Koʻzgudagi oy aksi

Yasunari KAVABATA

 

Kunlardan bir kun Kyokoning xayoliga kaftdekkina polizni koʻzgu orqali kasalmand eriga koʻrsatish fikri keldi. Eri anchadan buyon ikkinchi qavatdagi peshayvonda koʻrpa-yostiq qilib yotar, aftidan, uning qalbida hayotga nisbatan yangi havas tuygʻusini faqat shu moʻjazgina koʻzgu qaytadan uygʻotishi mumkinday tuyular edi.

Darvoqe, Kyoko bu koʻzguni tut yogʻochidan yasalgan bejirimgina pardoz javoni bilan birga toʻydan soʻng erining xonadoniga olib kelgan. Uning dastasi ham, gardishi ham tut yogʻochidan ishlangan. Kelinlik davrida oroyish bergani va ensasiga turmaklangan sochini kuzatish uchun koʻzguni baland koʻtarib qaragan chogʻlar kimonosining keng, hilpiragan yengi sirgʻalib, qoʻli tirsagiga qadar ochilib qolganida, xoʻp uyalganlari hamon yodida.

Ayniqsa, yuvinib chiqqach, eri: “Oʻh, biram noshud ayolsanki, beraqol, men ushlab turaman”, deya qoʻyarda-qoʻymay koʻzguni qoʻliga olib, Kyokoning boʻyin va ensasiga dam oʻng, dam chap tomonidan toʻgʻrilab turardi. Baʼzan bu mashgʻulot eriga huzur bagʻishlayotgandek tuyulardi. Kim bilsin, balki har safar koʻzguga qarab, u oʻzi uchun biron yangi narsa kashf qilar? Sirasini aytganda, Kyoko hecham noshud ayol emasdi, eri orqasidan razm solib turgan chogʻida, nima qilarini bilmay, esankirab qolardi, xolos.

Oʻshandan buyon koʻp vaqt ham oʻtmadi. Chunki bu orada hatto javon tortmasida yotgan koʻzgu dastasining rangi ham oʻzgarmagandi. Lekin bu orada talaygina voqelar yuz berdi: urush, safarbarlik, erining kasalga chalinishi… Eriga polizni koʻrsatishga qaror qilgan kuni Kyoko qarasa, koʻzgu ancha xira tortibdi, chang qoplagan tutqichi urinibdi. Biroq undan bemalol foydalanish mumkin edi, shuning uchun Kyoko bu mayda ikir-chikirlarga ahamiyat bermadi. Endi bemor koʻzguni doimo bosh tomonida saqlardi, bekorchi hamda betob odamlarga xos sabotu bardoshning kuchliligi bois koʻzguni tinimsiz artaverib, oqibat oynasini ham, gardishini ham yarqiratib qoʻydi. Kyoko, koʻpincha, zigʻircha zaruratsiz erining top-toza koʻzguni kuh-kuhlab damba-dam artayotganining guvohi boʻlardi. Shundanmi, bir emas, bir necha marta gardishning koʻz ilgʻamas, mitti yoriqlariga, ehtimol, sil inslari oʻrnashib qolayotgandir, degan xayolga borgan. Goho u bemor sochlariga kameliya gulining xushboʻy moyidan ozgina surtib qoʻyar, soʻng nozik barmoqlarida qolgan moy yuqini gardishga surtib ishqar edi. Shu tufayli, pardoz javoni anchayin xira tortib, isqirti chiqib ketgani holda, koʻzgu gardishi hammavaqt jilo berilgandek yiltirar edi.

Eri shu yotgancha qaytib turmadi, qishga borib uzildi. Kyoko ikkinchi marta erga tegib, javonni oʻzi bilan birga olib ketdi. Tobutga qoʻyilgan koʻzgu esa jasad bilan qoʻshilib yondi. U gardishi kamakura usulida oʻyib ishlangan yangi oyna sotib oldi. Keyingi eri bu hodisalar haqida hech nima bilmasdi.

