Bahor
Buncha nozik, mitti gʻunchalar
Qanday qilib ochilar, kular?
Balki uning jasoratini
Toʻlgʻoq tutgan onalar bilar.
Qirgʻoqlarga sigʻmay toshar suv,
Shivirlaydi yashil yaproqlar.
Turnalarning qaytganin koʻrib,
Vujudimga kirar titroqlar.
Karaming moʻl, qodir Ollohim,
Maysa ekding hatto toshgacha.
Yashash darsin oʻtarsan, balkim,
Bahoringda keksa, yoshgacha.
Ufqlarga yetsa qulochim,
Lolalarni bagʻrimga bossam.
Kapalakning qanotlariga
Yonib turgan dilimni ossam.
Bahorning gul quchoqlarida
Tirilgim, ham oʻlgim keladi.
Oʻzbekiston, onam, bagʻringda
Ming bahorlar qolgim keladi.
Gul boʻlgim keldi
Qorga bergan edim ildizlarimni,
Nega seni koʻrgach gul boʻlgim keldi?
Bulut yashirgandi yulduzlarimni,
Seni koʻrgach yorugʻ kun boʻlgim keldi.
Bagʻishlagim keldi qirqta jonimni,
Bilmam, imkonimda qanchasi qoldi?
Qizgʻaldoqlar kirib olib qonimga,
Tashrifingni kutib buncha chayqaldi.
Tushunarmikanlar yillar tilimga,
Menga tizginini tutqazarmikan?
Yomgʻirlar yogʻmagan sahro dilimga
Bir tupgina nihol oʻtqazarmikan!?
Gul yomgʻiri
Fargʻonaning qiygʻos gullagan bogʻi
Boshimga yogʻdirdi gul yomgʻirini.
Koʻrmagandim umr gul ochgan chogʻi
Bunchalar chiroyli dil yomgʻirini.
Koʻzim gul, yuzim gul, yelkalarim gul,
Ketdi qanchalari sochim oralab.
Oyogʻim osti gul, yoʻlkalarim gul,
Birlari labimga yopishdi, yo rab.
Qor yogʻsa, baraka yogʻdi deb shodon,
Yomgʻir yogʻsa, hovuch tutar odamlar.
Ne qilarim bilmay qoldim men hayron,
Gul yomgʻiri yogʻsa netar odamlar?!
Gullar yomgʻiriga choʻmilib oldim,
Qoʻlim gul, yoʻlim gul, tilim gul boʻldi.
Gullar xirmoniga koʻmilib qoldim,
Oʻzim ozod boʻldim, dilim qul boʻldi.
Gul yogʻar, qoʻshilib yogʻar hislarim,
Kel, doʻst, xayolingni gulga belayman.
Shamolda ucharkan hushu eslarim,
Koʻnglingni ber menga, dilga ulayman.
Tilimni yechsam bas, toʻkiladi sheʼr,
Qoʻlimni ochsam bas, gulni tutaman.
Dilga kishan soldi gulbadan bogʻlar,
Endi bu bogʻlardan qandoq ketaman…
Esing yoʻqmi, daraxt
Esing yoʻqmi, daraxt, yana gullading,
Tirnogʻingdan tortib sochinggacha to.
Eski dardlaringni kimga pullading,
Mendek dardkashingni unutib hatto…
Esingdami, oʻsha zor qaqshatgan kuz,
Sevimli barglaring tashlab ketgani?
Va yana qushlar ham oʻgirgani yuz,
Quyoshni uzoqqa boshlab ketgani?
Esingdami, axir, ichganing qasam,
Bagʻrimga bosmayman bahorlarni, deb.
Devding: soch oqarar, oqarmas kosam,
Oʻsha qahri qattiq qahhorlarni deb!
Sen kabi yuragim huvillagan dam,
Qalbimga bostirib kelganida kuz,
Qattiq shoxlaringga tutindim hamdam,
Bukchaygan tanangga aytdim, qancha soʻz.
Oh, yana bahorga boʻlibsan asir,
Unutib koʻksingga sanchilgan oʻqni.
