“Kecha Venetsiyada edim”

Shahrimizda “Ezidyor” nomli toʻyxona bor. “Bu iboraning maʼnosi nima?” deb soʻradim yuz chogʻli odamdan. Hech kim bilmaydi. Bu yerda har kuni toʻy, minglab kishilar kelib, toʻy oshini maza qilib paqqos tushirishadi, ammo birortasi toʻyxonaning nomi nimani anglatishini bilmaydi.

“Ezidyor!”, “Ezidyor”ga marhamat!, “Ezidyor”ga xush kelibsiz!”, “Toʻyni “Ezidyor”da oʻtkazmoqchiman!”

Shunaqa gaplarni har kuni eshitamiz.

Nihoyat, “qidirgan Makkani topadi”, deganlaridek, bu nomning mazmunini topdim. “Ezidyor” – “Ollohning nazari tushgan joy” degani ekan! Toʻgʻri, yurtimizga Ollohning nazari tushgan, unga qadam ranjida qilib, bir hoʻplam suvini ichganlar yana shu joyga kelsam deb niyat qiladi. Nomi bilan – jannatmakon!

Ammo… xorijiy nomlar koʻpayib ketdi. “Arbat” (Moskva markazidagi koʻchaning nomi), “Versal” (Parijdagi tarixiy qasr), “Lion” (Fransiyadagi shahar),”Tojmahal” (Hindistonda Boburiylar barpo etgan muhtasham obida), “Myunxen” (Germaniyadagi shahar), “Klondayk” (Kanadadagi oltin koni), “Rublevka” (Moskva yaqinidagi qimmatxoʻr shaharcha) va hokazo.

Yaqinda bir ogʻaynimga:

– Kecha qayerda eding, rosa qidirdim? – desam, nima deydi, deng?

– Venetsiyada edim! – deydi.

– Ana xolos, Venetsiyada boʻldingmi? Zoʻr shahar deyishadi, koʻchalari suv boʻlib oqarmish. Hamma qayiqda yurarmish. Uni qara, oʻsha joylarni ham koʻrib keldingmi? Qoyilman! Venetsiyaga borib-kelish qanchaga tushdi?

– Uncha koʻpga tushganim yoʻq. Bir ogʻaynim quda chaqirigʻini “Venetsiya”da oʻtkazdi. Yaxshi joy ekan, menga yoqdi. Shinamgina, dasturxon rosa toʻkin boʻldi. Maza qildik.

– Ogʻayningga quda chaqiriq necha millionga tushdi ekan, bilmadingmi?

– Ogʻaynim boyvachcha, kommersant! “Venetsiya” unga gap emas. Keyingi oʻtirishni “Versal”da oʻtkazmoqchi! Qoʻlini qayoqqa uzatsa, yetadi. Qarab turasan, tugʻilgan kunini “Rublevka”da oʻtkazadi!

– U yoqqa borsang, Alla Pugachyova, Filipp Kirkorovlarni koʻrar ekansan-da. Ular oʻsha joyda yashashadi. Hamma kazo-kazolar oʻsha joyda turarmish. Uchrashib qolishing mumkin.

– “Rublevka”dan ham “Arbat” tuzuk.

– Sen qaysi “Arbat”ni aytyapsan? “Arbat” – Moskvaning eng katta, eng nufuzli restorani. Unga kirishning oʻzi katta gap!

– Men oʻzimizning “Arbat” kafesini aytyapman. Uning yonida “Venetsiya” restorani bor. Shahrimizdagi “Randevu” yoki “Inomomento” kafelarida boʻlmadingizmi? “Avtositi” qayerda ekanini eshitganmisiz? Bizning tadbirkorlar oʻz korxonalari uchun tanlagan nomlarga quloq tuting: “Eldorado”! “Florida”! “Mayami”!, “Rivʼyera”!

Jahon jugʻrofiyasi!

“Qoʻqon” restorani qayerda ekanini koʻpchilik biladi. Qoʻqonlik pazandalar taomini bir tanovul qilsangiz, mazasi umr boʻyi tilingizda qoladi. “Margʻilon” kafesi qayerda? “Andijon” restorani qayerda? “Surxon” kafesida boʻlganmisiz? “Shahrisabz”, “Nasaf” toʻyxonalari qayerda? “Xiva”, “Varaxsha”, “Dalvarzin”, “Chorminor”, “Bogʻishamol” kabi nomlar bilan atalgan dargohlar bormi?

Aytmoqchi, qayoqqa qaramang, “market”, “supermarket” yoki “minimarket”! Oddiy rasta, doʻkon, magazin degan soʻzlar yoʻqolib ketdi. Ularda “marketing” emish. Bozor qilishing – shopping emish. Idorasi, qanaqa idora, bitta stol va bitta stul boʻlsa bas, nomi “Ofis” boʻlib qoladi. Qiladigan ishlari – “Konsalting”, “Obshor”, “Lizing”, “Optim” emish. Yana allambalo soʻzlar borki, eshitishing bilan choʻntakdagi bor pulingga narsa sotib olging keladi. Harqalay, “shopping” qilgan boʻlasan. Joy chet elcha atalsa, oʻzidan oʻzi zoʻr boʻlib qolarkan-da…

Hammasi oʻzimizning oʻzbekcha iboralardan oʻta bersin!

Oʻzligimiz, oʻzbekligimiz har bir ishimizda koʻrinib tursin!

 

Anvar TOJIYEV

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/kecha-venesiyada-edim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x