Koʻz ochib koʻrgan eri qazo qilgach, darhol uning qoʻllarini chalishtirib tobutga yotqizganlarida, boyaqish Kyoko koʻzguni qayerga qoʻyishini bilolmay garangsib qoldi. U koʻzguni erining qoʻllariga tutqazib qoʻyish niyatida edi. Kyoko negadir bir oz kalovlandi, koʻzguni erining yuragiga yaqinroq joylamoqchi boʻldi, ammo oʻsha zahoti bu gʻalati fikridan qaytdi va: “Sening xasta koʻksingga bu ogʻirlik qiladi”, deya shivirladi-da, koʻzguni mayitning qorni ustiga surib qoʻydi. “Erim tirikligida shu koʻzguni juda qadrlardik”, deb oʻylagan Kyoko hozir, shuning uchun avval beixtiyor yuragiga yaqin yerga qoʻygandirman, deya koʻnglidan kechirdi. Kyoko erining qarindosh-urugʻlari tobutdagi koʻzguni payqab qolishini sirayam istamasdi. Shuning uchunmi, uni oq xrizantemaning gulyaproqlariga koʻmib yubordi. Jasadni yoqish marosimi tugagach, suyaklarni yigʻishtirayotganlarida, kimdir kul orasida chambaragi erib, yuzini qora qurum bosgan qiyshiq koʻzguni topib oldi-yu, hayajondan oʻzini bosolmay:

– Bu shisha qay goʻrdan kelib qopti?! – deya qichqirdi.

Zotan Kyoko tobutga bir emas, ikkita koʻzgu solib qoʻygandi. Koʻzgularning ikkinchisini qimmatbaho safar andozlari dastasidan ajratib olgandi. Bu tuxumsimon shakldagi kaftdek koʻzguga ikkala tomondan qarash mumkin edi. Darvoqe, agar urush xalal bermaganida, u anjomlarni oʻzi bilan birga toʻy safariga ola ketmoqni orzu qilgandi: baxtga qarshi uning orzusi armonga aylanib qoldi. Birinchi eri bilan kechirgan qisqa hayotida Kyoko, loaqal bir marotaba boʻlsin, bulardan foydalanmabdi.

Keyingi eri bilan esa Kyoko nikoh safariga ham chiqdi. Qarasa, eski pardoz buyumlarining gʻilofini mogʻor bosibdi, u hech ikkilanmay yangisini sotib oldi. Bularning orasida koʻzgu ham bor edi.

Yoʻlga chiqishgach, birinchi kuniyoq eri Kyokoning bilagidan ushladi-da, koʻzlariga tikilib turib:

– Jonginam, sen hali goʻdak ekansan-ku, – dedi.

Uning soʻzlari zamirida mazax yoki masxara emas, aksincha, kutilmagan, chuqur his qilingan sevinch ohanglari mavjud edi. Erga yosh qizaloqlardek koʻrinish yaxshimi, yomonmi – Kyoko bilolmadi, biroq aytilgan shu ikki ogʻiz soʻz koʻksiga nashtardek sanchildi. Uning koʻzlaridan shashqator yosh oqdi va qattol bir hasratdan bagʻri xun boʻldi. Balki, uning bu qiligʻini eri koʻrib, chindanam yosh bola ekan-ku, deya koʻnglidan kechirgandir?!

Kyoko oʻz qadriga yigʻlayaptimi yoki dunyodan bevaqt koʻz yumgan eriga aza tutibmi – dafʼatan anglayolmadi. Chunki, bu ayol oʻzini usiz hech tasavvur qilolmasdi. Biroq bu keyingi erining koʻngliga kelishi mumkinligini fahmlab, Kyoko biror joʻyali javob qaytarishni lozim topdi.

– Nimalar deyapsiz oʻzi, axir qanday qilib yosh qizlarga oʻxshashim mumkin?

U shunday deyishga dedi-yu, oʻzining noshudligidan uyalib ketdi. Eri buni sezmadi, u koʻrinishidan ancha mamnun edi.

– Ha-da, sen hali farzand ham koʻrmagansan-ku?!

