Koʻngil javohiri

Soʻz atalmish benazir xilqat paydo boʻlibdiki, adabiyot inson hayotining eng muhim hodisalarini izlaydi. Ularni topadi, tahlil etadi, sabab va oqibatlari haqida fikr yuritadi. Ijodkor zoti borki, hayot va tiriklikning eng muhim muammolarini hal etishga intiladi. Bu ijod ahlini oddiy insonlardan ajratib turadigan eng katta fazilatlardan biridir.

Adabiyot inson qalbini kashf etish yoʻlidagi eng mukammal vositalardan biri. Toʻgʻri, tasviriy sanʼat, musiqa, haykaltaroshlik kabi sanʼat yoʻnalishlari ham inson qalbi moʻjizalarini qamrab oladi. Biroq ular koʻngilning bir yoki bir necha lahzalik oʻzgarishlarini ifodalay olishi mumkin. Adabiyot esa inson taqdirini toʻlaligicha qamrab olish imkoniyatiga ega.

Soʻz yaralganidan beri, adabiyot olamida inson psixologiyasini oʻrganish borasida juda koʻp ishlar amalga oshirildi. Bu izlanishlar samarasi toʻlaligicha badiiy asarlarda oʻz ifodasini topgan. Shu maʼnoda oʻtgan asrda va yangi asrning boshlarida yaratilgan romanlarni ham inson qalbini tadqiq etish yoʻlidagi ijobiy urinishlar sifatida baholash mumkin.

Soʻz inson farzandiga ato etilgan neʼmatlar orasida eng qadimiysi, eng buyugidir. Buyuk soʻz salaflari taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, soʻz “Yorugʻ dunyodan ham koʻra qadimiyroqdir”.

Hazrat Alisher Navoiy soʻzning mana shu xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shunday lutf etadilar:

 

Soʻzki jon gulshanida keldi nasim,

Bil koʻngul bahri ichra durri yatim.

Ulki, soʻz naqdiga mubassirdur,

Vasfi ichra tili muqassirdur.

 

Bu misralarda Navoiy soʻzni “Jon gulshani tomon esgan sirli shabboda”ga, koʻngil dengizining tubidan olib chiqilgan eng noyob gavharga oʻxshatadi. Shubhasiz, bu taʼriflar bejiz emas.

Mumtoz adabiyot olamiga nazar solsangiz, taqdirini soʻz bilan bogʻlagan, sheʼriyati bilan uning yuksalishiga katta hissa qoʻshgan oʻnlab ismlarga duch kelasiz. Ular orasida dilkash sheʼriyati bilan zamondoshlari orasida mashhur boʻlgan Xisrav Dehlaviy, sheʼriyati chinakam maʼnolar xazinasiga aylangan Nizomiy Ganjaviy, soʻzga bir paytning oʻzida maʼno va hikmatni joylay olgan Abdurahmon Jomiy, ularning maʼnaviy davomchisi boʻlgan Nizomiddin mir Alisher Navoiy, koʻngil samimiyatini soʻzga koʻchira bilgan Mavlono Lutfiy, otashin ishq kuychisi Fuzuliy, oʻzbek xalqining munosib farzandi Zahiriddin Muhammad Bobur singari oʻziga xos ijodkorlar bor. Ularning har biri badiiy soʻz taraqqiyotiga katta hissa qoʻshganlar. Shu xizmatlari tufayli soʻz tarixidan mangu oʻrin egallaganlar. Binobarin, ular aytmish har bir soʻzning bir necha maʼnolari bor. Bu shoirlar har bir baytlariga bir nechta mazmunni jamlay bildilarki, alaloqibat ularning sheʼriyati muhtasham bir qasr monand yuksaldi, eʼzoz topdi.

Hazrat Navoiy yaxshi soʻzni insonlar qalbiga orom beradigan kuch, deb ataydi. Uning nazdida ezgulik yoʻlida xizmat qiladigan soʻzlar koʻngil dengizining chinakam javohirlaridir. Bu javohirlarning gʻaroyibligi shundaki, ular xaloyiq oldida har qancha namoyish etilmasin, qiymati oʻzgarmaydi.

