Uzoq yillar oʻtib sinfdosh dugonalar uchrashib qoldi. Bir-birlariga oʻz hayotlari, turish-turmushlari haqida soʻzlay ketishdi. Dugonalardan biri soʻradi:
– Otang bilan onang yaxshi yurishibdimi? Sogʻliklari yaxshimi?
– Ular olamdan oʻtgan. Bir yil boʻldi. Ikkalalariyam deyarli bir paytda oʻldi. Birovga aytolmayman, lekin senga aytaman, jonimdan oʻtib ketgandi. Ikkaloviyam toʻshakka mixlanib qolgandi. Xuddi chaqaloq boqqanday boʻldim: har kuni tagliklarini almashtirdim, ovqatlantirib qoʻydim, hamma injiqliklariga chidadim. Hatto eslagim ham kelmaydi!
Ikkinchi dugona birinchisining barcha hasratu shikoyatlarini tingladi. Soʻng ogʻir xoʻrsindi-da, dedi:
– Naqadar baxtlisan-a, dugonajon. Mening ota-onam uzoq yillar oldin dunyodan koʻz yumgan. Sen ota-onang oldidagi burchingni oz boʻlsa-da oʻtabsan. Men esa yoʻq. Ota-onam hayot boʻlishini, ularning xizmatlarini qilishni juda-juda istardim. Ammo, afsus, buning imkoni yoʻq…
Orif Tolib tayyorladi.
“Irfon” taqvimida (2014 yil 4-chorak) chop etilgan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/kimga-armon-kimga/