Uni hamma Usta buva deydi. Haqiqiy oti Hikmatulloligini yaqinda dadamdan eshitib bildim. Uning yogʻochdan qurilgan oynavand ustaxonasi toʻrtkoʻcha guzaridagi ariqning yoqasiga joylashgan. Uch mahallaning bolasi uch tomondan yoprilib kelib, xuddi shu guzarda birlashgach, taxta koʻprikni taqira-tuqur tepalab oʻtib, maktab sari eltuvchi terakzor koʻchani toʻzitganlaricha darsga oshiqishadi.
Odatiga koʻra, biron-bir narsani yamab-chatib, agar qoʻlida ish boʻlmasa, qandaydir eski-tuski kitoblarni titkilab oʻtiruvchi Usta buva koʻprik taraqlay boshlashi bilan ochiq derazadan shoshib tashqariga moʻralaydi. Durbinsimon koʻzoynagi orqali bolalarning oyogʻiga ukkiday chaqchayib tikiladi. Birorta bolaning poyabzali joʻyasizroq koʻrinsa, “Hov, koʻk ishtonli bola, oʻqishdan keyin menga birrov uchrab oʻt!” – deb qattiq tayinlab qoladi.
Bu cholni qariyb har kuni koʻrib yursam-da, sira yuzma-yuz oʻtirib gaplashmagan edim. Zarurat tufayli, bir marta suhbatdosh boʻldim-u, oʻzim sezmagan holda unga elikdim-qoldim.
Oʻshanda biz – “B” sinfdagilar ikkinchi “A”dagi tengqurlarimiz bilan qasdma-qasdiga futbol oʻynadik. Yutib, rosa quvondik.
Koʻpchilik qatori quvonishga quvondim-u, hovrim bosilgandan keyin oyogʻimga boqib, dod deb yuborishimga oz qoldi. Oyoqyalang toʻp tepganlar suvga bir oyoq tiqib olishib, hech narsa boʻlmagandek uy-uylariga tarqalishdi. Men tagi koʻchgan yap-yangi sandalimga tikilib, turgan joyimda serrayib turaverdim. Hujumda oʻynab, oʻn toʻrtta gol urgan Berdivoyning botinkasi tugalay majaqlanib ketganini koʻrganimdan keyin, meniki hartugur evidaroq ekanligidan koʻnglim koʻtarilib, sal oʻzimga keldim.
Mana, Usta buvaning oldida oʻtiribmiz. Yaxshi tomoni shundaki, agar yosh bola boʻlsang, poyabzalni oʻnglatish uchun bu cholga pul toʻlashing shart emas. Kimning oʻgʻli ekanligingni aytsang bas, mogʻor daftarchaga arab harfida nimanidir yozib qoʻyib, indamasdan ishingni bitirib beraveradi. Boshqalar aytsa, ishonmay yurardim, endi oʻz koʻzim bilan koʻrib bildim. Chol toʻgʻri qiladi, hammaning dadasi ham bir kunmas bir kuni shu koʻchadan oʻtadi-da.
Usta buva sandalimni qoʻliga oliboq, “Voh-h!” – deb yubordi.
– Bu ulovchani juda qiynab tashlabsan-ku, – deya menga koʻzoynagining ustidan qiyalab boqdi u. – Kasalni doʻxtirga, poyabzalni yamoqchiga vaqtida koʻrsatish kerak.
Usta buva, oldiniga, sandalimning tagiga yelim surtdi, temirtirnoqqa kiydirib, bolgʻada urib-urib jipsladi. Soʻng ipga mum surtib, chetlarini bigizlab tikishga tushdi. Qoʻli ishda, ogʻzi esa gapda boʻldi.
– Qoʻl boʻshaganda, tez-tez guzarga chiqib turinglar, bolajonlarim. Guzar aslida “kezar” degani. Goh-goh shu atrofda kezib tursalaring, ham bahri dillaring ochiladi, ham poyabzallaringni koʻrigimdan oʻtkazib turasizlar. Doʻst boshga qaraydi, dushman – oyoqqa. Bu gapni men toʻqiganim yoʻq, donolar aytishgan. Yirtiq poyabzalda yurish-ku – gʻirt uyat, hatto butuniniyam tez-tez moylatib turgan tuzuk. Etikdan “nechchi yilga chidab berasan”, deb soʻrashsa, “yogʻlashingga qarab”, deb javob qilgan ekan. Endi kap-katta bola boʻldilaring, bunaqa gaplarni bilvolishlaring kerak…
Bekorchilikdan zerikkan Berdivoy dadasi Toshkentdan olib kelgan qalin muqovali kitobini jilddan sugʻurib, asta varaqlashga kirishdi. Vatanimiz tarixi va mustaqilligimiz ramzlariga bagʻishlangan bu suratdor kitobni sinfdagi bolalarga qoʻshilib oʻn martacha koʻzdan kechirgan boʻlsam-da, undagi chiroyli-chiroyli rasmlarga boshqatdan mahliyo boʻlib, sinfdoshimning pinjiga suquldim. Sahifalardan birini ochayotganimizda, Usta buva “nimani tomosha qilyapsizlar”, deb soʻrab qoldi.
