“Kinoni kino qiladigan adabiyot!”

Gohida bir eʼtirozga duch kelamiz: “Kinoijodkorlar oʻzbek adabiyotidan, sharq falsafasidan mutlaq uzoq. Shu bois, ular millatga xos nozik xususiyatlarni u qadar ilgʻamaydi”. Oʻylashimcha, bu taʼrifni kinorejissyor Jahongir Qosimovga nisbatan qoʻllash insofdan boʻlmas… Chunki kinochilar orasidan oʻzbek adabiyotiga koʻproq murojaat qiladigan ham va qalam ahli bilan tez-tez muloqotda boʻlib turadigan ham aynan shu ijodkor. Uning sanʼatda bosib oʻtayotgan yoʻllariga koʻz tashlaganingizda, albatta, Asqad Muxtor, Xayriddin Sulton, Erkin Aʼzam, Tohir Malik, Murod Muhammad Doʻst va Faxriyor nomini uchratasiz. Rejissyor bilan suhbatda boʻlgan odam Mavlono Jaloliddin Rumiy asarlari unga hamroh ekaniga amin boʻladi. Siz u bilan rassomlar ijodi haqida ham bemalol suhbatlashishingiz mumkin. Hozircha bizning maqsadimiz bu emas… Qolaversa, kino sohasidagi masʼul shaxslardan biri boʻlgan bu sanʼatkorni ortiqcha savollar bilan chalgʻitgimiz yoʻq. Men kino arbob huzuriga bordim. Ayni damda menga sanʼatkor shaxsini ochib beradigan oʻy-fikrlar muhim…

 

– Kino sanʼatmi yo sanoatmi? Hamisha dunyoni mana shu savol oʻylantiradi, – deb gap boshladi u. – Kino Fransiyada kommersiya uchun tugʻilgan. Odamlar sharmanka orqali namoyish etiladigan turli manzaralarni koʻrish uchun pul toʻlab, hordiq chiqargan. Yaʼni u koʻcha tomoshasi sifatida kirib keldi. Biroq Devid Griffit(1875–1948), Charli Chaplin(1889–1977), Federiko Fellini(1920–93), Andrey Tarkovskiy(1932–86), Ingmar Bergman(1918–2007) kabi sanʼatkorlar kinoni sanʼat darajasiga koʻtardi. Bugun bu – aksioma. U qaysi maqsadda suratga olinishidan qatʼi nazar, insonlarni ezgulikka chorlashi kerak. Aslida “Titanik”(rej. Jeyms Kemeron) yoki “Indiana Jons”(rej. Stiven Spilberg) kabi filmlar ham tijoratni koʻzlab olingan, lekin ulardagi badiiy talqin kinoni sanʼat ekanini yana bir karra eʼtirof etdi. Biroq biz tijorat atamasini haqoratomuz soʻzga aylantirib yubordik.

Elliginchi yillar Amerika filmlariga nazar tashlang. Ularda oʻpishish sahnasini koʻrmaysiz. Bu hol oltmishinchi yillarda kirib kelganda, Amerikaning bir qancha siyosatchilariyu senatorlari “bunga aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, biz xalqimizni buzamiz. Ertaga bizda qadriyat degan narsa qolmaydi. Eng yomoni oila yaxlitligiga putur yetkazamiz”, deb rosa eʼtiroz bildirgan. Ularning qay darajada haq ekanini bugun koʻrib turibsiz. Asta-sekinlik bilan 1970–80-90 yillarga kelib, bu manzaraning boshqacha qopqalari ochilib bordi. Ertaga bizda ham aynan shu holat roʻy bersa, sira ajablanmayman. Odamzot oʻzi uchun nomaʼlum boʻlgan chirkinliklardan boxabar boʻlyapti. Mark Avreliydan “Mana biz shuncha qonunlar qabul qilyapmiz, lekin nega otasini oʻldirgan bolaga hech qanday jazo chiqarmayapmiz?” – deb soʻrashganida, u: ‘‘Men bu qonunni qabul qilmayotganim boisi, shu tushunchaning oʻzi odamda boʻlmasin’’, degan ekan.

