Kichik janrning ulkan badiiy olami

Hikoya janri hajman “ixcham”, “tezpishar” boʻlgani bois, epik turdagi roman, qissaga nisbatan koʻproq yoziladi. Birgina, oʻtgan yilning oʻzida, oʻzbek davriy matbuotida toʻqson ikkita hikoyaning eʼlon qilinishi bunga misoldir. Mazkur hikoyalar bilan tanishish natijasida, ularni shartli ravishda uch turga ajratdik:

 

Professional hikoyalar;

Oʻrtamiyona hikoyalar;

Ilk hikoyalar.

 

Shuningdek, qayd etilgan yil hikoyachiligini kuzatish asnosida, hikoyanavislarimiz, asosan, ikki uslub, yaʼni, anʼanaviy realistik va ramziy-majoziy yoʻnalishlarda ijod etganligini ham aytmoq lozim:

  1. Anʼanaviy realistik yoʻnalishda yozilgan hikoya namunalari: “Qora kiyik taʼqibi”, “Rishta” (B. Abdurazzoq), “Qor maydalab yogʻardi” (S. Ashur ), “Toptalgan chechak” (I. Muhammad), “Zulmat va alanga” (E. Norsafar), “Oʻlim sharpasi”, (T. Qurbon) “Temirchilar isyoni” (Gʻ. Karimiy), “Yoʻlovchilar” (M. Rajab), “Qizgʻaldoq” (N. Chori), “Koʻkyol” (M. Tilovova), “Xalaji” (Sh. Salom), “Bir osmon ostida” (Talant Bek), “Yoʻl” (M. Ziyo), “Kuygan shahar” (Z. Qurolboy qizi), “Dutor bilan tanbur” (A. Aʼzam), “Vokzal” (N. Jaloliddin);
  2. Ramziy-majoziy yoʻnalishda yozilgan hikoya namunalari: “Nuh kemasi” (Otauli), “Bir piyola suv”, “Koʻzini ochib yumgan odam” (U. Hamdam), “Suvdagi kosa” (I. Sulton), “Karvonqush” (S. Toʻrayev).

B. Abdurazzoq “Qora kiyik taʼqibi” hikoyasida qargʻish olgan odam, qora qismatning avlodlararo davomiyligi ishonarli, dramatizmli voqealar, detallar (kiyikning tuyoq tovushlari – gʻoyibdan keladigan tovush) bilan dalillangan.

S. Ashurning “Qor maydalab yogʻardi” hikoyasining ifoda yoʻsini jamiyatimizda kundan-kunga urchib, avj olayotgan taʼmagirlik, poraxoʻrlik, tekinxoʻrlik kabi ijtimoiy illatlarga qaratilgan. Hikoyada bot-bot takrorlanadigan: “Inson organizmidagi keraksiz, zaharli koʻrichak, aslida” asarda tasvirlangan taʼmagir kimsalarga ramziy ishora beradi. Oʻz xizmatini suiisteʼmol qiluvchi shaxslar jamiyatimizda eng zararli, eng zaharli, keraksiz bir organizm ekanligiga hikoyada nozik ishoralar bor.

Gʻ. Karimiyning “Temirchilar isyoni” tarixiy mavzuda yozilgan hikoya namunasi. Yozuvchi qadim tarixga murojaat etadi, turkiy qabila va urugʻlar haqida hikoya qiladi. Davr ruhini berish maqsadida hikoyanavis koʻplab tarixiy, arxaik soʻzlardan foydalanadi va koʻzlagan maqsadiga erishadi. Umuman, hikoyada erksevar, kelbatli, dovyurak, qoʻrqmas turkiylarning hayoti va eʼtiqodi yaxshi ochilgan.

M. Rajab “Yoʻlovchilar” hikoyasida bir necha soatlik manzil “Urganch-Yangibozor” yoʻnalishi boʻyicha avtobusdagi yoʻlovchilarning gap-soʻzlarini, gurunglarini berish orqali, zamona qiyinchiliklari, oʻtmish va bugunning muhokamasini, baʼzi zamondoshlarimizga xos boʻlgan madaniyatsizlik, qoloqlik, boqimandalik kayfiyati, farzand tarbiyasidagi kamchiliklarni, xullas, ijtimoiy kamchiliklar, maʼnaviy-axloqiy muammolarni yaxshi tasvirlay olgan.

