Koʻppak

Nodar DUMBADZE

 

Bu voqea qirq birinchi yilning avgustida boshlanib, ikki yil oʻtgach yakuniga yetgandi.

…Urushning suronli damlari edi. Otam urushda, bobom Spiridon ota bilan amal-taqal kun kechirardik. Bobom keksayib qolgani uchunmi, roʻzgʻor tashvishlari asosan mening zimmamda edi.

Oʻsha kuni u qoʻlimga tutqazgan oʻn litrlik shisha idishdagi aroqni pullab, bir pud joʻxori olib qaytish maqsadida bozorga yoʻl oldim. Ovim baroridan keldi. Uzoq xaridor kutmadim. Xaridor molimni bir pud joʻxoriga almashgani yetmagandek, kamiga choʻntagimga bitta qizil oʻttiztalik pulni ham solib qoʻydi.

Bozordan qaytishda oshxonaga kirib, uch porsiya kotlet va limonadga buyurtma berdim. Bufetchi avval pulim borligiga ishonch hosil qilgach, buyurtmani stol ustiga keltirib qoʻydi.

Shu payt oshxonaga uzun junlari loyga belangan, qop-qora, ozgʻin koʻppak kirib keldi. U avval xonani bir aylanib chiqdi, keyin menga qarab, dumini likillata boshladi. Men idishdagi kotletlardan birini uning oldiga tashladim. Kuppak kotletni bir yamlab yutdi va hech narsa boʻlmagandek yana menga termildi.

Shu payt bufetchi kelib, koʻppakni hayday boshladi:

– Bor yoʻqol, itdan tarqagan!

Koʻppak shu zahoti tashqariga intildi. Bu paytda men ham ovqatimni yeb bitirgandim. Tashqariga chiqqanimda boyagi koʻppak hamon ostonada moʻltirab turardi. Yoʻlimda davom etarkanman, ortimda boyagi koʻppakning jon holatda angillagani eshitildi. Bir payt qarasam, koʻppak oʻqdek oldinga uchib bordi-da, oʻzini koʻprik ostiga suvga urdi.

Darrov ortimga oʻgirilib qaradim. Bufetchi qoʻlida bugʻ burqsiyotgan boʻsh qozonni changallab turardi.

– Bu nima qilganingiz? – dedim boʻgʻilib.

– Hechqisi yoʻq, bechora sovqotib turgan ekan, qizib olsin dedim.

– Eshshak, – deb baqirdim ovozim boricha.

Bufetchi avvaliga qotib qoldi. Keyin men tarafga halloslab chopishga tushdi. Shu zahoti yerda yotgan kattakon toshni qoʻlimga oldim. Avzoyimni koʻrib, bufetchining ham shashti soʻndimi, indamay ortiga burildi.

Koʻppak koʻprik tagida dir-dir titragancha ingrab yotardi. Uning tumshugʻi, old oyoqlari qaynoq suvda kuyib qolgandi. Koʻzlaridan esa duvillab yosh oqar, chamasi, nima sababdan uni bu taxlit ayovsiz jazolashganini tushunolmay hayron edi. Uning ahvolini koʻrib men ham koʻz-yoshlarimni tutib tura olmadi. Koʻylagimni yechib, oʻrtasidan ikkiga boʻldim-da, koʻppakning bir koʻzini, bir oyogʻini avaylab bogʻladim. Keyin uni oʻzim bilan uyga olib keldim.

– Bu nima? – soʻradi bobom savatdagi jonivorni koʻrab.

– Koʻppak, – javob qaytardim.

– Shuyam koʻppak boʻptimi? – burun jiyirdi bobom. – Qayoqdan topding?

– Bufetchi ustidan qaynoq suv toʻkvordi.

– Oʻgʻrining jazosi shu-da.

– Uning qorni och, – dedim koʻppakning boshini silab.

– Anavilarini yechib tashla.

Darhol bogʻichlarni yechdim.

– Boplapti-ku, – dedi bobom itning kuygan joylarini koʻzdan kechirarkan. – Bu issiqda yaralar qiyin bitadi. Borib moy opke, yaralariga suramiz. Oyogʻini-ku, oʻzi tuzatadi. Biroq koʻzi…

Ertasi kunidan bizning uyimizda ham it hura boshladi. Biz uni Jek, Yoʻlbars, Boʻynoq, Murka singari nomlar bilan chaqirib koʻrdik. Birortasiga parvo ham qilmadi. Shunda uni oddiygina qilib Koʻppak deb atay qoldik.

