Togʻam Oʻktam Toji oʻgʻliga bagʻishladim.
Shumxabar bemahal ovul oralagan boʻriday xayolim va hayotimni ostin-ustun qilib yubordi. Qoʻrada hurkigan qoʻylar orasida sovliqni yoʻqotgan qoʻziday nima qilarimni bilmay qolgandim. Yer oʻqidan chiqib ketganday edi. Hammasi ertalabki soat sakkizda doʻxtirlar qoʻlimga qandaydir qogʻoz tutqazganidan keyin boshlandi. Ajabsinib uning nimaligini soʻradim. Tashxis, deyishdi. Hech nima anglamay: “Buni nima qilaman?” dedim yelka qisib. Shunda ulardan biri koʻzini karavotimga yondosh tumba ustidagi guldonga solingan lolalarga tikib: “Doʻstim, nima desam ekan, bu oshqozonosti bezingizdagi oʻsma surati, siz ogʻir kasallikka chalingansiz!” dedi zoʻrgʻa, keyin nigohlarini alvonrang lolalardan uzmay, chuqur nafas oldi-da, eshitilar-eshitilmas qilib qoʻshib qoʻydi: “Afsus!” Yalt etib doʻxtirga qaradim. Unga yuzlanganimni sezib, koʻzini javon tomonga olib qochdi. Koʻzlarni quvib yetdim. Ajabki, nigohlarimiz shkaf oynasida toʻqnashdi. Qarashlarimning dahshatini koʻzlarida koʻrdim. Koʻzini olib qochayotganini bildirmaslikka qanchalik urinmasin, pistirmaga tushgan quyonday ilojsiz qolgandi. Baribir bardoshi yetmadi, nigohini deraza tomonga burdi – olis-olislarga berkitgisi keldi. Jim qoldik. Boshqa doʻxtirlar xabarni eshitgach boʻladigan oʻzgarishni tomosha qilish uchun mendan koʻz uzishmasdi. Shunda ulardan biriga: “Bu xabar yolgʻon-a?” deganday iltijoli tikildim. U bosh silkidi, bu tasdiqmidi, inkormidi – bilolmadim. Birov yuzimga tarsaki tushirganday boʻldi. Goʻyo uyqudan uygʻondim. “Men soppa-sogʻman”, deb, oʻrnimdan qoʻzgʻalmoqchi edim, doʻxtir: “Sizdagi kasallik ancha oldin boshlangan, lekin yashirin kechgan, kechagi xuruj boʻlmaganida buni sirayam bilmasdik”, dedi derazadan koʻzini uzmay. “Menga javob berasizlarmi, uyimga ketsam maylimi?”, dedim oʻrnimdan turib. “Ha, buguncha javob beramiz”, dedi shumxabarni yetkazgan doʻxtir jilmayib. Buni uning oynadagi aksidan koʻrdimu yayrab ketdim. “Hazilni qiyib qoʻyarkansiz-a?” deb kulib yubordim. Doʻxtir tagʻin jiddiy qiyofaga kirdi-da: “Men hazillashganim yoʻq, qoʻlingizdagi tashxisga qarab gapiryapman, bunisi retsept, davolanishga tayyorgarlik koʻring!”, deya yana bir qogʻoz uzatdi. Uning oxirgi gapi menga “Oʻlimga tayyorgarlik koʻravering!” deganday tuyuldi. Aytilgan gaplar hazilmasligini angladim. Ular bilan qanday xayrlashganimniyam bilmay eshikka yoʻnaldim.
Yoʻlakka chiqdim-u, nimamnidir yoʻqotganday besaranjom holga tushdim. Uning neligini oʻylab biroz turib qoldim. Izimga qaytib, palata eshigi oldida doʻxtirlarning oʻzaro gurungini tasodifan eshitib qoldim:
– Yangi uskunamizga ishonadigan boʻlsak, bechoraning bir kunlik umri qopti, ertaga tonggacha bormaydi!
