Har bir xalqning peshanasida yulduzday charaqlagan, koʻksida oftobday porlagan farzandlari – shoiru olimlari, sarkardayu qahramonlari, baxshiyu sozandalari boʻladi. Xalq bu yulduzlari bilan hamisha faxrlanadi, ziyosidan oʻsar avlodini bahramand qilar ekan, shular kabi boʻlishga daʼvat etadi. El suygan ijodkor, Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ana shundaylardan biri edi. Bu yil shoir tavalludiga 63 yil toʻldi.
Muhammad Yusuf nomini elimizning kattadan kichigigacha yaxshi biladi, uning sheʼrlari har bir oʻzbek xonadoniga kirib borgan, xalqimizning ruhiyatiga singib ketgan. To hanuz tillarda aylanadi, goh hazil yoʻsinida, goh fikrni tasdiqlash maqsadida biyron-biyron oʻqiladi, davrada birov boshlasa, qolganlar joʻr boʻladi. Sababi – shoir sheʼriyatiga xos xalqchillik, oʻzbekning oʻziday soddalik, shu bilan birga, asl sheʼriyat talabi boʻlgan ohorlilikda. Shu bois, uning sheʼrlari tez kuyga solindi, ohanglar joʻrligida odamlar koʻngliga zumda kirib bordi. Ohorli tashbehlar, hech kimnikiga oʻxshamagan qiyoslar, sodda va ochiq iqror, izhorlar sheʼriyat muhiblarini darrov oʻziga maftun qilib qoʻydi. Shundan uning toʻplamlari nashrdan chiqqani hamono qoʻlma-qoʻl boʻlib ketdi, to hanuz eng koʻp oʻqiladigan, eng talab katta sheʼrlar hisoblanadi.
Quvroq boʻl, deyishdi.
Yolgʻon ham kerak,
Jindak xushomad ham, quloq solmadim.
Oqni oppoq koʻrdim, qorani – qora
Men oʻz bilganimdan qolmadim…
Shoirni elga tanitadigan omil – unga yaqinlik. Muhammad Yusuf sheʼrlarida xuddi ana shu yaqinlik bor edi. Olamga tiyrakkina nigohi bilan boqib turgan qishloqi bolakay, shaharga kelib, qishlogʻini qoʻmsayotgan yigit kechinmalaridan tortib, aka-uka, otalar nomidan yozilgan, odamlar dardiga esh boʻlgan, davr siyratini chizgan sheʼrlarida ham birday shu jihat yaqqol koʻzga tashlanadi. Shoir xalq hayotining barcha jihatlarini qamrab olgan, oʻzbekning bor xislatiyu fazilati “manaman” deb namoyon boʻlib turgan sheʼrlari bilan zamonaviy milliy adabiyotimizni yangi bosqichga koʻtardi. “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima enam allalari”, “Ishq kemasi”, “Koʻnglimda bir yor”, “Bevafo koʻp ekan”, “Erka kiyik”, “Osmonimga olib ketaman”, “Kumush”, “Kokilingni kim kesdi”, “Aldov”, “Turkman qiz”, “Yur, muhabbat, ketdik bu yerdan”,“Yolgʻonchi yor” singari sheʼriy toʻplamlari, “Qora quyosh” dostoni uning adabiyot xazinasiga qoʻshgan hissasi, katta meros sifatida oʻrganiladi, sevib mutolaa qilinadi.
Aytilganidek, shoir sheʼrlari xalqqa yaqin, ularda murakkab fikrlar, jimjimador soʻzlarni koʻrmaysiz. Maʼno esa zalvorli. Shu bilan birga, uning sheʼrlari koʻngilni yumshatadigan, oʻylashga, borliqqa oʻzgacha nazar tashlashga undaydigan sheʼriyat.
Mening kimligimni bilmaydi hech kim,
Men bir gʻalatiman.
Men alohida.
Koʻzimning yoshini keladi ichgim,
Tilimni chaynagim kelar gohida…
Bu sheʼrni koʻpchilik yod biladi. U ham shoirning boshqa sheʼrlari kabi oson, ravon oʻqiladi. Bir-birini yetaklagan soʻzlar, jumlalar maʼnosini chaqishga uringaningizda esa koʻz oldingizda shoirning lirik qahramoni – oʻz feʼlidagi turfaliklardan hayrati oshgan, ruhiyatiga xos talotoʻp va gʻalayonlarni tadqiq qilishga, anglashga urinayotgan inson gavdalanadi. Sheʼrning davomida lirik qahramon yelkasiga oy oʻtirib olganidan, oftob uning yoʻliga nur emas, gʻavgʻolar sochishidan voqif boʻlasiz. Bu demak – qahramon olam dardlarini mushohada qilayotir, oʻyga botayotir. Shu xayollar yetovidan chiqolmagan bu odam axiyri umrini koʻngliga topshiradi. Yaʼni koʻngli istagiga koʻra yashash fikriga keladi. Shu asnoda u hayot sirini, yashash ilmini kashf qilganini sezadi:
Endi toshni tepsam, oʻpar izimni,
Yerga agʻanasam –
er ham devona…
Muhammad Yusuf sheʼriyatida eng koʻp kuylangan mavzu – Vatanga muhabbat mavzusi. Shoir oʻzi tugʻilgan shu yurtning har qarich yerini mubtalo oshiq kabi sevadi, sheʼrlarida bu yurtning togʻu toshlarini, guvalayu paxsa uylarini, munchoqkoʻz bolalariyu Alpomishdek yigitlari, Barchinoydek qizlarini ayricha mehr bilan taʼriflaydi. Xalqning tarixiga xos, ajdodlariga mos el boʻlishini tilaydi.
Dunyoga boq, qaddi sendek kim bor yana,
Dovrugʻi ham dardi sendek kim bor yana.
Xalq boʻlishga haddi sendek kim bor yana,
Moziyni yod etay desang – xalq boʻl, elim…
Bu kabi sheʼrlarning aksariyati qoʻshiq boʻlgani, yana sevib tinglanadigan musiqiy asarlar sanalgani bejiz emas. Zero, yurt mehri shoir qalbidan kuy misoli, eng goʻzal, eng nafis ohangga doʻnib toʻkilgan…
Shoir ixlosmandlari uning bahorni madh etgan, koʻklam oʻzgacha sogʻinch bilan bitilgan sheʼrlarini ham sevib mutolaa qiladilar. Shulardan biri “Koʻklamoyim” sheʼridir. Sheʼrning bir bandida shunday deyiladi:
Koʻnglimga koʻk binafshalar sochilsin,
Kokiliga tolpopukdan soch ilsin,
Boychechakka borar yoʻllar ochilsin –
Koʻklamoyim, koʻkingdan ber bir chimdim.
Yurt bahorining goʻzal manzaralaridan koʻngliga gullar ifori sochilgan Muhammad Yusuf sheʼriyatining oʻzi ham shu binafshaga oʻxshaydi. Bu sheʼriyat adabiyot muhiblari koʻngliga mudom koʻk binafshalarini sochaveradi…
Xurshida ABDULLAYEVA
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/konglimga-kok-binafshalar-sochildi/