Lekin siviliziatsiyada qadriyatlarni qay darajadadir boy berish ehtimoli ham yoʻq emas-da! Baribir qurama madaniyat – zamonaviy dunyoning shovqini oʻz hukmini oʻtkazmasdan qoʻymaydi…

XVIII asr oxirida fotografiya paydo boʻlganda, endi rassomlarning kuni bitdi, deb oʻylashgan. Kino vujudga kelganda teatrga, televideniye esa kinoga xavf soladi, deyishdi. Shukrki, har bir sanʼat bir-biriga daxl qilmay oʻz yoʻlida davom etyapti. Agar odamda ichki muvozanat kuchli boʻlsa, unga hech qanaqangi megapolislaru ommaviy madaniyat taʼsir qilolmaydi. Ingliz adibi Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” asarini eslang. Qarang, Robinzon kimsasiz orolda yovvoyilashib ketmasdan, aksincha, odam yeydigan qabiladan chiqqan Jumavoyning qalbiga iymonni olib kirib, Tangrini tanitdi. Mana sizga – qadriyat!

Bola uchun eng yaxshi ibrat amaliy tarbiyadir. Bolalar shoiri Sergey Mixalkov bolalarini koyib, biror marta nasihat qilmagan ekan. Konchalovskiy: “Ayrimlar otam menga ertaklar oʻqib berardi, deyishsa, havasim keladi. Shunaqa otalar ham boʻlgan ekan-da! Faqat bir gapni eshitardik:“hoy, xalaqit berma, dadang ishlayapti”. Hamisha uni ish ustida koʻrardik. Bizga otamning hayot tarzi tarbiya vazifasini oʻtagan”, degandi. Yaqin oʻtmishdagi turmushimizni koʻz oldingizga keltiring: ichkari va tashqari hovli. Ichkari hovli ayollar bilan birga balogʻatga yetmagan bolalarniki, tashqari hovlida esa mehmonlar askiyabozligu maishat qilishgan. Bu bilan faqat nomahram nigohidan ayollarni himoya qilish emas, yot soʻzlardan bolalarni asrab qolish ham koʻzlangan. Bunday gurung-larga bolalarni yaqinlashtirishmagan.

Agar dunyodagi jami urf-odatlar bozorga olib chiqilgan taqdirda ham, har bir millat vakili aylanib-aylanib, baribir, oʻzining urf-odatlarini sotib olardi, degan fikrga qoʻshilaman. Nega? Birinchidan, tanglayi shu urf-odatlar bilan koʻtarilgan, boshqasiga koʻnikolmaydi. Ikkinchidan, geografik jihatdan mana shu joyga aynan oʻzingni urf-odatlaring asqotadi. Chunki bu tushunchalar asrlar davomida yigʻilgan. Bu yoʻllardan kimlar oʻtmagan… Aleksandr Makedonskiy… arab istilochilari… moʻgʻullar – biz bilgan-bilmagan… qancha-qancha toʻntarishlar. Har biri oʻzi bilan nimalarnidir olib kelgan. Va har biri sivilizatsiyaga oʻz ulushini qoʻshib borgan. Shulardan saralanganlarigina xalq xotirasida yashab kelyapti.

Bir haqiqat borki, oʻzgalar tanqidiga uchramasdan oldin, oʻzingdagi kamchiliklarni koʻra bil…

– Bizda katta maʼnodagi bagʻrikenglik bor, shu bilan birga biqiqligimiz ham yoʻq emas. Har bir muammoni shaxsiyatga borib taqaymiz. Men kimningdir ishini tanqid qildimmi bas, uning dushmaniga aylanaman-qolaman. Mutenamo hozirjavobligu labbaychilikni aytmay qoʻya qolay…

Hamma foydali maslahatni tabiatning oʻzi beradi. Daraxt gullashi kerakmi, u bahorni kutadi. Agar xudo koʻrsatmasin, boʻladigan ishni tezroq boʻlgani yaxshi-da, deb qishda gullagudek boʻlsa, uni sovuq urib qovjirab qoladi. Hozirjavobu labbaychi ijodkorlar ishini hech narsaga yaramay qolgan sovuq urgan daraxtga oʻxshataman. Ular “qalbimdan chiqyapti” deb daʼvo qilishadi. Agar haqiqatanam, qalbda boʻlganda edi, ularning muhabbati dard bilan chiqardi.

