Kim ketadiyu kim qoladi

Poroshuramning asl ismi Rajshekhar Bosu boʻlib, Gʻarbiy Bengaliya (Hindiston)ning Vardhaman viloyatida 1880 yil 16 martda dunyoga kelib, 1960 yilning 27 aprelida vafot etgan.

U adabiyot maydonida 1920 yildan koʻrina boshlagan. Bungacha oʻzi dastavval qiziqqan lingvistika va kimyo fanlari boʻyicha taniqli mutaxassis olim darajasiga koʻtarilgan, oʻsha vaqtdagi qator davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan edi. Olimning adabiyotdagi ishlariga “buyuk hindu” Rabindranat Tagor yuqori baho bergan. Ayniqsa, Poroshuramning “Chalantika” deb ataluvchi bengalcha izohli lugʻati bengal millatining faxru gʻururiga aylangan. Yengil yumor va oʻtkir hajv bilan yoʻgʻrilgan uning katta-kichik asarlari butun Hindistonda shov-shuvlarga sabab boʻlgan. Qator unvonu mukofotlar sirasida 1956 yilda berilgan eng oliy adabiy mukofot Padma yozuvchining favqulodda isteʼdod sohibi boʻlganidan darak beradi.


POROSHURAM

 

Botteshshor Shikdar − sanʼatga butkul berilgan taniqli yozuvchi, bir soʻz bilan aytganda, adabiyot uning kasb-kori. Odatda yozuvchilik bilan kun koʻradigan insonlar muhtojlikda yashaydilar, lekin Botteshshor Shikdar badavlat odam. U oʻquvchilar ozgʻiga tushgan katta-katta romanlar muallifi, kichik hikoyalar, maqolalar, sheʼrlar, sayyohatnomalar kabi mayda-chuyda asarlar yozishni yoqtirmasdi. Uning yetti yuz betdan kam boʻlgan romani yoʻq. Lekin oʻqishga chanqoq bengal kitobxonlari uning asari peshtaxtada paydo boʻlishi bilanoq yutib yuborgudek boʻlib muk tushib mutolaa qilardilar va yangi asarlarini sabrsizlik bilan kutardilar. Yaqinda Shikdarning oltmish besh yoshga toʻlgan kuni shohona nishonlandi. Kunlarning birida Botteshshor ertalab oʻz ishxonasida choy ichib oʻtirardi. Shu payt xonaga notanish kimsa kirib keldi.

− Ismim Priyobroto Ray, − deb oʻzini tanishtirdi istarasi issiq yigit. − Menga besh daqiqa vaqtingizni ajrata olasizmi?

Kiyinishidan u kambagʻalga oʻxshamasdi. Botteshshor uni oʻtirishga taklif qilib, stulni koʻrsatdi.

− Oʻtir, − dedi yozuvchi, − hoynahoy, biron jurnal chiqarishni moʻljallayotgan boʻlsang kerak, nima, biron narsa yozib berishimni istaysanmi? Seni ogohlantirib qoʻyay, mayda-chuyda narsalar yozishga hushim yoʻq. Maslahat olishni istasang, marhamat, bu xizmat oʻn rupiy boʻladi.

− Yoʻq, yoʻq, men buning uchun kelganim yoʻq, − shoshib dedi Priyobroto Ray. − Iltimos, menga ayting-chi, “Progamini” jurnalida bosilayotgan “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizni qachon tugatmoqchisiz?

− Olti-yetti oylarda tugatsam kerak. Nega sen bu haqda soʻrayapsan. Romanim senga yoqyaptimi?

− Ajoyib roman yozibsiz, qahramonlari xuddi tirik odamdek koʻz oʻngingda jonlanadi. Bu asaringiz meni juda qiziqtirib qoʻydi, shuning uchun sil kasallar shifoxonasida davolanayotgan Oloka tuzalib ketadimi yoki yoʻqmi, shuni bilgani kelgandim. − Priyobroto bu soʻzlarni hayajon bilan aytdi. Muxlisini hayajonga solgan bu soʻzlar Botteshshorga juda yoqib tushdi.

