Post Views:
205
Kallaxona mahallasi Sag‘bon, Chig‘atoy, Saqishmon mahallalari bilan chegaradosh bo‘lib, bir qismi Eskijo‘va bozori bilan tutash bo‘lgan. Mahallaning nomi haqida turli fikrlar yuradi. Ba’zilar gunohkorlar qatl etiladigan joy – deyishsa, ba’zilar – asirga tushgan bosqinchilar shu yerga keltirilib, qatl etilganlgan haqida gaplar bor va nomi shundan deyishadi. Mahalla ziyolilari esa, aslida “Kalonxona sababi mahallada yurtni tebratgan amaldorlar yashagan”, – deb faxrlanib yurishadi. Ammo, yoshi bir joyga borib qolgan qariyalar: “Esimizni tanibmizki, yangi yopiq bozor qurilgunga qadar go‘sht bozori shu yerda bo‘lgan. Mahallaning har ikki xonadonidan biri qassob bo‘lgan. Bu yerda har bir tor ko‘chayu-berk ko‘cha go‘sht bozori edi. Go‘sht bozori deyilganda Kallaxonani, Kallaxona deyilganda go‘sht bozori tushunilgan. Xoh kunduzi, xoh kechasi to‘rg‘i kelgan eshikni taqillatib, go‘shtmi, kalla-pochami olib ketaverardik”, – deyishadi.
Mahalla ziyolilarini ranjitib qo‘ymasak, qariyalarning gapi haqiqatga yaqinroqqa o‘xshaydi. Har holda dashtdan haydab kelingan poda Sag‘bon ko‘chasidan oralab kelib, shu yerda saranjomlangan. Mahallaning e’tiborli joyi Kallaxona masjidi.
Langar – Ko‘kcha dahasining qadimiy mahallalaridan. Yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan va piru murshidlar ko‘milgan joy ma’nosinida bildirgan. Shuningdek, bu so‘z klassik adabiyotlarda, qabr, ibodatxona ma’nosida ham uchraydi. Yana langar – cho‘p, kema langari (yakor) kabi omonim so‘zlar ham bor.
Saqichmon – Saqishmon yoki Chaqishmon mahallasining nomi Abubakr Qaffol-Shoshiy maqbarasi yaqiniga ko‘milgan tabarruk zot – shayx Azizi Saqishmoniy nomi bilan bog‘liqdir, degan fikrlar ham bor.
Achavot. Qadimgi turkiy yozma yodgorliklarida Ach etnonimi uchraydi. Mavze yalang joyda bo‘lganligi uchun Achiq-Ochiq shakllarida tilga olinganligi haqida ayrim yozma manbalarda ma’lumotlar uchraydi. (S. Qorayev). Aholisi o‘zbek va lo‘lilardan iborat Chimboy, Yev, Sag‘bon kabi mahallalar bilan chegaradosh bo‘lgan.
Qurbaqaobod (to‘g‘risi Qo‘riqrabot). Qadimshunos A. Muhammadjonov Qurbaqaobod o‘z zamonasida Qo‘riq rabod deb yuritilgan. Chunki bu joy dastavval qo‘riq yerda qad ko‘targan yakkayu-yagona aholi yashaydigan maskan bo‘lgan. Dashtdan keladigan savdo karvonlari, mol haydab keluvchi bozorchilar, daydi sayyohlaru darveshlar kech kirib, shaharga yetib borolmay qolsa mana shu ko‘prikdagi rabotda boshpana topib, tunab qolganlar va subhidamda turib shaharga kirib borganlar, — deb yozadi o‘zining «Qadimgi Toshkent» nomli asarida.
Shofayzi quloq. Shofayzi ismli kishi kanaldan quloq ochib suv chiqargan. Nomi shundan.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/ko-kcha-dahasi-mahallalar-kallaxona-va-boshqalar/