– Jahongir aka, bir suhbatingizda “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” televizion koʻrsatuvini qabul qilishimizning sababi, biz faqat unga nasihatomuz dastur sifatida qaraymiz, xolos. Agar sanʼat asariga daʼvo qilgudek boʻlsa, bu oʻsha koʻrsatuvning fojiasi”, deb aytgandingiz. Men bu fikringizga qoʻshimcha qilib “Iblis devorifilmini ham aytgan boʻlardim.

Siz “Iblis devori”ni aytyapsiz, katta ekranlardan tushmayotgan “xontaxta”larning bari ochiqdan ochiq qip-qizil didaktika. Shoʻrlik tomoshabinga oʻylab koʻrishga ham imkon qoldirilmaydi. Oqibatda odamlar uchun hatto oʻy surish ham mashaqqatli mehnatga aylanib boryapti. Yoshlarning maʼlum bir qismi “xayol” nimaligini unutib qoʻygan. Baʼzan quloqqa chalinadi:”ushbu filmning tarbiyaviy ahamiyati mana bunaqa’’ yoki”tarbiyaviy jihatlari bor”. Juda kulgili. Demak, shoʻrlikning boshqa hech narsasi yoʻq. Yana bir soʻz urchib ketgan: “yangi chehralar”. U menga “sip-silliq qiyofalar, boʻm-boʻsh koʻzlar…” boʻlib eshitiladi. Bu “kashfiyotga” qadar qayerlarda bekinib yotarkan bu “noyob chehra”lar?

Radiodagi suhbatlarning birida “orzu-xayollar insonni goʻzallashtiradi”, dedingiz. Armon-chi?

Tarozining bir pallasida orzu-havas tursa, ikkinchisida armon turadi. Vazni birinchisinikidan sira kam emas. Zero, armon hayotga mantiq kiritadi. Har bir narsaning bahosi aslida qancha turishini anglatadi. Qadrning qimmatini bilasiz. Dard armonning ikkinchi nomi. Ijodkor ham insoniyatga dardi-armoni bilan kerak.

Ertaga… Birgina mana shu soʻz bizning butun umrimizga oʻt qoʻyib yuboradi…

Butun erkaliklarimni onam emas, buvim Umirxon aya koʻtarardilar. Dutor chalardilar, issiqqina qoʻynilariga kirib olib tinglab oʻtirardim… Hatto dutor simlarini bir necha marta uzganman ham. Indamasdilar… U kishiga nima kerak edi oʻzi? Pulim, mansabim, sovgʻalarim-mi? Yoʻq, aslo!.. Faqat oldilarida oʻtirsang boʻldi edi. “Kel, oʻtir, muncha televizor koʻrasan, kitob oʻqiysan, gaplashaylik”, derdilar. Oʻzimcha, buvim bilan nimani gaplashishim mumkin, deb oʻylardim. Borsam ham shosha-pisha “Yaxshimisiz, oyi, men yaxshi, keliniz yaxshi”, shu xolos. Otamga nisbatan mehrim ham armonga aylangan. Hech erkalatmasdi. Chuchmal filmlardagidek “qalaysan, bolajonim, voy undoq-voy mundoq” deb, oʻtirib olib nasihat qilmasdilar. Lekin mehrning kuchini hamisha sezib turardim. Bir-ikki gap bilan koʻp narsalarni oʻrgatardi. Tushkunlikka tushgan paytlarim “avval bir ishni boshlamagin, boshladingmi, sidqidildan qil, rahmat eshitishni oʻrgan,” derdilar. Oʻzi dunyoda eng buyuk muhabbat ota-onaning bolaga boʻlgan begʻaraz muhabbati ekan. Qolgan bari – “Sen meni yaxshi koʻrsang, men ham seni yaxshi koʻraman”. Hayvonot dunyosini ham kuzatsangiz bola onaga ovqat olib kelmaydi. Bu esigayam kelmaydi. Xudoga shukr, onam hayotlar. Ular uchun nimadir qilmoqchi boʻlsam, “kerak emas, bolalaringni oʻyla” deb turib oladilar. Vaqt oʻtgan sari armonlar ham kelaverarkan. Bu ming yillik muammo. Yagona taskin shuki, armonning armon ekanligini sezib, afsus chekayotganimizda… “Ha endi, oʻtdi-ketdi-da” demayotganimizga shukr. “Suv yoqalab”da ham Bolta Mardonning armoni meni oʻziga tortgan. U na oʻzining qalbini, na bolalarining qalbini oʻz vaqtida tinglay oldi. U xatosini davrdan izladi. Yana ichida “Yaxshi ishlarim ham bor-ku, beayb parvardigor”, degan taskin ham yashaydi. Ammo…

