Koʻchalar quvonchdan ketar jaranglab

Onajonlar

 

Jamalaksoch qizchalarday dil hapqirib,

Yuragimda gullay boshlar hayajonlar.

Koʻnglidagi orzularin ipak qilib,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Devor osha angrayadi qantak oʻrik,

Qumgʻonda suv biqirlaydi holi qurib.

Cholginamga, deb paxtali toʻnmi, qiyiq,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Belanchakni tebratadi qoʻhna qoʻshiq,

Tebranadi Alpomishdan qolgan beshik.

Gullariga Yaratganning ishqi tushib,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Bitdimi, deb quyosh halak kelar tikka,

Tars yorilar anorlarning poʻsti yupqa,

Chiqsa hamki, gʻalvir soʻrab, yo elakka,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Dunyolarning dardlarini aritganday,

Armonlarin, alamlarin qaritganday,

Vaqtning uchqur tulporlarin horitganday,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Mevasi bol ishkomlarning soyasida,

Oʻzlari ham xudoyimning soyasida,

Deysiz jannatlarning pillapoyasida,

Supachada doʻppi tikar onajonlar.

 

Daraxtlarga qasida

 

Olloh deb gullaydi, koʻtaradi tugʻ,

Hikmat soʻylar hatto bukchaygan qaddi.

Hech kim erkdan saboq berolmagay, yoʻq,

Donishmand, muallim daraxtlar kabi.

 

Soʻylab berar yulduz, osmon haqida,

Qushlar uchun koʻkka parvoz oshyoni.

Boltalar zulmiga tutlardan boshqa

Oʻrgatolmas hech kim goʻzal isyonni.

 

Vatan, senga agar sevgim beqiyos,

Jonfidolik joʻshib tursa qalbimda,

Dars bermagan hech kim chinorday hassos,

Matonatu mardlik, gʻurur haqida.

 

Gulbarglar sheʼr oʻqir osmonga yoddan,

Uchmoqqa shaylanar dil parvozlanib.

Daraxtlarday tugʻma shoir oldida

Xijolat tortasan sheʼrlar yozgani.

 

Otamga

 

Ota, yuragimni sovutib, bosib,

Sizni eslaganda yonadi yuzim.

Farzand boʻloldimmi sizga munosib?!

Axir, oldingizda koʻp edi qarzim.

 

Garchi yolgʻon dunyo girdoblarida

Bergan tuzingizni oqlab oʻtdim men.

Yuragimning iymon kitoblarida

Poklik, halollikni yoqlab oʻtdim men.

 

Otam umriboqiy yuradiganday,

Oʻlmaydigan, mingga kiradiganday,

Nechun gʻaflat bosdi meni, onajon,

Dunyolarga ustun turadiganday.

 

Mana, koʻz oldimda… ilhaq, koʻchada…

Nigoron termulib men kelar yoqqa.

Sogʻinchu soʻzingiz qolgan supada

Endi oʻltiribman mangu firoqda.

 

Qoʻngʻiroqlar kelar ustma-ust tongda:

– Otam sogʻinibdi! – zorlanar ukam.

– Zarur ishlarim koʻp, – qilaman zarda,

Axir, yuribdilar… salomat, bardam.

 

Boʻzlab axtaraman duo olgani,

Kunlarimda yoʻqday fayzu barorim.

Hasratda oʻtarmi umrim qolgani,

Rozi ketdimikin pir, buzrukvorim.

 

Qabringizga yogʻsin rahmat yomgʻiri,

Sizsiz huvillaydi kecham, kunduzim.

Iltijolaringiz oʻyar bagʻrimni:

– Birpasga yonimda oʻltirgin, qizim.

 

Mening koʻnglim kabi, sogʻinchim kabi

Bahor qabringizga intiq, zoriqqan.

Yosh boladay boʻzlab, chopaman endi

Hidlaringiz qolgan Oltiariqqa.

 

Eslasalar…

 

Eslarmikin bir kun…

Bu daraxt

Ekkanimni shu goʻzal boqqa.

Eslarmi bu bulbullar xushbaxt

Kaftlarimdan qanot qoqqanin.

Shu erka nihollar eslarmi,

Suyaganim, boʻlganim qoya.

