– Oʻgʻling qancha koʻp boʻlsa avlodlaring shuncha bisyor, ildizing mustahkam boʻladi. Qiz bola birovning hasmi, bir kuni oʻrnini topsa, otasini ham, tugʻishganlarini ham eslamaydi. Foyda yoʻq ulardan. Voyaga yetkazib qoʻshqoʻllab birovga topshirgandan koʻra, qizing boʻlmagani durust.
Sayfi daroz bu gaplarni doim takrorlardi. Shuning uchunmi, uch oʻgʻlidan keyin qizi Gulsara tugʻilganida unchalik quvonmadi. Bu farzandi xuddi osmondan tushganday, oʻz pushti-kamaridan boʻlmaganday chaqaloqqa eʼtibor bergani yoʻq. Bu gadoytopmas yerlarda chaqaloq tugʻilsa unga ism qoʻyish uchun ovuldan ancha uzoqqa, shahar markaziga borish kerak. Darozning vaqt, pul sarflab borib kelishga koʻzi qiymadi. Shaharga qatnaydigan hamqishlogʻidan iltimos qilib qoʻya qoldi. Buni qarangki, oʻsha tanishi xoʻp deyishga dedi-yu, lekin qizaloqqa qanday ism qoʻyishganini soʻramabdi. Ish bitmay qaytishga koʻngli boʻlmagach, Gulsara deb yozdirib kelaveribdi. Shundan beri bemavrid tugʻilib qolgan goʻdakning ismi Gulsara boʻlib ketdi. Bu voqeadan soʻng oradan qancha suvlar oqmadi. Sayfi daroz hozir munkillagan chol, himoyasiz bolakay esa boʻyi yetgan qizga aylangan. Ular yashaydigan koʻkkoʻl atrofini avval koʻrgan odam endi tanimaydi. Keng maydonni katta zavod egallagan. Ilgari baliqchilik bilan kun koʻradigan qishloq odamlaridan hech biri baliq ovlashga koʻlga kelmay qoʻygan. Hozir ilgarigi moʻl baliqlar qayda deysiz? Baʼzi turlari butunlay yoʻqolib ketdi, borlari ham juda kam. Qayiq yasatib, toʻlqinlari pishqirib yotgan koʻlga tushishga arzimaydi. Bir vaqtlar shu toʻlqinlar bagʻrida, ularning qarshiligiga chap berib suzgan qayiqlar qishloqda darozdan boshqa hech kimda qolmagan. Chol har-har zamon baliqchilikning xumorini bosolmagan vaqtlarda yogʻochlari chirib qolgan qayigʻidan oʻzi ham gumonsirab qirgʻoq atrofida suzib keladi. Uning bir qoʻshigʻi bor. Hali koʻlda suzmay turib, yoniga yaqinlashishi bilan kuylashni boshlaydi. “Agar Koʻkkoʻlning oldida, oʻzi haqidagi qoʻshiqni aytib bersang, ona koʻlning mehri iyib ketadi va baliqlaridan moʻl-moʻl beradi”, – deya izoh berib qoʻyadi atrofidagilarga.
Koʻkkoʻl bizning onaizorimiz.
Koʻkkoʻl bizning xaloskorimiz.
Bagʻrida oʻynaydi baliqlar,
Koʻkkoʻl bizning rizqu roʻzimiz.
Koʻkkoʻl bizning onaizorimiz.
Koʻkkoʻl bizning rizqu roʻzimiz.
Sayfi daroz bu qoʻshiqni katta oʻgʻli Nurmatga aytib berdi. Oʻgʻil otasining ovozi azbaroyi shiraliligidan sel boʻlib eshitdi-yu, ammo oʻzi ham qoʻshilib kuylab koʻrishga unamadi. Yana aytib berishini iltimos qilganida esa koʻngli ogʻrigan chol rozi boʻlmadi. Otasining arazlaganini koʻrgach, Nurmat qaytib qoʻshiqni soʻramadi.
Sayfi daroz qoʻshiqni ikkinchi oʻgʻli Xolmatga aytib berdi. Bu oʻgʻil esa jillaqursa akasiga oʻxshab tinglashni ham uddalamadi. Ensasini qotirib bosh qashladi-da, qoʻshiq oxiriga yetar-yetmas, oʻrnidan turib ketdi. Shundan keyin chol oʻgʻliga qaytib qoʻshiq haqida gapirmadi.
Daroz qoʻshiqni kichik oʻgʻli Normatga aytishni boshlashi bilan yoshligidan erkaroq oʻsgan yigit otasiga bobillab berdi.
– Kichkinaligimizdan beri bir xil qoʻshiq. Odamni xit qilib yubordingiz. Boʻldi-da endi.
