Kitobli va kitobsiz dunyo

Jahon hamjamiyati kun sayin rivojlanib borayotgan XXI asrni “texnika asri”, “yuksak texnologiyalar asri”, “intellektual taraqqiyot asri” kabi eʼtiroflar bilan atamoqda. Albatta, bu gaplarda toʻla jon bor. Zero, uzoq va yaqin atrofga nazar solganda, bu sohalarda olamshumul kashfiyotlar yaratilib, odam bolasining aqlini lol qoldirgulik darajada buyuk ishlar amalga oshirilayotganini inkor etib boʻlmaydi.

Bugun taraqqiy etgan mamlakatlarda zavod va fabrikalar texnologik jihatdan elektronlashtirilib borilayotgani, badavlat oilalarning uylarini, u yerdagi xoʻjalik ishlarini hatto robotlar boshqarayotgani haqidagi maʼlumotlardan xabardormiz. Biroq, hali “Bu ishlarning hammasiga aynan, tafakkur, yaʼni kitobning mislsiz qudrati tufayli erishilmoqda”, deganga oʻxshash joʻyali fikrlarni deyarli oʻqiyotganimiz yoʻq. Yoki biz yashab turgan asrni qaysidir xalqaro tashkilot bir ovozdan “Kitob asri”, “Kitob moʻjizalari asri” deya koʻklarga koʻtarganini eshitmadik.

Nima uchun?

Fikri ojizimizcha, insoniyat bugungi kunga kelib, asosan iqtisodiy jihatdan foyda koʻrishga ruju qoʻyib, deylik, sanoat ishlab chiqarish, farmatsevtika, maishiy xizmat, rangli metallurgiya, neft, gaz va koʻmir ishlab chiqarish kabi tarmoqlarni tez daromad olib keluvchi soha deb hisoblamoqda va bor-budini shularga sarflamoqda. Biron aqli butun, ziyoli kishi “hoy, janoblar, bu yutuqlarning mohiyatida aynan, kitobga boʻlgan muhabbatimiz yotadi” degan haqiqatni baralla aytishni xayoliga keltirmayapti.

Kurrai zaminda ana shunday tushunarsiz qarashlar avj olgan bir paytda yurtimizda bu tafakkur mezoni inson hayoti, buguni va kelajagi uchun beqiyos ahamiyatga, yuksak qadr-qimmatga ega ekanligiga yana bir toʻla ishonch hosil qildik.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning shu yil 12 yanvarda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻibot qilish boʻyicha komissiya tuzish toʻgʻrisida”gi farmoyishi bu borada eng muhim hujjatlardan biri boʻldi, desak, mubolagʻa qilmaymiz.

Prezidentimizning ushbu farmoyishi bilan tanishish asnosida uncha-muncha kitob oʻqib turadigan bir fuqaro sifatida meni ham “Xoʻsh, mazkur farmoyish bizga nima beradi, uni qabul qilishning qanday zarurati bor edi?”, degan savollar oʻylantirgani, ularga javob topish barobarida, ayrim mushohadalarga borganimni yashirmayman.

Maʼlumki, mustaqillik tufayli yurtimiz tanib boʻlmas darajada goʻzal va betakror qiyofaga ega boʻldi. Qishloqlarimizdagi bugungi qulay sharoit, farovon turmush, oʻziga xos milliy va zamonaviy infrastruktura shahardagi aholining havasini uygʻotyapti. Barcha sohalarda oʻsish-oʻzgarishlar, yangilanishlar yuz berayotirki, bulardan xalqimiz behad mamnun boʻlmoqda, jahon hamjamiyati esa haqli ravishda eʼtirof etmoqda.

Nimaning evaziga shuncha yutuqlarga erishilmoqda? Avvalambor, mamlakatimizda olib borilayotgan oqil va odil siyosat, xalqimizning mehnati, shijoati, intilishlari, qolaversa, odamlarimizning dunyoqarashidagi oʻzgarishlar evaziga. Bugun bu soʻzlar har bir yurtdoshimizning yurak-yuragidan otilib chiqmoqda. Bu oʻrinda davlat bosh islohotchi sifatida xalqning asriy orzu-umdlari va maqsadlarini amalga oshirmoqda.

Odamlarimizning dunyoqarashidagi bu qadar oʻzgarishlarning boisi nimada? Hayotdan roziligida emasmi? Rozilik qayerdan keladi? Tafakkurning tozaligi tufayli emasmi? Nazarimda, ayni vaqtda mana shunday hayotiy haqiqatlarni teran anglab yetishimiz, yurtimiz taraqqiyoti va farovonligi yoʻlida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyatini chuqurroq tushunib yetishimizda kitobning alohida oʻrni bor.

Dunyo tanigan ziyolilarning taʼbiri bilan aytganda, taraqqiyotning bosh mezoni, bu shubhasiz, maʼrifatdir. Maʼrifatga esa kitob orqali kirib boriladi. Dunyoda hech bir xalq yoʻqki, kitob oʻqimasa, undan maʼnaviy oziqa olmasa yoki koʻngilning cheksiz qatlari va ummonlariga sayru sayohat qilmasa.

Yana bir gap. Biz yashab turgan asrga kelib, internet butun dunyoni qamrab oldi. Bu tezkor tarmoq dunyoda yuz berayotgan yangiliklar va oʻzgarishlardan xabardor etish bilan birga, afsuski, odamni qabohat va jaholatga yetaklovchi manbaga ham aylanib borayotir. Endilikda hech kim bu xavotirli oqimni toʻxtatishga qurbi yetmasligi, oraga mustahkam devor qoʻyib, biryoʻla toza havoning ham yoʻlini toʻsib qoʻyish mumkin emasligi kunday ayon boʻlib qoldi. Shu bilan birga, uyali aloqa tizimi ham insoniyatni, ayniqsa, yoshlarni har xil kasalliklarga giriftor etayotgani ham sir emas.

