Kimni etmas bu koʻngil shaydo?

Erkin Vohidov sheʼrlaridan

 

Poʻlat

 

U dastavval oybolta boʻldi,

Soʻng zambarak boʻlib quyildi.

Qilich ham u,

miltiq

va nagan,

U bomba ham boʻlib portlagan.

Lekin olgan jahonni faqat

Pero boʻlib quyilgach poʻlat.

 

1959

 

 

Yoshlik

 

Yoshlik! Seni kuylamagan kim,

Ertaklaring soʻylamagan kim,

Qariganda oʻylamagan kim,

Oʻylab yana kuylamagan kim?

Bitmoq boʻldim men ham senga bayt,

Yosh yurakning haqqi bormi, ayt?

 

Yoshlik, asli mening oʻzimsan,

Keng olamga boqqan koʻzimsan.

Yozgan sheʼrim, aytgan soʻzimsan,

Kecham, ertam, ushbu roʻzimsan.

Bitmoq boʻldim sen uchun ashʼor,

Ammo oʻzni kuylamoq dushvor.

 

Yoshlik – gulu gulgʻuncha ekan,

Bu gul olam turguncha ekan,

Yoshlik – behad tushuncha ekan,

Poyoni yoʻq garduncha ekan.

Bitmoq boʻldim men unga doston,

Uylarimga topmadim poyon.

 

Yoshlik, dildan shavq ketgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Demak, qadringga yetgani yoʻq.

Yoshlik, seni kuylab bilurman,

Ammo bugun yoshlik qilurman.

 

Yoshlik – ishqu oshiqlik mayli,

Oʻzi Majnun ham oʻzi Layli,

Subhi olam uning tufayli.

Mayli, unga bitmasam mayli,

Na bir gʻazal, na bir musaddas,

Uning oʻzi sheʼrdan muqaddas.

 

1961

 

 

Kimni etmas bu koʻngil shaydo

 

Dunyo ekan…

Ishq degan savdo

Bormi faqat mening boshimda?!

Kimni etmas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

 

Sevgi ilk bor tushdiyu qalbga,

Hayotimning boʻldi mazmuni.

U qoʻlimga tutqazib qalam,

Koʻzlarimdan oldi uyquni.

 

Oldi butun fikru xayolim,

Ketdi dildan orom, halovat.

Sevgi butun borimni olib,

Sheʼr zavqini qoldirdi faqat.

 

Borliq olam koʻzimga ming-ming

Goʻzallikka toʻlib koʻrindi.

Gullar menga oshiq bulbulning

Sheʼr daftari boʻlib koʻrindi…

 

Ayb etmangiz,

Doʻstlar, bu savdo

Bormi faqat mening boshimda?

Kimni emas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

 

1961

 

 

Kuy avjida uzilmasin tor

 

Kuy avjida uzilmasin tor,

Sheʼr yarmida sinmasin qalam.

Yashab boʻlmay umrini zinhor

Bu dunyodan ketmasin odam.

 

Qoʻldan tushib sinmasin qadah,

Lab tekkanda toʻkilmasin may.

Toʻxtamasin urib turgan qalb,

Boshlab qoʻygan qoʻshigʻi bitmay.

 

1964

 

 

Qiprigingdan oʻq uzib

 

Qiprigingdan oʻq uzib

Koʻksim aro zahm aylading,

Dilni zabt etmoqqa balki

Choh oʻyib, lahm aylading.

 

Tashna koʻnglim ichmasin deb

Koʻz yoshimdan qatra ham,

Ashk soyining yoʻliga

Kiprigim dahm aylading.

 

Sen oʻzing kirding koʻngilga

Gʻam sipohin boshida,

Gʻaflat uyqusida erdim,

Ayt, nechuk fahm aylading?

 

Sen koʻngil mulkini toroj,

Qalb uyin vayron etib,

Pora qildingu tanimni,

Jonima rahm aylading.

 

Oshiq oʻlding, ey koʻngil,

Gʻam lashkaridan qoʻrqmagil,

Bari chopqu oldda, Erkin,

Ne uchun vahm aylading?