– Oʻzbekistonning gerbi bu, – dedi Berdivoy, suratni cholga koʻz-koʻzlab. – Manavi yonida – bugʻdoy. Bu tomonida – paxtlar. Oʻrtadagisi – Humo qush…
– Humo qush baxt keltiradi degani rostmikin? – deb soʻradim men.
– Bu toʻgʻri gap, – dedi Usta buva, sandalimga bigiz suqayotib. – Yaydoqi tilda bu qushni Humoy deyishadi. Kimningdir birdan ishi yurishib ketsa, “boshiga Humoy qoʻnib qoldi”, deb qoʻyishlari bejizmas. Ana, mahallamizdagi taqachining oti ham Humoyiddin. Qoʻshni mahallada Humoy xola degan kampir bor…
Shundan soʻng, Usta buva, eng ogʻir paytda ajdodlarimizga bir koʻrinish berib, qayta yuz koʻrsatmagan bu tabarruk qush haqida rivoyat soʻzlab berdi. Uning aytishicha, Nuh paygʻambardan keyin yer yuzida yana odamlar koʻpayib, aslida yaqin qarindoshlar ekanligini borgan sari esdan chiqara boshlashibdi. Bir-birining mulkiga, bir-birining kentiga koʻz olaytirishlar avjga minibdi. Qadim-qadimda Chin xoqoni ochkoʻzlik qilib bizning oʻlkamizga qoʻshin tortibdi, boyliklarimizni talab, elatimiz boshiga ajal yogʻdiribdi. Qirondan omon qolganlar, qocha-qocha togʻdan oshib oʻtishib, kimsasiz bir vodiyga borib qolishibdi. Yovdan qutulgan boʻlsalar-da, oziq-ovqatlari tugagani bois, endi ochlikdan qirila boshlashibdi.
Ana shunday ayanchli kunlarning birida olis daralar tarafdan alla aytayotgan onaning tovushidek tiniq va oʻta yoqimli sas taralishga tushibdi:
– Hu-u, moy! Hu-u, moy!
Oqsoqollardan birovi bunda qandaydir sir borligini payqabdi-yu, bir necha yigitni yoniga olib, “Hu-u, moy!” degan tovush tinimsiz takrorlanib turgan yoqqa yetaklabdi. Ular botqogʻ-u qamishzorlardan oʻtishib, haybatli-haybatli daraxtlar unda-bunda boʻy choʻzib turgan keng oʻtloqqa yetib borishibdi. Qarashsa, hammayoqni qoplab olgan yovvoyi arpa va zigʻirlar pishib-yetilib yotganmish. Allaqachon pishib toʻkilgan zigʻirlar oftobda erib, moy boʻlib oqib turganmish. Baland qayragʻochning uchiga qoʻnib, toʻxtovsiz sayrayotgan, boshida zar popildirigʻi bor goʻzal qush och odamlarni shu moyga chorlab jon kuydirayotgan ekan.
Koʻp oʻtmay, bu yerga boshqalar ham yetib kelishibdi. Moyda arpa qovurib yeb, oʻlimdan saqlanib qolishibdi. Kuchga toʻlgan yigitlar qaytadan qoʻshin tuzishib, chinlik yogʻiylarni bobomeros yurtlaridan haydab chiqarishibdi…
Humo qush rivoyati bahonasida Usta buva bilan gapimiz qovushib ketdi. Biz kitobni paypaslab-paypaslab, tortinmasdan cholni savolga tutaverdik, u ishini toʻxtatmay, bizni gapga koʻmizaverdi. Gohida, nahotki shu yamoqchi chol oʻqituvchi opamizdan ham koʻproq narsani bilsa, deb oʻylab qoʻyardim. Masalan, maktabda “Semurgʻ – afsonaviy moʻjizakor qush” degan gapni eshitganman, xolos.