Oʻzingiz rejalar asosida ish koʻrasizmi, yoki orzu-xayollar ortidan quvib yashaysizmi?

Orzu – oʻz nomi bilan orzu. Karyerani orzuga aylantirib olib, oldin unday qilaman, keyin bunday qilaman, deya reja tuzib yashashni hazm qilolmayman. Lekin ijodiy imkoniyatlaringni koʻrsatish uchun, albatta, maʼlum bir reja asosida ish koʻrasan. Misol uchun, institutga kirishing, kitob oʻqishing, milliy va jahon kinosanʼatidan xabardor boʻlib borishing shart. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshadi. Osmonga qaragancha “hah, bir kino olsam edi, boplab tashlardim-da”, deyish bilan ish bitmaydi…

“Yengil-yelpi muhabbat temalari” degan jumlani koʻp ishlatasiz. Yanglishmasam, “engil-yelpi” sifatini aynan muhabbatga – bu tuygʻuning oʻziga nisbatan ishlatmasangiz kerak?..

Muhabbat – dard bilan yoziladigan, dard bilan tasvirlanadigan mavzu. Yigʻlash kerak, deb aytmayapman. “Men seni sevaman, qayerdasan”, qabilidagi toʻxtovsiz telefonlaru uchrashuvlar, shuning oʻzi emas-da! Bu boshqa narsa…

Yerdan bir qarich balandda yurgan oshiq hayotni boshqacha koʻradi, unga yomonliklar koʻrinmaydi… Goʻyo uning dushmani yoʻq – hamma yaxshi. Oʻzicha hayotni falsafiy qabul qiladi. Ana shunday insonlargina Olloh uchun xizmat qila oladi. Bunga ishonaman. Oʻng yuziga ursang, chap yuzini tutib beradiganlar ham aynan shular… Romeo va Julyettani qarang, oilalar oʻrtasida ayovsiz dushmanlik bor: “Hey qiz, u sening yakkayu yagona akangni oʻldirdi!” “Axir, men uni sevaman!”. Oʻlimdan-da kuchli! Havas qilaman. Bundagi yuksak gumanizm fojiasini qarangki, yillar davomida bir-biriga dushman Montekki va Kapulyettilar koʻnglidagi adovatni yuvib, qalbini ochishi uchun eng goʻzal norasidalar qurbonligi kerak boʻldi.

Keyin isteʼdodli insonlarning ehtirosi kuchli, oʻzgacha boʻladi, deyishadi. Lekin men bunday oʻylamayman. Faqat isteʼdod oʻz tuygʻusini chiroyli, taʼsirchanroq aks ettira oladi. Ularda koʻrsatib bera olish imkoniyati bor, xolos. Serano de Berjerak balkon ostida shunday kuylarkanki, ayollar es-hushini yoʻqotib qoʻyarkan, uning izhorini tongda sayragan bulbul navosiga oʻxshatishgan. Kechirasiz, oʻsha dard zogʻchadayam bor, faqat u aytolmaydi. Siz koʻrmaysiz uni. Maʼshuqasiga mashina sovgʻa qilgan boyvachchanikidan, gul ham tuhfa etolmayotgan kambagʻalning ishqi kuchli boʻlishi mumkin. Masalan muhabbat haqidagi kitoblarni oʻqib olib, tuni bilan sevamanmi-sevmaymanmi, u-chi, telefon qildim, olmadi, deb ertalabgacha uxlamasdan chiqish “telbalik”-da! Afsus hammayam bu kasalga chalinavermaydi. Oʻzim ham qayerda boʻlmasin Sayyorani yonimda olib yurgim kelardi, erkaklar choyxonasiga ham olib kiraverardim. U bechora ham men qayoqqa yetaklasam ketavergan. Usiz sakkizta erkakning gurungi tatimagan… Mana sizga savdoyilik!