Bir oy oʻtib, oyogʻi tuzaldi. Tumshugʻining kuygan qismidan ham yangi tuklar oʻsib chiqdi. Shu tariqa u quvnoq, chiroyli itga aylandi. Qishloqda bunaqasi hech kimda yoʻq.

U ayollar va bolalarga tegmas, qishloqdagi hamma parrandalar orasidan oʻzimizning tovuqni ajrata olar, hatto unga qoʻriqchilik ham qilar, erkaklarni esa uyga yaqinlashtirmasdi. Baʼzan qoʻshnilarimiz “Endi sizlarnikiga chiqolmaydigan boʻlib qoldik”, deb yozgʻirishardi. Bobom esa bunga javoban kulib qoʻya qolardi.

U mening eng yaqin hamrohim boʻlib qoldi. Qayerga borsam, ortimdan ergashadi.

Koʻppak bobom bilan ham yaxshi kelishib qoldi. Baʼzan bobom uni yoniga chaqirgancha, boshidan oʻtganlarni hikoya qila boshlaydi. Koʻppak ham boshini quyi solib, diqqat bilan bobomni eshitadi. Xuddi hamma gapni tushunayotgandek har zamonda bosh chayqab qoʻyadi.

Koʻppak tunda hovlida yotadi. Hamma itlar qatori kechasi bilan hurib chiqadi. Xoʻroz qichqirigʻi, mushukning miyovlashiga, shoqolning ulishiga javoban akillashni burchi deb biladi. Qishloqda eridan, oʻgʻlidan yoki aka-ukasidan qoraxat olib uvvos solayotgan ayollarning faryodiga ham befarq qaramaydi, tumshugʻini koʻtarib, shikoyatomuz uv tortib qoʻyadi.

1943 yilning 22 avgustida, yarim tunda butun qishloq itlarining biri olib-bir qoʻyib akillashidan uygʻonib ketdim. Ayni it zoti kuyukkan bunaqa paytda kim ham itlarning gʻavgʻosiga quloq solardi. Hamma koʻrpaga boshini burkab, yana uyquga ketdi.

Ertalab Aslan Tavberidze buloq boshida allaqanday itning gʻajib tashlangan loshini koʻribdi. Itlarning iliqish mavsumida bunaqa holatlar tez-tez uchraydi. Bu holga uncha eʼtibor qaratishmadi. Uni darhol koʻmib tashladik.

Choshgohda qishloqqa bir notanish kimsa itini izlab kelib qoldi. Uni Aslanning yoniga joʻnatishdi. Men ham ortidan bordim.

– Kirill Mamaladze, Xevidanman, – dedi notanish kimsa. – Itim yoʻqolib qoldi. Bugun qanaqadir itni koʻmgan ekansiz.

– Ha, – dedi Aslan. – Manavi yigit bilan birga koʻmdik. Nima edi?

– Menga oʻsha joyini koʻrsata olasizmi?

Uni haligi it koʻmilgan joyga olib bordik. Kirill itni bir koʻrishda tanidi.

– Ha, u mening itim, – dedi u qazib olingan loshga tikilib. – Kecha u oʻgʻlimni tishlab qochgan ekan. Pasterov stansiyasiga olib borganimda, itning miyasini tekshirib koʻrish uchun kallasini op keling degandi. Xudo koʻrsatmasin, agar it quturgan boʻlsa, bolaga qirqta ukol qilisharkan. Qirqta! Bechora bolamning holi nima kechadi?

Mamaladze xoʻrsingancha, qopidan bolta chiqardi. Men esa shart burilib, uyga chopdim. Bobom gaplarimni eshitib, peshonasini tirishtirdi.

– Yaxshi ish boʻlmabdi, – dedi oyoqlari ostida choʻzilib yotgan Koʻppakka qarab.

Kechqurun qoʻshnimiz Badria chiqib bobomdan miltigʻini soʻradi.

– Nima qilasan? – soʻradi bobom.

– Itimni otib tashlayman.

– U senga nima gunoh qildi?

– Eshitmadingizmi? Kecha kimningdir koʻppagi bizning itlarimiz bilan gʻajishibdi. Ha, aytgancha, boyagi odamning gapini sen ham eshitding-ku? – u shunday deya menga yuzlandi. – Bolasini qopib olgan ekan.

– Lekin u itni quturgan demadi-ku? – soʻradim undan.

– Tentak, sogʻ it oʻz xoʻjayinining bolasini qopadimi? – yelka qisdi Badria. Men indamadim.

– Unaqada senga miltigʻimni berolmayman, – bosh chayqadi bobom.

– Unda itni nima bilan oʻldiraman?

– Qoziq bilan.