Muzlab ketdim. Muzlablar ketdim. Tanamdan reza-reza sovuq ter chiqdi. Koʻksimga nedir sanchilganday boʻldi. Doʻxtir xuddi: “Ertaga poytaxtimizda yomgʻir yogʻadi”, degan xabarni yetkazayotgan “ob-havochi”day xotirjam gapirdi-ya! Tanasi boshqa dard bilmas, deb shuni aytishsalar kerak-da!
Xonaga qaytganimni koʻrib ular birdan ogʻziga talqon sovolishdi. Bir-biriga maʼnoli qarashganini sezdim. Hech narsa demadim. Deya olmadim. Ular vagʻir-vugʻurlashib menga dalda bergan boʻlishdi, biroq quloqlarim kar boʻlib qolgandi. Esankiraganimdan qoʻllarim ichkilikka mukkasidan ketgan odamning qoʻllariday titrardiki, kamzulimning tugmalarini qaday olmasdim.
Qayerdandir paydo boʻlgan hamshira stakanda suv uzatdi. Qaltirogʻim shisha idishdagi suvni-da chayqatardi. Stakan lablarim va tishlarimga tekkach-da titrogʻim bosilmadi. Holatimga ajabsinib termilib turgan hamshiraga qaradim. U gʻoyat chiroyli edi. “Ertaga oʻlasan!” deb hukm oʻqilgandayam odamzod goʻzallik qoshida ojiz qolarkan. Qaltiroq biroz bosildi. Amallab bir hoʻplam suv yutdim.
Ertaga boʻlmasa-da qachondir baribir oʻlim gʻolib chiqishini oʻylab, sal oʻzimga keldim. Shunda kamzulimning tugmalari osongina qadaldi. Qarasam, botinkamning ipi bogʻlanmagan ekan, bogʻichni bogʻlashga sal qiynaldim. Bu tabiiy edi. Doim uydan chiqib ketarkanman, ayolim bogʻichlarni bogʻlashimga yoʻl qoʻymasdi. Yumushni doim oʻzi zavq bilan bajarardi. Ust-boshimni tuzatib, yoʻlakdagi oynaga qaradim. Roʻparamda hali sochiga oq qoʻnmagan, yuziga ajin oralamagan, hayotga tashna oʻttiz besh yoshli navqiron yigit gavdalandi. Ota-onam, uka-singillarim, oʻgʻlim va ayolimning mensiz kunlari qanday oʻtishini oʻylab titrab ketdim. Shunda hamshiraning: “Soatingiz!” degan soʻzi xayolimni qochirdi. Ha, boya unutgan narsam shu ekan. Qiz maʼyus jilmaydi-da, soatni taqishga ishora qildi. Uni taqdimu beixtiyor millariga qaradim. Necha boʻlganini koʻra olmadim. Umrim daqiqa sayin ozayib borayotganini his qildimu ketishim kerakligini angladim.
Yoʻlak devoridagi odamlarni har xil kasallikdan ogoh etuvchi chaqiriqlar bemaʼni bitiklarday edi. Mana, esini taniganidan beri isitmalamagan va ukol nimaligini bilmagan odam ajal bilan baqamti boʻlib turibdi-yu, bu yozuvlar insonni oʻlimdan qanday saqlasin? Hammasi Xudoning amri bilan boʻladi.
“Ey, Xudoyim! Oldingga shuncha gunoh bilan qanday boraman-a?”
Yuragim orqaga tortib ketdi. Tashqariga otildim. Yomgʻir sevalardi. Havoni simirdim. Oʻpkamga har kuni million-million marta kiradigan havoning gʻoyat musaffoligini boshqacha tuydim. Suv ostida uzoq qolib, tashqarilagach yutoqib nafas olgan odamday edim. Oʻzim bilan oʻzim gaplasha boshladim:
“Aytganday, bugun oyning nechanchi kuni?”
“Kecha 28 fevral edi”.
“Unda bugun birinchi mart!”
“Demak, bahorga oʻtibsan-da!”
