Post Views:
592
KAYKOVUS – qadimiy kanal, Bo‘zsuvning o‘ng tarmog‘i. Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) va Shayxontohur tumanlari hududidan oqadi. 6–7-asrlarda Bo‘zsuv kanali kattalashtirilib, undan Kaykovus chiqarilgan va Qoraqamish jarligiga yetkazilgan. Muhammad Solihxo‘janing «Tarixi jadidai Toshkand» asarida Bo‘zsuv ham Kaykovus deyilgan. 16-asrda Kaykovus bo‘yida (shahar qo‘rg‘oni tashqarisida) Kaykovus chorbog‘i bo‘lgan.
Hozirgi Kaykovus Shayxontohur GESning yuqori b’yefidan boshlanadi, uzunligi 28 km, suv o‘tkazish imkoniyati 20 m3/sek. Kaykovusdan Jangob va Yangiariq boshlanadi. Forobiy ko‘chasidan boshlab kanal Chig‘atoy arig‘iga (o‘ngga) va Ko‘kcha arig‘iga (chapga) bo‘linadi. Kaykovusning katta qismi rekonstruksiya qilingan, avtomobil va piyodalar o‘tadigan ko‘priklar qurilgan.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/kaykovus/