Kashfiyotchi shoir

Hozirgi zamon bolalar adabiyotining taraqqiyotiga juda katta hissa qoʻshib kelayotgan Anvar Obidjon 1980 yilda „Bahromning hikoyalari“nomli toʻplami chiqqanidan soʻng adabiy jamoatchilikning eʼtiboriga tushdi. Oradan shuncha vaqt oʻtib ham, u oʻzining munosib oʻrnini mustahkam saqlab turibdi, uning koʻp qirrali ijodiga boʻlgan qiziqish tobora ortmoqda. Ibrohim Gʻafurov, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Abdugʻafur Rasulov, Said Ahmad, Safo Matjon, Rahmon Qoʻchqor, Miraziz Aʼzam, Mahmud Sattor, Kavsar Turdiyeva, Tursunboy Adashboyev, Lola Sodiqova-Zvonaryova, Rahmatulla Barakayev, Hulkar Hamroyeva kabi munaqqid va adiblarimiz bu ijodkorning asarlari toʻgʻrisida bir-biridan koʻtarinki maqolalar yozishdi. Izlanuvchi olima Zamira Ibrohimovaning „Quvnoqlikka yashiringan iztiroblar“nomli kitobida (A. Navoiy nomidagi Milliy kutubxona nashriyoti, 2005) adibning nazm va nasrdagi asarlarining nihoyatda oʻziga xosligi, oʻquvchini oʻziga mahliyo eta olish sirlari keng talqin qilib berilgan.

Anvar Obidjon ijodi yuzasidan fikr bildiruvchilarning barchasi doimo bir narsaga, yaʼni uning bolalar adabiyotiga yangicha bir yoʻnalish olib kirganiga alohida urgʻu berib oʻtishadi. Kichkintoylar shoiri Tursunboy Adashboyev bu holni soddagina taʼriflab: „80-yillarga kelib Anvar Obidjon bolalar sheʼriyatidagi ob-havoni bir yoʻla yangiladi“, deb yozgan (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 7 mart, 2008) edi.

Haqiqatan ham, bolalar adabiyotida oʻtgan asrning 80-yillarigacha chop etilgan kitoblardagi sheʼrlarga nazar tashlasak, ularning aksariyat qismi oʻsha mahaldagi tuzumni ulugʻlashga, turmushimizning oʻta farovon, kelajagimizning behad yorqin ekanligiga oʻquvchini ishontirishga qaratilgan „yalangʻoch mafkura“li sheʼrlar, bogʻcha, maktab, oromgohlardagi gʻamxoʻrliklarni, yosh avlodning dunyoda eng baxtiyorligini aks ettiruvchi quruq maʼlumotlardan nariga oʻtolmaydigan asarlardan iborat edi. Koʻr-koʻrona pand-nasihatlar, xalq ertaklari va latifalari asosida yengil-yelpi hazillar toʻqish ham avj olgan edi. Bunday asarlarning vazifasi bir xil boʻlib, ular bolalarning ongiga taʼsir oʻtkazishga xizmat qilar edi. Shunday sharoit mavjud boʻlgan, bolalarni „Imperiya mafkurasi“chizib bergan chiziqdan chiqarmay tarbiyalash qonunga aylanib qolgan muhitda boshqacha yoʻlda ijod qilish mumkin emasdek tuyular edi. Anvar Obidjon shu chiziqdan yorib oʻtishni uddalashga urina boshladi.

Anvar Obidjonga xos kashfiyotning siri shundaki, shoir bolalarning ongidan koʻra koʻproq koʻngliga taʼsir oʻtkazish yoʻlidan bordi. Binobarin, koʻngilga qattiq oʻrnashmagan narsa ongda uzoq vaqt saqlanishi, saqlanganda ham faol harakatga sabab boʻlishi qiyin.

„Bahromning hikoyalari“dagi „Parvarda“degan sheʼrda yosh Boʻricha onasi quyon goʻshtini, otasi kiyik goʻshtini uning tugʻilgan kuniga sovgʻa qilishmoqchi boʻlsa-da, bunga koʻnmay, hali oʻzi totib koʻrmagan, juda shirinligini birovlardan eshitib bilgan parvarda olib berishlarini talab qilishga tushadi. Ota-onasi kuyunib, parvarda faqat shaharda sotilishini, u yoqqa borish xatarli ekanini tushuntirishga urinishadi. Ammo, Boʻricha bu gaplarga quloq solmay, jonini xatarga qoʻyib boʻlsa ham, parvardani yeb koʻrish ishtiyoqida yonganicha shaharga qochib ketadi. Shaharga borganidayoq uni tutib olishib, ajoyibxonadagi qafasga tiqib qoʻyishadi, hammaga tomosha boʻlib, endi parvardani oʻylamay, oʻzi tugʻilgan adirni sogʻina-sogʻina kun koʻra boshlaydi. Oradan bir necha yil oʻtgach, taqdirga koʻnikib, yuvoshgina boʻlib qolgan Boʻrichaga aynan u tugʻilgan kunda bir qizcha parvarda tashlab oʻtadi. Endi unga parvarda kerakmikan, degan savol tugʻiladi oʻquvchida.