Shunda soatimning sanani koʻrsatuvchi oynachasiga qaradim. U 29 fevralni koʻrsatardi. Ixtiyorsiz jilmaydim.
“Kabisa yili!”
“Qishning oxirgi kuni”.
Umrim yana bir kunga uzayganday boʻldi.
“Bahorning birinchi kuni esa ertaga”.
“Ertaga…”
Ertaga ertalab uyqudan uygʻonmasligim, erta hech qachon kelmasligini oʻylab yuragim uvushib ketdi. Shunda ortimdan kelgan tovush xayolimni boʻldi: “Kechirasiz, yomgʻirda ivib qolasiz, buni oling, kecha shoshganimdan oʻzimnikini topolmay, akamning soyabonini koʻtarib keluvdim. Meni esa saldan keyin oʻzlari moshinada opketadi”.
“Kecha” soʻzidan keyin ovozni tanidim va hamshira menga gapirayotganini sezdim. Ortga oʻgirildim. U aybdorday koʻzini opqochdi. Soyabonni uzatarkan, yuzimga yugurik nigoh tashladi-da, ortga burilib, tez-tez qadam tashlab ketdi. Qarashlaridagi menga nisbatan dardkashlik va achinish hissini qanchalik yashirishga urinmasin, baribir shahlo koʻzlari sezdirib qoʻyardi.
Soyabonni yoymadim. Chunki yomgʻir yogʻayotgani parvoyimga kelmasdi. Boz ustiga azaldan yomgʻirda soyabonsiz sayr qilish menga yoqardi. Osmonga tikildim. Shunda hamma-hammasi esdan chiqdi. Hayotni yaxshi koʻrib ketdim. Yashashga boʻlgan ishtiyoqim shu darajada kuchaydiki, hatto u dunyosidan qaytishga tayyor edim. Hayot naqadar shirin, naqadar zavqli, naqadar ulugʻvor-a! Yomgʻir koʻz yoshimday yuzimdan oqa boshladi. Bu hol qancha davom etdi, bilmadim, lekin kasalxona hovlisida uzoq turib qolgan edim.
Negadir shoshilmasdim. Aniqrogʻi, bugun shoshilmay yashagim keldi. Balki shunda hayot maʼnosini koʻproq anglarman. Shu paytgacha shoshilib nimaga erishdim? Oqibatda baribir oʻlim bilan yuzma-yuz boʻlib turibman. Keyingi oʻn yilimni sarhisob qildim. Esda qolarli hech qanday kun yodga kelmadi. Qogʻozlar orasida oʻtgan oʻn yil-a! Shunda yillarim maʼnosiz, rangsiz tuyuldi. Shu oʻy bilan bekatga yetibman. Goʻyo meni oʻlim sari tezroq eltib qoʻyish uchun avtobus ham borishim bilanoq kep qolsa boʻladimi. Ulovga chiqib, oʻzim yaxshi koʻradigan orqa oʻrindiqqa choʻkdim. Insonning har kuni, har daqiqasi, kezi kelsa, har soniyasi qadrli va qaytmas ekanini his qildim. Eh, shuni avvalroq anglasam boʻlmasmidi! Endi qolgan har daqiqamni qadrlayman! Neki qilgim kelsa, faqat oʻshani bajaraman! Boshqa bari bekor! Bugun reja tuzmayman! Ishga bormayman! Gazeta mensiz chiqar! Hamma-hammasi koʻngil amri bilan boʻladi! Faqat koʻngil amri bilan!
Oynaga bosh qoʻydim. Koʻzim ochiq turardi-yu, ammo dunyo qorongʻi edi. Shaharning baland binolari yurakka sanchib qoʻyilgan sovuq pichoq dastasiga, jimjimador shoshqin moshinalar tanamni ezgʻilab borayotgan saraton hujayralariga oʻxshardi. Yetaklashgan yigit bilan qizni koʻrib Sadoqat bilan ilk tanishgan kezlarim esimga tushdi.
