Kelinchak

U yonida paxta terayotgan qorashirin qizchadan sekin soʻradi.

– Uka, anavi qiz kim boʻldi? Tanimay turibman…

– Qaysi biri, yangamullo?

– Huv qaddarozginasi, qizil jaketli-chi. Mabodo Sharifaxon emasmila?

– Ha, Sharifa opam. Taniysizmi ularni?

– Eshitganman, – kelinchak kulimsiradi. – Institutda oʻqiydi-ya, paxtaga opketishmabdimi hali?

– Dushanba kuni ketisharkan. Oʻzimizdi dashtlarni sogʻinganlar-da. Ertaga paxtaga ketyaptilaru, bugun bu yerga chiqib yuribdilar…

Qizcha Sharifa opasini maqtay ketdi. Uning aytishicha, qizlar hamma qizlar hammasi Sharifani yaxshi koʻrisharkan “Siz bilan birga yursak koʻp paxta teramiz” deb, undan sira ajralishmas ekan. Lekin bir qadam nari ketmay, yelib-yugurib egatdan baravar chiqishsa ham, tarozida baribir uning tergani tosh bosib turarkan.

– Nega shunaqa-ya, opa, – deb soʻrashsa, Sharifa ular terib chiqqan egatlarga ishora qilib:

– Singiljonlar, oyoq-qoʻl baravar ishlasin-da, – deb kularkan. Qizchalar unga yetib yurish uchun shoshilib, ancha-muncha paxtani qoldirib ketisharkan-da…

Bu maqtovlar kelinchakka yoqmadi. “Nima boʻpti, – deya bu kichik suhbatdoshi bilan xayolan tortisha boshladi, – menam shunaqa edim. Mengayam ergashib yurishardi. Hammadan koʻp terardim…”

Kelinchak ancha orqada qolgan eriga qarab qoʻydi. Qizchani gapga solish uchun eridan atay ilgarilab ketgandi.

– Oʻgʻil bolalardan Samijon aka shunaqaydilar. U kishigayam hech kim yetib yurolmasdi. Sharifa opam ikkovlari… – dediyu, qizcha gapini yoʻqotib duduqlandi. Kelinchak duvva qizargan hamrohini bir pas kulimsirab kuzatdi-da, gapini hazilga burdi.

– Samijon akangizni maqtayverdingiz, qarang, hecham unaqaga oʻxshamaydilar-ku?..

U shunday deb erining egatiga tushib oldi-da, unga qarab terib keta boshladi. Ular etaklaridagi paxtani oʻlchatib, xirmondan uzoqlashdilar. Shunda kelinchak erining qoʻlidan sekin ushlab toʻxtatdi-da:

– Shu yerda bir oz turaylik, – dedi. Kamgap Samijon unga savol nazari bilan qaradi.

– Sharifaxon yetib kelsinlar (kutganidek eri qizardi). Birga termoqchiman u kishi bilan.

– Men ketaveraymi boʻlmasa?

– Yoʻq, nimaga? Hammamiz birga boʻlaylik deyapman-da!..

– Ixtiyoring.

Sharifa xirmon tarafdan kelayotgan bir toʻp qizlar qurshovida edi. Qizlar bir-biriga gal bermay uni savolga tutib, hazil-huzul qilib kelishardi. Kelinchak ulardan koʻz uzmasdiyu, erini ham nazardan qochirmasdi. Yigit beparvo koʻrinishga urinsa-da, baribir noqulay ahvolga tushganini sezdirib qoʻyayotgandi.

Qizlar yangi kelin-kuyovga yaqinlashgach, andak sipo tortib, “assalom, assalom” deb oʻtib ketishdi. Sharifa ham salomlashib oʻtayotgandi, kelinchak unga qarab yurdi.

– Sharifaxon, yaxshimisiz? – dedi jilmayib.

Qiz u bilan koʻrishdi. Toʻxtamay oʻtayotganidan xijolat chekib, qizarindi.

“Chiroyli ekan!” degan oʻy kechdi kelinchakning koʻnglidan. Lekin u shu zahoti: “Baribir juda ozgʻin ekan!” degan boshqa oʻy bilan uni bostirib yubordi.

Qizlar ancha narida bir pas qarab turishdiyu, keyin:

– Sizgayam egat olaylikmi, opa, – dedi bittasi.

– Hammamizga ola qolinglar, – dedi kelinchak unga javoban.

…Samijon egatlarning biriga tushib, tezda ildamlab ketdi.