Usta buva esa, bu qush haqida ajoyib hikoyat soʻzlab berdi.
Qadimda Turon bilan Eron oʻrtasida juda koʻp urushlar boʻlgan ekan. Rivoyatga koʻra, Semurgʻ voqeasi hali Toʻmaris momomiz bosqinchilar shohi Kurushning kesilgan kallasini qonli meshga tiqishidan ham, dovyurak choʻponimiz Shiroq forslarning butun boshli lashkarini hiyla bilan sahroda tor-mor qilishidan ham ancha ilgari boʻlib oʻtgan ekan.
Yurtimizga tajovuz solgan forslarning bir qarashda poʻmqargʻaga oʻxshab ketuvchi, lekin jussasi tovuqdan ikki baravar katta qushlari boʻlib, ular jang vaqtida raqib askarlarining boshidan tosh yogʻdirishga oʻrgatilgan ekan. Ochiq jangda yengilish nimaligini bilmaydigan Turon lashkari qushlar hujumidan katta talofat koʻra boshlabdi.
Qutli ota degan avliyosifat qariya boʻlgan ekan. U tap-taqir dashtda bogʻ yaratib, daraxtlarni oʻzi qazigan quduq suvida sugʻorar, mevalarga almashib olingan narsalar bilan tirikchilik oʻtkazar ekan. Turon jangchilarining boshiga tushgan kulfatni bilgach, ich-ichidan ezilib: “E, qodir egam, tugʻilgan uyini qoʻriqlashga jon tikkan, ota-bobolari qabrini asrayotgan yurtdoshlarimni oʻzing qoʻllamasang, boshqa kim adolat qila oladi?” – deya kun-u tun tangriga sajdadan bosh koʻtarmabdi. Sajdaning qirqinchi kuni tong gʻira-shirasida allaqanday sharpalar koʻrinibdi. Biri burgut, biri lochin, biri turnaga oʻxshab ketuvchi qushlar bir joyga toʻplanaveribdi. Keyin yunglaridan rangdor nurlar taralayotgan yosh boʻri paydo boʻlibdi, qushlar undan hurkimay, qadlarini gʻoz tutib, qanot kerishibdi.
Boʻri parrandalarning koʻksini tishlab qonatgach, ular mittigina bir qushning yoniga galma-gal kelishib, qonlarini uning patlariga surtib oʻta boshlashibdi. Qonlar surtilgan sayin, mitti qushcha kattalasha borib, oxiri ulkan qushga aylanibdi.
Bosqinchilarning toshotar quzgʻunlariga havoda qiron solib, turonliklar gʻalabasiga yoʻl ochib bergan nihoyatda kuchli, oʻta tezuchar bu qush soʻnggi jangdan keyin oʻlkamiz uzra tinsiz charx uribdi, togʻlarni burgut shakliga kirib, sahrolarni lochinga aylanib, dala-dashtlarni turna boʻlib kezib chiqibdi. Oxiri Qutli otaning bogʻida bir kecha bulbul boʻlib sayrabdi. Erta saharda yana oʻz shakliga qaytib, koʻkka parvoz qilibdi, shu zayl yuqorilab boraveribdi, yuqorilab boraveribdi va birdan yarq etib chaqnabdi-yu, quyoshning ilk nurlariga qorishib ketibdi.
Necha zamonlar oʻtib, hatto koʻplab daryo va togʻlarning nomi ham oʻzgaribdi. Ammo semirtirilgan maʼnosini anglatuvchi oʻsha xaloskor qush birda “semiriq”, birda “semurugʻ”, “semurgʻ” tarzida tildan tilga uchib, dildan dilga qoʻnib, afsonalarda mangu yashab qolaveribdi…
Sandalim bitib, navbat Berdivoyning botinkasiga keldi. Uzatilgan botinkaga boqiboq, Usta buvaning kapalagi uchdi.
– Oldimga nimani sudrab kelding? – deya Berdivoyni oʻdagʻayladi u, botinkani olgisi kelmay. – Buningni tuzatish oʻlikni tiriltirishdek gap-ku! E-e…
Berdivoy nima deyishni bilmasdan, shumshayganicha turib qoldi. Oʻrtoqchilik hurmati oʻrtaga tushmoqchi boʻlib, endigina yalinishga chogʻlanganimda, Usta buvaga tuyqus insof kirdi, “uzat buyoqqa”, deya tumtaygan kuyi botinkaga qoʻl choʻzdi. Ishga kirishib ham anchagacha qovogʻi ochilmadi. Chamasi, botinkani “tiriltirish” juda ogʻir kechayotgandi.
