KOʻLSHUNOSLIK, limnologiya — gidrologiya fanining koʻllarni oʻrganadigan sohasi. Koʻlshunoslik koʻllarning kelib chiqishi, geografik joylashishi, morfologiya va morfometriyasini, ulardagi suvning fizik va kimyoviy xossalarini, koʻllarda uzluksiz sodir boʻlib turadigan jarayon va hodisalarning vujudga kelishi va rivojlanish qonuniyatlarini, ularning oʻzaro va atmosfera hamda litosferadagi boshqa jarayon va hodisalar b-n bogʻliqligini, koʻllarning oʻsimlik va hayvonot dunyosini oʻrganadi. Koʻlshunoslik geogr. fanlari qatoriga kiradi, shu bilan birga geofizika, gidrokimyo, gidrobiologiya, geomorfologiya, geobotaniqa, meteorologiya va geol. bilan uzviy bogʻlangan. Koʻllar ekspeditsiyalar uyushtirish va uzoq, yillar uzluksiz statsiovar kuzatishlar olib borish yoʻli bilan oʻrganiladi. Koʻlshunoslikda elektrometrik, fotometrik, akustik metodlar, aerofotosyomka qoʻllanadi. Ilmiy Koʻlshunoslikka ilk bor 1901-y. da ushbu fan boʻyicha birinchi qoʻllanma yaratgan va uzoq yillar Jeneva koʻlida tadqiqotlar oʻtkazib kelgan shveysariyalik olim F. Forel tomonidan asos solindi. Oʻrta Osiyo koʻllarini oʻrganishga L. S. Berg, N. L. Korjenevskiy, N. G. Malliskiy, A. M. Nikitin kabi olimlar oʻz hissasini qoʻshgan. Oʻrta Osiyo, shu jumladan, Oʻzbekistondagi koʻllar va suv omborlarini har tomonlama oʻrganish hamda ulardan kompleks foydalanish masalalarini hal etish ustida Oʻrta Osiyo regioval gidrometeorologiya ilmiy tadqiqot in-tining 1964-y. da tashkil etilgan kullar va suv omborlari boʻlimida ilmiy izlanishlar olib borilmokda.
Koʻp sonli suv havzalarini tiplarga ajratish va tasniflash maqsadida oʻtkaziladigan tadqiqotlar katta ahamiyatga ega. Koʻl yotqiziklarining stratigrafiyasi va koʻllar suv sathining balandligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oldingi davrlarda iqlimning oʻzgarishi, okean va quruqlik oʻrtasidagi namlikning aylanishi va umumiy yer bilimiga doyr boshqa masalalarni oʻrganishda qoʻllaniladi.
Koʻlshunoslikning yutuqlari xalq xoʻjaligining suv taʼminoti, baliqchilik, suv xujaligi, gidroenergetika, sugʻorish, foydali qazilma boyliklarini qazib olish, tibbiyotda va mehnatkashlarni dam olishini tashkil qilishda foydalaniladi.
Koʻllar va suv omborlarining ifloslanishi va ular tabiiy holatining oʻzgarib borishi munosabati b-n, suv havzalaridagi suvning sifatini baholash, bashoratlash va muhofaza qilish Koʻlshunoslikning bosh yoʻnalishi boʻlib qoladi. Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimida Koʻlshunoslik fani oʻqitilmokda.
Ad.: Hikmatov F. H., Sirliboyeva 3. S, Aytboyev D. P., Koʻllar va suv omborlari, T., 2000.