Uning oʻylamay aytgan gaplari barobarida yana boyagi alam xanjari yuragiga sanchilib, Kyokoning koʻksida kuchli ogʻriq turdi. Avvalgi eriga mutlaqo oʻxshamagan sogʻlom, baquvvat erkak yonida oʻzini ayni choqda juda-juda nochor, mute va hatto bir qadar xoʻrlangan his qildi. U dafʼatan eʼtiroz bildirmoqchi boʻlib lab juftladi. Ammo ogʻzidan butunlay boshqa, oʻzi kutmagan gap chiqdi:

– Shunday boʻlsa ham, men baribir oʻzimni hamma vaqt bola boqqan ayoldek… his qilganman.

Uzoq vaqt koʻrpa-toʻshak qilib yotgan eri oʻlimidan keyin Kyokoga boladek tuyulayotgan edi.

Biroq Kyoko bir narsaning tagiga yetolmasdi: oʻlim haq ekanini bila turib, oʻz hissiyotini kishanlayverishdan nima maʼno bor?

– Bilasanmi, men Marini faqat poyezdda koʻrganman, xolos. Menimcha, juda goʻzal shaharcha boʻlsa kerak, – deya eri Kyokoning ona shahri haqida gap boshlab qoldi va uni yana ohista quchoqladi. – Atrofi gir aylana oʻrmon ekan. Sen u yerda koʻp yashabmiding?

– Maktabni tugatgunimcha yashaganman, keyin Sandzyodagi aslaha zavodiga ishga kirgandim.

– Sandzyo deysanmi? Bilaman, bir paytlar Sandzyo qizlari juda suluv boʻladi, deb aytishardi. Demak, Kyoko, bu gap senga ham taalluqli-da.

– Yoʻgʻ-e, nimalar deyapsiz? – Kyoko beixtiyor yoqasini ushladi.

– Chiroyli qoʻllaring bilan kelishgan oyoqlaringga qarab, badaning ham goʻzal boʻlsa kerak, deb oʻylagandim.

– Yoʻq, yoʻq, – Kyoko qizarindi, koʻylagi yoqasini tutamlab turgan qoʻllari oʻziga xalaqit berayotgandek tuyuldi.

– Bilasanmi, agar avvalgi eringdan bolang boʻlganida ham, baribir senga uylanardim. Bolangga otalik qilardim, uni oʻz zurriyotimdek koʻrardim. Agar u qiz boʻlsa, nur ustiga nur edi, – deya Kyokoning qulogʻiga shivirlar edi. Aftidan, u oʻzining oʻgʻli borligi uchun shunday deyayotganga oʻxshardi. Ammo oʻz tuygʻularini bu taxlit ifoda qilishi Kyokoni taajjublantirdi. Balkim yana oʻn kun davomida uyda yolgʻiz qoladigan oʻgʻli haqida qaygʻurayotgani uchun shunday deyayotgandir, yana kim bilsin?!

Erining safar anjomlari ajoyib, qimmatbaho teridan ishlangan gʻilofda saqlanardi. Sayohatga koʻp chiqqanidanmi yoki tez-tez tozalab-artilaverganidanmi, xullas, gʻilof yaltirab ketgandi. Buni payqagan zahoti Kyokoning xayoliga oʻzlari biror marta foydalanmaganliklari tufayli mogʻor bosgan pardoz buyumlari keldi. Darvoqe, faqatgina koʻzgu marhum eriga asqotuvdi, u oʻshaniyam narigi dunyoga oʻzi bilan birga olib ketdi. Oʻsha olovda eriyozgan oyna parchalari bir juft koʻzgu ekani Kyokodan boshqa hech kimsaning xayoliga kelmadi. Rost, Kyoko bu haqda churq etmadi va bu gʻalati kuyindi koʻzgu ekanligini biror kimsa bilmadi, yopiqlik qozon yopiqligicha qolaverdi.