Baʼzi rejissyorlar kinoga adabiyotdan koʻra, tasviriy sanʼat yaqin, deyishadi.

Kinodagi voqeani aynan olib qogʻozga tushirsangiz, tasvirdan kam boʻlmaydi, taʼsirli chiqadi. Lekin qogʻozga tushgan har bir soʻzni ekranga olib chiqib boʻlmaydi-da. Kinematografiyaning adabiyotga yetishishiga bir qancha qovun pishigʻi bor. Kinoni kino qiladigan adabiyot. Agar har bir personaj dialogida bir fikr yotmasa, siz uni koʻrmaysiz. Bilasiz, ruslarda umuman ijodkorga nisbatan “xudojnik” atamasi ishlatiladi. Bu soʻz sanʼatning hamma turini oʻz ichiga oladi. Shu maʼnoda na kinoni, na musiqa, na tasviriy sanʼat va na teatrni dramaturgiyasiz tasavvur qila olasiz. Biroq shularning orasidan adabiyotga – soʻzga yaqini, bu – kino va teatr!

– Maʼlumki, sanʼatning asosiy vazifalaridan biri – goʻzallik dunyoni qutqara olishiga odamlarni ishontirish. XIX asrda yuzaga chiqqan “telba” Mishkinning bu ishonchi, haqiqatanam, ertaklar tark etayotgan bugungi DUNYoni qutqara olishiga Siz ishonasizmi?

Agar bevafo dunyoni nimadir qutqara olsa, najot faqat – goʻzallikdan! Baribir, bu qanaqangidir ideal. Real olib qaraganda, afsuski, bu orzu boʻlib qolishi ehtimoli ham yoʻq emas. Agar bu ezgu xayol haqiqiy hayotda tom maʼnoda oʻz tasdigʻini topganida, biz yashayotgan sayyora “er” deb atalmasdi. Mavhumroq boʻlsa-da, oʻsha nimagadir ishonganimiz uchun ham nimalardir qilamiz. Koʻngilda milt-milt yonib turgan mana shu ishonch dunyoning muvozanatini bir amallab ushlab turibdi, deb oʻylayman. Tan olish kerak, “Sanʼat – odamzotni vahshiylikdan asraydi” degan fikr sira mubolagʻa emas. Shuning uchun, biz muhabbat – sanʼat qarshisida qanchalik qarzdor ekanimizni unutmasdan, UNGA minnatdorlik izhor qilib turishimiz zarur.

Siz qaysi rejissyorni oʻzingiz uchun sanʼatdagi “idol”deb bilasiz?

Kino sanʼatning tez qariydigan turi. Uni yangi-yangi “urf”lar qaritadi. Tolstoy, Chexov, Abdulla Qodiriyning asarlari har qanday davrdayam oʻzining zamonaviyligini yoʻqotmasligi mumkin, lekin kinoasar… oʻn minglab kinolardan sanoqlisigina klassikaga aylanadi. Shu maʼnoda meni doimo hayratga soladigan sanʼatkor, bu – Charli Chaplin dahosi! Chap-linni yuz yillardan keyin ham tomoshabin koʻradi. Meni koʻproq uning montaji yo suratga olish uslubi emas, xarakterlarni topishi, mikroskop kabi inson qalbining jami tebranishlarini koʻrib, his qilib, kichik bir odam fojiasini ochib berishi, uning jamiyatdagi oʻrnini tasvirlashi qoyil qoldiradi. Gʻirromliklarsiz yashash uchun kurashayotgan odamning uddaburonligini oʻzgacha yumor bilan ifodalagan. Shu bilan birga sentimental va romantik. Sanʼatkorning oʻzi ham qahramonlari ustidan kulgan, ham ularga qoʻshilib yigʻlagan. Bundan tashqari Fellini, Antonioni, Bergman, Spilberg, Orsen Uells, Fransua Tryuffo kabi rejissyorlar ijodini ham kuzataman, biroq, baribir, Chaplinning oʻrni boʻlakcha.

