Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh kitobxon” tanlovi haqida eshitib qoldim. Menda ham ishtirok etish ishtiyoqi paydo boʻldi. Ammo tuman bosqichidayoq yutqizib qoʻysam-chi, degan fikr biroz oʻylantirib qoʻydi.
Ikkilanishlarni bir chetga surib, ittifoqning tuman boʻlimiga bordim. Raisning menga bildirgan ishonchidan ruhlanib, harakat qila boshladim. Aytilgan muddatga qadar tinimsiz kitob oʻqidim. Tuman bosqichida qatnashib, birinchi oʻringa loyiq topildim. Viloyat bosqichi bundan-da qiyin boʻlishi aniq edi. Lekin maqsad yoʻlida mashaqqat chekish menga oʻzgacha kuch bagʻishladi. Avvallari bitta kitobni amallab bir oyda oʻqib bitirsam, endi uch kunda tugatadigan boʻldim. Shoshma-shosharlikdan emas, endi men asardagi voqealar ichida, qahramonlar bilan yonma-yon yashashni oʻrgandim. Tom maʼnoda aytganda, kitob oʻqishni endi oʻrgandim. Ayniqsa, Oybekning “Navoiy”, Odil Yoqubovning “Ulugʻbek xazinasi”, Pirimqul Qodirovning “Avlodlar dovoni” romanlarini mutolaa qilayotib, moziy kino tasmalaridek koʻz oldimda ketma-ket gavdalandi. Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asarida ruhiyat olamining barcha koʻchalariga kirib chiqdim, Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” asari esa menga insonlarga hamisha yaxshilik qilish va yordam qoʻlini choʻzish abadiyat qonuni ekanini oʻrgatdi.
“Yosh kitobxon” tanlovining viloyat saralash sinovidan ham oʻtdim. Bu meni qancha quvontirgan boʻlsa, zimmamga shuncha, hatto undan ham koʻproq masʼuliyat yukladi. Har qanday tanlov notanish isteʼdodli yoshlarni bir yerga jamlab, oz fursat ichida ularni qadrdonga aylantiradi. Men ham juda koʻp doʻstlar orttirdim.
– Bolaligimdan kitobga mehrim boʻlakcha, kitoblar ichida katta boʻlganman, – deydi narpaylik tengdoshim Nodira Mahmudova. – Dadam oʻqituvchi boʻlgani uchun hammamizning ziyoli, oʻqimishli boʻlishimizni istaydi. Oila davrasida ham kim qaysi kitobni mutolaa qilayotganini soʻraydi. Suhbatimiz oʻz-oʻzidan bahs-munozaraga aylanib ketadi. Ayni paytda Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida tahsil olyapman. Oʻzbek tili va taraqqiyotiga oid ilmiy izlanishlar olib bormoqchiman.
Ha, koʻrik-tanlov oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad, har bir ishtirokchini izlanishga, oʻqib-oʻrganishga undash. Biror mashgʻulot bilan band boʻlgan inson vaqtini behuda sarflamaydi, bekor yurmaydi. Oʻzi uchun belgilab olgan marra sari ildamlar ekan, albatta, ezgu, bunyodkor gʻoya va tashabbuslar qurshovida boʻladi.
Gʻoliblik oʻz yoʻliga. Men kitob oʻqib, bir umrga tatiydigan qimmatli bilimni egalladim. Mushohada va mulohaza yuritishni oʻrganyapman. Mashhur yozuvchilardan biri “Umid bilan suqilgan tayoq, bir kun berar mevayu yaproq”, – deb yozadi. Bir narsa ayonki, men ham umid bilan tayoq suqdim, mevasini el bilan baham koʻraman.
Nargiza YUNUSOVA,
Samarqand viloyati
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitob-oqishni-endi-organdim/