Oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur umrining koʻp qismini ot ustida, jangu jadallarda kechirgan boʻlsa – da, insoniyat uchun boy manba yozib qoldirdi. U, avvalo, hassos shoirdir. Lirikasi markazida hasbixol, Vatan sogʻinchi, muhabbat va hijron, insonning pok sevgisini ulugʻlash, visol orzusi, vafodorlik mavzulari turadi.
Oʻzbek adabiyotining yirik namoyandasi shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur umrining koʻp qismini ot ustida, jangu jadallarda kechirgan boʻlsa – da, insoniyat uchun boy manba yozib qoldirdi. U, avvalo, hassos shoirdir. Lirikasi markazida hasbixol, Vatan sogʻinchi, muhabbat va hijron, insonning pok sevgisini ulugʻlash, visol orzusi, vafodorlik mavzulari turadi.
Bobur devon tuzganmi?
Buyuk shoir, ayniqsa, turkiy sheʼriyat anʼanalarini Hindiston adabiy muhitiga olib kirgan va saroy shoirlarining turkcha sheʼr yozishlariga katta rahnamolik qilgan. U oʻzbek va fors tillarida ijod qildi. Ammo uning mumtoz devonchilik anʼanasi asosida devon tuzgani maʼlum emas. Biroq bir ruboiysida va “Boburnoma”ning 1509–1510 yillari voqealari bayonining bir oʻrnida Samarqand hokimi Poʻlot Sultonga devonini yuborganini taʼkidlaydi. Ayni paytga qadar “Bobur devoni”ning 9 ta qoʻlyozmasi topilgan boʻlib, keyingi tadqiqotlarga koʻra, shoirning hali ilm ahliga maʼlum boʻlmagan yana bir qoʻlyozma nusxasi ham mavjudligi aniqlangan.
Manbalarda keltirilishicha, Bobur sheʼrlarining umumiy hajmi 400 tadan ortadi. Boburshunoslikdagi keyingi tadqiqot ishlarida Bobur sakkizta sheʼriy janrda ijod qilgan. Shundan gʻazallar – 126 ta (3 tasi tugallanmagan), masnaviy – 12 ta, qitʼa – 23 ta, tuyuq – 20 ta, fard – 117 ta, muammo – 54 ta, ruboiy – 230 ta va bir nechta masnu sheʼrlardir.
Bobur badiiy asarlardan tashqari, musiqa ilmi, harb ishiga oid qimmatli ilmiy asarlar ham yaratgan, ammo ular bugunga qadar topilgan emas. Uning “Aruz risolasi” oʻzbek mumtoz sheʼriyati nazariyasini oʻrganishda muhim oʻrin egallaydi. Fitrat taʼbiri bilan aytganda, Bobur Mirzo adabiyot va sanʼat dunyosida eng teran qarash egasi boʻlgan. U ushbu risolaga aruz ilmi taraqqiyoti tarixida birinchi boʻlib, 537 vaznni jamlaydi va bu vaznlarga yetmishga yaqin mashhur shoirlar ijodidan turli misollar keltiradi. Bobur oʻzbek mumtoz poeziyasida qoʻllanib kelingan 289 vazn va ularning shakllari taʼrifini beradi. Umumaruz ilmini oʻzi ixtiro qilgan 248 yangi vazn bilan boyitib, aruzshunoslik ilmiga katta hissa qoʻshadi.
Humoyun va Komronga maktub
Bobur Mirzo mehribon ota, islomshunos olim, yetuk tarjimon ham edi. U Xoja Ahror Valiyning nasrda bitilgan pandnoma, nasihatnoma asari – “Volidiya”ni betakror tarzda nazmda 243 baytda tarjima qildi. Uning “Risolayi volidiyya” tarjima asari va 2258 baytdan tashkil topgan “Mubayyin”i barcha zamonlar uchun ham qimmatlidir.
“Boburnoma”da yozilishicha, Zahiriddin Muhammad Bobur farzandlarining taʼlim-tarbiyasi haqida hamisha oʻylab, ularni oʻqish va oʻrganishga targʻib qilgan. U “Mubayyin” risolasini Humoyun va Komronga diniy masalalarni oʻrgatish uchun nazmda yozadi. Boburning Humoyun va Komronga yozgan maktublari ham shu mavzuga qaratilgan. Masalan, u Komronga yozgan maktubida bunday deydi: “Farzandi arshad va arjumandi saodatnishon Muhammad Komron Mirzo bahodirga salomi muhabbat anjomidan soʻng ulkim, koʻkaltosh va ichkilaring bila sabaq oʻqurgʻa rujuʼ kelturub ermishsen. Bu jihattin koʻngulga surur va xotirga huzur yetib na bisyor xushholliq yuz berdi. Tangri taolo dargohidin umidim borkim, jamiʼi qobiliyat va salohiyat bobida komil va mukammal boʻlub kamolgʻa yetgaysen”. Albatta, Boburning bunday saʼy-harakatlari zoye ketmadi. Uning toʻrtala oʻgʻli, qizi, nabiralari va ularning farzandlari ilmu sanʼat, sheʼru adabiyotda nom qozondilar. Ayniqsa, Bobur va boburiylar xonadoni ayollari orasidan shavkatli hukmdorlar, oqila maslahatgoʻylar, yetuk donishmandlar, zabardast olimalar, suxondon shoiralar va zukko sanʼatshunoslar yetishib chiqqaniga guvoh boʻlish mumkin. Jumladan, sharq ayollari ichra tanho muarrix – oʻzining tengsiz tarixiy asari “Humoyunnoma” va nafis baytlari bilan mashhur Gulbadanbegim, oʻz sheʼriy ijodi bilan mashhur Gulchehrabegim, shuningdek, Nurjahonbegim (Mehriniso), Orombegim (Dilorom) Hayotbegim, Fanobegim (Fanoniso) Jahonarobegim, Zebunisobegim kabi oqila va fozilaligi bilan goʻzal, elga mashhur boʻlganlar yetishib chiqdi.