Qizlar kamgap boʻlib qolishgandi. Kelinchak bu oʻngʻaysizlikka oʻzi sababchi ekanini bilib, oʻrtadagi begonalikni koʻtarmoqchi boʻlar, oʻzini quvnoq, ochiq-sochiq tutishga urinardi. Baribir gap qovushmadi. Qizlar birin-ketin ildamlab ketishdi.

Kelinchak Sharifa bilan yolgʻiz qoldi. Eri oʻn besh-yigirma qadamcha oldinda borardi.

– Hamma qizlar kirib chiqishdi. Siz bir kelmaysiz ham, Sharifaxon, – deya oʻpkalandi kelinchak.

– Oʻzimam xijolatman, yangajon, – dedi qiz. – Toʻyingiz kunlari amaliyotda edik. U yoqdan kelib har xil tashvishlar bilan boʻlib… Keyin oʻqish boshlandi.

– Buyogʻi paxta, – dedi kelinchak.

– Uzr, yangajon, boraman, bormoqchiman endi.

Qiz oʻqishi, yozgi taʼtil qanday oʻtgani haqida, kelinchak esa qishlogʻi, hamqishloqlari haqida gapirib berdi. U yoqlar bu yerdagidek zahkash boʻlmaganidan paxta erta ochilib, tez tugashi, oʻzi bahslashib paxta terishni yaxshi koʻrishi, mukofotlar olganini maqtanib gapirdi. U maqtanishni sevmasdi. Lekin shu topda negadir maqtangisi keldi. Gap orasida birorta instituda oʻqish niyati ham yoʻq emasligi, Samijon akasining sovchilaridan “oʻzimiz oʻqitib olamiz kelinni” degan vaʼdani eshitgachgina, toʻyga rozilik berganini ham qistirib oʻtdi.

Sharifa uni kulimsirab tinglab borarkan, ora-sira sinovchan qarab qoʻyardi.

Kelinchak eri bilan bu qiz oʻrtasidagi gaplardan sal boʻlsa-da, xabardor edi. Soddagina bir qoʻshni qiz bilar-bilmas gullab qoʻygandi. Ular bir-birlarini sevishib yurisharkan, keyin ota-onalar rozi boʻlmabdimi yoki oʻzlari arazlashib qolishibdimi, ishqilib… Kelinchak oʻsha kechasiyoq gapni aylantirib kelib, eridan shu haqda soʻradi. Eri ham yolgʻonlab oʻtirmadi.

– Ha, boʻlgan edi, – dedi quruqqina qilib.

– Hozir qayerda?

– Oʻqishda.

Kelinchak andak taskin topdi:”Har holda roʻy-rost gapirdi. Yashirib yurganlardan asrasin…”

Ayni choqda esa qizning oʻzi bilan gaplashgisi, u bilan yaqindan tanishib, yana nimalarnidir oydinlashtirib olgisi kelayotgandi. Suhbatga negadir erini ham sherik qilishini istadi.

– Samijon aka!..

Eri qaragan edi, “boshimizdan tushib keling”, deganday ishora qildi. Keyin Sharifaga yuzlanib dedi.

– Bugun dam olish kunlari. Uyda zerikib oʻtirasizmi, menga terishasiz, deb qoʻymay olib chiqdim.

Sharifa indamadi. Samijon ularning qarshisidan tushib, bir yoʻla toʻrt qatorning ham paxtasini terib kela boshladi.

– Buncha bizdan qochmasangiz, birga-birga yursangiz boʻlmaydimi!.. – hazil qilgan boʻldi kelinchak. Sharifaga qarab koʻzini ham qisib qoʻydi.

– Qarasam, ming yil koʻrishmagandek gapga tushib ketdilaring. Xalaqit bermayin dedim-da!.. – jilmayib qaddini rostladi yigit.

– Sirayam xalaqit bermaysiz. Aksincha gapti gapga qoʻshib, qovushtirib borasiz.

– Boʻpti, men roziman.

Keyin toʻlgan etaklarini yechib qoʻyishib, yangilarini bogʻlashdi. Endi yigit ularning oʻrtasidagi egatga tushib oldi. Uning chiroyi ochilgan. Dam kelinchakning, dam Sharifaning qatoridagi paxtani yulqilab, “qani, ha, tezroq, orqada qolmanglar”, deb ularni qistar, har xil qiziq gaplar, latifalar aytib berar, kelinchak yayrab kular, Sharifa esa kulimsirabgina qoʻyar, deyarli gap qoʻshmas, er-xotin orasiga suqilishga andisha qilganday jimgina borardi.