 

1967

 

 

Senga baxtdan taxt tilarman

 

Sen gʻanisan, menda bisyor extiyoj.

Nodirabegim

 

Senga baxtdan taxt tilarman,

Toledan boshingga toj,

Mulki husningga omonlik,

Toju taxtingga rivoj.

 

Toju taxt tashbehidan sen

Koʻhna deb kulsang, netay,

Sen axir shohi jahonim,

Men qulingman, ne iloj?

 

Ne ilojkim, davlatim yoʻq

Ganji mehrimdan boʻlak,

Bul evazdan koʻz toʻlaydur

Qatra-qatra dur xiroj.

 

Koʻzlarim aylar hamisha

Arzi muhtojlik senga,

Ayt-chi, jonim, bormi senda

Koʻzyoshimga ehtiyoj?

 

Koʻp nasihat tinglab Erkin

Qilmadi hech tarki ishq.

Bor masalkim, ish yurishmas

Sohibi gar boʻlsa koj.

 

1967

 

 

Doʻst bilan obod uying

 

Doʻst bilan obod uying,

Gar boʻlsa u vayrona ham,

Doʻst qadam qoʻymas esa,

Vayronadir koshona ham.

 

Intizor har uy qadrdon

Dilkusholar bazmiga,

Gar oyoq hoʻysa qabohat

Yigʻlagay ostona ham.

 

Yaxshi doʻstlar davrasida

Ochilursan har zamon,

Koʻrkni shoda ichra topgay

Marvarid, durdona ham.

 

Soʻrma mendan, kim diloro,

Doʻstmi yo jonona deb,

Doʻst mening koʻnglimdadir,

Jonimdadir jonona ham.

 

Qochma rostgoʻy doʻstlarning

Kohishu ozoridan,

Qaddi rost shamning tilidan

Oʻrtanur parvona ham.

 

Doʻst qidir, doʻst top jahonda,

Doʻst yuz ming boʻlsa oz,

Koʻp erur bisyor dushman

Boʻlsa u bir dona ham.

 

Kim senga hamroz emasdir,

Bogʻaraz deb oʻylama,

Gohi dushmanlik qilurlar

Qoʻl siqib doʻstona ham.

 

Doʻsti sodiq yoʻq ekan deb

Oʻrtanib kuyma va lek,

Mehr uynn keng ochsang, Erkin,

Doʻst boʻlur begona ham.

 

1967

 

 

Oyning oʻn beshi qorongʻu

 

“Umrini oshiq hamisha

Oʻtkazur orzu bilan”.

Oyning oʻn beshi qorongʻu,

Oʻn beshi yogʻdu bilan.

 

Sevgida koʻksingga tomgan

Koʻzyoshingdan foyda yoʻq,

Ishq axir shunday olovki,

Oʻchmagay u suv bilan.

 

Zahmati ishq dard erursa,

Zahmati sheʼrdur davo,

Chunki ogʻuning shifosi,

Deydilar, ogʻu bilan.

 

Barcha zahmat menga boʻlsin,

Mayli, doim men yashay

Bu ajib totli azobu

Bu shirin qaygʻu bilan.

 

Yoshligim – umrim nahori,

Ishqu sheʼrsiz ne hayot?

Tongni yolgʻiz gʻaflat ahli

Oʻtkazur uyqu bilan.

 

Yorni men jonim deb aytsam,

Iltifot deb oʻylama,

U yashar mensiz va lekin

Men tirikman u bilan.

 

1968

 

 

Oʻzbegim

Qasida

 

Tarixingdir ming asrlar

Ichra pinhon, oʻzbegim,

Senga tengdosh Pomiru

Oqsoch Tiyonshon, oʻzbegim.

 

Soʻylasin Afrosiyobu

Soʻylasin Oʻrxun xati,

Koʻhna tarix shodasida

Bitta marjon, oʻzbegim.