…Talabalar yotoqxonasining oshxonasi. Ovqatimni olish uchun sovutkichni ochishim bilan toʻgʻralgan koʻkat solingan likopcha lap etib yerga tushdi. Idish-ku sinmadi, lekin koʻkat sochilib ketdi. Nima qilarimni bilmay qoldim. Shunda qozon boshidagi qoramagʻiz qiz: “Narsangizni olib ketavering, oʻzim yigʻishtirib olaman, koʻkat oʻzi eski ekan-ku!”, deya meni xijolatdan qutqardi. Oʻshandayoq yuragimda ajib iliqlik paydo boʻldi va u taqdirim ekanini anglaganman.
Kelishimni yuragi sezganmi yo derazadan koʻrib turganmi, qoʻngʻiroqni bosmasimdan ayolim eshikni ochdi-yu:
– Assalomu alaykum! – dedi miyigʻida kulib.
– Vaalaykum assalom!
– Yaxshi keldizmi, navbatchilik yaxshi oʻtdimi?
– Xudoga shukr! Oʻzing yaxshimi?
– Rahmat! Yuvinib oling, choy qoʻygandim, damlab beraman!
Xotinim koʻzimga doimgidan yaxshi koʻrinib ketdi.
– Bilasanmi, Sadoqat, sen dunyodagi eng yaxshi ayolsan!
– Bugun boshqachasiz? – dedi u choy damlarkan.
Yuvinib, oshxonaga kirdim. Kuymalanayotgan ayolimni koʻrib, oʻzimni baxtli sezdim. Ortidan borib sekin quchdim. “Darrov sogʻinib qoldizmi?”, dedi iymanib. Yuzini koʻrmasam-da yoqimli jilmayganini sezdim. “Seni sogʻinmay boʻlarkanmi, tentakkinam!” dedim sochini hidlab. “Gʻiyq” etgan eshik ovozi meni sergaklantirdi. Qoʻllarimni tortib oldim. Oʻgʻlim koʻzlarini ishqab, “dada”, deb menga intildi. Tizanladim1. Kelib boʻynimdan quchdi. Bolamning belidan mahkam quchoqladim. Koʻzimdan yosh quyilib ketdi. “Dada, yigʻlayapsizmi?” dedi oʻgʻlim buni sezib. “Yoʻq, yomgʻirda sochim hoʻl boʻluvdi, shunga…”, deya aldadim yoshimni artarkanman. “Oʻgʻlim, bor, bet-qoʻlingni yuvib kel-chi, dadang bilan choy ichamiz”, dedi xotinim oʻzi sezmagan holda meni noqulaylikdan qutqarib. Oʻgʻlim chopib vannaxonaga kirdi. Men xontaxta yonidagi doimgi joyimga choʻkdim. Ayolim choy qaytararkan, yuzimga tikildi-yu:
– Sizga nima boʻldi, koʻziz qizaribdi? – deya yerga qaradi.
– Charchadim, navbatchilik ogʻir oʻtdi, – deb yuzimni undan olib qochdim. Oʻgʻlim kelib, meni xijolatdan qutqardi. Onasi oldimizga taom keltirdi. “Oʻzingam oʻtir”, dedim. U qoʻlidagi yumushni qoʻydi-da, yonimga oʻtirdi. Nonushta qildik. Oilam bilan soʻnggi bora dasturxon atrofida oʻtirganimni oʻylamadimam. Choy ichdik. Gapni nimadan boshlashni bilmay, kalovlandim, oxiri zoʻrgʻa: “Bugun qishloqqa joʻnaysizlar!”, dedim. Oʻgʻlim “urre”, deb qichqirib yubordi. Sadoqat savolomuz qaradi. “Xizmat safariga ketyapman, tez kunda izlaringdan boraman, bahonada enamning roʻzgʻoriga qarashib kelasan”, dedim. Ayolim avvaliga unamaganday boʻldi, qovogʻimning uyulganini koʻrib “xoʻp”, deya bosh irgʻadi.