Cholga ogʻir botdi, lekin indamadi. Chunki oʻylab qarasa farzandining gapi toʻgʻriday. Axir oʻgʻillari endigina atak-chechak qila boshlaganidan beri har kuni qulogʻiga azon aytganday shu qoʻshiqni aytadi. Bezor boʻlib ketishlari tabiiy. “Bu ota-bobosining qoʻshigʻi, nima uchun eshitish jonlariga tegarkan?” Taslim boʻlishni istamagan chol yana gʻudranib qoʻyadi.
– Oʻzing ayt, qizim, qoʻshiqning nimasi yomon? – Daroz atrofidan hech qanday tinglovchi topolmagach, oxiri qiziga yuzlanadi. – Bu qoʻshiqni bobom aytgan, keyin men, endi navbat bolalarimga kelganida ular aytish tugul, eshitishni ham istashmayapti. Axir oʻz tarixini bilmagan, ota-bobosini tanimagan, ularning nima ish qilganini anglamagan odam qanday qilib kelajak haqida oʻylaydi? U xuddi ildizsiz daraxtga oʻxshaydi-ku. Bunday daraxt qanchalik katta va baland boʻlmasin, baribir soʻlib qoladi.
Qizi gaplarini eshitdimi-yoʻqmi, cholga farqi yoʻq. Farqi boʻlganidayam nima? Axir yaqin atrofda uning eski hikoyalarini, koʻkkoʻl, undagi baliqlar haqidagi afsonalarini shu esi past qizdan boshqa eshitadigan kim ham bor?
Gulsara aslida hamma bolalar tenggi aqli-hushi joyida, kelishgan, xushbichimgina qiz edi. Agar oʻsha halokat roʻy bermaganida ovulning eng shaydosi koʻp qizi boʻlardi. Oʻgʻillarini ovga chiqishga koʻndirolmagan daroz “Menam boray, baliq tuta olaman” deya koʻzlarini moʻltillatgan besh yashar qizchasini tashlab ketolmadi. Oʻsha kuni ov rosa baroridan keldi. Ota-bola Koʻkkoʻlda tebranayotgan oʻrkach-oʻrkach toʻlqinlar osha hozir taxtalari chirib qolgan boʻlsa ham, ilgari bu atrofda unga teng keladigani yoʻq qayigʻida koʻl haqdagi qoʻshiqni birga kuylashib olis-olislargacha suzishgan. “Qizim qoʻshiqni oʻgʻillarimdan yaxshi aytyapti, undan ham nimanidir umid qilsam boʻlar” deya birinchi marta xayolidan oʻtkazgandi Sayfi daroz. Yetarlicha baliq tutishgandan keyin ham ota qiziga koʻlning olis sarhadlarini, tiniq suvlar hayqirib boshlarini dam-badam urayotgan narigi qirgʻoqlarini koʻrsatgisi keldi.
– Koʻkkoʻl bizning onamiz, – daroz yon-berini adoqsiz suvlik qoplagan kenglikka tikilib qiziga gapirdi. – Bizning tarix juda uzoq, ota-bobolaring huv anavi togʻlar ortida yashashgan, keyin tirikchilik ogʻirlashgach, koʻl atrofiga koʻchib kelishgan ekan. Ularni koʻl baliq bilan, rizq-roʻz bilan taminlagan. Ovulimizning baliqchi deyilishi shundan. Sen hech qachon ajdodlaringni boqqan, doim kimligingni eslatib turgan bu joylarga bepisand qarama. Toʻgʻri, qoʻlingdan hech narsa kelmaydi. Avlodlar, milliyligimiz davomiyligi akalaringning qoʻlida. Qizlardan biror nima talab qilinmaydi, jillaqursa eslab-eslab tur deyman.
