OQ LAYLAK
(Turkumdan)
1.
Chechaklar edi yelkan
Suzganimda qirlarda.
Ona yurt ona ekan,
Oshiq edim hurlarga.
Eski machit qaydasan?
Azon yangrasa nogoh,
Yuragimda paydosan,
Xavflardan etib ogoh.
Sogʻinch oʻrtaydi bilmam,
Vayronalarga mahkum.
Xochday ortadi gʻamim,
Dunyo tuyuladi xum.
Har narsa yotlashadi,
Qadrdonlar begona.
Men bilan dardlashadi
Ezgʻilangan ostona…
Sharq kabi oriyatim,
Xazonlarday uchadi.
Qayda ezgu niyatim,
Turnalarday koʻchadi.
Tor xonamga biqinib,
Xat bitgum chechaklarga.
Tushlarimda tiniqib,
Ketaman ertaklarga…
Xayr, xush qol ona yurt,
Mehringga men juda zor.
Unutmay, orziqib kut,
Ishqim Sengadir nisor.
Mana yaqin, erir qor,
Ochilar gullaring xush.
Hanifa va begʻubor
Boshlasa bahor yurish.
Men, axir, toʻngʻich oʻgʻil,
Dildan ketkazgan armon.
Boshlarman Sen sari yoʻl
Chaqmoq chaqnagan bir on!
2.
Dekabr. Vatanimdan juda olisda
Sogʻinib yorugʻlikni injiq kuylayman.
Tiklanadi boʻlganlar xasta,
Ranglanadi nima oʻylayman.
Gʻarib, tang roʻzgʻorim, miskin xayolim
Hech kimning yetmaydi qoʻllari.
Tola nurdek birgina tolim,
Tikkaga oʻrlaydi yoʻllarim.
Zoriqqanim zangor shavq hayot
Sogʻinch jaranglaydi koʻzimda.
Kimlarnidir etganimcha yod,
Sevgi choʻgʻ tashlaydi boʻgʻzimga.
Kecha borlar nahot bugun yoʻq,
Kecha yoʻqlar nahot bugun bor.
Qimirlaydi jonimdagi oʻq,
Qoʻl silkiydi yonimdagi dor.
Huzurimga kelgan koʻngildir,
Birovlar hech qachon kutmagan.
Olovda ham bulbul bulbuldir,
Gullarni sevganu oʻpmagan.
Bandalarni boʻlgan guruhga,
Ojizlarni koʻrgan qudratli,
Sharpalar oʻlgandir ruhimda,
Tongni qarshilayman jurʼatli.
Minoralar ogohchi dasta,
Haqdor huzuringga shoshaman.
Iymonsizlar qolgan huv, pastda,
Oq laylakman, togʻlar oshaman.
Menga til bergin, bergandek koʻngil,
Qalam bergin, bergandek qarogʻ,
Imkon bergin, berganingdek yoʻl!
Qarz oʻrtaydi, kattalashgan dogʻ…
3.
Qorlar avjlayverar tobora,
Yomgʻirlar koʻzimni ochirmas.
Yigʻlatgan haqiqat roʻpara,
Unut iztiroblar berar sas.
Sevgim koʻmilib-da ketadi,
Orzum bilan kimning ishi bor?
Qayragʻochlar taklif etadi:
Shoxlarimiz afsonaviy dor.
Muz ostida shafaq titraydi,
Quyosh qancha kunlar zanjirband.
Ruhiyat atirgul istaydi,
Tushlarimda yigʻlar Samarqand.
Achchiq xotirlarga toʻlgayman,
Nahot rostdir sodir boʻlgani.
Onamni oʻrtanib oʻylayman,
Tulkilar keladi kulgani…
Doʻstim bahor, axir, oʻlmagan,
Hurmasang-chi, bunchalik dovul.
Bir shoirman, koʻngli toʻlmagan,
Ketmoqchiman, koʻrsata qol yoʻl!..
4.
Orziqtirar boshqa bir dunyo,
Qor ostida uxlaganlarim…
Xat yozaman, qaytmaydi sado,
Yoʻqlolmaydi yoʻqlaganlarim.
Kimdan xafa boʻlay astoydil,
Netay, toʻzondagi yoʻlchiman…
Qish ishlaydi halol va odil,
Men bahor yurtidan elchiman.
Koʻrganlarim ertak bilaman,
Yashamayin qaysi faslda.
Zamharir yurakni tilaman,
Hayot oppoq qordir aslida.
Hech kim boqmasa ham mayliga.
Bir daydiday koʻrsa ham shahar.