Balkonga chiqib, sigareta tutatdim. Derazani qiya ochib, tashqariga termildim. Yomgʻir bir maromda sevalardi. Yalongʻoch daraxtlar hayotning oʻtkinchiligi haqida oʻy surayotganday edi. Sanay boshladim. Bir, ikki, uch…
“Ertaga tonggacha bormaydi!”
…oʻttiz toʻrt, oʻttiz besh. Daraxtlar-da hazillashayotganday oʻttiz beshta chiqdi. Shu uyda ijarada turganimdan beri ularning oʻttiz beshta ekanini payqamabman.
“Ertaga tonggacha bormaydi!”
Oʻttiz oltinchi daraxtni javdirab qidira boshladim. Shunda chopib kelib, oyoqlarimdan quchgan oʻgʻlimning: “Dada, oʻzingizam borasizmi?” degan soʻrogʻi fikrimni boʻldi. Uni koʻrmasin, deb qoʻlimdagi sigaretni tashqariga otdimu:
– Ertagayoq izlaringdan yetib boraman”, – dedim.
– Aldamaysizmi? – deya oʻgʻlim oyoqlarimni mahkam quchdi.
– Dadalar aldamaydi! – dedim uning boshini mahkam quchoqlab, keyin qoʻshib qoʻydim: – Qishloqqa borgach, bobong, momong, onangning gapini ikki qilma! Tushundingmi?
U qoʻllarim orasidagi boshini irgʻidi. Ota-bola shu koʻyi uzoq turib qoldik.
Ularni avtobekatdan moshinaga chiqazdim. Oylik olganimni aytib, xotinimga koʻproq pul berdim.
– Buncha pulni nima qilaman? – dedi ajablanib Sadoqat.
– Ortiqchasi boʻlsa, otamga berarsan, – dedim beixtiyor kulib.
– Oʻzingiz borib olib kelasiz-a?
– Ha, indinlarga yetib borsam kerak…
Moshina qoʻzgʻaldi. Ortimga qayrildim. Endi chini bilan yigʻlab yubordim. Faqat ovozim chiqmasdi. Katta-katta qadam tashlab ketib borardim. Shu ketishda: “Oʻgʻlim bilan xayrlashmaganim yaxshi boʻlgan ekan, boʻlmasa oʻzimni tuta olmasdim”, deb oʻyladim. Xayrlashish, chindan xayrlashish qoʻrqinchli boʻlishini shu dam his qildim. Ayniqsa, senga mehr ulashganlar bilan xayrlashish ogʻir ekan.
Yomgʻir tinibdi. Oʻzimga kelib, doʻstimga qoʻngʻiroq qildim. Ishda ekan. Oldiga oʻtishimni aytdim. Borishimga rozi boʻldi. Taksiga oʻtirib, oʻn besh daqiqada uning ishxonasiga yetdim.
Soʻrashgach, ishxonasi hovlisidagi oʻrindiqlardan biriga oʻtirdik. U yoq-bu yoqdan gaplashdik. Oʻzimiz yaxshi koʻradigan oshxonaga tushlikka bordik. Ikki xil ovqat aytdik. Taomlar doimgidan shirin edi. Doʻstimning hay-haylashiga qaramasdan, hisobni oʻzim toʻladim. Bundan biroz ranjidi. “Kelasi gal toʻlarsan”, deganimdan keyin chehrasi sal ochildi. Ishxonasigacha jim bordik. Lekin qanday gap boshlashni bilmasdim. “Qobil, ertaga ertalab biznikiga kel, meni kuzatib qoʻyasan!” dedim oxiri. “Qayoqqa ketayapsan?” dedi ajabsinib. “Uzoqqa”, – deya kuldimu qoʻshib qoʻydim: “Qishloqqa – uyimga…” Qoʻynimdan doʻxtirlar bergan qogʻozlarni chiqarib unga uzatdim. U lom-mim demay qogʻozlarga uzoq termildiyu iymanibgina soʻradi:
– Qachon bilding?