Oʻtgan yilgi hikoyanavislar orasida yosh ijodkor N. Chorining “Qizgʻaldoq” hikoyasini qayd etmoqchimiz. Qishloq hayoti, odamlari, rasm-rusumlari, kundalik turmushi, oʻzbekning ijtimoiy-maishiy panoramasi mahorat bilan chizilgan. Hikoya syujeti qiziqarli, kompozitsion qurilishi pishiq, obrazlar tasviri aniq va ravshan. Qizgʻaldoq tashqi koʻrki-tarovati, rangi-tusi bilan kishilar koʻzini quvontiradi, yuraklarga taʼriflab boʻlmas quvonch, zavq soladi. Ammo, qizgʻaldoqning umri qisqa. Xuddi qizgʻaldoq gul singari Toʻlgʻanoy qizning baxtli, osuda hayoti ham kalta boʻladi. Hikoya matnida xalq ertak va dostonlarining jozibador uslubi seziladi, yoqimli ritmik musiqiy ohang bor.

M. Tilovovaning “Koʻkyol” hikoyasi choʻponlar hayotidan olib yozilgan. Hikoyanavis keskin dramatizmli voqealarni ketma-ketlikda berishda, boʻrining ruhiy holati, xatti-harakatlarini ochishda professional nigoh, qalam bilan tasvirlagan.

H. Musurmonova “Diydor qoʻshigʻi”da ikki doʻst Eshpoʻlat va Baxtiyor, Oqqashqa ot doʻstlik uchburchagini chizadi. Oqqashqaning ruhiy holati, egasiga sadoqati Eshpoʻlat obraziga zidma-zidlikda tasvirlanar ekan, ichiqora doʻstning razil qiyofasi ochib beriladi. Hikoyada otning ichki monologi asarning badiiy kuchini yanada oshirgan.

Sh. Salomning “Xalaji”sida sobiq shoʻro davrida Oʻzbekistonning paxta plantatsiyasiga aylantirilishi, oʻz mulkiga, yeriga egalik qilaolmayotgan millatning ayanchli taqdiri paxtani chigitidan ayirib beradigan oddiy qoʻlbola asbob xalaji atrofida kechgan taʼsirchan voqealar bilan bayon etiladi.

M. Ziyoning “Yoʻl” hikoyasi bugungi kun va zamondoshlarimiz haqida yaratilganligi bilan xarakterli. Zamona shiddati, turmush tashvishlari charchatib tashlagan qahramon hayoti orqali jamiyatdagi byurokratizm tanqid ostiga olinadi. Hikoyada chap tomonga ogʻib yuradigan kishilar, oʻng va chap yoʻllar, ravon va notekis yoʻllar singari assotsiativ fikrlar kitobxonda toʻgʻri va egri odam, jamiyatdagi halol va harom ishlar haqidagi izchil fikrlarni namoyon etadi.

Z. Qurolboy qizining “Vaqt parchalari” sarlavhasi ostida ikki hikoyasi: “Ikki manzil” va “Kuygan shahar” chop etilgan. Adiba “Ikki manzil”da inson qalbini boylik, mansab-martaba, zoʻravonlik, kuch-qudrat bilan zabt etib boʻlmasligini sunʼiy uyushtirilgan sahna tasviri bilan isbotlashga harakat qiladi. Nazarimizda, bu, atay, sunʼiy uyushtirilgan sahna oʻquvchining gʻashiga tegadi. Hikoya qahramonlari yozuvchi izmiga qattiq boʻysundirilgan, ular erkin harakatlanmaydi. Ammo, uning ikkinchi hikoyasi, yaʼni, “Kuygan shahar” badiiy topilma, original syujeti, tragizmi bilan qalbga chuqur oʻrnashadi.

A. Aʼzamning “Dutor bilan tanbur”ida jamiyatdagi eʼtiborsizlik, xoʻjakoʻrsinga ishlash kabi yuzakilik illati, mansab-martaba uchun maʼlum doiradagi talashib-tortishuvlar televideniye jamoasining kundalik ish jarayoni orqali hikoya etiladi. Asar qahramonlari ismlariga ham jiddiy badiiy gʻoya yuklangan. Bir-biriga choh qazib yuruvchi kishilar jamoasi koʻrsatib berilgan.