Kyokoning koʻnglida esa goʻyo bu koʻzgu bilan birga ularda aks etgan maftunkor hayot manzaralari – oʻzga bir olam ham izsiz yoʻqolib ketgandek gʻalati bir hissiyot uygʻondi. Buyumdan ayrilish uning uchun bevaqt vafot etgan eridan judo boʻlish singari ogʻir edi. Eriga polizni koʻrsatishga ahd qilgach, unga pardoz javonidagi koʻzguni keltirib bergandi. Garchi u koʻzguni koʻpincha yonida saqlagan boʻlsa-da, boshqa paytlari – Kyoko polizda ishlayotganda, uni koʻzguda koʻraman, deya koʻtaraverib qoʻli toliqib qolardi. Shuning uchun oʻqtin-oʻqtin uning yelkasi bilan qoʻlini uqalab qoʻyishga toʻgʻri kelardi. Oxiri Kyoko eriga jajjigina, yengil bir koʻzgu sotib oldi. Umrining soʻnggi damlariga qadar eri koʻzguda nimaiki aks etsa, oʻsha bir parcha dunyoga bogʻlanib, qanoat qilib, oʻshandan bahramand boʻldi. Koʻzgudagi bir parcha olam Kyokoning polizidangina iborat emasdi, unda osmon, qor, yomgʻir, olisdagi togʻlar, yaqinginadagi oʻrmon hamda oy, dalalarda qulf urib ochilgan gullar, koʻkda qanot qoqqan qushlar ham bor edi. Koʻzgudagi yoʻldan odamlar qatnardi. Moʻjazgina bogʻda esa bolalar oʻynardi. Baʼzan Kyokoning oʻzi ham koʻzguda aks etgan olamning bepoyonligi va behad goʻzalligiga qoyil qolardi. Holbuki, koʻzgular judayam oddiy buyumlar edi: biri upa-elik surgandagina asqotadigan matoh, ikinchisi esa – faqat yuzi va sochlariga oroyish berish uchun yaraydigan narsa edi. Biroq, ajabo, ular bemorga navqiron olam, bekamu koʻst hayot singari taʼsir etardi. Koʻpincha Kyoko eri bilan birga koʻzguda aks etgan dunyo haqida uzoq-uzoq suhbat qurib oʻtirardi. Bora-bora haqiqiy, oʻzi koʻrib, his qilib yurgan hayot bilan koʻzgudagi hayot orasidagi tafovutni ajratolmaydigan holatga tushdi. Endi uning uchun bir-biriga mutlaqo oʻxshamagan ikkita olam mavjud edi. Zotan u, koʻzgudagi hayotni kashf etgach, ehtimol haqiqiy hayot shudir, degan toʻxtamga keldi.

– Qara, koʻzguda osmon kumushdek jilolanayapti. Bu balkim, sen… koʻzguni tozalab artganinggadir-a?

Bemor qanday yotgan boʻlsa oʻshanday yotaverdi, qimir etmadi. Boshini xiyol burib, osmonning bir parchasini koʻroldi, xolos.

– Bilasanmi, osmonning rangi odamning va aytaylik, kuchukning yoki chumchuqning koʻziga turlicha koʻrinadi. Qiziq, uning haqiqiy rangini koʻrish kimga nasib etarkan-a?

– Koʻzguda esa… butunlay oʻzga… Bu… – Kyoko “muhabbatimiz kashf etayotgan osmon” demoqchi edi-yu, dafʼatan aytolmadi. Koʻzgudagi daraxt yaproqlari haqiqiysidan koʻra yashilroq, nilufarlarning rangi bogʻda ochilganlariga qaraganda yanayam pokizaroq va tiniqroq koʻrinardi.

– Buni qara, Kyoko, barmogʻingning izi tushib qolibdi, – eri unga koʻzguning bir chetini koʻrsatdi. Kyoko, voy, esizgina, deb koʻzguni qoʻliga oldi-da, barmoq izlarini yaxshilab artdi.

– Qoʻyaver, kerakmas, esingdami, birinchi marta polizni koʻrsatgan paytingda ham barmoqlaringning izi qoluvdi.

– Men bunga eʼtibor qilmabman.