Oʻsha davrda bolalar adabiyotida hukm surib turgan muhitni hisobga olganda, bu singari sheʼrlarni yozish oʻziga xos bir oʻjarlik, hatto shakkoklik sanalardi. Chunki u davrlarda qishloqlardagiga qaraganda shaharlardagi hayot darajasi bir necha oʻn baravar yuqori boʻlib, u yerdagi maoshi koʻp zavod-fabrikalarga boshqa respublikalardan kelgan ishchilarni joylashtirishar, mahalliy aholini qishloqda ushlab turish uchun koʻpchiligiga hatto pasport ham berilmas, ulardan birovi shaharga borib kelsa, falon gʻaroyibotlarni koʻrdim, deb u yoqdagi turmushning shirinligini maqtashga tushar, barchaning havasi kelar edi. Shoir „Parvarda“sheʼrida, bir tomondan, qishloqdan narini bilmay kun kechirayotganlarga achinsa, ikkinchi tomondan, shaharning oʻziga xos hayot tarzini yaxshi bilmay turib borganlarning hammasiga ham „shirin“luqma nasib etavermasligini shaʼma qiladi. Bu sheʼr real hayot haqida edi, faqat bolalarni emas, katta yoshdagilarni ham oʻylantirib qoʻyadigan kuchga ega edi. Zamonaga esa, saviyasi qay darajada yuqori boʻlmasin, bunga oʻxshagan sheʼrlar kerak emasdi, bolalarimizning koʻnglini choʻktiradigan, pessimistik (tushkunlik) ruhdagi narsalar bizga yot, biz turmushimizdagi qahramonliklarni, kishilarimizdagi yaxshi xislatlarni targʻib etishimiz zarur, degan gʻoya hukmron edi.

Sharoit shunday ekaniga qaramasdan, Anvar Obidjon baribir oʻz uslubiga sodiq qolib, oʻzi tanlagan yoʻlda turib, tinimsiz ijod qilaverdi. Hali qishloqda yashab turgan vaqtlarida, asosan, oʻtgan asrning 70-yillari oʻrtalaridan boshlab yaratgan turkum-turkum sheʼrlari avvaliga matbuotda bitta-ikkita boʻlib koʻrinib turdi. Shoir 80-yillar boshida Toshkentga koʻchib kelgach, sheʼrlariga endi matbuotdan kengroq oʻrin berib borildi, bolalar adabiyotini nazorat qilib turuvchi koʻzlar ham uning uslubiga asta-asta koʻnika borib, yangidan yangi kitoblari nashr etildi.

Shoir poytaxtga kelib ish boshlaganida yoshi oʻttiz beshdan oʻtib qolgani bois, tanilishga kechikkanga oʻxshab tuyulardi. Lekin oradan ikki-uch yil oʻtmayoq keng adabiy jamoatchilikning eʼtiborini tortdi, tez nom qozondi. Uning „Siz eshitmagan qoʻshiqlar“, „Dalalardan bolalarga“, „Gʻalati maktublar“, „Botirvoyning kundaligi“, „Kulchalar“kabi turkumlarga jamlangan hamda turli buyumlar, jonzotlar, oʻsimliklar olamini yosh kitobxonga sirdosh etib, ularda tabiatga mehr uygʻotuvchi, ohang va uslub jihatdan juda oʻziga xos, ham kulgi, ham falsafaga boy sheʼrlari oʻzbek bolalar sheʼriyatida yangi bir oqimni shakllantira bordi. „Bulbulning choʻpchaklari“turkumi esa, garchi muallif ularni shaklan gʻazal holati deb baholagan boʻlsa-da, bolalar adabiyotiga gʻazal janrini olib kirdi.

Professor Abdugʻafur Rasulov „Ijodiy oʻzlik sari yoʻl“maqolasida („Sharq yulduzi“, 2-son, 2008) shunday deydi: „Anvar Obidjon bolalar uchun nimaiki yozmasin, goʻzallikni, kuyni, shakl va mundarija mutanosibligini nazarda tutadi. Bulbul qoʻshiqlari turkumida hamma narsa goʻzal, mukammal. Ohangga mos soʻzlarni tanlaydi, qahramonlarning fazilatlarini topib-topib, oʻrniga qoʻyib-qoʻyib tasvirlaydi:

 

Musichalar yuvosh-u Chumolilar tirishqoq,

Suvaraklar bebosh-u Kuchukchalar urishqoq.

