Vokzal. Har doimgiday shovqin-suron. Poyezdlar kimlarnidir olib kelyapti-yu, boshqa birovlarni uzoq-uzoqlarga olib ketyapti. Bu yerda hech kim muhim emas.
Men ham oʻz poyezdimni kutyapman. Yonimda oʻtirgan ikki xotin tinmay javramoqda. Eshitmaslik uchun quloqni yopish noqulay. Beixtiyor ularning suhbatiga quloq solaman.
– Uyimizda kitob koʻpligidan erkinroq nafas olib boʻlmaydi.
– Voy, nega?
– Erim tarixchi-ku (uff tortib)!? Uyimda eski yozuvdagi kitoblardan tortib, yangi chiqqan ingliz tilidagigacha bor. Hammasini qalashtirib tashlagan. Ishonmaysan, mehmonxona, oshxona, hatto, yotoqxonam ham kitobga toʻlib ketgan. Oʻtirishga joy yoʻq! Biror gap desam, ogʻzimga uradi. Gʻing deyolmayman.
– Voy, kitob javoni yoʻqmi?
– E, kitob javonida joy qolmagan-da! Shu desang, yaqinda ilmiy tajriba almashish uchun bir oy xorijga ketdi. Aeroportda kutib olayotib, qoʻllaridagi xaltalarni koʻrib, rosa suyunib ketdim. Uyga borib ochsak, kitob! Tushunyapsanmi?
– Voy…! Dahshat-ku!
– Ha, bizga sovgʻa qilish uchun xorijdan faqat kitob olib kelibdi…
– Voy, bechora!..
Ha, xalqimiz azal-azaldan kitobxon. Kitobni moʻtabar, aziz bilgan. Shuning uchun uyining toʻrini kitoblarga berib, oʻzi poygakda qolishdan ham orlanmaydigan, buni baxt deb biladigan insonlar oramizda koʻp. Qayerga borsa, yaqinlariga sovgʻaga kitob oladi, kutubxonalarni koʻradi. Shu yoʻl orqali oʻzining shaxsiy kutubxonasini shakllantiradi.
Umri davomida yuz mingdan ortiq kitob yiqqan fidoyi kitobxonlarni koʻrib yoki eshitib, sevinib ketasan kishi. Ammo oʻsha maʼrifatli insondan soʻng uning ming mashaqqat bilan, oʻz rizqini qiyib, yillar davomida yiqqan shaxsiy kutubxonasidagi kitoblarning taqdiri nima boʻlyapti, degan savol kitobga mehr qoʻygan har qanday kishini birdek oʻylantirishi tabiiy. Ularning ahvoli bilan kimdir qiziqyaptimi? Farzandlari kitobni sevsa, xoʻp-xoʻp, ammo unday boʻlmasa-chi? Otasi yillar davomida yiqqan kitoblar (ular orasida nodir, yagona nusxadagi kitoblar, qoʻlyozmalar boʻlishi mumkin) zavol topmayaptimi? Xor-zor boʻlmayaptimi?!
Shu savollar atrofida oʻylanyapman-u, ustoz ijodkorlardan biri koʻzida yosh bilan gapirib bergan voqeani esladim.
– Men katta bir akademikning qoʻshnisi edim, – deydi domla. – U toʻqsondan oshib vafot etdi. Umr boʻyi izlandi, kitob yozdi, yigʻdi.
Bir kuni chiqindilarni tashlash uchun tashqariga chiqdim. Kun botgan, atrof nim qorongʻi. Maxsus chiqindi idishining yonida bir nima uyulib yotganini koʻrdim. Qorongʻida koʻzimga xira koʻringani uchun qora koʻlankaga yaqinroq bordim. Uyulib yotgan narsa kitob ekan. Bir dam koʻzim hech nimani koʻrmay qoldi.