− Buni avvaldan senga aytishimga hojat yoʻq. Asarning davomini oʻqiganingda bilib olasan, − dedi u jilmayib. − Avvaldan aytib bersam romanga boʻlgan qiziqishing soʻnadi.

− Ser, iltimos, Olokani qutqarib qoling, − qoʻlini koʻksiga qoʻyib iltijo qildi Priyobroto.

− Ana xolos! Qahramonning iztirobini yuragingga bunchalar yaqin olmasang? Oʻquvchilarga kitobdagi voqealarning yaxshilik yoki yomonlik bilan tugashi ham birdek yoqaveradi. Men sening buyurtmang boʻyicha yozolmayman. Agar sen xotimasi yaxshilik bilan tugaydigan kitobni oʻqishni xohlasang “Kurash” asarimni olib oʻqi.

− Iltimos, ser, − dedi Priyobroto siniqqan ovozda.

− Esing joyidami seni? Bor, miyamni achitma, senga javob qiladigan ishlarim koʻp, Olokaning tashvishini qilmay qoʻya qol, yaxshisi, oʻzing davolan. Es-hushing joyida emasga oʻxshaydi.

Ranjigan Priyobroto boshini quyi solgancha asta chiqib ketdi.

Kechqurun soat toʻqqiz yarimda Botteshshor ovqatlanib olmoqchi boʻlganida telefon jiringlab qoldi. U goʻshakni koʻtardi:

− Sizga kim kerak? Ha, men Botteshshorman. Kim soʻrayapti?

− Assalomu alaykum! Men doktor Shonjib Chatuje boʻlaman, − degan ovoz keldi goʻshakdan. − Men siz bilan gaplashib olishim kerak. Ertalab soat sakkizda yoningizga borsam, sizni bezovta qilmaymanmi?

− Kelavering, − dedi Botteshshor. − Oʻzi nima gap?

− Ser, uchrashganimizda tushuntiraman. Yaxshi yotib turing!

Botteshshor doktor Shonjib Chatuje haqida eshitgani esiga tushdi. U ikki yil avval Angliyadan qaytib kelgandi. Hali yosh, aytishlaricha, yaxshi jarroh, obroʻsi baland ekan.

Ertasi kuni ertalab doktor Shonjib belgilangan vaqtda yozuvchinikiga yetib keldi.

− Salom, ser. Qimmatbaho vaqtingizni qadrlayman. Bor-yoʻgʻi oʻn daqiqa vaqtingizni olaman. Isteʼdodingizga gap yoʻq. Men “Progamini” jurnalida bosilayotgan “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizni nazarda tutayapman. Uni mamlakatimizdagi barcha odamlar katta qiziqish bilan mutolaa etyaptilar. Siz adabiyotimizning buyuk namoyandalari boʻlmish Shorot Chatujeni va Tarashonkorni, Bonoful va Probodxa Shonnelni yoʻlda qoldirib ketdingiz.

Botteshshor mamnun kulib qoʻydi.

− Eshitishimga qaraganda ishingiz nihoyatda koʻp ekan. Mening asarlarimni oʻqishga qachon vaqt topasiz?

− Badiiy asar oʻqishga juda qiziqaman, shuning uchun vaqt topaman. Hammayoqda − hatto bizning tibbiyot klubimizda ham faqat sizning romaningiz haqida bahslashadilar. Yaqinda men bir qariyaning churrasini operatsiya qilgan edim, bilasizmi, ogʻriqni qoldiradigan ukoldan soʻng, u dabdurustdan oʻrnidan turib: “Qanday ajoyib-a bu Oloka!” deb qoʻydi. “Sogʻayib ket, Oloka!” Mening qarindoshlarim va doʻstlarim Olokaning sogʻligʻidan xavotirlanishyapti. Siz baxtli odamsiz. Hamma bir ogʻizdan, “Botteshshor Shikdar zamonaviy adabiyotning buyuk namoyandasi” deb aytyaptilar. Hatto usta hikoyanavis Damodor Noshkorni u bilan tenglashtirib boʻlmaydi deyaptilar. Endi esa men oʻz iltimosimni aytmoqchiman. Bu nafaqat mening, balki doʻstlarimning ham iltimosidir: Olokani tezroq tuzatib yuboring. U shifoxonadan sogʻlom boʻlib chiqsin, eshityapsizmi? Mutlaqo kasaldan forigʻ boʻlsin! Uning eri Xemontor − badavlat odam, shuning uchun hech boʻlmasa uni davolatgani Simlaga olib borsin. Uch oydan soʻng u uyiga soppa-sogʻ qaytishi kerak.

