DO`STLARGA ULASHING:
Bir chol bor ekan. Uning uchta o‘g‘li bor ekan. Bir kun chol o‘libdi. Choldan bolalariga uchta narsa: keli, kelisop, narvoncha qolibdi. Katta o‘g‘li, kelini, o‘rtanchasi kelisopni, kichigi narvonchani olibdi. Kichik o‘g‘il narvonchani ko‘tarib yetti kunlik yo‘lga tushibdi. Bir joyga borsa, bir boyning uyidan tutun chiqib turgan emish. Narvonchadaa tuynukka chiqib qarasa, bir xotin hadeb har xil ovqatlarni pishirib, yashirib qo‘yayotgan emish. Bola hammasini aniq ko‘rib olibdi. Pastga tushib o‘tiribdi. Bir qancha vaqtdan keyin boy kelibdi. Bolaning bir zaxchasi bor ekan, bola boy kelishi bilan zaxchani turtibdi. Zaxcha «chag‘» debdi. Boy:
— U nima? — debdi. Bola:
— Bu mening folbinim, — debdi. Boy:
— Qani, bir fol ochirib yubor, — debdi.
Bola zag‘chani bir urgan ekan zaxcha «chag‘» debdi. Boy:
— Nima deyapti? — debdi. Bola:
— Bir tovoq palov turibdi. Shuni olib chiqsinlar, deyapti, — debdi. Boy uyga kirib xotiniga:
— Bir tovoq paloving bor ekan. Shuni ber, — debdi. Xotini beribdi. Uni olib chiqib bola bilan ikkovi yeyishibdi. Boy «tag‘in ochir», debdi. Bola zag‘chani bir ursa zag‘cha «chag‘» debdi. Boy:
— Nima deyapti? — debdi. Bola:
— Uyda bir tovoq xasip turibdi. Shuni olib chiqsin deyapti, — debdi. Boy uyga kirib xotiniga:
— Xotin, tovoqda xasip bor ekan, shuni ber, — debdi. Xotini hayron bo‘lib:
— Kim aytdi sizga? — debdi.
— Ey, xotin, qo‘yaver. Bir folbin bor ekan. O’shanga fol ochirayotibman, — debdi.
Boy xasipni olib chiqib bola bilan yebdi. Boy:
— Tag‘in ochir, o‘g‘lim, — debdi. Bola, tag‘in ochiribdi. Boy.
— Nima deyapti? — debdi. Bola:
— Uyda bir tovoq chuchvara bor, o‘shani olib chiqinglar! deyapti, — debdi. Yana boy kirib xotiniga:
— Chuchvarang bor ekan, o‘shani ber, — debdi. Xotini tag‘in beribdi. Uni ham olib chiqib yeyishibdn.
Boy: «Tag‘in ochir, o‘g‘lim!» debdi. Bola:
— Ey, ota, qo‘ying endi, aljirab ketadi, — debdi. Boy:
— Ochir, ochir, o‘g‘lim! —debdi. Bola yana ochiribdi:
— Uyda bir tovoq somsa bor, o‘shani olib chiq, deyapti, — debdi.
Boy tag‘in xotini oldiga kirib: «Somsani olib chiq», debdi. Xotini olib chiqibdi. Somsani ham ikkalalari yeyishibdi. Tag‘in boy:
— Yana ochir, o‘g‘lim! —debdi. Bola:
— Yo‘q, ota, endi ochirsam aljirab ketadi, — debdn. Shu o‘rtada zag‘cha «chag‘» debdi. Boy:
— Nima deyapti? — deb so‘rabdi. Bola:
— Boy buvamning xotinlarining o‘ynashi bor deyapti, — debdi. Boy hayron bo‘lib:
— Shu zag‘chani sotasanmi? — deb so‘rabdi.