– Bugun!
– Tashxislar doimam toʻgʻri chiqavermaydi!
– Lekin bu eng yangi uskuna xulosasi ekan! – dedim sinovchan.
U indamadi. Biroz jim turdi-da birdan jonlanib:
– Yur, ogʻayni, seni shahardagi eng yaxshi vrachga oboraman! Har qanday yangi apparatam, eng zoʻr doʻxtiram adashishi mumkin-ku? – dedi.
– Qoʻy, oshna! – dedim xotirjam.
– Hech qayoqqa ketmayman! Bugun yoningda boʻlaman! – dedi qatʼiy ohangda.
– Iltimos, Qobil, bugun oʻzim uchun yashamoqchiman! – dedim uni sovitish maqsadida.
U boʻynimdan mahkam quchoqladi.
Oshnam bilan hech qachon bu qadar yaqin boʻlmagandik. Dardimga sherik boʻlgani uchun doʻstimdan minnatdor boʻldim, ishiga qaytishini iltimos qilib, uyimning ikkinchi kalitini uzatdim. Avvaliga olishni istamadi. Xoʻrsina-xoʻrsina qoʻlimdagini oldiyu meni yana bagʻriga bosdi. Zoʻrgʻa “Ota-onamni yoʻqlab tur!” deya oldim, xolos. Ortiq bu yerda qololmasligimni anglab, oshnam bilan xayrlashib yoʻlga otlandim. Uning oxirgi marta menga termilgan koʻzlarida choʻkayotgan odamga hech qanday yordam qoʻlini choʻza olmay iztirob chekayotgan inson qiyofasini koʻrdim.
Piyoda yurgim keldi. Qayerlargadir bordim, nimalardir qildim. Hech biri esimda yoʻq. Eslaganim, koʻzimni ochsam, qandaydir oʻrindiqda oʻtirgan ekanman. Koʻzim ilingan ekan. Atrofimni idrok etsam, aylanib-aylanib adiblar bogʻiga kelib qolgan ekanman. Qarasam, ularning hammasi oʻrindiqda oʻtiribdi. Nega? Bu haqda shu paytgacha hech oʻylab koʻrmagan ekanman. Boqqa shunchaki kelib-ketaveribman-da. Boshqa bogʻdagi shoiraning haykalini-da koʻz oldimga keltirdim. Uyam oʻrindiqda oʻtiribdi. Qatagʻon zamonida yurak hovuchlab qalam tebratgan ijodkorlarimizning jisman, ruhan toliqqanini haykaltarosh yaxshi fahmlabdi. Qoyil!
Bogʻdan chiqib ketarkanman boyagi sovuq gap nogahon esimga tushdi:
“Ertaga tonggacha bormaydi!”
Naqadar sovuq soʻzlar! Shunda telefonim jiringlab qoldi. Seskanib ketdim. Yoʻl boʻyidagi oʻrindiqqa choʻkdim. Chuqur-chuqur nafas olib telefonimning oynasiga qaradim: “Onam”. Bir necha kundan beri onamni yoʻqlamaganimni, hatto esdan chiqarib qoʻyganimni oʻylab, oʻzimdan nafratlanib ketdim!..
“Bolajonim, oʻzingmisan?” dedilar salomimni kutmasdan. Ovozimga imkon qadar quvonch ohanglaridan qoʻshib gaplasha boshladim. Soʻrashgach meni savolga tutdi:
– Negadir koʻnglim gʻash, kecha tushimgayam kiribsan, sogʻliging yaxshimi oʻzi?
– Xudoga shukr, yaxshiman! Ena, bugun keliningizni oldingizga joʻnatdim.
– Voy, bolam-ey! Yaxshi qilibsan-da! Oʻzing qachon kelasan, oʻzing?
– Bir-ikki kunda borib qolaman, ena.
– Tani-joning sogʻ boʻlsin, iloyim!
– Rahmat, ena! Duo qilib turing!
– Ikki qoʻlim doim duoda!
– Ena!
