* * *
Boʻron tindi, yomgʻir yupandi,
Sochin qayta taradi shamol.
Arazini unutdi, kuldi,
Koʻzyoshlari tugagan ayol.
Shahar qoʻlga oldi koʻzgusin,
Ajiniga surdi upalar.
Choshgoh sochdi tilla yogʻdusin,
Gumon kabi toʻzdi parqular.
Kechiksa ham keldi, dilgir va
Nimagadir biroz parishon –
Tuygʻularning selida oqib,
Yashamoqni qoʻmsagan inson.
Sevgi edi oraga tushib,
Hayotini sudxoʻrga tutgan.
Kelmasligi ayon boʻlsa ham,
Yashamagan, faqat jim kutgan.
Nimalarni qilgan bashorat,
Nimalardan umid eshgan ul.
Arzon berib halovatini,
Ogʻriqlarni qimmat olgan qul.
Boʻlsa edi bir tola nurday
Jonin tutsa – isitib bersa.
Mehr emas, taskin ham emas,
Faqat bir bor jamolin koʻrsa…
Tomirida uygʻongan quyun,
Aziz umrin telba aylagan.
Tushunolmas, tushuntirolmas –
Tangri shunday qismat saylagan.
Boʻron tindi, xoʻrsindi sukut,
Gʻorga kirib ketdi qorayol.
Boʻynin qashib jim qoldi erkak,
Uzik torni uladi ayol.
* * *
Bir tojdor bor edi, elparvar, oqil,
Yurtning tashvishida oʻtgan har oni.
Fuqaro koʻngliga topgan edi yoʻl,
Adolat gʻishtidan bino qoʻrgʻoni.
Xalqning ahvolidan boʻlib boxabar,
Ulugʻ matlab ila davron surardi.
Yetimning rizqiyu halolning haqqin
Odil tarozida oʻlchab berardi.
Qirq boshli tulpordir siyosat – beshak,
Qirqta jilovi bor – har biri har yon.
Biriga erk berib, birin sal tortib,
Podshoh sergak edi, sezgir, ustomon.
Makrga chap berib, igʻvoni yanchib,
Hukm surar edi mardona, oʻktam.
Balki shu zahmatin mukofotiga
Xizr yoʻqlar edi uni damo-dam.
Iloh nuri bilan qamashib qalbi,
Xizr-la suhbatdosh boʻlur edi shoh.
Choʻng bir ishoralar berardi nabiy,
Elning iqbolidan etgancha ogoh.
…Bir kun shoh koʻnglida boshlandi gʻulu,
Ibrohim* qismati keldi yodiga.
“Ushbu toju davlat, ushbu farogʻat
Arzirmi jannatning gard tuprogʻiga?!”
Olam va odamning tarzini oʻylab,
Kirdi soʻfiylikning riyozatiga.
Saltanat tashvishin topshirib butkul,
Yuz burdi Tangrining ibodatiga.
Olis togʻ bagʻrini makon tutdi ul,
Oxiratin oʻylab nolalar qildi.
Inson koʻzi tushmas yobonda tanho,
Haqning ragʻbatiga yetishmoq boʻldi.
Garchi, shu kundan soʻng oʻzgardi olam,
Garchi, osudalik zavqini tuydi.
Ammo qancha intiq boʻlib tursa ham,
Uni endi Xizr yoʻqlamay qoʻydi.
Yillar oʻtdi, uning ahvoli nigun,
Yaratgandan tunlar yigʻlab soʻradi:
“Bir bor jamolini koʻrsat ul zotning!” –
Shohning yuragini qaygʻu oʻradi.
Tomchi koʻzyoshning ham bordir hisobi,
Buyuk muvozanat qurgandir Egam.
Bir tong Haqqa yetdi shohning xitobi,
Xizr paydo boʻldi ayni oʻsha dam.
Shoh yuzi yorishdi tongdan rang olib,
Xizr-la koʻrishdi boʻlganicha shod.
“Nechun meni yolgʻiz tashlading, ey, doʻst,
Notavon koʻnglimni aylab noobod?
Sening suhbating deb kechdim jahondan,
Sening diydoring deb qoʻl silkdim taxtga.
Voh, nechun shuncha yil zor etding meni,
Erishmoq boʻlgandim bu diydor – baxtga?”
Xizr javob qildi: “Ey, odil oʻgʻlon!
Qismatiga shohlik bitilgan tojdor!
Haqning adolatin oʻrnatmoq uchun
Seni bu olamga yuborgan Jabbor.
Magar burgut tepsa, oʻnglanmas arslon,
Iloh lochiniga sen tariq sochding.
Muddao yetaklar mardning otini,
Meni deb aslida Xudodan qochding.
