Inson hayoti uchun eng zarur narsalar qatorida birinchi non boʻlsa, ikkinchisi kitobdir. Non insonning moddiy ehtiyojini qondirsa, kitob maʼnaviy boylik, oʻzlikni anglash, eng muhimi insoniy tarbiyaning muhim manbai boʻlib xizmat qiladi. Aynan tarbiyaviy omilning kitobxonlik darajasi bilan bogʻliqligi mutolaa ishining har qanday davrda ham davlat va jamiyat uchun asosiy masala ekanligini anglatadi.
Bu oʻrinda mamlakatimizda aholi oʻrtasida, ayniqsa yoshlarda kitobxonlik darajasini oshirish, tarixiy xotira asosida farovon kelajakni barpo qilish yoʻlida qator tadbirlar amalga oshirilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Xususan, istiqlol yillarida milliy maʼnaviy qadriyatlarni tiklash, millat va xalqning maʼnaviy qiyofasini shakllantirish, oʻzlikni anglash yoʻlida mehnat qilgan maʼrifatparvarlarimizning hayoti va asarlarini haqqoniy oʻrganish, jahon ilm-fanidagi yutuqlardan bahramand boʻlish borasida olib borilgan ishlar samarasi oʻlaroq ijtimoiy turmushimizning barcha jabhasida hayotga nisbatan qarash oʻzgardi, milliy iftixor va vatanparvarlik hissi shakllandi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni tizimli tashkil qilish uchun, avvalo, huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda matbaa korxonalari va nashriyotlar soni ortib, markazda va joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan taʼminlangan axborot-resurs markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilishida muhim ahamiyat kasb etdi. Bu boradagi yutuqlar haqida uzoq gapirish mumkin. Taʼkidlash joizki, bugungi rivojlanish, yangilanish sharoitida, odamlar tafakkuri va dunyoqarashi ham oʻzgarib bormoqda va bu oʻz oʻrnida ularda hayotga nisbatan yangicha talab va istak bilan qarash koʻnikmasini shakllantirib bormoqda.
Shu asnoda jahon jamoatchiligi kitob va kitobxonlik masalasida turli fikrlar bildirilib, ayrim hollarda kitobning oʻrnini zamonaviy AKT egallaydi, deyilsa, bir guruh mutaxassislar asrlar davomida insonga eng yaqin yoʻldosh boʻlib kelgan kitob taraqqiyotning bugungi bosqichida ham eng yaqin maʼnaviy koʻmakchi boʻlib qolishini aytishmoqda. Biroq har qanday sharoitda ham kitobxonlik va mutolaa masalasi biz uchun ham zarur va joiz ahamiyatga ega boʻlib qolaveradi.
Bunga biz Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi farmoyishi misolida yana bir bor amin boʻlishimiz mumkin.
Ushbu huquqiy hujjat asosida tashkil etiladigan komissiya tomonidan kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida yuksak, intellektual saviyani oʻstirishga xizmat qiladigan kitoblarga boʻlgan talabni oʻrganish kabi bir qator vazifalarning belgilanganligi mazkur sohaning yangi rivojlanish bosqichini boshlab berishga xizmat qiladi. Bu oʻrinda yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi bejiz emas, albatta. Chunki maʼnaviy yetuk, bilimli avlodgina islohotlarimiz davomchisi, mamlakatimiz kelajagining bunyodkori va haqiqiy egasi boʻla oladi.