– Sen chindanam payqamovding, lekin bilasanmi, men mana shu oy tufayli sening barmoqlaringdagi har bir chiziqni eslab qolganman. Menimcha, bunday mashgʻulot – ayolining barmoq izlarini sinchiklab oʻrganish bilan faqat uzoq vaqt koʻrpa-yostiq qilib yotgan odamlargina shugʻullansa kerak.

Darhaqiqat, ular turmush qurganlaridan beri eri yostiqdan bosh koʻtarmagan edi. U frontga ham bormadi. Urush tamom boʻlishiga ozgina qolganida uni ishchilar bataloniga olib ketishdi. Oʻshanda u atigi bir necha muddat aerodromda xandaq qazib, kasali xuruj qilgach, uyga qaytib kelgandi.

Erining kasali zoʻrayib, oʻsha mahalda togʻ yonbagʻridagi qishloqqa koʻchib borishdi. Ilgari bu yerda – ular koʻchib kelgan uyda – evakuatsiya qilingan bir oila yashab, urush tugagach, Tokioga qaytib ketgan edi. Ulardan oʻt-oʻlan bosib yotgan qarovsiz bir parcha yer – mana shu poliz qolgandi, xolos.

Garchi bu qishloqda istagancha meva-cheva sotib olish mumkin boʻlsa-da, Kyoko qarovsiz polizga ekin ekdi. Darvoqe, ekib tikishni, oʻz qoʻli bilan hosilni yigʻib olishni Kyoko juda yaxshi koʻrar, bir chekkasi polizda eriga koʻz-quloq boʻlib oʻz ishi bilan shugʻullanaverishi mumkin edi, bular bir-biriga sira xalal yetkazmas, aksincha, u yolgʻiz qolgach birmuncha vaqt umidbaxsh va goʻzal orzularga berilib, erkin nafas olishi uchun imkoniyat tugʻilar edi. Bir hisobda bogʻda ishlash jarayonidagina u eriga mehru muhabbati haqida uzoq xayol sura olar, binobarin uzzukun xasta er tashvishlaridan ortmagan Kyoko faqat mana shu bogʻda oʻzligiga qaytar: ilgarigi goʻzallik va hayotga tashna qalbini mana shu yerda topgandek tuyular hamda unutilayozgan tuygʻularini his qilish orqali jismu joni turmush tashvishlaridan forigʻ boʻlib, orom olar edi.

Ular bu uychaga sunbulaning oʻrtalarida koʻchib kirishdi. Koʻp oʻtmay, shaharliklar oʻz uylariga qaytib ketishgach, dilgir, salqin va seryomgʻir kuz kunlari boshlandi. Xuddi ana shunday bir ayyomda, oqshom chogʻida jajjigina qushchaning tiniq ovozi yangradi, bulutlar tarqab, osmonning serjilva jamoli yuz ochdi, quyoshning porloq nurlari bogʻni yoritdi, yam-yashil maysalar yal-yal yondi. Kyoko choʻqqilarni qoplab yotgan ukpar qor uyumlaridan akslanib qaytayotgan mayin, pushtirang yogʻduga mahliyo turib qoldi. Shu choq tepadan erining dardchil ovozi keldi-yu, hovliqqanidan loy tekkan qoʻllarini ham yuvmay uning yoniga yugurdi. Bemor ogʻir-ogʻir nafas olardi.

– Chaqirganimni eshitmadingmi?

– Kechiring, eshitmay qolibman.

– Polizda shuncha ishlaganing yetar endi, qarab tur. Yana besh kun shunday baqirsam bormi, adoi tamom boʻlaman. Kyoko, shuyam ishmi, qayerdaligingniyam, nima qilayotganingniyam koʻrolmayapman.

– Men hozir doim bogʻdaman. Polizdagi ishlar tugab qolgan.

Erining koʻngli joyiga tushdi.