 

Al-Beruniy, Al-Xorazmiy,

Al-Forob avlodidan,

Asli nasli balki Oʻzluk,

Balki Tarxon, oʻzbegim.

 

Oʻtdilar shoʻrlik boshingdan

Oʻynatib shamshirlarin

Necha qoon, necha sulton,

Necha ming xon, oʻzbegim.

 

Togʻlaring tegrangda goʻyo

Boʻgʻma ajdar boʻldi-yu,

Ikki daryo – ikki chashming,

Chashmi giryon, oʻzbegim.

 

Qaysari Rum nayzasidan

Bagʻrida dogʻ uzra dogʻ,

Chingizu Botu tigʻiga

Koʻksi qalqon, oʻzbegim.

 

Yogʻdi toʻrt yondin asrlar

Boshingga tiyri kamon,

Umri qurbon, mulki toroj,

Yurti vayron, oʻzbegim.

 

Davr zulmiga va lekin

Bir umr bosh egmading,

Sen – Muqanna, sarbador – sen,

Erksevar qon, oʻzbegim.

 

Sen na zardusht, sen na buddiy,

Senga na otash, sanam,

Odamiylik dini birla

Toza imon, oʻzbegim.

 

Maʼrifatning shuʼlasiga

Talpinib zulmat aro,

Koʻzlaringdan oqdi tunlar

Kavkabiston, oʻzbegim.

 

Tuzdiyu Mirzo Ulugʻbek

Koʻragoniy jadvalin,

Sirli osmon toqiga ilk

Qoʻydi narvon oʻzbegim.

 

Mir Alisher naʼrasiga

Aks sado berdi jahon,

Sheʼriyat mulkida boʻldi

Shohu sulton oʻzbegim.

 

Ilmu sheʼrda shohu sulton,

Lek taqdiriga qul,

Oʻz elida chekdi gʻurbat,

Zoru nolon oʻzbegim.

 

Mirza Bobur – sen, figʻoning

Soldi olam uzra oʻt,

Shoh Mashrab qoni senda

Urdi tugʻyon, oʻzbegim.

 

Sheʼriyatning gulshanida

Soʻldi mahzun Nodira,

Siym tanni yuvdi koʻzyosh,

Koʻmdi armon, oʻzbegim.

 

Yigʻladi furqatda Furqat

Ham muqimlikda Muqiym,

Nolishingdan Hindu Afgʻon

Qildi afgʻon, oʻzbegim.

 

Tarixing bitmakka, xalkim,

Mingta Firdavsiy kerak,

Chunki bir bor chekkan ohing

Mingta doston, oʻzbegim.

 

Ortda koldi koʻhna tarix,

Ortda qoldi dard, sitam,

Ketdi vahming, bitdi zahming,

Topdi darmon, oʻzbegim.

 

Boʻldi osmoning charogʻon

Tole xurshidi bilan,

Boʻldi asriy tiyra shoming

Shuʼlaafshon, oʻzbegim.

 

Men Vatanni bogʻ deb aytsam,

Sensan unda bitta gul.

Men Vatanni koʻz deb aytsam,

Bitta mujgon oʻzbegim.

 

Faxr etarman, ona xalqim,

Koʻkragimni togʻ qilib,

Koʻkragida togʻ koʻtargan

Tanti dehqon oʻzbegim.

 

Oʻzbegim deb keng jahonga

Ne uchun madh etmayin!

Oʻzligim bilmoqqa davrim

Berdi imkon, oʻzbegim.

 

Men buyuk yurt oʻgʻlidurman,

Men bashar farzandiman,

Lekin avval senga boʻlsam

Sodiq oʻgʻlon, oʻzbegim.

 

Menga Pushkin bir jahonu

Menga Bayron bir jahon,

Lek Navoiydek bobom bor,

Koʻksim osmon, oʻzbegim.

 

Qayga bormay, boshda doʻppim,

Gʻoz yurarman gerdayib,

Olam uzra nomi ketgan

Oʻzbekiston, oʻzbegim.