− Buning iloji yoʻq, doktor Chatuje, − eʼtiroz bildirdi Botteshshor, − roman fojia bilan tugaydi: Oloka vafot etishi kerak.

− Bunday demang, janob! Oloka albatta sogʻayib ketishi kerak! Sil kasaliga chalinganlarning hozirgi zamondagi davolashlarida toʻqson foizi sogʻayib ketyapti. Uni yaxshilab davolang, kerakli muolajalarni − sulfidin kabi ukollardan belgilang unga… bu borada men doʻstim Boral bilan maslahatlashib ham oldim.

Borgan sari bu kabilarning qadam ranjida qilishlari Botteshshorning asabiga tega boshladi, kecha bir aqldan ozgani kelgan boʻlsa, bugun ikkinchisi tashrif buyurib turibdi. Uni urishib ham boʻlmaydi. Doktor Shonjib hurmatli odam. Uning maqtovlari va bemaʼni maslahatlaridan qutulish uchun Botteshshor roman qanday yakun topishi haqida unga soʻzlay boshladi.

− Doktor Chatuje, − dedi u. − Oloka tirik odam emasligini, balki bor-yoʻgʻi roman qahramoni ekanligini unutmang. Agar men uni asrab qolsam, unda asarimning mazmun-mohiyati yoʻqoladi. Shuning uchun Oloka oʻlishi kerak, oradan ikki yil oʻtgach, Xemontor besh yildan beri uni kutib yurgan Shorbori ismli qizga uylanadi.

Doktor Shonjib oʻzini tutolmay stolga musht tushirdi:

− Bemaʼnilik bu! − deya xitob qildi u. − Bunday boʻlishi mumkin emas. Olokaning eri faqat unga tegishli, hech kim uni tortib ololmaydi.

− Siz Shorboriga yaxshilab qarang-chi, u har jihatdan: husn-tarovatda ham, mehr-muhabbatda ham, salomatlikda ham Olokadan ustun. Agar shuncha kutishdan soʻng Xemontorga tegmasa, uning yuragi bunga dosh berolmaydi.

− Dosh bermasa bermas. Aytgancha, yurak yorilishidan oʻlish oson emas. Yurak juda ham mustahkam matah. Agar mazasi qochib qolgudek boʻlib qolsa, digitali, aminofilin, kellini qabul qilsin, koʻkragiga borniydan kompress qilsin va boshqa-boshqalar. Sizni ishontirib aytamanki, unga hech narsa boʻlmaydi. Uni sogʻliqni saqlash vaziri Rajkumar Amrita Kaur huzuriga joʻnating. U Shorborini sogʻaytirib yuboradi.

− Asarim va xayolimda yaratgan personajlar taqdiri sizni qiziqtirib qolgani men uchun juda quvonarli hol. Lekin siz ham yozuvchining ahvolini tushunishga harakat qiling. Biz ham komediya, fojiaviy asar yozishimizga toʻgʻri keladi. Insonga xos barcha iztiroblaru shodliklarning bari Xudodan, u ham insonni oʻz panohida asraydi, ham turli balolarga giriftor etadi. Xalloqi olam bu dunyoni shunday yaratganki, biri kelib, biri uni tark etadi. Biz yozuvchilar ham bu ishda unga ergashamiz. Toʻgʻri, gʻam-alam chekishni hech kim istamaydi, ammo uni kitobda oʻqib, his etish juda ham qiziq. Ana shuning uchun ham buyuk shoirlar Sitani, Indumotini, Ofeliyani, Dezdemonani yaratganlar. Biz ham Egam kabi doimo shafqatli boʻla olmaymiz.