– Chittakning qanday sayraganini eshitdingmi? – deb soʻradi. Aftidan eri Kyokoni shuni soʻrash uchungina chaqirgandi. U hali gapni tugatmayoq huv pastlikdan, qirmizi shafaq yalligʻida qorayib borayotgan daraxtzor tomondan yana chittak ovozi keldi. Qushchaning kumush jarangidek sayrogʻi negadir Kyokoning xotiriga mixlanib qoldi.

– Keling, yaxshisi, birorta jiringlaydigan buyum sotib olamiz. Qoʻngʻiroqchami yoki boshqa biror narsami… yaxshisi bosh tomoningizga biror narsa qoʻyib qoʻyay, kerak boʻlib qolsam, shuni pastga tashlaysiz.

– Juda qiziq gaplarni gapirasan-da. Boʻpti piyolani otaman…

Xullas, Kyoko polizda ishlayverdi. Polizni koʻzgu orqali koʻrsatish fikri uning xayoliga qahraton qish oʻtib, endi-endi bahoriy maysalar nish ura boshlagan choqda kelgan edi.

Tiniq, navqiron bargchalarning sekin-asta jonlanayotganini koʻzguda koʻrgan bemor yuragida hayotga nisbatan yangi shavq uygʻonib borardi. Baʼzan Kyoko polizda yurib barglarga shiradek yopishgan hasharotlarni terib olar va mitti qurt-qumursqalar koʻzguda koʻrinmasa kerak, degan andishada ularni ushlab, erining oldiga olib chiqardi. Bir safar, u yer agʻdarayotgan paytda, eri: “Bilasanmi, yomgʻir chuvalchanglari oynada ham koʻrinarkan”, dedi.

Goho-goho shomga yaqin, polizda ishlab yurganida, tuyqusdan Kyokoning dili yorishib, ikkinchi qavatga tikilib qolar, eri esa uning mana shu holatini koʻzguda ilib olib, oynaga tushirib, uzoq tomosha qilardi.

Kyoko eri uning har bitta harakatini kuzatayotganini bilar va bu haqda baʼzan oʻylab, baʼzan oʻylamay ishlayverardi. Kelinligining dastlabki kunlari oʻziga oroyish beraman deb, qoʻli tirsagiga qadar ochilib ketib, uyalganidan soʻng qancha suvlar oqib oʻtgani va bu orada juda koʻp narsalar oʻzgarganligi haqida oʻylashning oʻziyoq Kyoko qalbiga bitmas-tuganmas shodlik baxsh etardi. Garchi Kyoko oʻzining yurish-turishiga eʼtibor beruvchilar toifasidan boʻlsa ham, urush yillari pardoz-andoz qilishga qoʻli tegmagandi. Urush tugadi hamki eri dardga chalinib qoldi, keyin esa motamsarolik… Faqat qayta turmushga chiqqandan soʻnggina u oʻziga oro bera boshladi. Kyoko kelishgan, barno ayol ekanini yaxshi bilardi. Shuning uchunmi, nikoh kechasi ikkinchi eri: “Qomating goʻzal ekan”, deganida, u ich-ichidan mamnun boʻlgan edi.

Endilikda Kyoko choʻmilib chiqqach, oynadagi yalangʻoch badaniga qarashdan istihola qilmasdi. U chindanam goʻzal ayol edi. Xonadagi toshoynadan oʻziga suluv ayol parishon nigoh tashlab turardi. Ustiga-ustak, birinchi eridan koʻzgu tufayli goʻzallikka nisbatan alohida munosabatda boʻlish odati yuqqan edi. Ammo uni oʻsha, koʻzgudagi goʻzallikka ishonmaydi, deb boʻlmasdi. Bilʼaks, oʻz badani bilan koʻzgudagi aksi orasida xira osmon bilan kumush osmon orasichalik chuqur tafovut borligi sezilmas edi. Kim bilsin, buning sababi oradagi masofaning farqiga bogʻliqdir?! Balki bemor erining hayajoni va sogʻinchi koʻzguga muhrlanib qolgandir?! Vo ajabo: peshayvondan qarab yotganida, unga polizda ishlayotgan Kyoko qanchalar goʻzal koʻringanikin?! Kyoko bu xususda hozir ham, ilgari ham biron bir tasavvurga ega emasdi.