Bu ahvolda choldan sado chiqishi mushkulligini sezganimizdan soʻng, oʻzaro gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir qilib yana kitob varaqlashga tushdik. Suratlar ostidagi qisqa-qisqa yozuvlardan Kushon-u Eftalitlar haqida tushuncha hosil qilishga tirishdik. Qon tusini olgan maydondagi qizgʻin jang tasvirlangan qoʻshsahifani ochib, uzoq termilib qoldik. Kutilmaganda, Usta buva tagʻin tilga kirdi:
– Kim u… otda savalashib turgan?
– Spitamen! – deya negadir quvonib javob qaytardi Berdivoy.
– Spitamen nima degani oʻzi, bilasizlarmi?
Biz cholning koʻziga jovdirab boqdik. Qiziq savol boʻldi-ku. Spitamen – barchamizga qoʻyiladigan otga oʻxshash bir ot-da.
Paydo boʻlgan jimlik uzoqqa choʻzilmadi. Usta buva yangi rivoyatni boshladi. Rivoyatdan maʼlum boʻlishicha, tovushi yoʻgʻonlashib qolgan oʻspirinlarning turli qishloq-ovullardan yaylovga chiqib kelib, kuchini sinash uchun zoʻrni qidirib kurashish odati qadim zamonlardan qolgan ekan. Yilqichilar ovulidan keladiganlar orasidagi novcha oʻspirinni hech bir ovulning kurashchisi yengolmas ekan. Oxiri unga qattiq alamzada boʻlgan echkiboqarlar uzoq bir ovuldan nomdor kurashchi yigitchani topib kelishib, bu bizning kurashchimiz deya novcha yilqiboqarni bellashuvga chorlabdilar.
Kuchlar teng kelib, bellashuv uzoqqa choʻzilib ketibdi. Bir mahal shamol turib, toʻzon koʻtarilibdi. Tomoshabinlar changga koʻmilgan kurashchilarni koʻrolmay qolgan boʻlsalar-da, olishuv toʻxtamabdi. Talay vaqt oʻtgach, “Hayt!” degan qichqiriq yangrab, kimningdir gursillab yerga yiqilgani eshitilibdi. Tomoshabinlar kim yiqilganini bilolmay turishganda, yilqichilarning novcha kurashchisi toʻzon ichidan ovoz qilibdi:
– Ustindamen! Ustindamen!
Shu-shu, bu novcha oʻspirin borliq ovullardagi kurash ishqibozlari-yu, taniqli kurashchilar orasida “Ustindamen” nomi bilan tobora mashhurlanib boraveribdi. Yillar oʻtib, Iskandarning son-sanoqsiz lashkari yurtimizga bostirib kirganda, tengsiz qilichboz, tugʻma kamonchi saglar, oʻlimdan qaytmas soʻgʻdlar, nayzada tuxumni uradigan otliqlari bilan dovruq taratgan massagetlar bu pahlavon atrofida bir tan, bir jon boʻlib birlashibdilar va forslar mamlakatini uch oyda yanchib oʻtgan qudratli yunon qoʻshinlariga uch yil mobaynida ayovsiz qirgʻin solishibdi. Jasur askarboshining ismi yunonlar tilida “Spitamen”ga aylanib, bu nomni eshitganda yuraklarini vahima qoplaydigan boʻlibdi…
Oʻtmishimiz, kimligimiz haqida qiziq-qiziq gaplarni soʻzlab beradigan shunaqa bobom yoʻqligidan oʻshanda qattiq afsuslanganimdanmi, har gal maktabga borayotib, guzardagi yogʻoch doʻkoncha tomonga orziqib qarayman. Derazadan ukkidek moʻralab turgan Usta buvaga quyuq salom berib, eʼtiborini tortishga urinaman. Ammo, urinishlarim doimgidek yelga sovriladi. Chunki mening va boshqa bolalarning salomiga shunchaki bosh qimirlatib qoʻyish bilan kifoyalanuvchi bu qiziqfeʼl cholning butun diqqati shu topda oʻtkinchilarning oyogʻiga qaratilgan boʻladi. Baʼzan, sandalim yana yirtilsaydi, deb oʻylab qoʻyaman.
Anvar OBIDJON
1999 yil
https://saviya.uz/ijod/nasr/keksa-yamoqchi/