– Nimalar deyapsiz? Men bunchalik vahshiymasman.

– Unda bilganingni qil.

Badria ketgach, bobom menga Koʻppakni oʻtinxonaga qamashni buyurdi.

Zum oʻtmay qishloq boʻylab avval oʻq ovozlari, keyin itlarning jon halpidagi chayillashi, erkaklarning shovqini eshitildi. Qoʻshnimiz Badrianing uyida ham oʻq varangladi, keyin Alistrax, Makarianing uyida ham shunaqa qiyomat qoʻpti. Itlarning faryodidan qulogʻim bitayozdi. Bobom ham quloqlarini berkitgancha bir nuqtaga tikilib oʻtirardi.

Bu aql bovar qilmas it qirgʻini bir soatcha davom etdi. Bir soat qishloqda shovqin-suron tinmadi. Bir soat oʻtinxonaga qamalgan Koʻppak ham eshikni timdalab, ulidi. Keyin hammasi jimib qoldi. Borliqqa oʻlik sukunat choʻkdi.

Tong otdi. Xoʻrozlar qichqirdi. Sigirlar moʻradi. Echkilar maʼradi. Tovuqlar qaqogʻladi. Konsxouli uzra quyosh charaqladi. Lekin qishloqda nimadir yetishmasdi. U allaqanday qadrdon, odatiy, koʻz ilgʻamas jihatidan mahrum boʻlgandi. Qishloqning tor soʻqmogʻi boʻylab yelkasiga boltasini osiltirib kelayotgan Aslan Tavberidze koʻrindi. Uning izidan qolmaydigan shalpangquloq Tuzik koʻrinmasdi. Ha, qishloqning qon-qoniga singib ketgan, endilikda yetishmayotgan bu narsa it edi. Oddiy it.

1943 yil 24 avgust tongini qishlogʻimiz itlarsiz qarshi oldi.

…Bizning Koʻppagimiz ham kun boʻyi darchadan tashqari chiqmadi. Hech narsa yemadi, hurmadi. U bobomning oyoqlari ostida horgʻin choʻzilib yotardi. Koʻtarilib tushib turgan qornini aytmasa, uni oʻlgan deb oʻylash ham mumkin edi.

Kechga yaqin yana Badria paydo boʻldi.

– Salom, Spiridon ota! – soʻrashgan boʻldi u. – Odamlar sizdan xafa. Kecha uyingizda oʻq otilmaganmish.

– Nega uyimda oʻq otilarkan? – oʻzini bilmaganga oldi bobom.

– Spiridon ota, bitta itni deb odamlarning koʻnglini qoldirmang. Itingizni oʻldiring. Bizning itlarimiz ham siznikidan yaxshiroq edi, voz kechdik-ku? Odamlardan ajralib qolmoqchimisiz?

– Yoʻq, Badria, oʻlsam tobutimning ustida hatto it ham uvillamaydigan ahvolda qolmay deyapman-da.

– Menga qarang, – dedi dafʼatan Badria tutaqib. – Agar itingiz quturib, bolalarimdan birovini tishlaydigan boʻlsa, uyingizni yer bilan yakson qilib ketaman.

Garchi olaqorongʻi boʻlsa-da, bobomning rangi qanchalik oqarib ketganini ilgʻadim.

– Menga qara, mishiqi, – dedi u ovozi titrab. – Tilingni tiy, boʻlmasa, quruqshagan suyaklarimni uyingning gulxanida isitishga majbur boʻlaman.

Badriya indamay uyiga ketdi. U nima deb oʻylaganini bilmadim-u, uning oʻrnidan men boʻlganimda, kechasi bilan mijja qoqmagan boʻlardim. Chunki bobom shu paytgacha aytganini qilmasdan qolmagan.

…Yarim kechasi hovlimizning narigi burchagidan ikkita oʻq ovozi va itning akillashi eshitildi. Oʻrnimdan sapchib turdim-u, miltiqni olib, oʻq otilgan tarafga oshiqdim. Kimdir oʻzini butalar panasiga oldi. Keyin qochib borayotgan odamning qadam tovushlari quloqqa chalindi.

Koʻppak chetan devor tagida yotgancha, zaifgina gʻingshirdi. Uni asta koʻtarib uyga kirdim. Bobom moychiroqni yoqqan, echki poʻstagi ustida oʻtirardi. U Koʻppakning yarasini spirt bilan artib, tamaki qoʻyib bogʻladi

– Uncha qoʻrqinchli emas, – dedi bobom. – Oʻq suyakka tegmabdi. – Keyin itga oʻgirildi. – Kim seni bu ahvolga soldi, jonivor?