Eri to soʻnggi nafasigacha qoʻlidan qoʻymagan koʻzguda Kyokoning qiyofasi mangu akslanib qolgan edi. Unda xatarubus daraxtining moviy gullariyu oppoq nilufarlar jilvalanar, dalada qishloq bolalari quvnab oʻynashar, asta koʻtarilib kelayotgan quyoshning oltin nurlarida togʻ choʻqqilaridagi qorlar yarqirar, u mana shu olam – eri bilan oʻzi kashf qilgan ajoyib, goʻzal hayotni eslab xoʻrsinar, uni muttasil qoʻmsar edi. Biroq oʻzining bu tuygʻularini oshkor etmas, yangi eridan pinhon tutar, nazarida koʻzgudagi bu dunyo ilohiy bir xilqat singari daxlsiz hamda oddiy odamlardan yiroq boʻlishi kerakdek tuyulardi.

Kunlarning birida subhidam chogʻi yovvoyi qushlarning tovushi eshitildi. May oyi edi. Radio orqali bir vaqtlar eri bilan yashagan vodiyni oʻrab turgan togʻlar haqida hikoya qilinayotgandi. Oʻsha kuni erini ishga kuzatgach, Kyoko koʻzguni oldi-da, begʻubor, musaffo osmonning bir parchasini tomosha qildi. Soʻngra oʻzining koʻzgudagi aksiga tikildi va birdan ajoyib kashfiyot qildi: uning haqiqiy chehrasini koʻzgu orqaligina koʻrish mumkin ekan. Kyoko, xudo nima maqsadda insonni oʻz chehrasini koʻra olmaydigan tarzda yaratgan ekan, deya uzoq oʻyga toldi: “Kim bilsin, bizlar oʻzimizni koʻra olganimizda aql zakovatimiz ham boshqacha boʻlarmidi?! Shunda bizlar ham hech narsani hal qilolmasdik. Ehtimol, odamlarning qiyofalari oʻzgaraverib-oʻzgaraverib, oxiri shunchalikka borib yetgandirki, ular oʻz aft-angorlarini oynada tanimay qolgandirlar. Qiziq, – deya oʻyladi Kyoko, – chigirtka yoki xonqizi oʻz qiyofasini koʻra olarmikin? Ehtimol har birimizning boshqa narsalardan koʻra koʻproq oʻzimizga tegishli va mutlaqo oʻzimizga qarashli qiyofamiz faqat atrofimizdagi odamlarga oʻzimizni namoyish etish uchungina kerakdir?!”

Kyoko koʻzguni pardoz javoniga qoʻya turib, kamakura uslubidagi naqshning tut yogʻochiga hecham yarashmasligini sezdi. Ilgarigi koʻzgu koʻz ochib koʻrgan eri bilan narigi dunyoga ravona boʻlgach, javon ham oʻzi singari yolgʻizlanib qolgandek tuyuldi.

Ming qilsin, baribir eriga koʻzguni berib, Kyoko katta xatoga yoʻl qoʻygandi. Boyaqish eri ahvoli kun sayin ogʻirlashib borayotganini koʻrib-bilib, titrab-qaqshar edi. Uning uchun bu hol oʻz joniga qasd qilish bilan barobar edi. Kyoko erining ruhiy qotiliga aylanib qolgandi. Bir kuni xuddi shu aybini tushunib qolgan Kyoko bemorning qoʻlidan oynani tortib olmoqchi ham boʻlgan edi, eri bunga yoʻl qoʻymadi.

– Sen axir meni nimadan judo qilayotganingni bilasanmi?! – deya eʼtiroz bildirdi u. – Yoʻq, men toki tirik ekanman, nimaniki koʻra olsam, oʻshani sevib yashamoqni istayman. – U hatto koʻzgudagi olamning saqlanib qolishi uchun oʻz hayotini qurbon etishga ham tayyor edi. Baʼzan ular, jala quyib oʻtgach, koʻzgu orqali jimir-jimir koʻlmak sathida qalqib turgan oy aksini birga tomosha qilishardi. Kyoko hozir ham oʻshanda oʻzlari “andaraks” deb nomlaganlari – kumushrang oyni aniq tasavvur etdi.