Bir-birila “senmi, menmi” deya husn talashib turgan yosh kelinu yosh qiz va vujudidan navqironlik kuch-quvvati va muhabbat shavqi ufurib turgan sarhush yigit… Bir chetdan turib kuzatgan kishining havasi keladi: goʻyo ular oʻydim-chuqur egatlarda emas, maysa-gilamlar toʻshalgan bogʻlarda chopib-chopqillab yurishgandek, tikanni gulga, choʻlni chamanga aylantirguvchi visol sharobidan mast-alastdek…

Chetdan qaragan kishiga qizlarning har ikkisiga ham yigit birdek munosabatda boʻlayotganga oʻxshardi. Uning qizil jaket va shimli, oyogʻiga sportchilarning yengil shippagini kiyib olgan talaba qizga allaqanday dard bilan, sogʻinch bilan oʻqtin-oʻqtin qarab qoʻyayotganini sinchiklab kuzatgan kishigina ilgʻab olishi mumkin edi. Buni yigitning oʻng tomonidagi koʻhlikkina kelinchak ham oʻziga yarasha mugʻombirona bir hushyorlik bilan payqay boshladi.

– Sharifaxon, erta paxtaga joʻnayotganmishsizlar, – dedi u.

– Ha, ertaga. Siz qayoqdan eshitdingiz? – deb qaddini rostladi qiz.

– Bu yil ham oʻsha joyga oborisharmikan? – deya gapga aralashdi Samijon.

– Hozircha aniq emas.

– Oʻsha joy qayer ekan? – beixtiyor (kinoya aralash) soʻradi kelinchak.

Qiz aytdi.

“Oʻsha joy, – dilida bir ogʻriq qoʻzgʻalib oʻyladi kelinchak, – kim bilsin, necha martalab orqasidan izlab borgandir. Oqshomlari hech kimsa tanimaydigan begona qishloqda bemalol qoʻltiqlashib yurishgandir…” U oʻz qishlogʻida koʻrgan hasharchilarni eslab, eti jimirlab ketdi. Bir zumda hammasi oʻzgardi: yonidagi shu xushsuvrat qiz ham, eri ham koʻziga yomon koʻrib qoldi. Yuzlari tundlashib, qovogʻi solindi. Orqada qola boshladi. Lekin tezda oʻzini qoʻlga oldi: xoʻsh, nima boʻpti, – deya shoshilinch muhokama yurita boshladi, – unga uylanmoqchi boʻlgan – yurgan. Keyin ajralishgan. Bular hammasi ilgari boʻlgan. Unda erim meni tanimasdi. Endi u meniki, boshqaning haqi yoʻq. Buni uning oʻzi ham tushunadi, erim ham… Xafa boʻlishim kerak emas, kerak emas!..

Shu tarzda noxush xayollardan qutilishga urindi-da, bir oz tinchlandi.

– Samijon aka!..

Xiyol oldinda Sharifa bilan ohista gaplashib borayotgan eri qaddini rostlab, unga qaradi.

– Yuring, etaklarimizni boʻshatib kelaylik.

– Nega endi, – ajablandi Samijon, – hali toʻlmadi-ku! Nari borsa sakkiz-toʻqqiz kilo paxta bor bunda. Biz Sharifa ikkimiz oʻn besh kilosiz etak boʻshatmasdik. Toʻgʻrimi, Sharifaxon?!

– Kam-kamdan boʻshataversa ish unmaydi-da, – izoh bergan boʻldi qiz.

– Mening odatim boshqacha edi – paxtam sal koʻpaysa terolmay qolardim, – dedi kelinchak bir ahvolga tushib. Keyin allaqachon yechib qoʻygan etagini yelkasiga osib, orqaga qarab ketdi.

U boya yechib qoʻygan etakka paxtasini toʻkdi. U yer, bu yerga tushgan paxtalarni bittalab terib, xas-choʻpdan tozaladi. Dam olish kuni boʻlganidan bugun terimchilar koʻpayib qolgandi. Bu odamlarning koʻpini u hozircha tanimaydi. Endigina uch-toʻrtta qiz va juvon bilan tanishib olishga ulgurdi, xolos. Hali hammasi bilan chiqishib, opa-singil boʻlib ketadi-ku, faqat bir-ikki oy oʻtsin. Hozircha uning eng yaqin odami – Samijon akasi.

U eri tomonga tikildi. Samijon ham, yonidagi qiz ham bosh koʻtarmasdi. Shu payt uni birov turtgandek boʻldi: nega oʻtiribsan, borsang-chi?!. Oʻrnidan sapchib turdi. Egatining paxtasi terilmagan joyiga yetib kelib, tez-tez etagini bogʻlay boshladi. Va, shu asnoda erining boyagi gapini esladi: “Biz Sharifa ikkimiz oʻn besh kilosiz etak boʻshatmasdik!..”

