KESHIK (turkcha kezik — navbat, ran) — xonning xos gvardiyasi. Chingizxon 1203-y. Sharqiy Moʻgʻulistonda hokimiyatni oʻz tasarrufiga kiritgach, Keshik tuzilishiga alohida eʼtibor qaratadi. Keshik kunduzgi xos soqchilar va toʻngi xos soqchilardan iborat etib tuziladi. Kunduzgi xos soqchilar (turgeut) ning soni 70, toʻngi xos soqchi (kebteul)larning soni 80 nafardan iborat boʻladi. Keshik tarkibiga, shuningdek, oʻqchilar (xoʻrchi), oshpazlar (baurchi), axtachilar, xoʻjalik ishlari mutasaddi (cherbi)lari ham kiritilgan. Moʻgʻul zodagonlari va noʻyonlari farzandlaridan tashkil qilingan Keshik tarkibidan harbiy harakatlar chogʻida qoʻshinning ilgʻornda joylashgan, tinchlik onlarida esa saroyda soqchilik b-n mashgʻul boʻlgan bahodirlar ham oʻrin olgan. Keshik soqchilari har 3 kunda navbat almashgan. 1206-y. Chingizxon Keshik tuzilishiga sezilarli oʻzgarishlar kiritadi, uning sonini 10 ming nafarga yetkazadi. Yuan impe-riyasining asoschisi Xubilay davrida Keshikning mikdori 12 ming kishidan iborat boʻlgan. Keshik tarkibini muttasil toʻldirib turish maqsadida har bir mingboshining farzandi oʻzi bilan 1 qarindoshi va 10 navkarni, oʻnboshining oʻgʻli esa, 1 qarindoshi va 3 navkarni boshlab kelgan. Keshik qattiq tartib va intizomga boʻysundirilgan. Oʻz navbati chogʻida xizmatga kelmagan xos gvardiyachi 1-marta 30 tayoq, 2-marta 70 tayoq, 3-marta esa, oldin 37 tayoq urish bilan jazolangan, soʻng Keshikdan butunlay haydalgan. Keshik faqat xonning oʻzi bevosita qoʻmondonlik qilgan harbiy yurishlarda qatnashgan. Lashkargoxda qurilgan xon qarorgohining oldida bahodirlar, oʻng tomonida oʻqchi va kunduzgi xos soqchilar, Keshikning qolgan 7 ming nafari chap tomonida joylashgan. Keshik saflaridan Chingizxon barpo etgan armiyaning koʻpdan-koʻp atoqli sarkardalari yetishib chiqqan.
Ad.: Bartold V. V., Chingizxan i mongolы, Sochineniya, t.1, M., 1963.
Hamidulla Dadaboyev.