− Shunday deyishga uyalmaysizmi? Yaratgan Egamga taqlid qilish mumkinmi? Yaratgan Egam nochor, shuning uchun ham u shafqatsizdir. Tushunyapsizmi? U sichqonga rahm qilsa, unda mushuk och qoladi, agar baliq, tovuq, echki, qoʻylarga rahm qilsa, siz bilan biz ham oziq-ovqatdan mahrum boʻlamiz. Agar u insonga rahm qilsa, unda mikroblar oʻladi. Aksincha boʻlsa − inson halok boʻladi. Shuning uchun u odamlarga: “Iloji boricha shafqatli boʻlinglar, oliy qonun bu aximsa[1] ekanligini unutmang”, degan. Siz boʻlsangiz yozuvchiligingizni niqob qilib olib, insonni halok qilmoqchisiz. Axir shunday qilish mumkinmi? Oʻz vaqtida Valmiki, Kalidas yoki Shekspir fojiaviy asar yozgan boʻlsa nima boʻpti? Bizning asrimiz − Gandi asridir. Kimdir fojiaviy asar yozadi va undan rohatlanadiganlar bor. Ular − tuban, shafqatsizdirlar. Odamlarning gʻam-alamlari shundoq ham yetarli, yana ularni gʻamga botirishning nima keragi bor? Siz optimistik ruhdagi asarlarni yozing, odamlarni yigʻlatmang. Siz qalamingiz bilan odamlarni yaratish, asrash va yoʻqotish mumkin deysizmi? Yoʻq, siz Shikdar-moshay, Olokani omon saqlab qolishingizga toʻgʻri keladi! Sherlok Xolms oʻlib ketgandi, ammo kitobxonlar xohishi bilan uni hayotga qaytardilar. Nima uchun bunday qilish sizning qoʻlingizdan kelmaydi?

Nihoyat, Botteshshorning sabr-kosasi toʻldi.

− Kechirasiz doktor Chatuje, men fikringizga qoʻshilmayman. Biz yozuvchilar sizning sohangizga, yaʼni tibbiyot sohasiga aralashmaymiz-ku, nega siz menga aql oʻrgatyapsiz? Umuman, birovning ishiga aralashish yaxshi emas!

− Yoʻq, bu birovlarning ishi emas, – oʻrnidan sapchib turib ketdi doktor Shonjib. − Shifokorning burchi odamlarning hayotini saqlab qolishdan iborat, shuning uchun mening muqaddas burchim − insonni halok etmoqchi boʻlib turganlarida unga qarshilik koʻrsatish, mayli, bilganingizni qiling, ammo shuni bilib qoʻyingki, sodiq oʻquvchilaringiz sizni laʼnatlaydilar. Hatto qilgan jinoyatingizning jazosini u dunyoda ham olasiz. Sizni ogohlantirib qoʻyay, ehtiyot boʻling; hozirgi zamon yoshlaridan har narsani kutsa boʻladi. Mayli, men ketdim. Agar fikringiz oʻzgargudek boʻlsa, menga xabar qilarsiz. Xayr, omon boʻling.

Botteshshorning kayfiyatini bir pul qilgan Shonjib chiqib ketdi.

Birinchi boʻlib yoʻqlab kelgan muxlisi Priyobroto Ray gʻalati boʻlsa-da, oʻzini tarbiyali odamdek bosiq tutgan edi. Doktor Shonjib esa telbalardek betgachopar ekan! Uning bezbetlik bilan tortishishiga qaraganda, u mast boʻlsa ehtimol. Bunday odamlarga bemorlar oʻz taqdirlarini ishonib topshiradilar. Lekin u − Botteshshor bu aqldan ozganlarning gapiga eʼtibor bermaydi va oʻz qarorini oʻzgartirmaydi ham. Lekin doktor Shonjib tahdid qilib ketdi. Undan ehtiyot boʻlmoq lozim.