Salom deyman muzlar xayliga,
Sut koʻraman may tutsalar gar…
Quvalayman qor parchalarin,
Akaman qunishgan qushlarga.
Oʻrgilaman tul archalarni,
Bor mehrimni tutdim shularga.
Derazadan boqar oyimlar,
Koʻchalarin qulday kurayman.
Koʻtarib Alpomish yoyini,
Qoʻngʻir ayiqlarday yurgayman.
Kulcha nonday tansiqdir koʻzim,
Tamshantirar qayragʻochlarni.
Musiqaday taralar soʻzim,
Hovliqtirar koʻngli ochlarni.
Umid koʻzin tikkan yurtim bor,
Onamning nolasi koʻksimda.
Pistoqi dardlarim begʻubor,
Yoʻlga chiqqan mening boʻgʻzimda.
Oʻzimga viqorli sabr tilayman,
Havolar tillashgan qalbim-la.
Zor Gʻarbda hur Sharqni anglayman,
Muqarrab boʻldimmi Rabbimga?!
5.
Men bir chuvalchangman, men bir chuvalchang,
Koʻchalarda sabo ila tunadim.
Ey hur, nahot ishqim qonagan yarang,
Dinimdan chiqardi, eldan haydadi.
Sohir hislaringni oʻynadim…
Tonggacha tush koʻrmas yulduz tashiyman,
Qanday qavm bilan qoʻshildi rizqim?
Gunoh istab kelgan nahot osiyman?
Bobom mehr bilan atagan ismim
Begona, begonalar uchun yigʻladim…
Janubga tortqiladi qolgan boʻlagim,
Muzlarni oralashdan nigohim toldi.
Moviy oʻngirlarda soʻngan yuragim,
Unut orzularin eslab uyaldi…
Qaydasan kerakmasim – afif tilagim?
6.
MUHOJIRNING TUSHI
Qorlar raqs tushadi, shamol oʻyinchi,
Qalbiga yoʻlatmaydi begona shahar.
Sogʻinganim uchun soʻrar suyunchi,
Olislardan meni yigʻlatgan dilbar.
Kun kelar, yuragimni yoqar boʻlak kuy,
Kuzatgisi kelmas qadrdon shahar…
Koʻnglimda binafshalar taratadi boʻy,
Xayolimni quchib yigʻlaydi dilbar…
7.
Tabriklarni bir-bir qabul qil,
Gʻanimlarni tingla beozor.
Bu damlarni xush, gʻanimat bil,
Kutganlar bor qancha intizor.
Qushlar kabi koʻcharmiz bir-bir,
Yelkamizda fidolar haqi.
Hayotimda chaqnadi chaqin,
Baxtiyorman Xudoyim haqqi.
Yashadim-ku tilsiz necha yil,
Yoʻlsiz tongda yigʻladi dardim.
Yechildimi yurakdagi gʻul,
Gʻururimni oʻldirgan Qadrim.
Olamlarni aylanaman shod,
Doʻstlar kelar, yodi begʻubor.
Kuychilarin unutgan hayot,
Mavjlanadi koʻnglimda takror.
Musibati, hayrati ulugʻ,
Koʻchalari qoʻnoq hurlarga.
Orzulari hilpiragan tugʻ,
Qoʻlimdami, boqdim nurlarga.
Sening qaygʻung bilan yonaman,
Adolaring kimni etmas gʻarq.
Shodligimdan, oh, devonaman,
Uygʻondingmi, onajonim Sharq?!
Tabriklarni bir-bir qabul qil.
8.
Bu yerlarda haqqim qolmadi,
Shamollarda izladim omad.
Dardlarimni kimlar olmadi,
Shimol yurti, boʻlgin salomat.
Gullar ochilganda uxladim,
Xazonlarni terdim bittalab.
Qayinlarni quchib yigʻladim,
Oq qorlarga bosib hazin lab.
Hamma joyda oftob bir ekan,
Yorugʻlikka tashna odamzot,
Don tashlangan dunyo toʻr ekan,
Nimalarni koʻrmadim, hayhot.
Erkaladi erka sanamlar –
Qushlar chugʻurladi tegramda.
Tarqab ketdi mungli alamlar,
Malham bosdi bogʻlar yaramga.
Uygʻonmoqda olam qaytadan
Iso mehri koʻrsatdi yoʻl goh.
Bir qarzdor Muhammadiyman,
Qaytarmogʻim vosil et, Alloh.
Bu yerlarda haqqim qolmadi,
Hayronligim kechdi alomat…
Dardlarimni kimlar olmadi,
Yuragimdan chiqmaydi abad.
Vafo FAYZULLOH
Moskva
“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/konglimda-binafshalar-taratadi-boy/