Bu guruhga Kavkaz va Kavkazorti yashovchi oʻn beshga yaqin xalqlarning adabiyoti kiradi. Ulardan ozarbayjon, arman va gruzin adabiyotlari koʻp asrlik tarixga ega boʻlsa, abxaz, lezgin, kabardin, osetin, qumiq, lak, dargʻin kabi xalqlarning yozma adabiyoti nisbatan birmuncha keyin shakllangan. Shunga qaramay, bu adabiyotlar oʻrtasida ularning bir-biriga bogʻlovchi qadimiy anʼanalar mavjud. Ozarbayjon hamda qumiq adabiyotlari bilan oʻzbek adabiyoti oʻrtasida ancha mushtarak, oʻxshash xususiyatlar bor. Chunki ular bir tizimdagi qardosh milliy tillarda soʻzlashib, Sharq mumtoz adabiyotining qadimiy, boy xazinasidan bahra olganlar. Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”siga kirgan dostonlar, Shota Rustavelining “Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon” eposi, Mxitar Gay, Vardan Gayketsi masallari gʻoyaviy-badiiy jihatidan yetuk asarlar sifatida oʻsha zamondayoq alohida eʼtirof etilgan edi.
Turli davrlarda Kavkaz va Kavkazorti xalqlari adabiyotida Voqif, Vidodiy, Sayat Nova, David Guramishvili, S. Orbeliani, X. Abovyan, M. Oxundov, G. Arstavi, G. Sandukyan, I. Chavchavadze, E. Ninashvili, A. Sobir, J. Mamatqulizoda, A. Akopyan, A. Sulukidze, S. Shaumyan, S. Spandaryan, Sulaymon Stalskiy, Efendi Kaptev, Gamzat Sadasa, Rasul Gamzatov, M. Dishekov, Ladiko, Xusin Gashokov, A. Shortanov, A. Nishonov, Dmitriy Gulik, Ivan Tarba, Ivan Papaskirilar barakali ijod qilishdi.
Akram UZOQOV
“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kavkaz-va-kavkazorti-xalqlari-adabiyoti/