Oradan uch kun vaqt oʻtdi. Kechqurun Botteshshor yuqori qavatdagi ayvonda chekib oʻtirardi. Uning boshiga dabdurustdan qattiq ogʻriq kirdi. Ustiga-ustak zinadan chiqib-tushish unga ogʻirlik qilayotgandi: boʻgʻin ogʻriqlari qiynardi. Xotini bolalari bilan singlisini koʻrgani ketgandi. Botteshshor qayerga borishini, kimga yuragidagi gaplarni toʻkishni bilmasdi. “Qani endi doʻstlarimdan birontasi kelib qolsa edi”, deya xayolidan oʻtkazdi u.

 

Shu tobda uydagi xizmatchisi yoniga kelib, uni bir xonim soʻrayotganini aytdi.

− Uni shu yerga boshlab chiq, − dedi Botteshshor.

Ayvonda yoshi yigirma beshlar chamasidagi doʻndiqqina, oʻziga yarashib turgan kiyim-bosh kiyib olgan yoqimtoy bir ayol paydo boʻldi. U tiz choʻkib, yozuvchining poyini tavof qildi.

− Nima qilyapsiz? Qoʻying-qoʻying! − deya uni toʻxtatdi Botteshshor. − Kim boʻlasiz?

− Meni tanimayapsizmi? Men − Kodombanila Chaterji boʻlaman. Kinolarda oʻynayman. Hali ekran yulduzi boʻlganim yoʻq, koʻpchilikning aytishicha, tez orada yulduz boʻlar ekanman.

− Xoʻsh, xoʻsh. Men kinolarga kam tushaman. Shuning uchun kinoyulduzlarni uncha tanimayman! Xoʻsh, nima qilib turibsiz! Ana stul, oʻtiring.

− Ser, men bilan sensirab gaplashavering.

Qiz ogʻziga saqich solib chaynay boshladi. Qarshisidagi mehmonning madaniyatsizligidan Botteshshorning ensasi qotdi. “Yaxshiyamki, huzurimda chekmayapti”, degan oʻy oʻtdi yozuvchining xayolidan.

− Oʻylashimcha, Kodombanila bu sening taxallusing boʻlsa kerak, haqiqiy isming nima? − soʻradi yozuvchi.

− Uni aytib boʻlmasa-chi? Sanyasi.[2] Ekran yulduzlari haqiqiy ismlarini aytishga haqlari yoʻq: bunga ustoz ruxsat etmaydi. Agar Kodombanila ismimni aytish qiyin boʻlsa, unda meni Kodu deb chaqiravering.

− Yoʻq, yaxshisi, ismingni toʻliqligicha aytib chaqiraveray. Xoʻsh, nima uchun menikiga tashrif buyurding?

Ayol qaddini tik tutib, koʻzlarini suzgancha tantiqlanib gapira boshladi:

− O, ser, qanday ajoyib roman boshlabsiz! Men “Progamini” jurnalida bosilayotgan romaningizni nazarda tutyapman. Uni barcha maqtayapti. Odamlarning aytishicha, shu vaqtgacha bu kabi asar yaratilmagan ekan. Yoningizga sizga katta foydasi tegadigan bir taklif bilan keldim. Agar bu asaringiz ekranlashtirilsa, ajoyib film yaratilgan boʻladi. Lala Nebuchand Najar bunga oʻn lakx[3] mablagʻ ajratmoqchi. Qahramoningizning rolini men ijro etaman. Rejissyorlikka Deboki Boshni yoki boshqa biron-bir mashhur kishini taklif etadilar. Shunday qilib, Lala-ji asaringizga oʻn lakx mablagʻ ajratyapti. Balki undanam koʻproq ajratishsa ajab emas. U meni ham xafa qilmaydi. Barchamiz sizning roziligingizni kutib turibmiz.

− Qanday eʼtirozim boʻlishi mumkin, − mamnun javob qildi Botteshshor. − Bosh qahramonni sen oʻynashing nur ustiga aʼlo nur. Ammo romanni tugatishim uchun menga olti-yetti oy kerak.

− Bu yogʻining tashvishini qilmang, dada[4]. Menga juda koʻp takliflar tushgan. Bu orada men ham, Nebuchand-ji ham band boʻlamiz. Hozircha unga faqat sizning roziligingiz kerak. Uzil-kesil kelishuv esa yarim yildan soʻng boʻladi. Faqat boshqalarga vaʼda berib qoʻymaslikka soʻz bering!