“Ha, demak, ular har doim birga paxta terishgan, – xayoliga kelgan bu gapdan u yana boʻshashib tushdi. – Xuddi shunaqa shivir-shivir qilib, atrofdagilarga parvo ham qilmay… Hatto mana shu maydonda, mana shu egatlarda ham… Anovi tolzor, tutzorlarda bekitiqcha sayrlar qilishgan. Buni mana shu odamlar hammasi bilgan, koʻrgan, gap qilgan… Anovi qizchalar, yigitchalar ularga pinhona havas qilishgan… Ular hozir men haqimda nimalarni oʻylashayotganikin? Hammasiga meni sababchi bilib, yomon koʻrib yurishgandir balki! Hozirgi ahvolimdan anovi kelinchaklar rosa kulishayotgan boʻlishsa-chi?! “Oʻl, bu kuningdan, koʻzing koʻrmi, qulogʻing karmi, hech baloni sezmayapsanmi?!” – deb masxara qilayotgan boʻlishsa-chi!..”

Shularni oʻylarkan, aʼzoyi badani chatnab boraverdi. Yuragida qizgʻanish, rashk hissi gʻalayonga keldi. Egatidagi oppoq ochilib yotgan paxtalarni nari-beri yulqilab, ularga yetib oldi.

Sharifa qanaqadir oʻqigan kitobi haqida gapirib borar, Samijon diqqat bilan tinglar edi. Kitob bir ojiza qiz haqida boʻlib, u oʻta ziyrak va chiroyli ekan. Doʻxtirlar unga, agar quyoshni koʻrsang, koʻzingni davolash mumkin, deb aytishibdi. Qiz boʻlsa, quyoshni koʻryapman, deb odamlarni ishontirarmish…

Kelinchak Sharifaning hikoyasiga quloq tutib, beixtiyor hamqishlogʻi Maʼsumani esladi. U ham ojiza edi. Qiziq, quyoshni koʻrarmidi u?..

Maʼsumani rosa qaratishdi, tabib qolmadi, tumandagi, viloyatdagi doʻxtirlar qolmadi, hammasiga koʻrsatishdi. Lekin nafi boʻlmadi. Maslahatchi ham koʻp, birovlar: “Toshkentga olib boringlar”, dedi. Boshqalar: “Anovi Quybishev tomonlarda yaxshi koʻz doʻxtirlar boʻlarmish, shoʻrlikni qiynab yurmasdan oʻsha yoqqa eltsanglar-chi”, dedi. Biroq, Maʼsumaning oʻzi koʻnmadi. “Aya, aka, ovora boʻlmanglar, baribir befoyda. Doʻxtirlar aytdi-ku, bu tugʻma, davosi yoʻq, deb. U yoqda ham baribir shu gap-da”, dedi. Aqlli qiz-da, yolgʻiz onasi bilan akasining bundan ortigʻiga qoʻli yetmasligini tushunadi…

U endi Maʼsumaning akasi Mamatjon haqida oʻylay boshladi. Toʻy boʻlib kelganidan beri devor-darmiyon qoʻshni boʻlgan bu yigitni negadir sira eslamabdi. Yoʻq, aytmoqchi, eslagandi. Anovi kun oqshom, yaʼni erini “Ilgari birortani sevganmisiz”, deb “soʻroq” qilgan kun. Mabodo eri “Siz oʻzingiz-chi?” deb qolsa, “Men xushlamasdimu, lekin doim ketimdan ergashib yurardi”, deb shu yigitni aytmoqchi edi. Eri qiziqmadi. Oʻzi ham aytmadi, tilini tiydi. Erkak kishining rashki yomon boʻladi, deyishadi. Nima kerak koʻngliga gʻulgʻula solib. Orada hech gap boʻlmagan, soʻz bermagan. Faqat uning oʻzi… uyam bechora tuzuk-quruq biror gap aytolmagandi…

Mamatjon nuqul unga koʻmaklashib yurardi, paxtasini taroziga olib chiqib berar, kechqurunlari oʻt oʻrishar, baʼzan uni eshagiga ortib, uyiga ham eltib berardi.