 

Xoʻtiklar zoʻr yallachi, Qoʻy, Sigirlar dalachi,

Shoʻx Qoʻchqorlar kallachi, Takalar ham suzishqoq“.

 

Shoir „Juda qiziq voqea“kitobidagi izohda, qatʼiy bir ohangga rioya qilaman deb, soʻzlarning bolalar uchun oson tushuniladigan tizimda ravon boʻlishiga putur yetkazmaslik maqsadida aruz qoidalariga ataylab toʻliq rioya qilmaganini taʼkidlasa-da, „gʻazal shaklidagi“sheʼrlar baribir tekis va jarangdor chiqqan. Shoir bu bilan oʻz zamonasi bolalarining aruzdan butunlay begonalashib ketmasligini taʼminlashdagi oliyjanob istagiga erishgan.

Anvar Obidjonning sheʼriy turkumlari haqida soʻzlaganda bir narsani qayd etib oʻtish lozim boʻladi. Baʼzi qalamkashlar turli yillarda bitilgan sheʼrlarining mazmuni yaqinroqlarini jamlab, keyinchalik turkumga aylantirishadi. Anvar Obidjon esa, avval oʻziga xos mazmunga ega boʻlgan turkumni kashf etib, keyin shu yoʻnalishda sheʼrlar yaratgan. Buni qaysi bir turkumga razm solmang, undagi sheʼrlarning shakli, hajmi, vazni deyarli bir xil ekanligidan sezish mumkin.

„Siz eshitmagan qoʻshiqlar“turkumi koʻpchilik oʻquvchilar uchun eng sevimlisi boʻlsa, ajab emas. Bolalar adabiyotining keyingi avlodi vakillaridan bir qanchasi shu turkumga taqlid qilib talay sheʼrlar yozgani bundan dalolatdir.

„Siz eshitmagan qoʻshiqlar“da har bir jonivor, har bir buyum barchamizga tanish boʻlgan oʻz ovozida kuylab, biz hali eshitmagan gaplarini aytishadi. Masalan, „Hakka qoʻshigʻi“ni tinglaylik:

 

Qornim ochsa boʻgʻilmayman,

Shaq-shaq-shaq.

U-bu narsa oʻgʻirlayman,

Shaq-shaq-shaq.

Nafsimni hech tiyolmayman,

Shaq-shaq-shaq.

Qoʻlga tushsam, uyalmayman,

Shaq-shaq-shaq.

 

Hakka uchragan narsani olib qochib, iniga toʻplab yuradigan oʻgʻri qush ekanini yaxshi bilgan bolalar bu quvnoq sheʼrdagi soʻzlarni rostdan ham Hakka aytayotganiga aslo shubha qilishmaydi. „Qoʻlga tushsam, uyalmayman“jumlasi esa, Hakka feʼlli yulgʻich odamlar shu darajada surbetki, ular hatto qoʻlga tushgan taqdirda ham boshqalardan uyalish tuygʻusidan begonadir, degan xulosaga olib keladi.

Yoki „Gʻalati maktublar“turkumidagi „Osmachiroqning Oymomoga yozgan xati“ga nazar tashlaylik:

 

Toʻlishibsiz, Oymomo, Men ham yordam qilarman

Kirib olib darmonga. Nochor qolgan chogʻingiz.

Shisham sindi… Omon boʻling,

Buguncha – Baxtimga

Chiqib turing osmonga. Tugamasin yogʻingiz.

 

Ketmon traktorni oʻziga qiyoslagandek, kerosinda yoqiladigan osmachiroq ham oymomoni oʻziga taqqoslab, yogʻi bevaqt tugab qolmay, doimo charaqlab turaverishini tilaydi. Bularga oʻxshash sheʼrlarni yozish uchun nechogʻli yuksak isteʼdod kerakligini, bunday pishiq, tagdor, magʻzi toʻq, aksariyati sof milliy tuygʻularga yoʻgʻrilgan sheʼrlar boshqa tillarga tarjima qilinsa, qanday baho olishligi, bu hol millatimizga qanchalar gʻurur bagʻishlashi mumkinligini sharhlab oʻtirish ortiqcha.

Anvar Obidjonning sheʼriy dostonlari ham talaygina. „Odil Burgutshoh va „Zamburugʻ“laqabli josus haqida ertak“da agar yurt ichidagi odamlar ahil boʻlib, hushyor boʻlib yashamasa, tashqi gʻanimlar har qanday qudratli va obod oʻlkani ham hiyla-nayranglar bilan kuchsizlantirishi, vayron qilishi mumkinligi toʻgʻrisida soʻz boradi. „Oʻgʻirlangan pahlavon haqida ertak“esa bir qarashda, asosan, bosqinchilikni qoralagandek tuyulsa-da, bunda eng asosiysi millatning tili masalasidir. Dostonda goʻdakligida boshqa yurtga oʻgʻirlab ketilgan bola tengsiz pahlavon boʻlib ulgʻaygach, bosqinchilarga qoʻshilib oʻz xalqiga qarshi jang qilgani, hatto oʻz onasi bilan olishib, onaning tilini tushunmagani bois, halok boʻlishiga sal qolgani hikoya qilinadi. Necha yillar yigʻlab-yigʻlab, sogʻinib yurgan farzandini bilmay oʻldirib qoʻyishdek fojiadan bolaning yelkasidagi tanish tamgʻa tufayligina saqlanib qolgan ona falakka shunday iltijo qiladi:

 

Hech bandani,

Ey, Tangrim,

Judo qilma elidan.