− Yoʻq, yoʻq, nimalar deyapsan?

− Koʻrasiz, Oloka rolini qoyilmaqom qilib oʻynayman. Uni juda sevib qoldim. Film yakunida toʻlishgan Oloka qoʻlida uch oylik oʻgʻli bilan ekranda paydo boʻlganida zalni qanday olqishlar bosib ketishini bir tasavvur eting-a. Tomoshabinlar sizni koʻkka koʻtarishadi.

− Yo, xudoyim, sen ham ularning gapini qaytaryapsanmi? − dedi Botteshshor. − Sizlar meni jinni qilmaguncha qoʻymaysizlar, shekilli? Kodombanila, menga qara, asarim fojiali tugaydi. Oloka oʻladi. Uning vafotidan keyin oradan ikki yil oʻtgach, Xemontor Shorboriga uylanadi.

Hayratdan koʻzlarini katta ochgancha Kodombanila:

− E, shunday deng, siz Olokani oʻldirasizmi? Unda kechirasiz… yoʻq, men oʻynolmayman… − dedi.

− Oʻynay olasan, bunga ishonchim komil! Fojiali rolni qoyilmaqom qilib ijro etasan.

− Yoʻq, yoʻq, bunday boʻlmaydi. Men na oʻlishga, na Oloka rolini oʻynashga rozi emasman. Siz barcha orzularimni barbod etdingiz, dada. Yoningizga bekorga kelib sizni bezovta qilibman. Unda menga ijozat bering. Damodor Noshkorning huzuriga boraman. Uning qoʻlida nihoyatda ajoyib “Koʻngil oqqushi” nomli romani turibdi. Undagi Monjula ismli qahramon menga juda yoqadi.

Botteshshor hayajonga tushdi. Bundan bir necha kun avval bir tentak tanqidchi, “Dundubxa” jurnalida Damodor oʻz romanlarida asr muammolarini koʻtarib chiqayapti, u yerda jinlar munosabati va ijtimoiy masalalar yoritilgan, Botteshshor esa hayajonga soluvchi muammolarni yoritmayapti, eskirib qolgan mavzularni qayta koʻtaryapti, deb yozgandi. Bu maqoladan soʻng Damodor haqida gap ketsa, Botteshshorning issigʻi chiqib ketadigan boʻldi.

− Toʻxta, toʻxta, − qichqirdi yozuvchi titrab-qaqshab. − Oʻylab koʻrishim uchun ikki kun vaqt ber. Agar Olokani qutqarib qolsam, u yogʻi nima boʻlishini oʻylab koʻraman.

− Dada, oʻylab oʻtirishga vaqt yoʻq! Ertaga men Bombeyga ketyapman, bugun esa sizning javobingizni Nebuchand-jiga yetkazishim kerak.

Botteshshor boshini changallagancha bir daqiqa oʻyga botdi-da, nihoyat, unga rozilik bildirdi.

− Yaxshi, Oloka tirik qoladi, Shorbori esa oʻladi. Seni hech qayerga borishingni hojati yoʻq. Koʻryapsanmi, Kodombanila biz yozuvchilar avliyolarga oʻxshaymiz! Qalamimizning uchi bilan yaratamiz, asrab qolamiz va halok qilamiz.

Kodombonilaning chehrasi quvonchdan yal-yal yonib ketdi:

− Rahmat, dada. Shunday qilganingiz maʼqul. Siz aqlli insonsiz. Poyingizni olishga ruxsat eting. Romanni yaxshilik bilan tugashini oʻylab toping. Soʻnggi kadrda Oloka qoʻlida bola bilan paydo boʻlishini juda ham istayapman. Xayr, yaxshi qoling. Bu xushxabarni tezroq borib Nebuchand-jiga yetkazay.

Botteshshor Shikdar bergan vaʼdasining ustidan chiqdi: uning “Kim ketadiyu kim qoladi” romani Oloka uchun xayrli tugadi.