– Ha, jonim bolam!
– Bodom gulladimi?
– Eh-he! Soʻrama, bolam! Koʻrib koʻzing quvnaydi! Eh, bolam-a! Oʻsha shaharingdan uch-toʻrt kunginaga ortib, bir kelib-ketsang, hammasini oʻzing koʻrarding! Hammamiz seni sogʻindik, sogʻindim!
– Boraman, ena!
– Tezroq kelaqol!
– Ena! Haligi…
– Gapiraver, jon bolam!
– Yoʻq, oʻzim, hech narsa! Mayli, boʻlmasa!
– Tani-joning sogʻ boʻlsin!
Aloqa uzildi. Yuragimning bir chetiyam chirt uzildi. Izdan chiqqan poyezdday nima qilarimni, qayerga borishimni bilmay qoldim.
Oʻrindiq yonidagi endi kurtak yozaman, deb turgan daraxt shoxlariga boqib bolaligimni esladim. Adirlarda maysalar bosh koʻtargan chogʻi. Bolaligimda qizlar gullagan bodom shoxini sindirib olib, chakkalariga taqqanlari, Bobotogʻ adirlari bagʻrida chopib qoʻy boqqanlarim esimga tushdi. Qalbimda zang qoplagan yam-yashil hayotga qayta jon ina boshladi. Xayolim beixtiyor oʻsha kunlarga uloqdi.
…Sinfdosh qizning sochidan tortib yigʻlatganlarimni esdan chiqarib boʻlarkanmi?! Qoʻshnimizning bogʻidan olma uzib yeganlarimni xotiramdan oʻchirib tashlay olamanmi? Yoz kunlari tush payti uydagilarning koʻzini shamgʻalat qilib yalangoyoq loyqa suvga choʻmilishga borganlarim hayotimning eng shirin lahzalari ekan. Issiq tuproqda yotib olib, quyoshda qorayganlarim-chi! Bolaligim hozir menga har qachongidanam yaqin edi.
Undan-da kichikligimda bobom yashil moshinasida meni katta shaharga olib borganini esladim. Univermagda ichiga odam sigʻadigan oʻyinchoq moshin koʻzimga yaxshi koʻrinib qolsa boʻladimi. Oʻshani olib berasiz, deb yerga oʻtirib olib, tir-tir yengarlik1 qilib, butun univermagni oyoqqa turgʻizay deganman oʻshanda. Uyga qaytayotib meniki boʻlishi kerak boʻlgan narsa tobora ortda qolarkan, yigʻim yanada kuchaygan, shunda soʻnggi ilinj – shoʻpir bobomning sochidan tortdim. Choʻlning oʻrtasida taqa-taq toʻxtadik. Moshinadan tushirildim. Ellik-yuz qadamcha ortda qolgach, battar yigʻlab moshinaning ortidan chopganimni eslab… yuzimga kulgi oraladi.
Qishlogʻimni qattiq sogʻinganimni his qilib telefon titishga tushdim. Internetdan sunʼiy yoʻldosh xaritasiga kirdim. U turgan joyimni koʻrsatardi. Amallab qishlogʻimni topdim. Har gal uyga qaytayotganda meni quchoq ochib kutib oladigan Boʻyrabobim kaftday edi. Badanimga chumoli oʻrmalaganday boʻldi. Tugʻilgan tuprogʻingni osmondan koʻrish boshqacha boʻlarkan. Xaritadan bobo uyimni qidirdim. Bolaligimning koʻp qismi oʻtgan uy koʻzimga boshqacha koʻrindi. Nariroqdagi ota uyimda iliqlikni his qildim. Mana, tomorqamiz, daraxtlarimiz, uyimiz. Xayolan uyimizning tomiga kirdim. U yerda kitoblar, kiyilmay qolgan kiyimlar, yana bir qancha buyumlar bor edi. Shiftda tagʻin nimadir osilib turibdi. Nima ekan-a? Axir bu beshik-ku! Meni, ukalarimni, singillarimni katta qilgan beshik! Onajonim tebratib tepasida bizga allalar aytib bergan beshik! Men tugʻilganda quvongan bobom qora toldan yasagan mustahkam beshik!
