Post Views:
402
Allon hozirgi Olmazor tumanidagi mahalla va ko‘cha. 1988 yilning o‘rtalarida Toshkent shahar toponimik komissiyasining majlislaridan birida Allon ko‘chasi oqsoqollarining ko‘chalarini besabab «Sberkassa» qilib o‘zgartirganlari va o‘z tarixiy nomini qaytarishlarini so‘rab yozgan shikoyatlari ko‘rib chiqildi. Shu masala bo‘yicha so‘zga chiqqan navoiyshunos olim Yoqubjon Isoqov ikki xil fikrni aytdi:
1. Mahmud Qoshg‘ariy ijodida Olon so‘zi uchrashini va u shahar chekkasi degan ma’noni bildirishini:
2. Beruniy asarlarida II—VII asrlarda mamlakatimiz hududida Olon qabilasi yashaganligi, keyinchalik ular Kavkaz tomonlarga ko‘chib ketganligi haqida ma’lumot borligi va hozirgi osetinlar o‘sha olon qabilasiga mansub degan fikrni bildirdi. Majlis qarori bilan ikkinchi fikr tasdiqlanib, ko‘chaga o‘z tarixiy nomi qaytarildi.
Qomusiy ma’lumotlarga qaraganda, haqiqatan ham olonlar Shimoliy Kavkazning mahalliy etnogenezida hamda madaniyatining vujudga kelishida muhim rol o‘ynagan. Osetin xalqining shakllanishida nafaqat olonlar, shuningdek, sarmanlar va skiflar ham ishtirok etgan. Ammo olonlarning mamlakatimiz hududidan ko‘chib borganliklari haqidagi ma’lumot Beruniydan boshqa mualliflarda uchramadi.
Muhammad Solihning «Toshkentning yangi tarixi» nomli asarida ham Olon qabila nomiligi eslatib o‘tilgan. Ba’zi atamashunoslar bu Oqilon so‘zining o‘zgargan ko‘rinishi bo‘lsa kerak, degan fikrni bildiradilar. Hatto mahalla va mavzelar ro‘yxatida Oqilon (Olon) tarzida yozilgan.
To‘qli jallob mahallasi Tepa, Surat, Chig‘atoy, Qo‘shtut kabi mahallalar bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla aholisining ko‘pchiligi mol savdosi bilan shug‘ullangan. Mahalla nomining kelib chiqishi shu asosda vujudga kelgan.
Mahkama mahallasi. Hozirgi Chorsu bozorining markazida joylashgan qadimiy mahallalardan biri bo‘lgan. Mahalla bozorning Beshyog‘och, Ko‘kcha, Sebzor dahalari tutashgan hududda joylashgan bo‘lganligi uchun har uchala daha ro‘yxatida Mahkama mahallasi nomi uchraydi. Ma’lumki, XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab Toshkent ikki qismga bo‘linib, eski va yangi shahar nomlarida bo‘lgan. Eski shaharning boshqaruv ma’muriyatining idorasi ya’ni mahkamasi shu mahalla hududida bo‘lganligi uchun shunday nom berilgan.
Mahalladagi o‘tgan asrning 70-yillarigacha mavjud bo‘lgan masjid Mahkama masjidi nomi bilan mashhur bo‘lgan. Masjid binosi buzdirib yuborildi, o‘rniga dorixona qurildi, dorixona ham buzib tashlandi, o‘rniga “Tohir va Zuhra” savdo markazi qurildi. Savdo markazi ham buzilib, o‘rnida hozirgi yopiq bozor qurilishi boshlandi. Yopiq bozor qurilishi ko‘p yillar bitmay tashlab qo‘yildi. Nihoyat, mustaqillik yillarida nihoyasiga yetdi.
Buyrabozor mahallasi. Chorsu bozorining Ko‘kcha dahasi hududidagi mahalla. Mahalla ahlining asosiy qismining ishi to‘qaydan qamish o‘rib kelib buyra to‘qish bo‘lgan. Nomi shundan. Buyra xonadonlarda yerdan zax o‘tkazmasligi uchun palos(sholcha, to‘shanchi) tagiga to‘shalgan. Hozir buyra to‘shalgan uylar deyarli qolmagan. Shuning uchun, buyra nimaligini ko‘pchilik bilmasligi mumkin.
Chimboy mahallasi. Chimboy o‘zbek urug‘laridan biri, Dashti qipchoqda yashab XVI asrda o‘zbek qabilalari tarkibida Movoraunnahrga kelib o‘rnashganlar va tez orada o‘troq o‘zbeklar tarkibiga singib ketganlar. Mahalla hududida Chimboy qabilasining ayrim urug‘lari yashaganligi tufayli nomi shundan kelib chiqqan.
Oqilon Ko‘kcha, Jarariq, Darvozi mahallalari, hamda Bo‘zsuv kanali bilan chegaradosh bo‘lgan. VIII asrning boshlarida Shoshni fath qilishda qatnashgan Qutayba ibn Abu Muslim safdoshlarining bir qismi, ya’ni oqil kishilar hozirgi Oqilon deb ataluvchi joyni o‘zlariga maskan qilib oladilar. Mahallaning Oqilon, ya’ni oqillar maskani deb atalishining boisi shundan degan rivoyatlar bor.
Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/ko-kcha-dahasi-mahallalar/