Ovga chiqayotganlarida osmon tiniq edi, ammo tushga borib bulutlasha boshladi. Qayiqni ortga burganlaridan quyishni boshlagan yomgʻir zum oʻtmay qattiq boʻronga aylandi. Daroz ilgarilariyam bunday holatga koʻp duch kelgan. Biroq oʻsha paytlarda yo bir oʻzi, yoki yonida zabardast biror sherigi boʻlardi. Endi-chi, endi oʻzi-ku mayli, yonida himoyasiz qizi bor. Boyagina umrida birinchi marta qizini odam oʻrnida koʻrib, u bilan dildan gaplashayotgan odam, quturgan shamolda qayiq oʻziga buysunmay qolgach “Ayollarga qargʻish tekkani shu-da, ular bor joyda falokat oyogʻing ostidan chiqaveradi”, deya achchiqlandi. Tusi oʻzgargan otasidan, umrida koʻrmagan vahimali shamol, koʻpiklangan toʻlqinlar ichida chorasiz ekanliklarini his qilganidan yuragiga vahima tushgan qizcha qayiqning orqa burchagiga borib gʻujanak boʻlib qunishib oldi. Otasi esa eshkaklarni yolgʻiz eshaverib holdan toygan, atrofni qoplagan qorongʻilik ichida tez-tez chaqayotgan chaqmoq yorugʻida uzun qoʻllarining har chiranganida boʻrtib ketayotgan tomirlari koʻrinadi. Tinch paytlarda nari borsa tuyaning oʻrkachiga teng boʻlgan toʻlqinlar hozir ovul atrofidagi tepaliklardan baland, oʻkirib oʻzini qayiqqa uradi. Yogʻoch qayiq har silkinganida qarsillab ikkiga boʻlinib ketadiganday yoki toʻnkarilib tushadiganday tuyuladi. Otasining jahl ustida turganini koʻlni, shamollarni boʻralab soʻkayotganidan, har-har zamonda qayiq tumshugʻiga musht tushirayotganidan sezgan qizaloq, qanchalik qoʻrqayotgan boʻlmasin, undan panoh, yordam soʻrayolmadi. Shuning uchun qayiq atrofdagi toshlardan biriga urilib, sinib ketganida u otasidan uzoqda, boshi nimagadir urilib, hushini yoʻqotgach anchagacha suvda qolib ketgandi. Joni omon qolishga qoldi-yu, ertalab ularni qidirib ovuldagi boshqa baliqchilar kelgunicha otasi bilan kichik orolchada, yomgʻir ostida qolib ketishdi. Gulsaraning boshidagi jarohat tez bitdi, ammo yaraning oʻrnigina bitdi, xolos. Daroz ortiqcha xarajat deb qizni shahardagi kasalxonaga olib bormay, ota-bobosi qoʻllagan usullardan foydalanib qoʻya qoldi. Hammasi oʻshandan boshlandi. Gulsara avvaliga oʻsha kunni, keyinroq bolaligini, qishloqdoshlarni unuta boshladi. Ota-onasining kimligini, nihoyat, oʻzining kimligini unutganida kelib tekshirgan doktor vaqt oʻtganini, endi iloji yoʻqligini, harakat qilgan bilan foydasiz ekanini aytdi.
“Odatda qizlar uyini erga tekkanidan keyin unutardi, meniki esa shungachayam yetolmadi. Xudo bu ishda ham qisganga oʻxshaydi”, deya sekingina gʻudranib qoʻydi doktorning gapidan keyin daroz.
Koʻl atrofida zavodning qurilgani hammadan ham Sayfiga qiyin boʻldi. Uch oʻgʻliyam shaharda oʻqib kelgach, shu yerga ishga joylashishdi. Endi ularda baliq ovlashga vaqt qayoqda deysiz? Buning ustiga ona koʻlda baliqlar ilgarigidek serob emas. Zavodning oqova chiqindisi toʻgʻri koʻlga kelib quyiladi. Sohildagi xarsang ustiga choʻkkalab koʻlni soatlab kuzatadigan chol uning suvi tortilib borayotganini, boshini sohilga urayotgan bebosh toʻlqinlar ham avvalgidek toza, zilol emas, ranggi qandaydir xoʻmrayib, tundlashganini payqaydi. Faqatgina ustida chagʻalaylar uchayotgan koʻlga qarab bir vaqtlar bu yerlarda oʻzining ovuldoshlari bilan koʻplashib baliq oviga chiqqanlarini, oʻljaning koʻpligidan qiyshayib qolgan qayiqlarni yeldirib kelishganini eslaydi. Oʻshanda odamlar hozirgiga oʻxshamasdi. Ehtimol, juda aqlli boʻlishgandir, ehtimol, esi pastroq. Lekin hammasining koʻnglida nomlab boʻlmaydigan nimadir bor edi. Turli ovozlarning birga yangraganidan, osmonu falakka oʻrlaydigan qoʻshiq aks-sadosi darozning quloqlarini jazillatib oʻtganday boʻladi. Ovulda oʻzi tenggilardan hech kim qolmagan. Chol qisiq koʻzlarini olislarga qadab boshqalarning hisobi uchun ham koʻlga uzoq termiladi.
Soʻng ortiga oʻgirilib, yigirma besh yildan beri har kuni shu koʻl atrofida izgʻiydigan Gulsaraga soʻz qotadi. Qiz gap maʼnosiga bormasa-da, xuddi oʻzini eshitayotganday koʻrsatib, boshini quyi solgancha jim turaveradi.