Xaritani barmoqlarim bilan yigʻdim. Boʻyrabob tagʻin kaftday boʻlib qoldi. Qishloq adogʻidagi oq nuqtalarning nima ekaniga qiziqib, oʻsha joyni yaqinlashtirdim. Ne koʻz bilan koʻrayki, oq nuqtalar qabriston edi. Bir muddat jim qoldim. Koʻmilgan qarindoshlarimizni esladim. Xaritadagi qabriston bilan xayolimdagisini solishtirdim. Qabriston kengayib qolganday edi. Chindanam, men bilgan qabristonda birorta boʻsh joy qolmapti. Qoʻshilgan joyni yaqinlatdim. U yerda oʻn-oʻn beshta qabr koʻzga tashlanardi. Men uchun hammasi yangi. Qishloqda boʻlmaganimda kimlar olamdan oʻtdi ekan? Uydan ketganimdan beri ancha vaqt oʻtganini his qildim. Erta-indin qabrlar yonida yangi qabr paydo boʻlishini oʻylab yuragim uvishdi. Oʻylarim chuvalashib qoldi. Xaritani tezda yigʻdim. Qabriston kichrayib, qishloq ichida yoʻqoldi. Oʻrnimdan qoʻzgʻaldim.
Sovuq xayollar bilan kitob doʻkoniga kelib qolibman. Ichkariga kirdim. Oʻqimagan kitoblarimni oldim. Pochtaga borib ularni ota uyim manziliga joʻnatma qildim. Kitobsuyar singlim uchun. Akasi oʻqiyolmagan kitoblarni hech boʻlmasa u oʻqisin! Faqat Qurʼoni Karimni oʻzim bilan olib qoldim. Shuurimda shifokorning sovuq gapi aks-sado berib, yuragimni titratib yubordi:
“Ertaga tonggacha bormaydi!”
Lekin tonggacha ulgurishim mumkin-ku!
“Xudoga shukr!”
Uyga shoshdim. Pochtadan chiqsam, qosh qorayibdi. Shu yaqindagi masjiddan kelayotgan shom azoni qulogʻimga doimgidan ayricha eshitildi:
Ollohu akbar! Ollohu akbar!..
Yomgʻir kuchaygandi. Kun boʻyi yonimda olib yurganim – hamshira bergan soyabonni endi ochmasam boʻlmaydi. Bogʻichini boʻshatib, uni yoydim. Oʻnta tirgagi bor boshpana boshimni toʻsdi. Uyga piyoda keta boshladim.
Soʻng qancha yurganimni, nimalar qilganimni, uyga qanday kelganimni eslolmayman. Bilganim, mutolaa jarayonida chindan yashayotganimni his qildim. Tongga yaqin uyqu elita boshlaganida esa oʻzimni ikki dunyo oraligʻida tuydim. Qaytib koʻz ochmasligimdan qoʻrqmay qoʻydim. Oʻqiganlarim yomgʻir tomchilarining shitir-shitiriga qoʻshilib umrimda eshitmagan tovush – koʻklamning yoqimli kuyi yangligʻ miyamda aylanardi. Oʻylasam, kuy hayotning oʻziga oʻxshash ekan. Kuy ibtido va intiho oʻrtasidagi koʻprikligini angladim. Kuydan boʻlak hech narsani idrok etolmasdim. Yurak urishlarim-da, nafas olishlarim-da, sassiz soʻzlarim-da, soʻngsiz oʻylarim-da kuy boʻlib qolgandi. Men kuyga aylangandim. Borligʻimni egallagan yoqimli kuyni ne tongki tongda eshik qoʻngʻirogʻining jarangi boʻlib yubordi…
Fozil FARHOD
“Ijod olami”, 2017–2
https://saviya.uz/ijod/nasr/koklam-kuyi/