Shartta oʻtirib, telefonimning chirogʻini yoqdim. Kitoblar orasida eski oʻzbek yozuvidagi asarlardan tortib, yangi, hali siyohi qurimagan adabiyotlargacha bor edi. Kitob uyumidan bittasini olib, asta ichini ochdim. Muqovasiga “Akademikning shaxsiy kutubxonasidan”, deb yozib qoʻyilgan ekan. Shu on koʻzimdan yosh chiqib ketdi.
Nomard farzandlar hali otasining ustiga tortilgan tuproq sovimasdan, uning necha yillardan buyon yigʻib kelgan qirq mingdan ortiq kitobini chiqindixona-yu “maklatura”ga topshirib yuborgan ekan…
Bu kabi ogʻriqli misol xonadonlarimizni toʻldirib turgan kitoblarning taqdiri bilan jiddiyroq shugʻullanishga nafaqat oʻzimiz, balki farzandlarimiz qalbida ham yuksak mehr uygʻotishimiz lozim ekanini koʻrsatmoqda. Nondek aziz boʻlgan kitobni xor qilish katta gunohligini ularga tushuntirish, biz ota-onalarning vazifasi.
Shaxsiy kutubxonalarda shunday kitoblar borki, ularning qadri juda baland. Turli sabablar bilan hali fanga maʼlum boʻlmay, chang bosib yotgan kitoblar, qoʻlyozmalar boʻlishi ham mumkin. Ularning yoʻq boʻlib ketishi nafaqat fan rivojiga, balki yurtimiz kelajagiga ham sezilarli taʼsir qilmay qolmaydi. Bunga yoʻl qoʻymaslik uchun har bir inson kitobning qadriga yeta bilishi kerak.
Ota-onasining yillar davomida orttirgan asl boyligi – kitoblar agar farzandlarga kerak boʻlmasa, ularni chiqindixonalarga emas, kutubxonalarga yoki kitobsevar insonlarga topshirgani maʼqul. Bundan tashqari, bugungi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanish, muammo yechimini izlashda qoʻl keladi. Chunki shaxsiy kutubxonasini jondan aziz bilib yoki boshqa turli sabablar vajidan kitobni birovga ishonmaydiganlar ham juda koʻp.
Ulkan fondga boy bunday shaxsiy kutubxonalarning elektron nusxalari yaratilsa va ular kompyuter, internet saytlariga joylansa, nur ustiga nur. Bunda shaxsiy kutubxona egasining nomi alohida qayd etib qoʻyiladi. Masalan, “Akademik A. S. A… ning shaxsiy kutubxonasidan olingan elektron manba”. Qanday foydali va chiroyli.
Xalqimizning maʼnaviy xazinasini asrash, nodir kitoblarning fanga nomaʼlumligicha qolib ketmasligi uchun shaxsiy kutubxonalar taqdiri bilan ham qiziqaylik. Bu bizga hali fanga jumboq boʻlgan, ochilmagan qoʻriqlar yuzaga chiqishida yordam beradi. Shuni unutmaslik kerakki, shaxsiy kutubxonadagi kitoblar kimgadir tegishli, lekin uning ichidagi maʼnaviy xazina xalqnikidir.
…Vokzal. Shovqin-suron. Qichqirib har tomon shoshilayotgan poyezdlar odamlarni turli manzillar tomon boshlab ketadi. Shu orada bizning poyezd ham kelib qoladi. Hamsuhbat ikki ayol esa javrashda davom etadi:
– Voy, qanday qutilasan endi?…
– Hali boplayman… Erim yaqinda bir oyga safarga ketyapti, kelganida kitoblarini tushida koʻradi.
– Voy, nima qilasan?
– Oʻzim bilaman!..
Poyezd tomon yurib borar ekanman, qalbimdan bir soʻz otilib chiqdi. Qani, bu dunyoning peshtoqi boʻlsa-yu unga “Kitoblarni asraylik”, deb yozib qoʻysak, shunda bu soʻzni dunyoga kelayotganlar ham, ketayotganlar ham oʻqirdi…
Javlon JOVLIYEV
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/keraksiz-sovga/