Umuman, badiiy adabiyot paydo boʻlganidan beri insonlar uchun xizmat qiladi. U inson hayotining barcha jihatlarini qamrab olgan. Shu maʼnoda soʻzni inson maʼnaviyatining poydevori deb ham atashimiz joiz. Bunga tarixdan ham misollar keltirish mumkin. Saʼdiy, Jomiy, Hofiz singari shoirlarning pand-nasihat ruhidagi dostonlari, sheʼrlari necha asrlardan beri sharq xalqlari uchun odob-axloq maktabi vazifasini bajaradi. Bu maktabning asosida soʻz yotadi. Shunday boʻlgach, hech ikkilanmasdan soʻzni buyuk murabbiy deb atash mumkin. Oʻzbek mumtoz adabiyotining necha asrlik namunalari soʻz zarofatiga yoʻgʻrilgani bilan alohida ajralib turadi. Chunki bu sheʼrlarda murakkab tasviriy ifodalar, ruhiyatning sirli manzaralari aks etadi. Toʻgʻri, mumtoz gʻazallar, ruboiylar, tuyuqlar maʼnosini bir marta oʻqigandayoq tushunib yetish mushkul. Ammo bu sheʼriy moʻjizalar xalqimiz adabiyotining, maʼnaviyatining ajralmas tarkibiy qismi boʻlgani bois yuragimizga yaqin. Shuning uchun ham bu soʻz moʻjizalarining maʼnosini anglashga urinaverish lozim.

Hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub har bir gʻazal, har bir misra shoirning soʻzdan bunyod etilgan haykalidir. Bu misralarda buyuk ijodkorning qalb sahovati aks etadi. Bu gʻazallarda tuygʻularini sheʼriyat osmoniga ayamasdan sochib yuborgan daho ijodkor yuragi boʻy koʻrsatib turadi.

Navoiyning sohir qalamidan shunday benazir asarlar yaralmaganida, sheʼriyatimizda yana oʻnlab oʻtnafas ijodkorlar tugʻilishi amri mahol edi.

Buyuk yuraklarning harakat zarblarida, hatto iztiroblarida ham oʻxshashlik boʻladi. Ha, aynan iztiroblarida. Zotan, eng taʼsirli, umri mangulik bilan birlashib ketguvchi soʻzlar aynan iztirobdan tugʻiladi. Shunga oʻxshash Zahiriddin Muhammad Bobur ham Alisher Navoiy ijodidan, uning mazmunli umridan juda koʻp ibratlangan. Shu bois oʻzining “Boburnoma” asarida Navoiyga boʻlgan hurmatini bayon etarkan, Hirotda boʻlganida shoir bunyod ettirgan inshootlarni koʻzdan kechirgani haqida yozadi. Balki u bu maskanlarda maʼnaviy ustozining ruhi bilan xayolan suhbatlashgandir. Uning pokiza ruhidan madad soʻragandir. Zero, Navoiyning tafakkur karvonini boshqarib boradigan tuygʻulardan biri – ogohlik. Shoir aytgan har soʻz ham aslida insonlarni ogohlikka chaqiradi.

Shoir oʻzining yuksak maqomdagi fikrlarini, teran mulohazalarini sodda usullarda aytadi. Kezi kelganda ikki olamga ogʻirlik qiladigan buyuk haqiqatlarni ikki misra sheʼrga jamlay biladi. Axir, Navoiyning daholigi siri ham shunda emasmi?

Darhaqiqat, inson tafakkuri va maʼnaviyatini yuksaltiradigan, oʻzini va Oʻzlikni tanitadigan vosita bu soʻzdir. Shu maʼnoda aytish mumkinki, soʻz tiriklik manbai.

 

Dilnavoz RAHMATOVA,

Jahon tillari universiteti oʻqituvchisi

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kongil-javohiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x