Yolgʻonchim, qandayin suyaysan, axir,
Senga sirlar aytgan men esi yoʻqni…
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar
Gullar yaprogʻini bir-bir qamchilab,
Qaylardan kelyapsiz, tomchi-tomchilab,
Gʻunchalar labini silab, chimchilab,
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar, hormang.
Ey, qora bulutlar qabogʻim mening,
Yengilgan koʻnglimga sabogʻim mening,
Qat-qat dard – ming bosma tabogʻim mening,
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar, hormang.
Dilim ezgan toshlar selida qoldi,
Yurak oʻsha toshning yoʻlida qoldi,
Bir tomchi yomgʻirning qoʻlida qoldi,
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar, hormang.
Koʻksimga yogʻmanglar, dodi yuvilmas,
Suyagimga yogʻmang, bodi yuvilmas,
Xazon boʻlgan bolam yodi yuvilmas,
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar, hormang.
Hech kim koʻrmasin deb panaga bordim,
Yomgʻir birla hasratxonaga bordim,
Sabr degan ulugʻ onaga bordim,
Yigʻlab yogʻayotgan yomgʻirlar, hormang…
Qizgʻaldoqqa
Alvon shafaqlardan qarzing bormidi,
Shahanshoh quyoshga arzing bormidi,
Yo azaldan shunday tarzing bormidi,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Yoʻlga qachon chiqding, jilvagar yulduz,
Sezmay qoldim qay dam ochganingni koʻz,
Yurak degan joyga boʻyi yetgan qiz,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Oqshom oyni koʻrib nega tiz choʻkding,
Imzongni ne sabab qon bilan chekding,
Qoʻl yetmas joylarga qandayin chiqding,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Qoraqoshim, qoshing bunchalar qaro,
Qoshi bor oʻzga gul yoʻq gulshan aro,
Qizgʻanchiq gullarning tikanin qara,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Kuylaging butunmas, bu qanday rusum,
Erka qizcha, qachon kiradi esing,
Yanoqning rangidan oldingmi tusing,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Kun kecha pardaga oʻralgan eding,
Boʻz yigit tomondan soʻralgan eding,
Nozik adolarda buralgan eding,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Koʻpaytirib qoʻyding oshiqlaringni,
Pinhon aytmaysanmi qoʻshiqlaringni,
Yopay deb topmadim eshiklaringni,
Nechun qizil kuylak kiyding, qizgʻaldoq?
Bahorning oxirgi kuni
Bilaman, ochilib boʻldi lolalar,
Yoʻlimizga koʻzin tutib ham boʻldi.
Yurakni oʻrtagan sirli nolalar
Olis-olislarga ketib ham boʻldi.
Bilamanki, arshda turib osmon ham
Bir sirli olovda chaqdi chaqinlar.
Quyoshga ishonib, yur desa, shabnam,
Ketdi qoʻshilishib qancha yaqinlar.
Bilaman, gullarni duv toʻkmoq uchun
Bir shamol achchigʻi qildi kifoya.
Uzilgan gul barglar yigʻladi xun-xun,
Yerga bagʻrin berib koʻndi nihoyat.
Bilaman, umrning ayni kuzida
Yana bir bahorni kuzatmoq ogʻir.
Baxtli koʻrinsa-da elning koʻziga,
Soʻzga aylanolmay yonadi bagʻir.
Bilaman, qaytmaydi endi bu bahor,
Biz shoshib kuzlarga chopaveramiz.
Oʻzni aldash uchun har tong, har sahar
Yangi bahonalar topaveramiz.
Faqat bilmay qoldim, oʻtdi buncha tez
Goʻzal tuygʻularning sirli toʻlqini.
Mening bu kunlardan ketgim yoʻq edi,
Nahotki, bahorning oxirgi kuni?!
Xosiyat BOBOMURODOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi
“Yoshlik”, 2017–4
https://saviya.uz/ijod/nazm/konglingni-ber-menga-dilga-ulayman/