Sensiz yurt ahvoli koʻp gʻarib, nolon,
Xalqing xor, elingda zalolat hokim.
Sen bir miskin koʻnglin olgan paytingni
Ulugʻ ibodat deb hukm etmish Rabbim!”
Xizr gʻoyib boʻldi, ehtimol mangu,
Gʻor labida qoldi shoh-darvesh – vayron.
Balki taxtga qaytgan, balki gʻoriga,
Lek uning qismati ibrat begumon.
Kuzak
Yigʻlolmaydi, labin tishlar ona daraxtlar,
Kiprik qoqmas, xoʻrsinolmas, koʻzlari toʻlgan.
Labi titrar, kifti uchar, oqargan yuzi,
Kuz olamning yuragiga zoʻr vido solgan.
Mezonlarda hasratning oq raqsini koʻrdim,
Soyga boqdim – bir baxtsizning aksini koʻrdim.
Yulduzlarning qirrasida farishtalar jim,
Bosh koʻtarmay Oy nur elar – beva egachim.
Faqat barglar shivirlaydi qoʻrquv tilida,
“Qutqar!” deya koʻkragimga mushtlar yuragim.
Bahor oʻtgan yoʻlda qolgan bir izni koʻrdim,
Izga rasmin chizayotgan bir qizni koʻrdim.
Qanotiga oq tushayotgan qushlarni koʻrdim,
Oʻtovlari tenglanayotgan qoʻshlarni koʻrdim.
Aytilmasdan, uchuq toshgan tushlarni koʻrdim.
Yerga kirib ketsam degan dashtlarni koʻrdim.
Soy ortidan tizzasiga iyagin tirab,
Qarab qolgan bolakaylar – toshlarni koʻrdim.
Koʻnishga hech koʻnolmagan istagim bilan,
Yer ustiga bir yiqilmagan kuragim bilan,
Koʻzlariga koʻzim tushdi. Yoʻq, qarolmadim,
Oʻn yoshida qolib ketgan yuragim bilan:
Orzulari guldan qaytgan xayolni koʻrdim,
Hijron gulli koʻylak kiygan ayolni koʻrdim.
Qoʻllarini ortga qilib jim borar togʻlar,
Boshlari xam, yelkasida boʻshdir suvloqlar.
Jangda magʻlub bahodirlar gʻamgin qayturlar,
Bul xabarni volidaga qanday ayturlar!?
Shul togʻlarda keksa, yolgʻiz arslonni koʻrdim,
Koʻzlarida bostirilgan isyonni koʻrdim.
Beshigida koʻzmunchoqqa qoʻl choʻzar bolam,
Mezonlardan umid eshib oʻltirar onam.
Uzilgan barg toʻgʻri kelib yurakka qoʻndi –
Dilgir otam oftobroʻga oʻtib isindi.
Simdorlarda qurimagan toʻnimni koʻrdim,
Umrim kabi qisqarayotgan kunimni koʻrdim.
Botinimda yulduzlarning sokin sovishi,
Elas-elas kishnaganday toylar tovushi,
Eshitilmay qolayotgan soylar tovushi,
Ayvondagi eski inday benavo yurak,
Menga yetib kelmay qoldi oylar tovushi,
Yaqin bordim, quloq tutdim, engashdim, turdim,
Eshitmadim, ammo undan sozini koʻrdim,
Chalinmasdan tinglanguvchi sozini koʻrdim.
Shoxda mezon – shahid yalov, boʻzini koʻrdim!
Yaratganning shunday buyuk kuzini koʻrdim!
XXI asr shoiriga!
– Kepqoling, faqat men orzu sotaman,
Manov – “Marsga uchish”, bu – “Mangu yashash!”
Mana, Oloviddin sehrli chirogʻi,
Manavi “Sogʻinish”, bunisi “Qoʻmsash”.
“Onani tush koʻrish”, “Hijron” va “Visol”,
Kepqoling, faqat men orzu sotaman.
“Yigʻlash”, “Entikish” bor, “Chuqur xoʻrsinish”,
Koʻproq olganlarga narxin oʻtaman.
Opqoling, sotamanu ketaman!
– Nega buncha katta orzularingiz,
Koʻplari fasondan qolgan, amaki.
“Eslolmaslik” yoʻqmi, qimmat boʻlsa ham,
Xorijniki boʻlsa, yanayam yaxshi.
…Dod, molim oʻtmaydi, bozorim kasod,
Olib-sotar dunyo parvo qilmaydi.
Shoirlarga tekin tarqatay desam,
Boshlovchi shoirlar bunga kelmaydi,
Bu bozorni ular hali bilmaydi…
Shodmonqul SALOM
“Yoshlik”, 2017 yil 10-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/kepqoling-faqat-men-orzu-sotaman/