Kyoko keyingi eri, sogʻlom muhabbat faqat sogʻlom kishilarga xos, degan chogʻida, uyalibgina bosh qimirlatib, goʻyo tasdiqlaganday boʻldi, ammo qalbining tub-tubida uning bu fikriga aslo qoʻshilmadi. Avvalgi eri vafot etgach, u negadir ikkovi ham bir-birlaridan oʻz tuygʻularini yashirganliklari haqida juda koʻp oʻylab koʻrgandi, keyinchalik bu xayol muhabbat haqidagi achchiq xotiraga aylandi. Ammo shunda ham u afsus chekmas, balki bu muhabbat hamon oʻz yuragini toʻldirib turganini his qilar edi. Biroq ikkinchi erini ham ayol kishining muhabbatiga befarq odam deb ayblab boʻlmasdi. Bir kuni Kyoko undan: “Nega siz shunday mehribon, olijanob inson boʻla turib oʻz xotiningizdan ajragansiz?”, deb soʻraganida, eri javob bermagandi. Kyoko qaynagʻasining talabiga binoan bu kishiga tekkan, ular toʻygacha uch oy uchrashib turishgan, bu kishi undan oʻn besh yosh katta edi.

Kyoko homilador boʻlib qolganini bilgach, birdan qoʻrqib ketdi. U erining pinjiga suqilib, nuqul: “Qoʻrqaman, qoʻrqaman”, derdi.

Shifokorlar uni kasalxonaga yotsin, deyishdi. Kyoko avvaliga sira koʻnmadi. Biroq, boshqa iloji yoʻq ekanligini tushuntirishgach, ortiq qaysarlik qilmadi.

– Mayli, men roziman, – dedi u eriga, – ammo kasalxonaga yotishdan avval ota-onamning yonida bir-ikki kun boʻlsam, devdim.

Eri uni ota-onasinikiga eltib qoʻydi. Ertasigayoq Kyoko uylaridan besoʻroq qochib chiqib, qachonlardir avvalgi eri bilan birga yashagan makonga joʻnadi. Sunbulaning boshlari edi. Huv oʻsha kuzda esa ular bugungidan oʻn kun kechikib kelishgandi. Poyezdda Kyokoning koʻngli aynidi. Boshi aylanib, kuchli hayajon bosib, oʻzini vagondan tashlab yuborishiga oz qoldi. Ammo oʻsha bekatga yetib kelgach, musaffo, qandaydir tanish, muzdek togʻ havosi yuziga urildi-yu, yengil tortdi. Goʻyo vujudini band etayotgan yovuz ruhdan birdan xalos boʻlgandek oʻziga keldi. Kyoko toʻxtadi va vodiyni qurshab olgan togʻlarga tikildi. Yashil togʻlarning toʻq koʻk aralash qirralari osmon bagʻrida yarqirar edi. Kyoko oʻz atrofida hayot chechaklari barq urib yotganini his qildi. U ohistagina koʻz yoshlarini artib, qadrdon eski maktablari tomon yurdi. Mayin, pushtirang shafaq shuʼlasida qorayib koʻrinayotgan oʻrmon tomondan xuddi oʻsha choqlardagidek chittaklarning sayragani eshitildi.

Uyda odamlar yashayotgan ekan: ikkinchi qavatning derazasida oq toʻr pardalar koʻzga tashlanardi. Kyoko juda yaqin bormay, xiyol naridan uyga qarab turarkan, nogoh oʻziga-oʻzi gapirib yubordi:

– Bolam senga oʻxshasa-ya?!

U shunday dedi-yu, sekin ortiga oʻgirilib, iziga qaytdi. Uning qalbi sokin va munavvar edi.

 

Ruschadan Olim Otaxon tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/kozgudagi-oy-aksi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x