Dovul, saratondan toʻsganim,

Boʻlganimni qalqon, himoya.

Bu gʻam ezmas, bilaman, aslo,

Umrim ketmas shamolga, yelga.

Malham boʻlar xushifor, navo

Olis yoʻlga chiqqan hur elga.

Faqat…

Eslasalar gul, ozod soʻzlar

Ekmaganim qalblarga teran.

Ikki qoʻlim yoqamda boʻzlar,

Oʻtda kuyib yotarmi tanam?!

 

Oltiariq koʻchalarida

 

Bolajon koʻchalar bagʻri toʻlib boy,

Qantak shimgan cholday qiladi huzur.

Daraxtdan olmalar qoqadi bolday,

Oltin aso bilan hazrati Hizr.

 

Koʻchalar quvonchdan ketar jaranglab,

Toʻlib ketar shodon qiyqiriqlarga.

Mehrdan mayishgan bogʻlar gurkirab,

Behilar otadi gul ariqlarga.

 

Toʻkinlikdan sarmast,

Shirakayf toklar,

Gulob uzatadi yoqut ishkomlar.

Paxsa devorlardan engashar qantak,

Rizqu nasibaga toʻladi jomlar.

 

Begim onajonlar borarlar hurday,

Baxt, tole koʻtarib boʻxchalarida.

Jannat darvozasi ochilar shunday,

Sulton Oltiariq koʻchalaridan.

 

Bir kun…

 

Aylanadi

Charxikajraftor,

Aylanadi misli charxpalak.

Shu tuproqqa koʻmilib ming bor,

Milyon bora

Koʻkarar yurak.

 

Ayon qismat…

Billur tomchidek

Qumliklarga ketarman singib.

Yuz ming…

Ming yil qaʼridan balki

Ozod soʻzdek

chiqarman unib.

 

Men oʻlmayman…

Ruhim nur kabi,

Samolarga qoʻshilgay abad.

Bir moʻjiza roʻy berar toki,

Buloq boʻlib koʻz ochgay, albat!

 

Aylanadi charxikajraftor…

 

Yogʻoch oyoq

 

Otam koʻnglidagi dard bilan oʻsdim,

Ergashib goh qoʻltiqtayoqlariga.

Qulunday chopolmay dilim oʻksidi,

Termulgancha yogʻoch oyoqlariga.

 

Qadamida poshna izimas, hayhot,

Ortidan tuproqlar toʻzgʻimas, hayhot.

Borar yuragimda janglar quyuni,

Tizimmas, otajon, boʻgʻzimgacha dod!

 

Otam ketdi koʻzlaridan qon sirqib,

Xotiralar oʻtmas pichoqda qirqib.

Ketdi yarim jonu butun dard bilan,

Tobutda jismimas, gʻam bordi qalqib.

 

Dardlar ulgʻaytirdi, dardlar suyadi,

Odam oʻlmas ekan gʻamu firoqdan.

Koʻzlarimni yumsam qaqshab ketadi,

Bolaligim chopar yogʻoch oyoqda…

 

Usmon Nosirning soʻnggi nidosi

 

Tosh turmalar,

Jallod turmalar

Ayar mendan parcha qogʻozni.

Bunda mudhish sukut oʻrmalar,

Chiqarmaslik kerak ovozni.

 

Madorim yoʻq qalam ushlashga,

Yuraklarim ketgandir ozib.

Devorlarga,

Hattoki toshga

Koʻzim bilan qoʻyyapman yozib.

 

Havo yoʻqdir nafas olmoqqa,

Eshitilmas hatto mahkum sas.

Qad koʻtarsang boshing yormoqqa

Bunda shiftlar qilib turar qasd.

 

Qoʻlda kishan,

Boʻynimda sirtmoq,

Koʻrarmanmi erkingni, Vatan.

Qonga toʻlgan yuragim bilan

Men qaʼringda qandoq yotaman?!

 

Umidim bor, bir kun kelar Erk,

Va tinadi zulmu faryod.

Kishanlarni parchalab, yorib,

Soʻzlarimni qilarlar ozod!

 

Enaxon SIDDIQOVA

 

“Yoshlik”, 2016 yil 7-son

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/kochalar-quvonchdan-ketar-jaranglab/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x