Odatda bolalar togʻlar ortidagi sehrli makonga tushib qolishni, xazinalar izlab topishni, quyoshning har oqshom qayoqqa ketishi-yu, uygʻonganida yana qayerdan paydo boʻlib qolish sirini, turfa ranglarda tovlanuvchi kamalak tilsimini bilgisi keladi. Bu hodisalarni jajji qalbdagi hayratni soʻndirib qoʻymasdan izohlay olish esa kattalardan alohida qunt va masʼuliyat talab etadi.
Mutaxassislarning aniqlashicha, toʻrt-besh yoshli bolakay kun davomida toʻrt yuzdan ortiq savol berishi mumkin ekan. Bunday paytda unga iloji boricha toʻgʻri va aniq javob qaytarish kerak. Ammo baʼzida kichkintoylarning shunday savollari boʻladiki, ularning javobi uchun aniq maʼlumotga zarurat seziladi. Shunday paytlarda aksariyatimiz kitoblar koʻmagiga suyanamiz.
Bugungi kunda nashriyotlarimizda bolalar uchun turli mavzulardagi kitoblar chop etilmoqda. Sodda, tushunarli tilda bitilgan bu kitoblar ularning dunyoqarashini oʻstirish bilan birga hayot haqidagi dastlabki tushunchalarini ham paydo qiladi. Atrofga, jamiyatga boʻlgan munosabatini shakllantiradi. Shularni nazarda tutgan holda keyingi paytlarda yoshlar orasida kitobxonlikni targʻib qilish, oʻquvchi bilan olimlar, yozuvchi va shoirlar, umuman, mualliflar oʻrtasida samimiy aloqani yoʻlga qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Kitobxonni yangi kitoblar bilan tanishtirish, nashriyotlarning xaridor talablari bilan yaqindan tanishish imkonini beruvchi turli tadbirlar uyushtirib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tasarrufidagi “Kitob olami” savdo majmuasining ochilishi hamyurtlarimiz uchun katta sovgʻa boʻlgan edi. Jahon standartlariga mos, koʻrkam dizayn, javonlarida eng sara kitoblar oʻrin olgan, bir chimdim qahva ustida betakror asarlarni oʻqish, dam olish imkonini beruvchi ushbu majmua yana bir tashabbus bilan chiqdi. Gazetamizning oʻtgan sonida xabar berilganidek, 14 yanvarʼ – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiylarning farzandlari uchun majmuadan alohida joy ajratilib, bolalarning koʻzini quvnatib, diqqatini jalb qiladigan rang-barang kitoblardan turli shakllar yasatilibdi. Multfilm va ertak qahramonlari ishtirokida oʻtkazib kelinayotgan aktsiya ana shunday xayrli ishlardandir.
Yorugʻ xonalar boʻylab sevimli ertak qahramonlari bilan quvnayotgan, javonlar boʻylab terib qoʻyilgan turfa mavzudagi, rang-barang kitoblarni katta qiziqish bilan varaqlab koʻrayotgan, bir quchoq kitobni bagʻriga bosgancha ularni xarid qilishga ota-onasini undayotgan bolalar koʻzlaridagi quvonch, hayrat va hayajonni koʻrib, koʻz quvonadi.
– Kitob inson hayotining mazmuni, – deydi tadbir ishtirokchilaridan biri Dilbar Poʻlatova. – Bilasizmi, oʻzim ham ijodga yaqin boʻlganim uchunmi, ularning taʼsirida oʻzgacha, yangi bir olamni kashf etaman. Turmush oʻrtogʻim bilan miniatyura janrida rasmlar ishlaymiz. Kitoblar bizning ijodimizda alohida ahamiyat kasb etadi. Ulardan oladigan taassurot va hayrat ikkimizga ham ilhom bagʻishlaydi. Ayniqsa, tarixiy mavzularda yozilgan kitoblar, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy asarlaridan beqiyos maʼnaviy ozuqa olamiz, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mashrab va Ogahiy gʻazallari yangidan-yangi suratlarimizga ilhom beradi. Umuman, kitob nafaqat qoʻliga qalam tutgan kishilarning, balki qaysi kasb yoki soha vakili boʻlishidan qatʼi nazar, barcha ziyoli, ilmga tashna insonlarning doʻsti, eng yaxshi hamrohidir. Bu yerda bolalar kitoblari aktsiyasi oʻtkazilayotgani biz uchun ayni muddao boʻldi. Farzandimiz uchun ham kitob sotib olyapmiz. Bugun unda kitobga uygʻongan mehr butun hayoti davomida muvaffaqiyatlari garovi boʻlishiga ishonchim komil.
Eng yaxshi tarbiya – oʻrnak ekanini hisobga olsak, ota-ona qoʻlida kitob koʻrgan bolakay ertaga ularga oʻxshash uchun harakat qila boshlaydi. Qarabsizki, xonadon kitoblar nuridan munavvar dargohga aylanadi.
Feruza XAYRULLAYEVA
“Hurriyat”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/kitob-bu-7-kun-7-mojiza/