Joylarda kitob savdosini qoʻllab-quvvatlash maqsadida farmoyishda ixtisoslashgan kitob doʻkonlari uchun viloyat, tuman markazlari, aholi gavjum va qulay hududlardan joy ajratish yoki ijaraga berish masalalarini qayta koʻrib chiqish, sotuv aylanmasida kitob ulushining hajmi 70 foizdan ortiq boʻlgan tadbirkorlik subʼyektlarini alohida hisobga qoʻyib, ularga soliq imtiyozlari berish masalalarining belgilanganligi ham koʻpchilik istagining roʻyobi boʻldi, deyish mumkin. Chunki, kelajakdagi yuksak maʼnaviy samara oldida kitobxonlik, ziyokorlik uchun bugun qancha sharoit yaratilsa ham koʻplik qilmaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi maʼruzasida ham kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal qilish muhim vazifalar qatorida ekanligini taʼkidlab oʻtganlari yana bir bor kitobxonlik ishining oldimizdagi asosiy masala qatorida ekanligini anglashga xizmat qildi. Xususan, Bosh vazir raisligida maxsus komissiya tuzib bir oy muddatda darsliklar, maxsus va badiiy adabiyotga boʻlgan real ehtiyojni, ularni boshqa tillarga tarjima qilish, ular bilan oʻquv yurtlari, kutubxona va axborot-resurs markazlarini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini taqdim etish topshirildi. Bunda yoshlar va aholining keng qatlamlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalalariga ham alohida eʼtibor berish, kitoblarning haqiqiy narxi shakllanishini juda ham puxta oʻrganish zarurligi bildirilib, yoshlarimizning kitobga boʻlgan muhabbatini, ularning maʼnaviy immunitetini yanada oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqish ham muhim vazifalar qatorida turganligi qayd etib oʻtilganligi zamirida kelajak uchun qaygʻurishning yuksak namunasini koʻrish mumkin.
Taʼkidlash joizki, kitobxonlikni targʻib qilish, axborot – resurs markazlari faoliyatini jonlantirish, ayniqsa yoshlarni oʻzlarini qiziqtirgan, kelajak yoʻlida foydali axborotlar bilan taʼminlab borishda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish ham muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda yaqinda qoʻmitamiz tomonidan “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Xalq taʼlimi vazirligi va uning Andijon va Navoiy viloyatlaridagi boshqarmalari tomonidan ijrosi boʻyicha oʻrganish tashkil etilganligi misolida ham aytish mumkin. Oʻrganish natijalari boʻyicha aniq boʻlmoqdaki, bugun markazlardan yiroq boʻlgan chekka hududlardagi oʻquv muassasalarini uzluksiz sifatli internet bilan taʼminlash, ZiyoNET taʼlim portali faoliyatini jonlantirish, oʻquvchilar qatorida oʻqituvchilarning ham kitob mutolaasiga boʻlgan ishtiyoqini oshirish borasida yechimini kutayotgan talay ishlar bor. Bundan ushbu masalaga masʼullarning qonunlar ijrosi sifatini oshirishga ham eʼtiborni kuchaytirish kerakligi oydinlashmoqda. Chunki chekka hudud yoshlarining zamonaviy AKT imkoniyatidan foydalanib oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirishga, eng soʻnggi oʻquv adabiyotlaridan bahra olishga toʻla haqlari bor.
Bu oʻrinda aytish kerakki, qoʻmitaning joriy yil ish rejasida ham ushbu masala nazorat tahlil faoliyatining muhim yoʻnalishidan biri sifatida belgilanib, qoʻmita tomonidan “Axborot-kutubxona faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunning Toshkent shahri va Namangan viloyatidagi ijrosini oʻrganish rejalashtirilgan. Oʻrganish natijalari sohadagi qonunchilikni takomillashtirish bilan birga mamlakatimizda aholi oʻrtasida kitobxonlik darajasini oshirish, axborot-resurs markazlari faoliyatini yanada jonlantirishga muhim hissa qoʻshadi.
Har qanday buzgʻunchi kuch va xurujni yuksak maʼnaviyat bilan yengish mumkin. Shu maʼnoda kitobxonlik bugun barchamiz uchun hayotiy zaruratga aylanmogʻi kerak. Ushbu masalaga shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan alohida eʼtibor qaratilib bu borada muhim vazifalarning belgilab berilayotganligi aholi oʻrtasida yuksak maʼnaviy ong va maʼrifatparvarlikni targʻib qilish yoʻlida barchamiz uchun yangi ibrat bosqichini boshlab berdi, deyish mumkin.
Rasul KUSHERBAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzosi
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitobxonlik-zaruratga-aylanmogi-lozim/