Haqiqatanam, U: “Men uchun sanʼatda eng muhimi – insonni tasvirlash!” deb aytgan. Charli Chaplinning qizi Jeraldinaga yozgan maktublarining oʻziyoq uning tilsimli qalb sohibi ekanini aytib turibdi. Shu maʼnoda, shamolning har bir epkinida ijodkor pozitsiyasini oʻzgartirib borishini qanday izohlaysiz?

Bilasizmi, amerikalik kinorejissyor Orsen Uells odamlarni ikki turga boʻladi: xarakter va qurbaqa. Hatto qurbaqa ham oʻzicha “men xarakterman” deb daʼvo qiladi… Agarda eng ogʻir, sinovli, qaltis pallada “vaq-vaq” qilib yubormasa, haqiqatanam u xarakter, yaʼni shaxs – oxirigacha oʻzining hayotiy-ijodiy pozitsiyasiga ega boʻlgan odam!

Baʼzida ijodkor oʻz zamonasi ruhiga xiroj toʻlashdan ozod boʻlolmaydi. Ayniqsa, ommaviy sanʼat – kinoda…

Albatta, har bir davr ijodkorga oʻzining ehtiyojlarini yuklaydi. Biz demokratik jamiyatda yashaymiz. Televideniye va internet orqali bostirib kelayotgan ommaviy madaniyat xurujini kuch bilan toʻsolmaymiz. Bu aks taʼsir qilishi hech gap emas. Chekimizga esa mana shu oʻtish davrida yashash tushgan. Bizning avlodni birdan bir vazifasi kinoni vaqt oʻtkazish uchun kerak boʻlgan shunchaki ermak tomosha emasligini isbotlash va ommaviy madaniyatdan xoli bir sanʼat borligini koʻrsatishdir. Buning uchun filmlarimiz mavzusi qanchalik milliylik kasb etsa, gʻoyaviy jihatdan ham shu qadar umuminsoniy boʻlishi zarur. Faqat dardgina barcha millatga birdek tushunarli boʻladi. Indira Gandining “Vatan ostonadan boshlanadi, lekin uning aynan shu yerda tugashi yomon”, degan gapi meni koʻp bezovta qiladi. Filmlarni ham xalqimiz uchun qilamiz, lekin eng qiynaydigani, qilayotgan ishlaringni bari ikki daryo oraligʻida qolib ketsa…

Suhbatdoshimning bu fikrlari bir maqolani yodga soldi. Garchi oʻrinsiz boʻlsa-da, keltiraman: “Fellinini Fellini qilgan uning asarlarida aks etgan italyan millatining gʻururi, shaʼn-shavkatidir. Shu bois u mamlakati dovrugʻini dunyoga chiqardi! Bizning kinoijodkorlarimizda esa ana shunday iftixor hissi yetishmaydi” Imonim komilki, hamkasbimiz agar Fellinining birgina filmini koʻrib, odamning ojizliklaridan ozorlangan sanʼatkor haqiqatini tuyganda edi, hech qachon bunday demagan, uning filmlarida koʻtarilgan mavzular emas, Fellini shaxsining oʻzi qay tariqa italyan millatining gʻururiga aylanganligini tushungan boʻlardi. “Iftixor!” – harqancha chiroyli, ohanrobo soʻz boʻlmasin, u Sanʼatkor orzulari uchun manzil boʻlolmas ekan.

 

 

Iqbol QOʻSHSHAYEVA suhbatlashdi.

 

“Yoshlik”, 2010 yil, 7-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/kinoni-kino-qiladigan-adabiyot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x