 

Bu qasidam senga, xalqim,

Oq sutu tuz hurmati,

Erkin oʻgʻlingman, qabul et,

Oʻzbegim, jon oʻzbegim.

 

1968

 

 

Navoiy gʻazaliga muxammas

 

Ayriliq oni yaqindur, kema yoʻl bongin cholur,

Vah, meni tashlab firoqqa, yor yiroqqa yoʻl olur,

Jon borib jono bilan, sohilda bir jismim qolur,

Har qachonkim kemaga ul oy safar raxtin solur,

Mavjligʻ daryo kabi oshufta koʻnglim qoʻzgʻolur.

 

Men necha aytdim, koʻngul, jondin kechib yor sevma deb,

Soʻng yiroqqa ketsa tashlab, urma oh, dod dema deb,

Ketdi yor, bas endi, kim aytdi yoshingni tiyma deb,

Yigʻlama, ey koʻz, nedin sohilga chiqmas kema deb.

Kim yoshing daryosidur har sorikim el koʻz solur.

 

Yel turar, yigʻlar falak, bu guldurak ham barq dema,

Dardi hijronimni oʻkrab soʻzlar osmon har kima,

Jism aro jondek omonat chayqalib borgay kema,

Titrabon siymobdek koʻnglim, yetar jon ogʻzima,

Tund yel tahrikidin har damki daryo chayqolur.

 

Ey falak, bas yigʻlama, yoʻq foyda, ul oy kemada,

Oʻrtada daryoyu men bu joyda, ul oy kemada,

Kelmas endi oyda ne, ming oyda, ul oy kemada,

Sabr koʻngulda, koʻngil ul oyda, ul oy kemada,

Vahki, borib termulib koʻz, mungrayib jonim qolur.

 

Taskinim shulkim, kema koʻzdan yoʻqolmabdur hali,

Bir nafas bor fursatim ul kemaga termulgali,

Oh, demay, saqlab nafas, qoʻzgʻolmayin turdim, vale,

Dam tutulgʻondin oʻlar eldek yetibman oʻlgali,

Surmasin deb kemasin, baskim, nafaslar asrolur.

 

Ey shamol, jim tur, samo jim, mavjudot bir lahza jim,

Tingla olam, tingla odam, sen agar boʻlsang-da kim,

Buldur ustoz pandi: siymin tandin oʻzga surma siym,

Kirma savdo bahriga olamdan istab sudkim,

Siym naqdi tushsa lekin, umr naqdi siygʻolur.

 

Sun qadah, bergil menga jonim haqin, ey piri dayr,

Kim qadahlar zarbidan chiqsin chaqin, ey piri dayr,

Bormi Erkinga ul ustozdin yaqin, ey piri dayr,

Gʻarq etar bahri fano gʻam zavraqin, ey piri dayr,

Ilgiga chunkim Navoiy boda kishtisin olur.

 

1977

 

 

Uch bayt

 

* * *

Agar doʻsting bilan

teng koʻrsang baham,

Shodlik teng koʻpayar,

teng boʻlinar gʻam.

 

* * *

Soʻzlaganda oqil

dilingga jo qil,

Ammo oʻz dardingga

oʻzing davo qil.

 

***

Qoʻrquvning koʻzi katta,

Yuragi kichik boʻlur,

Qoʻrquv zoʻr kelgan yurtda

Arslonlar kuchuk boʻlur.

 

1977

 

 

* * *

Vatan, to tanda jonim bor,

Seningdirman, seningdirman,

Tanim xok oʻlsa ham sen yor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Jahon kengdir, falak kengdir,

Yurak kengdir, chu sen borsan,

Seningsiz ikki dunyo tor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Menga begona ellarda

Nasib gar oʻlsa yuz rohat,

Chekay bagʻringda ming ozor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Agar shodliklaring ozdir,

Meningdirsan, meningdirsan,

Magarkim gʻamlarim bisyor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Bugun bor, erta yoʻq jismim,

Valek ruhim uchun mangu

Sening manguliging darkor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Sening ishqing bilan yondim,

Ketar jonimda bu otash,

Seningdirman, yana takror,

Seningdirman, seningdirman.

