Ko‘kcha dahasi. Chig‘atoy, Hofiz Kuykiy, Qo‘shchi, Shohnishin tepa mahallalari


Post Views:
384

Chig‘atoy mahallasi. Sog‘bon, Qo‘shchi, Saqichman, Kallaxona mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Chig‘atoy darvozasini qo‘riqlash, shu darvoza yaqinida yashaydigan Chig‘atoy aholisiga topshirilgan. Darvoza, ko‘cha va mahalla nomlari Chig‘atoy deb atala boshlangan.

Chig‘atoy ulusi Chingizxon tomonidan ikkinchi o‘g‘li Chig‘atoy va uning avlodlariga meros qilib berilgan viloyatlarining umumiy (1224 yildan) hududi Movarounnahr, Yettisuv va Qashqardan iborat bo‘lgan. 1242 yilda Chig‘atoy vafot etgach, Munke bilan Botuxon Chig‘atoy ulusini mulk sifatida tugatishga qaror qilganlar. XIII asrning 60-yillarida Chig‘atoyning nabirasi Olg‘u chig‘atoylar hokimiyatini tiklagan va bu hokimiyat Temuriylar hukmronligi davrigacha davom etgan.

Chig‘atoy va Chingizxon so‘zlaridan hadiksiragan shahar ma’muriyati o‘tgan asrning 80-yillarida bu ko‘chani Farobiy nomi bilan o‘zgartirdilar. Aslida, Chingizxonning Chig‘atoy ismli o‘g‘li XIII asrda yashagan, turkiy Chig‘atoy qabilasi undan ancha oldin mavjud bo‘lgan. Chig‘atoy tili, Chig‘atoy adabiyoti atamalari o‘sha qabila nomiga mansub.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 21 fevral sonida Begali Qosimov tomonidan yozilgan Alisher Navoiy haqidagi maqolasida yozilishiga ko‘ra XVII asrda Navoiyning «Sab’ayi sayyor» asaridagi «Bahrom va Dilorom» sarguzashti gruzin tilida «Baram Guriani» (Katta Bahromnoma) yaratiladi. Shu munosabat bilan asar muallifi mashhur gruzin shoiri Nodar Sitsiashvili -“Navoiy bu qissani («Sab’ayi sayyorni») chig‘atoy tilida yozgan. Kim shoirlikda biror kishini u zot bilan tenglashtira oladi?”- deb yozadi.

Hofiz Kuykiy (Hofiz Ko‘hakiy) mahallasi – Ko‘kcha dahasining qadimiy mahallalaridan. Shu mahallada XVI asrda yashab ijod qilgan buyuk olim, o‘z davrida allomai Hofiz Toshkandiy degan sharafli unvonga sazovor bo‘lgan.

U Mirzo Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchining nabirasi. Olim arab va boshqa sharq mamlakatlariga. Shuningdek, Boburiylar hukmronligi davrida Hindistonga ikki marta safar qilgan. 1528 yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan, 1569 yilda Akbarshoh tomonidan izzat-ikrom bilan kutib olingan. Uning «Chingiz avlodlari tarixi», «Tarixi Toshkand» nomli asarlari va boshqa tarjimalari olim nomini abadiylashtirgan. Ko‘hokiy – uning taxallusi. U o‘zi yashagan mahallada madrasa qurdirib, tarix, fiqx va boshqa dunyoviy ilmlardan talabalarga saboq bergan. Madrasa hozir ham saqlangan. Hozirgi kunda binodan mahalla masjidi sifatida foydalanilmoqda. Yodgorlikning me’moriy yechimi, tashqi ko‘rinishi va qyrilish materiallari uning XVI asrda qurilganligidan guvohlik beradi. 2008 yilda to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Ma’lumotlarga qaraganda, uning qabri Qaffol Shoshiy maqbarasiga kiraverishda o‘ng tomonda. Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, u Samarqand yaqinidagi Ko‘hak (hozirgi nomi Cho‘pon ota) degan joydan kelgan. Taxallusi shundan bo‘lsa kerak, degan fikrlar bor.

Qo‘shchi mahallasi dahaning qadimiy mahallalaridan biri bo‘lib Chig‘atoy, Achavot, Sag‘bon kabi mahallalar bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahalla yaqinidagi qabriston ham Qo‘shchi nomi bilan atalgan. Qo‘shchi qabristoni hududida Shayx Bahlul maqbarasi mavjud. O‘zbekiston xalq rassomi Jalil Hakimov, rassom T.To‘xtaxo‘jayevlar shu qabristonga qo‘yilganlar.

Qo‘shchi o‘zbek qabilalaridan birining nomi. XIV-XV asrlar davomida Dashtiqipchoqda yashab, chorvachilik bilan shug‘ullanganlar. XVI- XVII asrlarda o‘zbek qabilalari tarkibida Movoraunnahrga kelib o‘rnashganlar va tez orada o‘troq o‘zbeklar tarkibiga singib ketganlar. Qabilaning bir urug‘i shu mahalla hudududa yashagan. Mahallaning nomi shundan.

Shohnishin tepa mahallasi Chaqar, To‘qli jallob, Chig‘atoy mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan. Zaxariq, Oqtepa, Damariq kabi mavzelarda dehqonchilik bilan shug‘ullanganlar. Mahalla VII-XIII boshlariga oid Shohnishintepa arxeologik yodgorligi bilan tutashib ketgan. Nomi shundan.

Shohnishin- shoh o‘tiradigan joy ma’nosini bildiradi. Rivoyatlarga ko‘ra, Turon podshosi Afrosiyob (Alp Er To‘nga) o‘ziga tobe bo‘lgan xalqni shu yerda qabul qilar ekan.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/ko-kcha-dahasi-chig-atoy-hofiz-kuykiy-qo-shchi-shohnishin-tepa-mahallalari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x