Romanning chiqqaniga sakkiz oy boʻlsa-da, Kodombaniladan hamon darak yoʻq edi. U qizni qanday topishni bilmasdi, maktub yozay desa, manzili ham yoʻq.

Kunlardan bir kuni Botteshshor yangi roman ustida ishlab oʻtirgandi, kutilmaganda tanish ovoz eshitildi.

− Mumkinmi, Shikdar-moshay?

Xonaga doktor Chatuje, uning ortidan Priyobroto Ray va qandaydir notanish ayol kirib keldilar.

− Salom, ser, − deya salomlashdi doktor, − siz bizni juda quvontirdingiz. Manavini taniyotgan boʻlsangiz kerak, u − “siz aqldan ozibsiz” degan Priyobroto Ray boʻladi, bu esa siz tomondan hayotga qaytarilgan Oloka.

Oloka Botteshshorga taʼzim qilib, oyogʻi ostiga yupqa qogʻozga oʻralgan katta qutini qoʻydi.

− Ser, bu malpo, − dedi doktor. − Oloka ataylab siz uchun pishirgan bularni. Tatib koʻring, ser.

− Hech narsaga tushunmayapman, − sarosimaga tushib dedi Botteshshor.

− Nega? Bu sizning “Kim ketadiyu kim qoladi” romaningizning yakuni! Hozir sizga hammasini tushuntirib beraman. Siz koʻrib turgan Oloka Priyobrotoning rafiqasi va mening qaynisinglim. U bir necha yildan beri sil kasallari shifoxonasida davolanayotgan edi, dabdurustdan uning qoʻliga sizning asaringiz bosilayotgan jurnal tushib qoladi. U Olokaning taqdirini oʻqib, “agar romandagi Oloka yashab ketsa, men ham tuzalib ketaman, agar u oʻlsa men ham oʻlaman”, degan fikr miyasiga oʻrnashib qolibdi. Biz uni qancha tinchlantirmaylik, u miyasiga oʻtirib qolgan fikrdan hech qutula olmasdi. Shunda uning eri Priyobroto Ray huzuringizga kelishga majbur boʻlgan, lekin siz uni aqldan ozganga chiqazib, haydab yubordingiz. Soʻng oldingizga men keldim va oʻzimning pand-nasihatlarim bilan sizni joningizdan toʻygʻazdim. Shunda xotinim, sizlar eplolmadingizlar, oʻzim borib koʻndirishga harakat qilaman, dedi. U huzuringizga kelib, sizni koʻndirishning uddasidan chiqdi. Siz asaringizning syujetini oʻzgartirganingizdan soʻng bizning Olokamiz sogʻayib ketdi. Unga bir qarang, yuzidan qon tomayapti-ya!

− Yonimga kelgan Kodombanila Chaterji, aktrisa, qayoqda qoldi? − soʻradi Botteshshor.

− Uning avlodi-urugʻida hech kim bunchalar past ketmagan. U mening rafiqam Onila edi. U sizni aldagan… Ayolning makri qirq eshakka yuk boʻladi deyishgan-ku, janob. Ana shunday. Tirik Olokani duo qiling.

− Albatta, duo qilaman, − yozuvchining chehrasiga tabassum yugurdi. − Senga uzoq umr, sogʻlom farzandlar tilayman, ering seni hammavaqt sevsin, baxt hech qachon xonadoningni tark etmasin… doktor, hammasi ravshan boʻldi-qoʻydi, faqat sizning rafiqangiz Onilami yoki Kodombanilami, nima uchun kelmadi?

− U kelolmaydi, moshay. U tugʻruqxonada, farzandli boʻldi, chaqaloqning ogʻirligi toʻrt kilo! Lekin Onila quvvatga kirgandan soʻng kelib, albatta sizdan kechirim soʻraydi.

 

Rus tilidan Nazira JOʻRAYEVA tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–6


 

[1] A x i m s a – hind falsafasida zoʻravonlik qilmaslik haqidagi taʼlimot.               

[2] S a n ya s i – darvesh maʼnosini anglatadi.       

[3] L a k x – yuz ming rupiyga teng pul birligi.       

[4] D a d a – hurmat ifodasi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/kim-ketadiyu-kim-qoladi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x