It boshini quyi soldi.

– Biladi, – dedi bobom. – Lekin gapirolmaydi, bechora.

Keyin u itni balkonga olib chiqishimni buyurdi. Bizning uyimiz tepalikda joylashgandi. Bobom ayni paytda balkondan xuddi qishloqni ilk bor koʻrayotgandek ser solardi. U ancha payt jim turgach, menga oʻgirildi.

– Bolam, chindan ham, bitta itni deb qishloqdoshlarni ranjitish yaramaydi. Miltiqni ol, Koʻppakni ham qishloqdan tashqariga olib chiq. Faqat oʻq ovozini eshitmasam boʻldi.

Titrab ketdim. Ammo shu paytgacha bobomning gapini ikki qilmagandim. Miltiqni yelkamga ildim. Koʻppakning zanjiridan yetakladim. Koʻppak najot kutgandek bobomga qarab moʻltiradi. Bobom esa yigʻlab yubormaslik uchun yuzini ters oʻgirdi.

Biz qishloqni kesib oʻtib, katta yoʻldan daryo qirgʻogʻiga olib tushuvchi soʻqmoqqa qayrildik. Koʻppak itoatkorlik bilan boshini eggancha ortimdan loʻkillab kelardi.

Daryo boʻyiga yetganimizda, Koʻppakning boʻynidagi arqonni yechib, kattakon tosh ustiga oʻtirdim. Yuzimdan sovuq ter quyilar, yuragim gurs-gurs tepardi. Biroz tinchlangach, yelkamdagi miltiqni qoʻlga oldim. Shu paytda Koʻppakning maʼsum, mute nigohlari bilan toʻqnashdim. Beixtiyor koʻzlarimni olib qochdim va miltiqdan gilzalarni chiqarib, suvga uloqtirdim.

Yelkamdan togʻ agʻdarildi goʻyo. Shu payt Koʻppak yugurib oldimga keldi va qoʻllarimni yaladi. Keyin esa oʻzini suvga tashlab, shataloq otgancha, atrofga suv sachrata boshladi. Soʻngra qirgʻoqqa chiqib, qum ustida yastandi. Uning oyogʻidagi yarasi qontalash boʻlib turar, koʻzlari yoshlangan, biroq… u kulardi. Ha, ishonavering, Koʻppak quvonchdan xandon otayotgandi.

– Menga qara, Koʻppak, – dedim unga qarab. – Endi bor! Umuman ovozingni ham chiqarmaslikka harakat qil. Odamlarni quvma, ularga tashlanma, qopma, umuman ulardan nari yur! Boʻlmasa, ular seni oʻldirishadi. Qishloqqa qayta koʻrma. Bizdan rozi boʻl, Koʻppakjon!

U meni tushundimi-yoʻqmi, bilmadim. Lekin men ortimga burilganimda, u hamon joyida turardi.

– Xoʻsh? – soʻradi bobom. Men indamay, miltiqni olib bobomga uzatdim. Bobom miltiq magazinini ochib koʻrdi. Keyin menga qarab, maʼyus kulimsiradi:

– Oʻgʻlim, bunaqa feʼling bilan hayotda koʻp qiynalasan!..

…Bir hafta oʻtib, shoqol Ekvtime Siradzening echkisini boʻgʻizlab ketdi. Keyin kimdir Aslan Tavberidzening omboridan oʻn pud donni oʻmaribdi. Yana bir kuni Berdzenishvilining sigiri hovlimizga kirib, yangi oʻtqazilgan koʻchatlarni sindirib ketdi. Uning ketidan Nina xolaning sigiri bilan Sipito amakining novvosi izsiz yoʻqoldi…

Odamlar sarosimaga tushib qoldi. Hamma bir-biridan norozi. Hatto bir-birini boʻralab soʻkkanlar ham boʻldi.

15 oktyabr kuni rosa kuchli jala quydi. Sel daryo qirgʻogʻidagi tegirmonlarni oqizib ketdi. Faqat Goraberejoulidagi bitta tegirmon omon qoldi. Ertasi kuni bobom meni oʻsha yoqqa joʻxori tortib kelgani joʻnatdi. Kechga yaqin tegirmondan chiqqan bir qop joʻxori unini orqalab ketmoqchi boʻlganimda, boʻsagʻada Kirill Mamaladze paydo boʻldi. U tegirmonchi bilan salomlashdi. Menga esa uncha eʼtibor ham qilmadi.

– Oʻgʻlingiz tuzalib qoldimi? – deb soʻradim Mamaladzedan.

– Oʻgʻlimga nima qipti? – ajablandi u.