Bir kuni ular anhor boʻyidan oʻt oʻrishdi. Mamatjon yalpizdan bogʻliq yasab, ikki bogʻ qilib oʻtlarni bogʻladi. Keyin suv boʻyiga tushib yuvinib keldi-da, qizning roʻparasiga – oʻtning ustiga oʻtirdi. Qiz ajablandi: “Ha, ketmaymizmi?” Mamatjon yerda yotgan oʻrogʻini qoʻliga olib, bir zum yer chizib turdi-da, keyin boshini koʻtarmagan koʻyi: “Manzura, oʻtir”, dedi ohista. Qiz beixtiyor ikkinchi bogʻ oʻtning ustiga oʻtirdi. Olisda quyosh qizarib botib borardi. Qiz bir nuqtaga tikilgancha ancha kutdi. Bir mahal boshini koʻtarib qarasa, Mamatjon quyoshga termulib turibdi. Oʻroq tutgan barmoqlari bilinar-bilinmas titrayapti. Qizning ingichka qoshlari chimirildi. ”Ketdik!” deb oʻrnidan turdi. Yigit shundagina sarosimada uning tiqmachoq bilagidan ushlab oldi, lekin darhol qoʻyib yubordi.

– Manzura, birpas, birpasgina oʻtiraylik, – deb yalina boshladi.

Qiz indamay yoʻlga tushdi.

Shundan soʻng Mamatjon battar jurʼatsiz boʻlib qoldi. Faqat Samijondan sovchi borgan kunning ertasiga singlisi Maʼsuma orqali unga xat berdi. Xatni goʻyo Mamatjon emas, juda oʻktam, choʻrtkesar, burro yigit yozgandek edi. Manzura hayron qoldi. Quvondi ham. Biroq kechagi sovchilar iliq javob bilan qaytishgani uchun uning nazarida vaqt oʻtgan edi (toʻgʻrisi, onasi koʻrsatgan surat, uning tag-tuglik qudalar haqidagi gaplari qizning koʻnglida shirin bir tuygʻu uygʻotgan, u shu tuygʻudan kechishni unchalik istamagandi).

– …Yangajon, yuring, etaklarimizni boʻshatib kelamiz.

Kelinchak boshini koʻtarib, paxta toʻla etaklarini yelkalariga osib olgan Sharifa bilan Samijonni koʻrdi.

– Hali oz-ku, nimasini boʻshatadi yangangiz, – deb qoldi Samijon.

Kelinchakning barmoqlari etak bogʻichlarini tutgan yerida toʻxtadi. Darhaqiqat, etagida paxta oz edi… Keyin hech yoqqa qaramay, hech narsani oʻylamay, tez-tez terimga tushib ketdi. Ular hayalladi. Kelinchakning sabri tugab, ortiga qaradi. Va, yigʻlab yuborishiga sal qoldi. Sharifa uning egatiga tushib, u shoshilinchda chanoqlarda qoldirib ketgan paxtalarni terar, Samijon boʻlsa qizning yonida tik turgancha, allanarsalarni gapirar, har zamonda egilib terardiyu, hovuchi toʻlgach, Sharifaning etagiga tashlardi…

Sharifa tushdan keyin ham ular bilan ikki soatcha birga yurdi-da, keyin, bugun shaharga yetib olishim kerak, deb uyiga joʻnadi. U ketib, Samijon xomush tortib qoldi. Kelinchak shu kungacha erining bugungidaqa ochilib-sochilib yurganini koʻrmagandi. Uning doim jiddiy, oʻychan yurishi, kam gapirishini tabiatan shunaqa ekan, deb oʻylar, hatto bu unga yoqardi ham.

Bugun ular uchalasi birga yurishdi. Lekin kelinchak ulardan ajralib qolaverdi. Ataylab emas, oʻz-oʻzidan… Gohida uning bor-yoʻqligini, uning kimligini ham unutib qoʻyishib, “oʻz gaplari”ni gapirib ketishardi. Bundan baʼzan kelinchakning ori kelib, qizarib-boʻzarib ketaversa, baʼzan ularning oldida oʻzini ortiqcha, begonaday his qilib qolardi…

Kelin-kuyov kechqurun birga-birga qaytishyapti. Ikkovi ham xomush. Bir-biriga qarayolmaydi. Quyosh qizarib, ular borayotgan qishloq yoʻli oxiridagi tollar orqasiga bota boshladi. Unga tikilib kelinchakning koʻzlariga yosh quyulib keldi…

…U bugun birinchi bor oʻz qishlogʻini qattiq qoʻmsadi. Ota-onasini, qoʻshnisi Maʼsumani, Mamatjonni esladi. Hozir esa, anovi talaba qizdan eshitgani – ojiza boʻla turib quyoshni koʻra olgan qiz voqeasi yodiga tushgan edi…                            

 

Orziqul ERGASH

 

1983

 

 

https://saviya.uz/ijod/nasr/kelinchak-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x