Ramziy-majoziy hikoyalar yaratgan Otauli, U. Hamdam, I. Sulton, S. Toʻrayevlar voqelikka, inson koʻngli qatlariga, yaralish va yaratilishga yangicha nigoh bilan boqadi. Miflar odatda, olam va odamning yaratilishi haqida hikoya etadi. Bugungi kunning zamonaviy hikoyanavislari olam va odam, ibtido va intiho, muhabbat va nafrat, ezgulik va yovuzlik singari gʻoyalarga oʻzlarining munosabatlarini ifoda etishda nemifologizmga keng murojaat etishmoqda. Neomifologizm oʻzbek adabiyotshunosligida hali keng adabiy isteʼmolda ishlatilishga ulgurmagan yangi terminlardan biri. Neomifologizm bu ijodkorlarning yuqorida aytilgan mavzular haqida shaxsan oʻzlari toʻqigan subʼyektiv afsonalaridir. Endi yozuvchilarimiz olamning yaratilishi va odamning qismatini oʻzlari toʻqiyotgan yangicha ramzli, majozli, timsolli obrazlarga burkab ifoda etishmoqda. Bu nihoyatda quvonarli hodisa. Toʻgʻri, nemifologizm elementlari oʻzbek hikoyachiligida yaqin oʻn yilliklarda paydo boʻlgani yoʻq. Bu tipdagi hikoya namunalarida neomifologik obrazlar, neomifologik tushunchalar, qarashlar, fikr-mulohazalar juda erkin tarzda aks etadi.

Jumladan, U. Hamdamning “Bir piyola suv”, “Koʻzini ochib yumgan odam” hikoyalari chuqur ramzlar asosiga qurilgan.

I. Sulton “Suvdagi kosa” hikoyasida ummon oʻrtasida qayiqda qolib ketgan ikki doʻst holatni tasvirlaydi. Hikoya qahramonini Vatan, ona yer sogʻinchi qiynaydi. Ikki doʻst toʻgʻri yoʻlni topa olmay ummon oʻrtasida juda qiynalishadi. Umuman, mazkur hikoya ham ramziy-majoziy talqinlarga asos beradi. I. Sulton hikoyasi ham neomifologizm asosiga qurilgan. S. Toʻrayevning “Karvonqush” hikoyasida Oyparast qiz va Quyosh oʻgʻli Karvonqushning hayoti orqali ikki qabilaning, keng maʼnoda ezgulik va yovuzlik oʻrtasida ayovsiz kurash ramziy timsollar, obrazlar, ixchamgina badiiy voqelik vositasida ochib beriladi.

Shuningdek, oʻzlarining ravon uslubi bilan hikoyalar yaratgan N. Qobul “Kechikkan turnalar”, Sh. Otabek “Tavba”, “Taqdir soʻqmoqlari”, S. Oʻnar “Begona mehmon”, E. Usmonov “Ertakka aylangan kecha”, G. Mamarasulova “Koʻngil”, A. Rahmon “Lahza”, N. Normatov “Koʻcha eshikning naqshin gullari”, S. Siyoev “Tazarru”, I. Abdiyev “Gululi”, J. Fozil “Bogʻ” kabi mualliflarning asarlari bizning diqqatimizni tortdi. Ammo, koʻpchilik hikoyalarimizda siyqasi chiqqan oldi-berdi, qoʻydi-chiqdi, sevdi-kuydi, qaynona-kelin, qon-qarindoshlar oʻrtasida oʻzaro uy-joy talashishlar kabi mayda mavzular tahlil etiladi. Nazarimizda, chinakam sanʼat asarida maishiy voqelik ikkinchi planda, umuminsoniy gʻoyalar, nozik insoniy tuygʻular, holatlar, oniy ruhiyat poʻrtanalarini tasvirlash adabiyotning bosh vazifasi sanalmogʻi kerak. Bunday mavzular asarning umrboqiyligini taʼminlaydi.

Oʻtgan yili chop etilgan aksariyat hikoyalarni kuzatish natijasida shunday xulosaga keldik:

– ramziylik, polifonik tasviriylik, assotsiativ fikrlashga intilish oʻzbek hikoyachiligida alohida tendensiya sifatida shakllanganini koʻrsatadi;

– badiiy shartlilikning neomifologizm, mifologik model asosida yangicha badiiy topilmalar qilganligi ham alohida tendensiya sifatida namoyon boʻlgan, deyishga asos beradi;

– shuningdek, batafsil tasviriylik, telefon-telegraf uslubi ham baʼzi hikoya namunalarida istifoda etilgan;

– oʻzbek hikoyachiligi uslub nuqtai nazaridan anʼanaviy realistik va ramziy-majoziy shakllarda zohir boʻlgan.

 

Marhabo QOʻChQOROVA,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kichik-janrning-ulkan-badiiy-olami/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x