Qimmatli maʼlumotlar manbai
Boburga dunyoviy sharaf keltirgan buyuk asari, shubhasiz, “Boburnoma”dir. Unda 1494–1529 yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va Oʻrta sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon etilgan. Asar qimmatini oshiradigan jihatlardan yana biri unda bir yarim mingdan ziyod shaxslar nomi zikr etilgan. Shundan yetti yuz nafarga yaqini shohlar, hokimlar, amir-amaldorlar, din ulamolari, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahli, dehqonlar, hunarmand va boshqa kasb egalaridir. Bu shoh asarda, ayniqsa, ilm-fan, sanʼat va adabiyot ahliga katta oʻrin berilgani alohida eʼtiborga molik. Navoiy, Jomiy, Binoiy, Muhammad Solih, Hiloliy, Sayfi Buxoriy, Mir Husayn Muammoniy, Shayxim Suhayli, Yusuf Badeniy, Ahmad Hojibek, Behzod, Sulton Ali, Hoja Abdullo Marvoriy, Shoh Muzaffar, Gʻulom Shodiy, Husayn Udiy kabi bir qator shoirlar va sanʼatkorlar haqida qiziqarli faktlarning mavjudligi bugungi kunda oʻsha davrni oʻrganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, asarning oʻn olti oʻrnida Hazrat Alisher Navoiy haqida qimmatli maʼlumotlar beriladi.
Sezardan sevimliroq
Bobur Mirzoning boy adabiy-ilmiy merosining nechogʻli buyuk ekanini koʻp asrlardan beri Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan bildirilib kelinayotgan fikrlardan ham bilish mumkin. Ular Boburning insoniy fazilatlarini, shuningdek, uning yirik lashkarboshi, hayot qiyinchiliklaridan qoʻrqmaydigan sarkarda, ilm-fan va sanʼatni sevadigan, ijod ahlini qadrlovchi olijanob shaxs ekanini chuqur hurmat bilan tilga olishadi. Jumladan, ingliz tarixchisi Eduard Xolden, avvalo, Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi. Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va oʻsmirlik yillari haqida roman yozgan “Boburnoma”ning ingliz tarjimoni Uilyam Erskin Boburni Osiyo podshohlariga qiyoslagan holda “Saxovati va mardligi, isteʼdodi, ilm-fan, sanʼatga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shugʻullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi”, – deya baholaydi.
Bu qomusiy asarning ilm – fan sohasidagi oʻrni haqida yana koʻplab yozish mumkin. Bir soʻz bilan aytganda, Bobur qoldirgan boy meros, ayniqsa, “Boburnoma” necha asrlardan buyon oʻzbek va dunyo olimlarining doimiy diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Bugunga qadar asar dunyoning 17 ta tiliga tarjima qilingan va ayrim tarjimalarning qoʻlyozma nusxalari bor. Birgina forscha tarjimasining 20 ta qoʻlyozma nusxasi mavjud. 17 ta tilga qilingan har bir tarjima esa turli davrda qayta va qayta nashr etilgan. Dunyo boʻyicha shoir hayoti va ijodiga doir yozilgan katta-kichik asarlarning umumiy soni 12 mingdan oshadi. Jahon adabiyotining yirik namoyandalari tomonidan Bobur va boburiylar haqida 30 dan ziyod tarixiy-badiiy romanlar yozilgan, oʻnlab lugʻat va tarjima asarlari yaratilgan.
Hozirda Bobur asarlarining kotiblar tomonidan turli yillarda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxalari xorijiy mamlakatlarda, xususan, Fransiya, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya kabi davlatlarning kitob fondlari va muzeylarida saqlanib kelinmoqda.
Shuhrat HAYITOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Kim koʻrubdur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ,
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.
Bu zamonni nafʼi qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshiligʻ.
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.
Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yomonligʻ asru koʻp,
Emdi koʻz tutmoq ne yaʼni har yomondin yaxshiligʻ.
Bori elga yaxshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.
Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ.
Zahiriddin Muhammad Bobur
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kim-korubtur-ey-kongul-ahli-jahondin-yaxshilig/