 

1992

 

 

Yosh shoirga

 

Tilay gʻayrat senga, yosh shoir ukam,

Fazlu hikmat senga, yosh shoir ukam.

Biz ham kuylab oʻtdik imkonlar qadar,

Endi navbat senga, yosh shoir ukam.

 

Mustaqil hur maʼvo seningdir, sening,

Ozod, emin sado seningdir, sening.

Biz shivirlab aytgan tuygʻuni endi

Kuylash oshkoro seningdir, sening.

 

Nafosat yurtiga posbon boʻl, oʻgʻlon,

Tili shamshir, koʻksi qalqon boʻl, oʻgʻlon.

Avvalo shoir boʻl, undan ham avval

Shu yurtga oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon.

 

1993

 

 

Bir nihol

 

Yurtdoshim, bogʻingga bir nihol qada,

Bu nihol nomini Yaxshilik ata.

Niholing yoniga bir gul ekib qoʻy,

U gulning ismini Goʻzallik deb qoʻy.

 

Gulu niholingga baxsh etib hayot,

Suv ber va bu suvga Mehr deb qoʻy ot.

Sendan farzandingga bogʻ qolsin, ey doʻst,

Bogʻing Vatan degan nom olsin, ey doʻst.

 

2000

 

 

Shoirga maktub

 

– Men bir qizni sevaman, ammo

Qiz der: – Boring, toshingiz tering.

Shoir aka, sizdan iltijo,

Menga bitta sheʼr yozib bering.

 

Oʻqisinu oʻsha parvosiz –

Yuragida mehr uygʻonsin.

Qasamimga ishonmagan qiz

Oʻsha yoniq baytga ishonsin.

 

Shunday yozing, toki, qiz qalbi

Erib ketsin boʻlsa hamki tosh.

Joniga oʻt tushsin men kabi,

Oqib ketsin koʻzlaridan yosh.

 

Oshiqda ishq boʻlsa mukammal

Maʼshuqani etarmish shaydo.

Majnunligim anglab u goʻzal

Zora sevsa bamisli Laylo.

 

Quchogʻimga otilsa dilbar,

Yuragimda armon qolmasa…

Axir, shoir shoirmi agar

Bir yurakni eritolmasa.

 

Sheʼr kutarman sizdan umidvor,

Yorga yetsam baxtli boʻlarman.

Yoʻqsa, menga hayot ne darkor,

Togʻdan oʻzni tashlab oʻlarman.

 

– Oh, bechora oshiq ukajon,

Anduhlaring menga ayondir.

Ishq – vujudni oʻrtagan armon,

Anglab boʻlmas sirli jahondir.

 

Bir bevafo ishqida men ham

Poyoni yoʻq dardga toʻlganman.

Shu dard menga tutqazgan qalam,

Kuya-kuya shoir boʻlganman.

 

Na ohimga parvo qilgan u,

Na sheʼrimni nazarga ilgan.

Necha daftar toʻldirganman-u,

Ular bari yirtib otilgan.

 

Ukam, menga qilmagin havas,

Yuragimda yuz ming armonlar.

Baxtli boʻlsang bitta sheʼr emas,

Yozib beray senga dostonlar.

 

Tashbehlarim qadriga yetib,

Yoring koʻngli tushsa joyiga,

Mening bor-yoʻq yozganim eltib

Tashla oʻsha qizning poyiga.

 

Boʻlsin, ukam, umring charogʻon,

Men yetmagan baxtga yetgin sen.

Yoringni ishq degan bepoyon

Osmonlarga olib ketgin sen.

 

Gul ochdi, deb, bir qalb soʻzimdan

Bahra oldi, deb, birgina jon –

Rozi boʻlay men ham oʻzimdan,

Bu dunyodan oʻtay bearmon.

 

2011, aprel

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri

https://saviya.uz/ijod/nazm/kimni-etmas-bu-kongil-shaydo/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x