Kutish
Yoʻllar uzilmadi qadaming tegib,
Koʻzim derazaga qorishib ketdi.
Soxta yoʻlovchilar kirib koʻzimga,
Zulmat choʻmgan dilim yorishib ketdi.
Sendan visolingni qilmayman talab,
Sendan diydoringni qilmayman tama.
Ammo shuni faqat tushuntirib ket,
Sening qiyofangga kirganmi hamma?
* * *
Koʻzing daryosining suvi beorom,
Koʻzing daryosida baliqlar ming-ming.
Kiprigingdan qarmoq yasabon, dilbar,
Koʻzlaringga baliq oviga kelding.
Koʻzingda behadik suzmoqda edim,
Sevgingga ilinib, boʻgʻzim tilindi.
Endi qarmogʻingni tort, ey baliqchi,
Laqqa ilindi.
* * *
va yana tillosin yoʻqotib osmon
va yana sharroslab yigʻlasa yomgʻir
va yana muhabbat boʻlib sargardon
va yana jizillab tinmasa bagʻir
va yana namiqqan jiqqa tushlarim
va yana ivigan koʻzning surati
va yana ilkingni ilkis ushladim
va yana oʻpmoqqa yetmas jurʼatim
va yana…
* * *
O, Moʻjizam,
sening poyingga choʻkib,
Koʻzlaringdan toshgan
mehringni tuysam.
Chashmi zilolingni koʻzimga tikib,
“Yoʻqoling…”
deysan.
Shodlikdan barglarin toʻkar yuragim,
Lahzada ulgurgum
tirilib,
oʻlib…
Soʻzlaring tuyular tasavvurimda
“Yoʻq… qoling”
boʻlib…
* * *
Bu qanday sukunat,
bu qanday boʻshliq,
nechun shams kundan-u, oy tundan ayro?!
Tanimni titratib toʻkilar qoʻshiq,
Vovaylo, vovaylo, vovaylo…
Qancha boʻldi senga boʻylamagandim,
mening tashrifimga intiq gʻor –
yuragim…
Istigʻfor, istigʻfor, istigʻfor…
Bu qandayin fasl –
bahorda kuzak –
borligʻim,
vujudim yam-yashil xazon.
Bir nasim yelmoqda – koʻngilga bezak,
Ruhafzo, ruhafzo, ruhafzo…
* * *
Saningsiz man, bilmam kimman,
Yuragimda turdi ogʻriq.
Kaftlarimda toʻlib ummon,
Tilagimda turdi ogʻriq.
Toʻrt tarafim keng nimarsa,
Saroblarga teng nimarsa…
Qoʻlim choʻzib yeng shimarsam,
Bilagimda turdi ogʻriq.
Yurak tepar qobirgʻamni,
Oʻpar, oʻpar, oʻpar gʻamni.
Jon degani sob boʻlganmi,
Suyagimda turdi ogʻriq.
Bir yoʻlingni dayr bilsam,
Shul yoʻlingda sayr qilsam,
Adashsam-u, sal qayrilsam,
Kuragimda turdi ogʻriq.
Saningsiz man, bilmam kimman,
Yuragimda turdi ogʻriq.
Kaftlarimda toshib ummon,
Tilagimda turdi ogʻriq.
* * *
Manim koʻzim yomon. Ichim fosh etar,
Sani koʻp sogʻinib jismim yosh etar.
Oʻzing bir taʼlim ber jismu jonima,
Visoling ruhimni xoʻp yuvosh etar.
* * *
Koʻzingni koʻzimda koʻrsam, netay men,
Soʻzingni soʻzimda koʻrsam, netay men.
Sen buncha oʻzingni sevarsan, dema,
Oʻzingni oʻzimda koʻrsam, netay men.
* * *
Yuragim eng soʻnggi yaproqdek gʻarib,
Tiriklik shamiday miltirar havas.
“Sevasanmi?” deya nafas chiqarib,
“Sevaman!” degancha olyapman nafas…
* * *
Sotib olmoqchi boʻlaman dunyoni
Choʻntagimdan toʻkilib borar
Oy – chaqa…
Choychaqa…
Bola-chaqa…
* * *
qovushgan kipriklar ovozi
buzar
jimlikni
* * *
koʻzlarim – chashma
kel
qurib qolmasdan
* * *
tegdi meʼdaga
bir xil taomday
hijronning taʼmi
* * *
sening koʻzlaringga qaramoq oʻlim
mening esa tinmay aksiga olib
oʻynashgim keladi shu oʻlim bilan
* * *
yuragim koʻzlaring qaroligʻicha
oramiz ikki koʻz aroligʻicha
qachon uchratamiz bir-birimizni
* * *
Ertakdagi kalava misol
menga yoʻl koʻrsatib borar yoʻl.
Ketayapman yoʻlning izmida.
Muhiddin ABDUSAMAD
“Yoshlik”, 2015 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/kozlaringdan-toshgan-mehringni-tuysam/