buxoro amirligi oʻz xududidagi harbiy harakatlar uchun javobgar deb hisoblandi va tovon toʻlashi lozimligi belgilandi. Amir oʻz sarbozlari miqdorini 12000 kishidan oshirmaslik majburiyatini oldi. Qizil askarlar amirlik xududidan chaqirib olindi. Kolesov otryadi talon-taroj qilingan katta boylik (Karmana, Xatirchidagi xazina va b.) bilan Toshkentga qaytdi. Kolesov voqeasi Buxoro amirligida jiddiy oʻzgarishlarni keltirib chiqardi. Qizil armiyaning xujumi avvalo Buxoroning yaqin koʻshnilari sovet Rossiyasi va Turkistonidagi yangi rejimning haqiqiy mohiyatini ochib tashladi. Olimxon oʻz ichki siyosatida katta mikdordagi zamonaviy qurollangan muntazam armiyani tuzishga intildi, u Afgʻoniston va b. xorijiy mamlakatlar b-n yaqinlashishga intildi. Shuningdek, amirlik hududidagi 3000 kishi jadidlikda ayblanib, nohaq qatl qilindi va ularning mol-mulki musodara etildi.

Ad.: X oʻ j a ye v F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1926, 1997; Sadriddin Ayniy, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Voyna v peskax, M, 1935; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Oʻzbekiston tarixi (1917-1991), T., 2000; Muhammad Ali Baljuvoniy, Tarixi nofeiy (Foydali tarix), T., 2001.

Rahmon Karimov, Qahramon Rajabov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x