– Bizning mana bu yerimizga, – daroz mushti bilan koʻkragini mushtlaydi, – asli kim ekanimizni, kimlarning farzandi ekanimizni va qanday yashashimiz kerakligini oʻrgatib, qon-qonimizga singdirib ketishdi. Biz-chi? – gapining shu yerida qisiq koʻzlarida miltillagan yosh halqalanadi. – Biz nima qildik? Hatto, oʻz bolalariga gapi oʻtmaydigan goʻrsoʻxtaga aylandik. Sen, ona koʻlga qara. Uni bir vaqtlar sulolasining boshini, ota-boblarini boqqan odamlarning avlodlari halok qilyapti. Men baliqchilarga sardor boʻlganimda hali yosh oʻgʻillarimga qarab oʻlmasligimni, ularning, nabiralarimning siymosida qayta-qayta tugʻilaverishimni oʻylab faxrlanardim.
Gulsara otasining gapini oxirigacha eshitmadi. Sohil boʻylab beparvo yurib ketdi.
Hafsalasi pir boʻlgan daroz qizining ortidan qoʻllarini asabiy silkitib, yana xarsang ustiga yonboshladi. Ammo, ammo shu payt Gulsaraning mayin ovozi yangray boshladi.
Koʻkkoʻl bizning onaizorimiz.
Koʻkkoʻl bizning xaloskorimiz.
Bagʻrida oʻynaydi baliqlar,
Koʻkkoʻl bizning rizqu roʻzimiz.
Sayfi ota qanday oʻrnidan turib, oʻsha yoqqa borib qolgani esida yoʻq. Maʼnosiz nigohlari toʻlqinlarga qadalgan qiziga oʻzgacha mehr, hayrat bilan boqardi.
– Sen, sen, – otaning lablari titrab ketdi, – sen bu qoʻshiqni bilasanmi?
Gulsara jilmayib bosh silkitdi.
– Qayerdan bilasan?
– Boshim toshga qattiq urilgan kuni aytib bergansiz. Judayam chiroyli kuylagandingiz.
Gulsara gapi tugagach, tagʻin uy tomon shoshilib ketdi. Ortidan termilib qolgan chol esa nima deyishini bilmasdi. Shu choq otaning keksa koʻnglida ming yillardan beri mudrab yotgan poʻrtana bosh koʻtargandi. “Meni kechir, qizim, ahmoq otangni kechir”. – Daroz qay tomon yurayotganini oʻzi bilmas, faqat shaxdam odimlayotganidan qaysidir yodidan koʻtarilgan muhim ishini qilmoqchiga oʻxshardi. “Men qari ahmoq avlodimning davomchisi faqat oʻgʻillarim deb oʻylabman”. – Chol yana nimalardir deb gʻudranar, eski qayigʻi bogʻlab qoʻyilgan joyga yaqinlashgani sari oyoq olishi tezlashardi. – Ona Koʻkkoʻl, hali sen haqingdagi qoʻshiq unutilmabdi. Afsuski, uni men ishongan oʻgʻillarim emas, esi past qizim kuylayapti. Buning uchun odam avlodlarida ayb yoʻq, hamma gunoh menda”. – Sayfi daroz chinor shoxlariday uzun va ingichka barmoqlari qaltirab, eskiligidan sirti mogʻorlab qolgan qayigʻini suv tomon surdi. Anchadan beri qimirlamay turaverib, ogʻirlashib qolibdi. Ota amallab suvga tushirdi. Koʻl doimgiday sokin, toʻlqinlar quyosh nurida jimirlaydi. Daroz eshkaklarni avvaliga qiynalib, keyin esa yengil esha boshladi. U yolgʻiz, eski, ammo qadrdon qayigʻida koʻlning oxiri ufqqa ulangan tomoniga qarab suzib ketdi.
Gulsara hali ketmagan ekan, u anchagacha cholning bir boʻlagiga aylanib qolgan qoʻshigʻini eshitib turdi. Otasi uzoqlashib, koʻzdan yoʻqolgach, ovozi ham, qoʻshiq ham tindi.
Oʻgʻillar tun yarimdan oqqan esa-da, qaytmagan otalarini rosa qidirishardi. Daroz yer-u koʻkda yoʻq, biroq ularning hech biri Gulsaradan bir ogʻiz soʻramaydi. Chunki qiz sonda ham, sanoqda ham yoʻq edi.
Buni bilgan, idrok etolgan qiz esa:
– U Koʻkkoʻlda, men yaxshi koʻrgan qoʻshiqni aytyapti, – deya birov eshitmaydigan qilib shivirlab qoʻyadi.
Muyassar TILOVOVA
“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/kokkol-qoshigi/