Farzandlarni onadan

Hamda ona tilidan!

 

Bu doston 1986 yilda chiqqan „Masxaraboz bola“nomli kitobda, oʻzbek tili davlat tili boʻlmagani uchun rasmiy doiralarda nufuzini tamoman yoʻqotib, turli tahqirlashlarga uchrab turgan bir zamonda eʼlon qilinganini nazarda tutsak, bu chinakam jasorat edi. Bunday asarlar rasmiy doiradagilarning qattiq jigʻiga tegishi tabiiy hol edi. Anvar Obidjon asarlari oʻquvchilar orasida mashhur boʻlishiga qaramay, muallif Mustaqillikdan ilgari unvon, nishon u yoqda tursin, hatto biron-bir oddiy adabiy mukofot bilan ham taqdirlanmaganining boisi balki shundadir.

Anvar Obidjon ijodi haqida yozgan munaqqidlarning bir qanchasi uning oʻta kurashuvchanligi, qaramlikdan qutulishga, erkinlikka intilishga daʼvat mavzusini bolalar adabiyotiga dangal olib kirganini alohida taʼkidlab kelishadi. Garchi Anvar Obidjonning oʻzi, istibdodga nafrat mavzusini „Oʻychan koʻzlar egasi“, „Bizda“singari sheʼrlari bilan Miraziz Aʼzam 60-yillardayoq bolalar adabiyotiga olib kirgan, deya yuqoridagi fikrlarini inkor etishga urinsa-da, bu masalaga xolislik va adolat bilan yondashib aytish joizki, munaqqidlar baribir haq. Qaramlik bois millatimiz boshiga tushgan koʻrgiliklarni bolalar adiblaridan baʼzilari ilgari ham onda-sonda shaʼma qilib oʻtishgan, Anvar Obidjon esa bu mavzuga keng koʻlamda yondashdi, talay sheʼrlarida, dostonlarida, hikoyalarida, ayniqsa, „Alamazon va uning piyodalari“, „Dahshatli Meshpolvon“qissalarida, „Qoʻngʻiroqli yolgʻonchi“pesasida bosqinchilikni oʻz nomi bilan atab, oʻz millati bolalarini kishanlardan xalos boʻlishga tinmay daʼvat etadi, muntazam ravishda kurashadi.

Anvar Obidjondagi kurashuvchanlik hissi Toshkentga kelgach, turli adabiy davralarda, ilgʻor fikrlovchilar suhbatida pishib yetildi, deb oʻylash toʻgʻri emas. Uning milliy gʻururi qishloqda yashab turgan chogʻlaridayoq shakllanib boʻlganini oʻtgan asrning 70-yillari oxirida “Guliston” jurnalida bosilgan “Yaylovni sogʻingan qoʻy” sarlavhali sheʼridan bilib olsa boʻladi:

 

Ishlar qalay, –

Desam, Qoʻy

Javob berdi

Surib oʻy:

Kamchilik yoʻq

Oziqdan.

Bezor boʻldim

Qoziqdan.

 

Anvar Obidjonning oʻzbek bolalar adabiyotida faol ijod qila boshlaganiga chorak asrdan oshdi. Bu orada bolalar uchun yozuvchi adiblarning koʻplab yangi avlodi paydo boʻldi. Ammo bir narsani xolisona aytib oʻtish oʻrinliki, bu davrda bolalar adabiyotiga Anvar Obidjonchalik shov-shuv bilan kirib kelib, tezdayoq tilga tushganlarni eslash qiyin. Baʼzi adiblarni uzoq yillar barakali mehnat qilgani yoki koʻplab shogirdlar yetishtirgani uchun ham, xalqimizga xos bagʻrikenglik bilan ularni maktab yaratgan ustoz deb ataymiz. Biroq Anvar Obidjonga kelsak, u oʻzining oʻxshashi yoʻq ovozi, yangicha uslubi bilan chindan ham oʻziga xos maktab yaratdi. Bu maktab izdoshlarining safi kengayib, ular oʻzbek bolalar adabiyotini tobora yuqori pogʻonaga koʻtarishga munosib hissa qoʻshib kelishmoqda.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kashfiyotchi-shoir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x