KIMAKLAR XOQONLIGI — Irtish daryosi boʻylarida va hoz. Qozogʻistonning shim. – sharqiy mintaqalarida 9-a. ning boshlarida vujudga kelgan yirik koʻchmanchi davlat. K. x. ga 7 qabila: imi, imak, tatar, baandur (boyondur), qipchoq, laniqazi, ajat kirgan. Kimaklar xoqonligi tarkibida keyinchalik turklashib ketgan moʻgʻul qabilalari ham boʻlgan. «Hudud ul-olam» asari (Yu-a.)da koʻrsatilishicha, Kimaklar xoqonligi podshosi «xoqon» (yamal paygʻu) deb atalib, u merosiy boʻlgan, uning yerlari 11 viloyatga boʻlingan. Viloyatni maxsus hokim (malik) idora etgan. Kimaklar xoqonligi dagi soliq toʻlovchilar lavozimi merosiy boʻlgan. 10-a. oʻrtalarida Kimaklar xoqonligi Jan. Ural togʻining jan.-gʻarbiy qismini, Emba va Ural daryo vodiylarini egʻallab, Kaspiy dengizi sohillariga chiqqan. 11-a. boshida kimaklarning gʻarbiy guruhi (qipchoqlar) Sirdaryoning quyi va oʻrta oqimlarini egʻallagan. 11-a. boshlarida ichki qaramaqarshiliklarning keskinlashishi, qipchoqlarning boshqa qabilalar ustidan hukmronlik qilishga intilishi tufayli Kimaklar xoqonligi yemirilib, uning hududidagi barcha qabilalar qipchoqlarga tobe boʻlgan.
Ad.: Kumekov B. Ye., Gosudarstvo kimakov IX—XI vv. po arabskim istochnikam, Alma-Ata, 1972.