KOBUL — Afgʻonistonning poytaxti. Kobul viloyatining maʼmuriy markazi. Kobul daryosi vodiysida, oʻrtacha 1820 m balandlikda, Asmon va Sherdarvoza togʻlari orasidagi vohada joylashgan. Iqlimi subtropik kontinental iqlim. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi G, iyulniki 26°, yiliga 317 mm yogʻin tushadi. Aholisi 750 ming kishi (2000). Ptolemey asarlarida K. Kobur shaklida uchraydi. Yunon-Baqtriya podsholigi, Kushon podsholigi, keyinchalik eftaliylar davlati tarkibida boʻlgan. Eftaliylar davlati tanazzulga uchragach (6-a.), K. ni buddizm dinidagi mahalliy hokimlar (Kobul shoxlari) idora qilgan. 7-a. da arablar, 9-a. da safforiylar bosib olgan. K. Somoniylar, Gʻaznaviylar, Temuriylar davlatlari tarki-biga kirgan. Shahar 1221-y. da Chingizxon qoʻshinlari tomonidan vayron qilindi. 1504-y. Bobur K. ni oʻzi asos solgan davlatning poytaxtiga aylan-tirdi. 1738-y. Eron shohi Nodirshoh Afshar egalladi. Kobul 1747-y. Durroniylar davlati tarkibiga qoʻshib olindi. Temurshoh Durroniy davrida (1773—93) Kobul poytaxtga aylantirildi. Durroniylar davlati tugatilgach (1818), K. Kobul amirligining markazi boʻlib qoldi. 1825-y. da amir Doʻstmuhammad afgʻon yerlarini bir butun qilib birlashtirishga xarakat qildi, bu esa keyinchalik Afgʻoniston davlatini vujudga kelishida muhim rol oʻynadi. Birinchi (1838-42) va ikkinchi (1878-80) Angliya-Afgʻoniston urushlari davrida shaharning koʻp qismi buzildi. Sobiq shoʻrolar qoʻshinining 1979-y. dek. da Afgʻonistonga tajovoʻzkorona bostirib kirishi va 1992-y. da boshlangan ichki fuqarolar urushi davrida Kobul jiddiy zarar koʻrdi. Shaharni 1996—2002-y. larda mutaassib «tolibon» ichki muxolifat kuchlari egallab turdi. Ulardan ozod qilish uchun olib borilgan aksilterror harbiy harakatlar tufayli Kobulda yana vayronagarchiliklar boʻldi.
Kobul — mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi. Avtomobil yoʻllari tuguni. Bagrom harbiy aerodromi, xalqaro aeroport bor. Avtomobil yoʻllari orqali Pokiston, Hindiston, Eron, Oʻzbekiston va b. davlatlar bilan bogʻlangan. Afgʻonistonning eksport va import mollarining asosiy qismi Kobul orqali oʻtadi. Kobul va uning atrofida toʻqimachilik (ip gazlama k-ti, jun va ipak gazlamalar, trikotaj f-kalari), oziq-ovqat, harbiy, yogʻochsozlik, mashinalarni taʼmirlash va metall buyumlar tayyorlash korxonalari, gugurt, koʻn poyabzal, gilam toʻqish f-kalari, lak-boʻyoq, chinni, qurilish materiallari z-dlari, issiqlik elektr st-yasi, shahar yaqinida GES bor. Mayda hunarmandchilik korxonasi koʻp. Kobul — qorakoʻl teri bilan savdo qilinadigan markaz.
Kobulda FA, Tarix jamiyati, bir necha oliy oʻquv yurti, jumladan, un-t, bosmaxona, teatr, Kobul tarix-etnografiya muzeyi, jamoat kutubxonasi ishlab turibdi. Kobul ikki qismdan iborat: eski shahar va yangi shahar. Yangi shahar qismida koʻplab zamonaviy binolar qurilgan. Shaharning koʻhna qismi Kobul daryosining jan. sohilida. Meʼmoriy yodgorliklaridan Bolo-Hisor qalʼasi, Bogʻi Bobur, Temurshoh maqbarasi, Chihil Sutun bogʻi va saroyi, Muhammad Nodirshoh maqbarasi (20-a.) va b. saqlangan.