– It tishlab oldi degandingiz-ku?

– H-a-a-a! Tuzalib ketdi. It quturmagan ekan. Doktorlar tekshirib koʻrib aytishdi.

– Quturmagan ekan?! – turgan yerimda qotib qoldim. – Siz… Ular… Siz odam emas ekansiz! – shunday deya uning javobini kutmay, ortimga qayrildim.

Ertasiga bu haqda bobomga aytsammikin, deb kun boʻyi oʻyladim. Keyin bu fikrimdan qaytdim. Nima foydasi bor? Qopni yerga tashladim.

18 oktyabrda bobom yotogʻidan chiqmadi.

20 oktyabrda mendan uyda qolishni iltimos qildi.

25 oktyabrda bobomning qoʻl-oyoqlari shishdi.

27 oktyabrda u meni chaqirib, qoʻlimga omborning kalitini tutqazdi.

28 oktyabrda meni oldiga oʻtqazib, vasiyat qildi.

– Bolam, vaqti-soatim yetgan koʻrinadi. Sen qoʻrqma. Men hamisha sening yoningda boʻlaman. Faqat uyimizni tashlab ketmasang, chirogʻimizni yoqib oʻtirsang, boʻlgani. Hali urush tugaydi. Otang qaytib keladi. Aniq bilaman – u tirik. Ertaga omonatimni topshiraman. Faqat sen qoʻrqma. Hamma ishni qoʻshnilar qilishadi. Faqat uyimizda ayol kishi yoʻqligi chatoq-da! Ortimda dod solib yigʻlaydiganim yoʻq.

Tongga yaqin bobomning joni uzildi. Mening mehribon bobojonim! U meni tashlab ketdi. Oyoqyalang koʻchaga yugurdim. Sovuq etni junjiktirardi. Toʻgʻri qarshimizdagi hovlining eshigini qoqdim.

– Margalita!

Avvaliga hech kim javob bermadi. Ikki-uch chaqirganimdan soʻng ichkaridan ayol kishining uyqusiragan ovozi keldi. Biroz oʻtib, qoʻshnimizning katta qizi Margalita koʻzini uqalab chiqdi.

– Tinchlikmi? – soʻradi menga qarab.

– Haligi… bobom oʻlib qoldi. Uyimizda dod solib yigʻlaydigan ayol kishi yoʻq. Iltimos…

Margarita indamay, ortimdan ergashdi…

Bobomni 1943 yil 4 noyabr kuni dafn qilishdi. Marosimda atrof-javonibdan odamlar yopirilib keldi. Har bir qishloqdan bittadan ayol goʻyanda kelib, rosa chuvvos koʻtarishdi. Qoʻshni xotinlar ham chapak chalib, dod solib yigʻlashdi:

– Voy, parixatgina nabirangizni kimlarga tashlab ketdingiz, otaginam-m-m!

Balkon ham, hovli ham, hatto koʻchamiz ham odamlarga toʻlib-toshgandi. Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Dafʼatan tumonat odam ikkiga ajralib, oʻrtada kichik yoʻlak hosil boʻldi. Undan junlari loyga belangan Koʻppak ogʻir qadamlar bilan bobomning tobuti turgan xonaga yoʻl oldi… U old oyoqlarini tobut ustiga qoʻydi-da, shu taxlit qotib qoldi. Tobutda yuzida nim tabassum bilan yotgan bobomning yuzlariga tikilib, xuddi yosh bolaning yigʻisiga oʻxshash ohangda gʻingshidi.

Olomon orasidan kimdir “Xudoga shukur-yey” deb yubordi. Men ham oʻzimni tutolmay yigʻladim.

Shu payt yana bir moʻjiza yuz berdi. Xonaga Badria kirib keldi. U itni koʻrib rangi oqardi. Biroq tezda oʻzini qoʻlga olib, men tarafga yurdi. Hamdardlik bildirish uchun yelkamga qoʻlini bosgan paytda it unga qarab irilladi. Keyin koʻzlari yonib, akillashga tushdi. Badria oʻzini mening orqamga oldi.

– Anavinga qarsang-chi? Men… men hol soʻragani chiqdim, xolos.

Men Koʻppakni tinchlantirarkanman, bobomning gaplarini esladim: “Biladi. Faqat gapirolmaydi bechora…”

– Keting, bu yerdan, – dedim Badriaga qarab.

…Oʻsha oqshom Koʻppakning tanish ovozi qishlogʻimiz boʻylab yoyildi.

 

Rustam JABBOROV rus tilidan erkin tarjima qilgan.

 

“Yoshlik”, 2016 yil 8-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/koppak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x