— Yo‘q, ota, sotmayman. Shu bilan tirikchilik qilib yuraman, — debdi. Boy:
— Hech bo‘lmasa uch yilga sot, — debdi. U bola:
— Ho, tunov kuni bir boy bir yilga bir tovoq tilla beraman dedi, bermadimu, sizga beramanmi, — debdi. Boy:
— Agar to‘rt tovoq tilla bersam uch yilga berasanmi? — debdi. Bola:
— Tag‘in bir eshak berasiz-da, — debdi.
Boy yaxshi bir eshak, to‘rt tovoq tilla beribdi. Bola ketibdi. Boy uyiga kirib, «o‘ynashing bor ekan», deb xotinini urib-urib chiqib ketibdi. Xotin zag‘chaning kallasini uzib tashlabdi. Boy qaytib kelib zag‘chani so‘rabdi. Xotini:
— Qo‘shnimizning xotini mushuk boqqan ekan, zag‘chani o‘sha o‘ldirib qo‘ydi, — debdi.
Boy «endi egasi so‘rab qolsa, nima deyman», deb bir kimxob to‘n olib bolaning ketidan yuguribdi, Bola, boy orqamdan zag‘chani qaytarib kelayotibdi, deb o‘ylab eshakning dumini, qulog‘ini qirqib olibdi:
— Boy aka, bergan eshagingiz yomon chiqib qoldi, — debdi. Boy:
— Mayli, folbining o‘lib qoldi, — debdi, — mana shu to‘nni olib rozi bo‘l! — deganda, bola:
— E, e, yaxshi bo‘lmabdi, men borib qaytib olmoqchi edim, — debdi.
Boy uyiga ketibdi. Bola yurib-yurib bir yurtga boribdi. Bolalar: «Bu eshakmi, yo boshqa narsami», deb uning orqasidan kulib yurgan emish. Bola:
— Qo‘yinglar, bu eshak emas, balogardon, balogardon, — debdi. Bola va uning eshagi haqida podshoga xabar berishibdi.
— Bir zar chopon kiygan bola eshakka o‘xshagan — dumi, qulog‘i yo‘q, balogardon degan hayvonni minib yuribdi, — deyishkbdi.
Buni eshitib, podsho navkarlaridan biriga:
— Darrov mening oldimga o‘sha bolani olib kelinglar, — deb buyruq beribdi.
Bolani podshoning oldiga olib borishibdi. Podsho boladan:
— Bu nima? — deb so‘rabdi. Bola:
— Ey, buni qo‘yavering. Bu qancha dushmaningiz bo‘lsa hammasini yo‘q qilib yuboradi. — debdi.
Podshoning bir joyda dushmani bor ekan. O’shanga uch o‘g‘li bilan bir qancha askarlarni yuborgan ekan. Dushman uch o‘g‘li bilan butun askarni nobud qilgan ekan. Dushmandan o‘ch olmoqchi bo‘lib yurgan ekan. Podsho:
— Menga shuni sotasanmi? — deb so‘rabdi. Bola:
— Men bu balogardon bilan kun ko‘rib yuribman, — deb javob beribdi. Podsho:
— Agar shu balogardon rostdan mening yovlarimni yo‘qota olsa, qizimni va podsholigimning yarmini beraman, — debdi. Bola:
— Bu balogardonga har kun suv bermay, beda berasiz. Undan keyin dushmanlaringiz kelganda qo‘yib yuborsangiz, hammasini yo‘q qilib yuboradi, — debdi.
Podsho bola nima desa o‘shani qilibdi. Dushmanlar kelishi bilan eshakni qo‘yib yuboribdi. Hamma odam: «Ho‘, balogardon kelyapti», deb qocha beribdi. Bir-birining ustiga yiqilib, otlarning tagida qolibdi. Ba’zisi o‘libdp, ko‘plari qochibdi.
Eshak chanqab suv izlab yurgan emishu, dushmanlar balogardon kelyapti, deb qocharmish. Podsho bolaga qizini va bir qancha dunyo beribdi. Shunday qilib bola murod-maqsadiga yetibdi.