KEMEROVO VILOYATI — RFdagi viloyat. 1943-y. 26 yanv. da tashkil etilgan. Mayd. 95,5 ming km2. Aholisi 2987 ming kishi (2000), asosan, ruslar; shuningdek, ukrain, mordva, chuvash, gagar, shoriyaliklar ham yashaydi. Shaharliklar 87%. 19 tumanga boʻlingan, 19 shahar, 47 shaharcha bor. Markazi — Kemerovo sh.
Kemerovo viloyatining aksari qismi sharqda Kuznesk Olatovi, gʻarbda Salair qoyasi bilan oʻralgan Kuznesk soyligi bilan band. Viloyat jan. da Togʻli Shoriyaning oʻrtacha balandlikdagi togʻlari bor. Foydali qazilmalari: toshkoʻmir, temir rudasi, polimetall, alyuminiy rudalari, oltin, mineral qurilish materiallari. Iqlimi keskin kontinental. Qishi uzoq, sovuq, yozi qisqa, iliq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi —18°, iyulniki 18°. Yiliga tekislikda 300—500 mm, togʻ yon bagʻirlarida 900 mm yogʻin toʻshadi. Asosiy daryolari: Tom, Usa, Inya. Shim. qismida qoratuproq va kulrang tuproq, pastqamliklarda oʻtloqi tuproq, togʻli r-nlarda togʻ-oʻrmon, togʻ-oʻtloqi, togʻ-tundra tuproqlari tarqalgan. Kemerovo viloyati xoʻjaligida koʻmir sanoati, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, elektr energetikasi va kimyo sanoati yetakchi oʻrinda. Qora metallurgiyaning asosiy korxonalari — Kuznesk metallurgiya k-ti, Gʻarbiy Sibir metallurgiya z-di, Novokuznesk ferroqotishmalar z-di, Guryevsk metallurgiya va Kemerovo koks kimyosi z-dlari. Alyuminiy (Novokuznesk), rux (Belovo), mineral oʻgʻitlar, kaprolaktam, sintetik smola, plastmassa, kon qazish jihozlari va elektr texnikasi uskunalari, sement, temir-beton konstruksiyalar, shifer, olovbardosh materiallar, shisha ishlab chiqariladi. Viloyat q. x. gʻalla (asosan, kuzgi bugʻdoy), kartoshka, sabzavot yetishtirishga, sut chorvachiligi, choʻchqachilik va parrandachilikka ixtisoslashgan. Togʻli qismida goʻsht chorvachiligi, asalarichilik va moʻynali hayvonlarni ovlash bilan shugʻullaniladi. Asosiy transport turi — t. y. transporti.