Oʻshanda toʻrtinchi sinfda oʻqirdim. Oilamiz boshqa qishloqqa koʻchadigan boʻldi. Koʻchishdan bir kun oldin akam bilan otam mollarni haydab yangi uyimizga ketishdi. Ularga itimiz ham ergashdi.
Koʻchamiz, degan kundan boshlab bobom qandaydir bezovtalanib keldi. Rang-roʻyi oʻzgarib, nigohlariga gʻamginlik indi. Xushchaqchaq bobom tuyqus indamas odamga aylandi.
Ertalab turganimizda, bobomni hovlidagi eski tut daraxtiga suyanib oʻtirgan holda koʻrdik. Goʻyo tut qulab ketyaptiyu bobom uni suyab turgandek edi. Soʻng bobom bogʻimizdagi daraxtlar yoniga borib, ayrimlarini qoʻllari bilan silab, ayrimlarini mehr bilan ushlab, ular bilan asta-sekin pichirlab xayrlashdi. Ungacha ertalabki nonushta tayyorlagan buvim hammamizni dasturxonga taklif qildi.
– Mazangiz boʻlmayaptimi, bobosi, – choy uzata – turib soʻradi buvim.
– Hammasi yaxshi, xavotir olmanglar, – dedi bobom sekingina xoʻrsinib.
Bobom uzoq tilovat qilib, fotiha oʻqidi. Bobomdagi xomushlik fotihadan soʻng bir lahza hammamizni chulgʻagandek boʻldi. U kishining ovozidagi mahzun dard bizning ham yuraklarimizga koʻchdi.
Keyin uydagi qolgan-qutgan narsalarni yigʻishtirib, tugunlarga bogʻladik, kichik qutilarga joyladik. Birozdan soʻng Shoyim togʻa mashinasida yetib keldi. Bobom mendan boshqa hammani mashinaga chiqishga undadi.
– Yaratgan egam hamrohlaring boʻlsin. Sogʻ-omon yetib olinglar, – dedi bobom fotihaga qoʻl ochib.
Huvillagan hovlimizni gʻalati jimlik chulgʻadi. Bobom bogʻimizdagi daraxtlarga, ishkomga, hovli etagidagi shiyponchaga, molxona va bostirma tomonlarga qarab yana xoʻrsindi, ogʻir-ogʻir nafas oldi.
Bu orada uyimizni sotib olgan Erdon togʻa oilasi bilan koʻchib keldi. Ularning ham yuki biznikiday bir mashina chiqar-chiqmas ekan. Salom-alikdan soʻng bobom qoʻlidagi kalitlarni unga topshirib duo qildi:
– Iloyo, bu uyda toʻylar qiling, xonadoningizda yaxshi kunlar koʻp boʻlsin.
– Keyingi haftada xudoyi qilamiz. Xabar beramiz, kelasiz-da, Joʻra bobo, – dedi Erdon togʻa xursand boʻlib.
– Albatta kelamiz, Erdonboy.
Soʻng bobom hovlini yana mehr bilan kuzata boshladi. Uning hovlidan uzilgisi kelmasdi. Bir aziz narsasini yoʻqotgan odamday jonsarak edi.
Uyning yangi egalari koʻchlarini tushirish va kiritish bilan mashgʻul.
Bu manzarani kuzatib turgan bobomning koʻzlari yoshlanganini koʻrib mening ham koʻnglim buzildi. Buni sezgan Erdon togʻa bobomni bir piyola choyga taklif qilib, agar xohlasa, qolib mehmon boʻlib ketishini ham alohida taʼkidladi.
– Mayli, bir piyola choy ichaylik, keyin yoʻlga tusharmiz, – dedi bobom hamon ketgisi kelmay.
Endi bizning sobiq, eski chorpoyamizga yangi dasturxon yozildi. Non, choy, qand-qurs qoʻyishdi.
– Bu hovli-joy otamdan qolgan edi, – deb hikoyasini boshladi bobom hazin ovozda. – Bolaligim mana shu hovlida oʻtdi. Shu hovlida voyaga yetdim, bola-chaqalik boʻldim. Shu hovlida soch-soqolim oqardi. Hayotimning eng yaxshi va ogʻir kunlari ham shu hovlida oʻtdi. Rahmatli ota-onam va bir farzandimni ham shu hovlidan chiqardim. Tugʻilib oʻsgan uying ham kichik Vatan ekan, Erdonboy. Endi bu Vatanni sizga topshirdim. Uni menday yaxshi koʻring, menday qadrlang. Bu Vatanga mehr qoʻying, Erdonboy inim.
– Bobojon, kichik Vatan ham boʻladimi? – beixtiyor soʻradim.
– Boʻladi, bolam, boʻladi. Odamning tugʻilgan uyi, hovli-joyi, bu kichik Vatani. Ana shu kichik Vatanlar yigʻilib-yigʻilib, birlashib-birlashib ulugʻ Vatanga aylanadi…
Men bobom bilan katta yoʻlga chiqqanimizda, hamon kichik Vatan – uyimiz haqida, doʻstlarim va uy bilan bogʻliq shirin xotiralar ogʻushida edim. Qalbimda esa ulugʻ va bepoyon Vatanning yorqin manzaralari namoyon boʻla boshlagan edi…
Ashurali JOʻRAYEV
“Yoshlik”, 2012 yil, 2-son
https://saviya.uz/ijod/nasr/kichik-vatan/