Birgina misol – hozir keng ommalashgan “selfimaniya” dardiga chalinganlarga eʼtibor qarataylik. Uyali telefon orqali turli mamlakatlardagi oʻgʻil-qizlar har xil koʻrinishlarda, turli makonu maskanlarda oʻzlarini qayta-qayta suratga olib, “telegram”, “instagram”, “feysbuk” singari tarmoqlarga joylamoqda. Mutaxassislar bunday holatlar kishida egoistlik, yaʼni, faqat oʻzini oʻylash va oʻzini koʻz-koʻz qilish, oʻz manfaatini boshqalarnikidan ustun qoʻyish kabi zararli odatlarning urchib ketayotgani bilan bogʻlamoqda. Eng yomoni, hali ona suti ogʻzidan ketmagan, oq bilan qorani ajrata bilmaydigan ayrim gʻoʻr yoshlarning aynan uyali telefondagi ana shu tarmoqlarda Suriya, Afgʻoniston, Iroq kabi chet davlatlarda xoru zor sangʻib yurgan allaqanday toʻdalarning aʼzolari bian yozishib, ularning yolgʻon vaʼdalariga ishonib, pushaymondan qattiq aziyat chekayotganini televideniye va matbuot koʻrsatmoqda.

Nega shunday boʻlmoqda? Nima uchun ayrim yoshlar shu yoʻlda oʻz kelajagini koʻrmoqda? Bu ishlarni ongli ravishda amalga oshiryaptimi? Oʻylab qolasan, kishi. Axir ota-bobolarimiz bizni yetti oʻlchab bir kesishga oʻrgatishgan. Buning uchun esa fikrimizni tarbiyalagan, tafakkurimizni charxlagan. Bularning barchasiga kitobxonlik orqali erishgan.

Yaqinda bir kitobdan kishini qattiq oʻyga toldiruvchi maʼlumotlarni oʻqib qoldim. Unda qayd etilishicha, pornografiya sanoati 2006 yili dunyo miqyosida 97,6 milliard dollar foyda keltirgan holda, masalan, AQSHda 245 million, Germaniyada 10 million, Yaponiyada 2,7 million, Niderlandlar Qirolligida 1,8 million pornosaytlar faoliyat yuritayotgan ekan. Har soniyada internetdan foydalanuvchilar 28 ming 258 ta pornokontentlarni tomosha qilmoqda. Birgina Amerikaning oʻzida har 39 daqiqada bitta yangi pornografik film yaratilayotgan ekan. Bular odamlarni hayotdan chalgʻitishga qaratilgan omillar, ongsizlikka yetaklovchi yoʻl. Kishini qattiq tashvishga soladigan jihati, bunday saytlar, ulardagi filmlar boshqalarning, ayniqsa, hayotda hali aniq va qatʼiy bir maqsadni tanlashga ulgurmagan yoshlarning eʼtiboridan chetda qolishiga hech kim kafolat berolmaydi.

Men atayin xuddi shu mamlakatlarda kitobga, mutolla madaniyatiga boʻlgan eʼtiborning qandayligi bilan qiziqib koʻrdim. Biroq bir necha kunlik izlanishlar koʻrsatdiki, ularda kitoblar matni asosan internet saytlariga joylashtirilgan holda, nashriyotlarning faoliyatini kuchaytirish, mualliflarni ragʻbatlantirish, kitobxonlarga qulay shraoit yaratib berish kabi masalalar bilan davlat yoki hukumatning hech qanday ishi yoʻq ekan. Yaʼni, “Senga arzon va koʻproq kitob kerak boʻlsa, internetga kir, kitob yozib pul topmoqchi boʻlsang, xohlaganingcha yoʻl tutaver” degan yovvoyi qarashlar ustuvorligini tushunib, “Ana, biz havas qilgan rivojlangan davlatlardagi maʼnaviyatning ahvoli” deyishdan nariga oʻtolmadim.

Maqola soʻngida oʻzim guvohi boʻlgan bir voqeani eslab oʻtsam. Farmoyish matbuotda eʼlon qilingandan soʻng ayrim ziyolilarimiz, ayniqsa, adiblarimizdan “Mana endi yozuvchilarimizga yaxshi boʻldi, ularning ijodi yanayam gurkiraydi-da endi” deganga oʻxshash fikrlarni eshitdim. Menimcha, bu gaplarga toʻla qoʻshilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, bundan buyon nashriyotlarning faoliyati sezilarli darajada jonlanishi tabiiy. Yozuvchi ahlining badiiy jihatdan pishiq-puxta asarlariga boʻlgan talabning kuchayishiga ham shubha yoʻq. Biroq maʼnaviyat har bir inson uchun suv va havoday kerakligini hisobga olib, bu farmoyish faqat ijodkorlar emas, balki butun bir millatimiz, kerak boʻlsa, jamiyatimizni har jabhada yanada yuksaltirish uchun xizmat qiladigan katta bir voqea boʻlganini aytgim keladi. Zero, maʼnaviy hayotimizga yangicha mazmun, kishiga hush yoquvchi begʻubor shabada kirib keldi. Va bundan butun dunyo ahli ham bahramand boʻlishini juda-juda istardim. Chunki kitob tutgan qoʻllar hech qachon qurolga intilmaydi.

 

Tohir ShOMURODOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitobli-va-kitobsiz-dunyo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x