Bugun yana tutashdi yoʻlim,
Oʻylar surdim senga termulib.
Ishq, titroqni qoʻmsadi koʻnglim,
Soʻzlar aytding jilmayib, kulib.
Poyga solib yugurdi yillar,
Mana, nelar qilmabdi firoq:
Men – shamolday koʻchkin, darbadar,
Sen – yanayam goʻzal, suluvroq.
Orzularga xayol boʻlib band,
Yuragimga ishq toʻlgan damda
Sen yuz burib ketding bepisand
Va men qoldim yolgʻiz alamda.
Ich-ichimda nedir uzildi,
Tomogʻimga tiqildi soʻzlar.
Osmon olis, yer qattiq boʻldi,
Koʻzlarimga toʻldi yulduzlar.
Bugun mana – sen qaytib kelding,
Chin sevgini anglading, balki.
Soʻzlar aytib jilmayding, kulding,
Xotirotning urdi yuragi.
Sen sevgiga intiqsan, mushtoq,
Oʻzimda ham ishqqa zoʻr havas.
Yonib sevay deyman-u, biroq
Nimadir kam, nimadir yetmas.
Orif Tolib
2010
https://saviya.uz/ijod/nazm/kozlarimga-toldi-yulduzlar/